Ong chiqindixona emas yoxud kitobxo‘r va kitobxonning beshta farqini toping


Saqlash
17:04 / 20.04.2023 950 1

Yosh yozuvchi do‘stlarimdan biri: “Men-ku haqiqiy adabiyot yaratarman, ammo uni o‘qiydigan haqiqiqiy kitobxon topilarmikin?” deb qoldi. Buni hazillashib gapirdi, albatta. Ammo kichik hazil tagida ulkan haqiqat yashiringandek, shunday emasmi?..

 

Keyingi yillarda kitobxonlikka e’tibor katta. Bejizga emas, kitob insoniyatning birlamchi ma’naviy tayanchi. Toki odamni uyg‘onishga, fikrlashga, o‘zgarishga, dunyoni o‘zgartirishga undarkan, ilhomlantirarkan, qanday qiyofaga o‘tmasin, formati o‘zgarmasin – kitob o‘z o‘rnini boshqa hech narsaga bo‘shatib bermaydi. Ammo gap boshqa masala – did, kitobxonlik va haqiqiy adabiyot haqida, bu sizni ham o‘yga solib qo‘yishi tayin.

 

Xullas, kitobxonlikni targ‘ib qiluvchi telegram guruhlaridan birining “admin”i menga yozib qoldi. Aytishicha, o‘zi tashkil qilgan guruhda biror asarni tanlab, kuzatuvchilar bilan tahlil qilishar ekan, shunga kaminani ham saflariga taklif etdi. Men avvalo e’tibordan, yana manfaatli taklifdan xursand bo‘lib, guruhga qo‘shildim. Ma’lum bo‘lishicha, mutolaa uchun aynan yig‘ilgan kuzatuvchilar bilan maslahatlashib, har oy bittadan kitob tanlanar ekan. O‘sha asar 25–28 kun ichida o‘qib chiqilib, oyning so‘nggi kunlari jamoaviy tarzda muhokama qilinarkan.

 

Guruh qoidalari bilan tanishib chiqdim. Kitobxonlar jamoasi bilan maslahatga kirisharkanmiz, kamina o‘qishga tavsiya qilayotgan adiblardan Dostoyevskiy “og‘ir” deb, Tolstoy “ezma” deb, Markes “yahudiy” deb, Nazar Eshonqul, Xurshid Do‘stmuhammad, Luqmon Bo‘rixon kabi yozuvchilar “o‘zimizniki” deb rad etilayotganiga yoqa ushladim.

 

Shunday qilib, bahs janjalga aylanib ketishiga oz qolgan “kitob tanlar marosimi”miz oxir-oqibat so‘nggi to‘xtamga yetib keldi. Amerikalik adiblardan birining oxirgi paytlar nomiga tez-tez ko‘zim tushayotgan uchar (bestseller) asarini o‘qiydigan bo‘ldik.

 

Rosti, ozgina badgumonligim bor. Ko‘pchilik maqtayotgan, omma o‘qib-o‘qimay shov-shuv ko‘targan kitoblarni mutolaa qilib vaqt sarflashga u qadar oshiqavermayman. O‘qish uchun tanlagan kitobimizni uyimga olib kelarkan, bu gal ham shoshmasdan avval annotatsiyasi, keyin muallifning adabiy faoliyati bilan tanishib chiqdim. Azza-bazza 30–40 betcha o‘qidim ham... Didimga o‘tirmagach, mutolaani davom ettirish – vaqtni bekor o‘ldirish, degan hukm bilan kitobni bir chetga uloqtirdim.

 

Muhokama va taqrizlar kuni kitobni 40 betdan oshiq o‘qimaganimga qaramay binoyiday qatnashdim. Boshqa asarlardan olgan xulosalarim, taassurot va tushunchalarimni qo‘shib-chatib yozganimga birov asarni o‘qib chiqmaganimni bilgani ham yo‘q (ehtimol, o‘zimga o‘xshab kitobni o‘qimay qatnashganlar ko‘p bo‘lgandir). Ariqqa ag‘anab, suvdan quruq chiqqan odamday dimog‘imni chog‘ qilib turgandim, navbatdagi oy muhokamasi uchun boyagidan besh battar boshqa asar tanlandiki, tag‘in birov ustimdan suv qo‘yganday bo‘ldi-qoldi...

 

Keyinroq guruh egasiga tanlangan asarni o‘qiy olmasligimni yozgandim, “Qoidaga ko‘ra o‘qishingiz shart”, degan javob keldi. Uning gapidan achchig‘im chiqqandi, axir, nima, mening miyam temir sandiqmi – qo‘lga ilingan narsani joylab yuboraveradigan? Yo chiqindixonami – istagan kishi istagan narsasini keltirib to‘ksa?

 

Xayr-ma’zurni nasiya qilib guruhdan so‘roqsiz chiqib ketdim-u, ertaga shu bir tiyinga qimmat rasvo asarni o‘qib, ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga iqtiboslar iladigan, rasmlar joylab kuni kelganda hijjalab muhokama qiladigan 200 dan ortiq kitobxon xayolimdan ketmasdi...

 

Zamonamiz adiblaridan biri Temirpo‘lat Tillayev kitob ixlosmandlarini uch toifaga ajratadi. Birinchi toifa – kitobparastlar: faqat kitob yig‘adi, o‘qimaydi. Ikkinchisi – kitobxo‘rlar: did va saviya yo‘q, qo‘liga tushgan kitobni o‘qib ketaverishadi. Uchinchi, juda ozchilikni tashkil qiluvchi toifa esa kitobxonlar – faqat yaxshi kitoblarni izlaydilar va topib o‘qiydilar, o‘qiganlari ong-u shuuriga muhrlanadi.

 

Yozuvchi kitobxonliknigina toifalarga bo‘lgani yo‘q – shu orqali urf, did va shuurga ham oyna tutadi, jamiyatimizning kitobxonligi qay yo‘sindaligini tushuntirishga urinadi. Deylik, maktab o‘quvchilarining nima o‘qiyotgani bilan hech qiziqqanmisiz – bolalarning ko‘pi darsliklarga kiritilgan “Oq kema”ni, “Hellados”ni, “Sariq devni minib”ni bilishmaydi. Ammo boy bo‘lish sirlaridan saboq beradigan Kiyosakini, Sharmani taniydi, yotvolib o‘qigan.

 

Eski chet filmlarida zodagon xonadonning belgisi sifatida ulkan kitob javoni ko‘rsatiladi. Ammo uning mavjudligini o‘zi yetarli emas, zodagon o‘z kutubxonasidagi durdona, aynan durdona asarlarning qariyb barchasi bilan tanish bo‘lishi kerak – yo‘qsa, oliynasab hisoblanmaydi. Xuddi shunday, bizdagi ziyolining belgisi reklama-yu bekorchi taqrizlar bilan ommalashtirilayotgan kitoblarni varaqlab tushgan rasmlar bo‘lmasin. Nazarimda, biz miyamizning quvvatini uyg‘onishga, fikrlashga, o‘zgarishga, bizni o‘rab turgan dunyoni o‘zgartirishga undaydigan, ilhomlantiradigan kitoblarga sarflashimiz lozim.

 

Bayram ALI,
yozuvchi

1 Izoh

Нодира

06:01 / 01.01.1970

Охирги вақтларда фақат чет эл адабиётини ўқияпман. Ўзимизникилар қизиқмас нимагадир. Балки, адашаётгандирман... Яна ким билади.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19316
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16393
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi