Ikki-uch baravar qimmatlashgan taksilar, “megaprobka” va huvillab qolgan Toshkent – Oʻzbekistonda hayit qanday oʻtdi?


Saqlash
17:09 / 24.04.2023 1424 0

 

Oʻzbekistonda Ramazon hayiti munosabati bilan ketma-ket to‘rt kunlik dam olish kuni eʼlon qilindi. Dam olish kunlari haqidagi maʼlumot chiqqan kunning oʻzidayoq hamma bayramni nishonlashga kirishib ketdi. Buni oʻsha kuni tushga borib, boshlangan “megaprobka”lardan ham bilish mumkin edi. Oyina.uz quyida Oʻzbekistonda hayit bayrami qanday oʻtgani haqida hikoya qiladi.

 

Butun mamalakat boʻylab oʻqilgan hayit namozi

 

21-aprel – dam olish kunlarining ilk tongi masjidlarda Ramazon hayiti namozi oʻqilishi bilan boshlandi. Alohida qayd etish kerak boʻlgan jihat, soʻnggi yillarda Ramazon oyi ilk marta 29 kunda yakunlandi va shavvol oyi boshlandi. Juma kuni mamlakat boʻylab mingdan ortiq masjidlarda millionlab namozxonlar hayit namozini ado etdi.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Aksariyat yurtdoshlarimiz ibodatni ado etib boʻlgach, bayram munosabati bilan oʻz yaqinlari holidan xabar oldi va ularga sovgʻalar ulashdi.

 

Afv etilgan mahkumlar

 

Shavkat Mirziyoyev Ramazon hayiti munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga tabrik yoʻlladi. Prezident, shuningdek, Ramazon hayitini nishonlash arafasida “Jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʻiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi farmonni ham imzoladi.

 

Farmonga muvofiq, Konstitutsiyaning 93-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʻiy oʻtgan 541 nafar shaxs afv etildi.

 

Afv etilgan shaxslarning 374 nafari asosiy jazodan toʻliq ozod etildi, 110 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 18 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 39 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

 

Afv etilganlarning 36 nafarini chet el fuqarolari, 136 nafarini ayol, 75 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar hamda 6 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

 

Hayitlik olgan Toshkent

 

Xitoydan olib kelingan 400 ta yangi avtobusning yoʻnalishlarga chiqarilishi poytaxt aholisi uchun chinakam hayitlik sovgʻasi boʻldi. 20-aprel tongida ilk marta yoʻnalishlarga chiqqan 400 ta yangi avtobusning 114 tasi 18 metrli “garmoshka” ekani koʻpchilikning eʼtiborini tortdi. "King Long" kompaniyasi ishlab chiqargan bunday yirik sigʻimli avtobuslar soni Toshkentda tez orada 200 taga yetadi.

 

“Kun” nashriga koʻra, super-uzun shahar avtobuslari Toshkentda harakatlanmay qoʻyganiga 10 yil boʻlgandi. Bunday “garmoshka”lar poytaxt uchun oxirgi marta 1995-yili xarid qilingan, eng soʻnggilari 2013-yilgacha harakatlangan edi. Ularning qaytishi munosabati bilan qator bekatlarning geometrik parametrlariga oʻzgartirish kiritishga toʻgʻri kelyapti, chunki 18 metrli transportlar hamma bekatlarga ham sigʻmayapti.

 

Shu hafta poytaxt koʻchalarida harakatlana boshlagan yangi avtobuslarning 286 tasi – "Yutong" rusumli, uzunligi 12 metr. Ulardan 117 tasi tabiiy gazda yuradi, 169 tasi esa elektrobus.

 

Xitoydan buyurtma qilingan 1000 ta katta avtobusning qolgan 600 tasi ham yaqin haftalarda yetib kelishi kutilyapti. Bu bilan shahar avtobuslari soni, eskilari tarkibdan chiqarilishi hisobiga, 1800 taga yetishi aytilgan. Shu tariqa, Toshkentda uzoq davom etgan jamoat transporti degradatsiyasidan keyin avtobuslar soni 1991-yildagi darajaga yaqinlashadi. Maʼlumot uchun, 90-yillar boshida poytaxtda 2200 dan koʻproq avtobus, 500 dan koʻproq tarkibga ega tramvay va 400 dan koʻp tarkibga ega trolleybus harakatlangan.

 

 

Jurnalist Muhrim Aʼzamxoʻjayev yangi avtobuslarning olib kelinishi bilan poytaxtliklarni tabriklab, Toshkent yanada “shaharlash”gani haqida yozdi.

 

“Ertalab uydan chiqishimiz bilan yangi avtobuslar – kecha "Isuzu"da qatnayotgan yoʻnalishlarda bugun katta elektrobuslar yuribdi. Bodomzorda garmoshkali 115 ning ketidan ikki daqiqa oʻtmay yana bir shunaqa 115 kelyapti. Oloy bozorida anshlag – endi pensiyaga chiqishi aniq boʻlgan "Mersedes", oʻsmir "MAN"ning orasida ikkita garmoshka, ikkita qora elektrobus yoʻlovchi tushirib-chiqaryapti. Bu safar hayitlikning eng kattasini Toshkent oldi. Toshkent yanada shaharlashdi. Muborak boʻlsin, hamshaharlar!”

 

40 ta ehtiyojmand oilaga uy hadya qilgan sirli tadbirkor

 

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida Ramazon hayiti bayramiga tuhfa sifatida mahalliy tadbirkor tomonidan Taroqli mahallasida 2 ta koʻp qavatli, 40 ta xonadonli turarjoy qurib bitkazildi va toʻliq jihozlangan holda boquvchisini yoʻqotgan, uy-joysiz xotin-qizlarga topshirildi.

 

 

 

 

 

Tadbirkor oʻz ismi-sharifini ochiqlamaslikni soʻragan. Ushbu tadbirkor oʻtgan yili ham tumandagi 27 ta kam taʼminlangan oilaga kottej uy qurib, hadya qilgani taʼkidlanmoqda.

 

Narxi oshgan taksilar, “megaprobkalar” va huvillab qolgan Toshkent

 

Bayram kunlari eʼlon qilinishi bilan poytaxtda yashovchi aksariyat viloyatliklar uyi tomon oshiqdi. Bundan esa viloyatlarga qatnaydigan taksichilar foydalanib qolishga urindi. Tarmoqlarda yoʻlkira narxlari odatiy kunlardagidan ikki-uch baravariga koʻtarilgani aytildi. Koʻpchilik noroziligini ochiqchasiga bildirib, har bayramda shu hol takrorlanaverishidan charchaganini yozgan. Yana bir toifa, hech boʻlmasa, shunday kunlarda shaharlararo avtobuslar qatnovini koʻpaytirish mumkin emasmi, bunday vaziyatlarni hech kim nazorat qila olmaydimi, degan savollarni oʻrtaga tashladi.

 

 

Hayit arafasida Toshkentning oʻzida, shahardan chiqishda va hatto viloyatlarni bogʻlovchi katta trassalarda dahshatli darajadagi tirbandliklar kuzatildi.

 

 

Koʻpchilik oʻz manziliga yetish uchun odatdagidan koʻra ikki baravar koʻproq vaqt ketganini aytmoqda. Bunga haydovchilarning madaniyatsizliklari sabab boʻlganini bildirib, farosat, tarbiya, goʻzal xulq ulugʻ neʼmat ekanini har qadamda tushunib boraverish mumkinligi haqida yozgan ayrimlar.

 

“Bizning bu yoʻllarni koʻrganlar saviyasizlik va farosatsizlikning eng quyi nuqtasi qanday boʻlishini tushunar, balki. Biz madaniyat, tartib, saviya va farosatdan ancha uzilib qolgan ekanmiz. Achchiq boʻlsa-da tan olishga majburman”, – deb yozadi yozuvchi va olim Baxtiyor Abdugʻafur.

 

 

Bayram kunlari poytaxtliklarning oʻzlari ham dam olish maqsadida shahardan tashqariga chiqdi. Oʻz navbatida, bu ham tirbandliklarni yuzaga keltirdi. Xususan, Soʻqoq qishlogʻiga kirish va chiqishda yuqori balli “probka”lar kuzatilgani haqidagi video va fotolar ijtimoiy tarmoqlarning asosiy mavzularidan biriga aylandi. Toshkentda esa avtomobilda harakatlanish ancha erkinlashdi, jamoat transportidagi tiqilinchlar kamaydi, shahar huvillab qoldi.

 

24-aprel, dushanba kunidan ko‘pchilik ortga, ya’ni poytaxt tomon oshiqadi. Bu esa yo‘llarda yana tirbandlik va tartibsizliklar keltirib chiqarishini taxmin qilish qiyin emas. Yurtdoshlarimizni sabrli bo‘lishga va bir-birlarini hurmat qilishga chaqirib qolamiz.

 

Elbek JUMANOV

Islom RISQULOV (foto)

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23623
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//