“Boshqa takrorlanmasligi uchun nima qilish kerak boʻlsa, barini qilish lozim” – faollar Surxondaryoda doʻpposlangan oʻqituvchi ayollar voqeasi haqida


Saqlash
19:26 / 19.04.2023 1520 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryoda ikki oʻqituvchi ayolning erkak kishi tomonidan doʻpposlangani aks etgan video tarqaldi. Ushbu holat tarmoq foydalanuvchilari tomonidan keskin tanqidlarga sabab boʻldi. Oyina.uz jamoatchilik faollarining mazkur masalaga munosabatini bir joyga toʻpladi.

 

Gap nima haqda ketmoqda?

 

Surxondaryodagi maktablarning birida 2 ayol oʻqituvchi erkak kishi tomonidan doʻpposlandi. Ushbu holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Shundan soʻng Maktabgacha va maktab taʻlimi vazirligi axborot xizmati voqea Uzun tumanidagi 31-maktabda sodir boʻlgani, holat oʻrganilayotganini maʻlum qildi.

 

Maʻlum boʻlishicha, ayollarga qoʻl koʻtargan erkak 34 yoshda va uning oʻzi ham oʻqituvchi. Erkak oʻqituvchi qoʻlga olingan, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Mazkur voqea 14-aprel kuni sodir boʻlgan. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova ham holat yuzasidan axborot berdi. Unga koʻra, doʻpposlangan ikki ayol oʻqituvchi shifoxonada davolanmoqda. Vazir roʻy bergan voqeani shaxsan nazorat qilib turganini bildirdi.

 

Voqea jamoatchilik faollari tomonidan ham qizgʻin muhokama qilinmoqda.

 

Isroil Tillaboyev,

bloger:

 

 

– Meni bir narsa oʻylantiryapti. 18-aprelda jinoiy ish ochilibdi, voqea esa 14-aprelda boʻlgan ekan. Bosh prokuratura yaxshiyam insof qilib voqea qachon boʻlganini-yu, ish esa qachon ochilganini aytib oʻtib ketibdi. Nahot shu kungacha u oʻqituvchilarning oʻzlari yoki oila aʼzolari uchastka noziriga yoki boshqa tegishli masʼullarga arz qilmagan?

 

Men ishonmayman bunga, arz qilgan deb oʻylayman. Lekin balki anavi mushtumzoʻrning kuchi yoki “iltimosi” bilan bu ish ochilmay qolgan va yoki keyinchalik ham ochilmaydigan boʻlgandirki, voqea aks etgan videoni oxirgi najot sifatida internetga joylashmoqda. Shundan soʻnggina mushtumzoʻr qoʻlga olindi, jinoyat ishi ochildi, ish nazoratiga olindi.

 

Savol tugʻiladi-da, agarda video internetga chiqarilmaganda nima boʻlardi? Shunday jirkanch ish jazosiz qolib ketarmidi? Voqea yaxshiyam kameraga tushib qolgan, tasavvur qilyapsizmi endi, agar shu vaziyatda, 4 kundan buyon bosdi-bosdi qilinib turgan ishda mana shunday kuchli dalil boʻlmaganda nima boʻlardi? Bu haqda oʻylashga ham qoʻrqasan kishi.

 

Agar qonunlar belgilangan tartibda ishlaganida, mushtumzoʻrga tegishli jazo berilib, jabrdiydalar himoya qilinganda edi, video internetga chiqishigayam, jamoatchilikning junbushga kelishigayam hojat qolmasdi.

 

Xullas, tergov jarayonida mahalla noziridan tortib barcha masʼullarning harakati (harakatsizligi) tekshirilishi kerak. Ular adolatli boʻlishmas, xalqning ichiga kirib ishlamas ekan, odamlarning oxirgi najoti yana internet boʻlib qolaveradi!

 

Afsuski, soʻnggi vaqtlarda shu kabi holatlar haqida tez-tez ijtimoiy tarmoqlarda bong urilmoqda. Huquqshunos Bahodir Ahmedovga koʻra, ayollarga qilinayotgan bu kabi munosabatlar jamiyatimizning yuzidir.

 

Bahodir Ahmedov,

huquqshunos, bloger:

 

 

– Ayol kishiga bunaqa munosabat jamiyatimizning yuzi. Agar bu ayollarga jismonan shikast yetkazilgan boʻlsa ayrim qilmishlar belgilarini koʻrsatmoqda. Bu yerda yoki qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish (JK 105) yoki qasddan badanga yengil shikast yetkazish (JK 109) kabi jinoyatlar boʻlishi mumkin.

 

Jinoyat kodeksidagi yana bir modda ham mavjud. Bu bezorilikdir (JK 277):

 

Bezorilik, yaʼni jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, urish-doʻpposlash, badanga yengil shikast yetkazish yoki oʻzganing mulkiga shikast yetkazish yoxud nobud qilish ancha zarar yetkazish bilan bogʻliq holda sodir etilsa, BHMning 50 baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari.

 

Agar badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazilib yoki yosh bola, qariya, nogironligi boʻlgan shaxs yoki ojiz ahvoldagi shaxslarni xoʻrlab sodir etilsa, jazo yanada baland boʻladi.

 

Ushbu masalalar mening taxminim xolos. Asl voqelikni huquqni muhofaza organlar oʻrganib chiqishadi va soʻnggi soʻzni esa sud aytadi.

 

Ayollar huquqlari borasida doimo oʻz pozitsiyasini bildirib kelgan “Sukut saqlama” loyihasi bu gal ham sukut saqlamadi. Loyiha ayollarni “kuchli” jins vakillaridan himoya kutishni soʻramoqda.

 

“Sukut saqlama”,

ijtimoiy loyiha:

 

– Bolalikdan erkaklar himoyachi, ayollar esa ojiza, ularni himoya qilish kerak deb bong urishadi. Bunda aynan oʻsha “himoyachi”lardan muhofaza qilish kerakligi aytilmaydi.

 

Videodagi holat Surxondaryo viloyatida sodir boʻlgani aytilmoqda. Koʻrinishidan bu oʻqituvchilar kengashi. Videoda bir necha ayol va ikki nafar “kuchli” jins vakillari. Aynan shundaylar ayolga qoʻl koʻtarganni “yirtishga” vaʼda beradi tarmoqlarda.

 

Bitta “mard” buni kutmagan ayollarga tashlanib, bemalol kaltaklamoqda.

 

Boshqasi uni yumshoqqina chetga olib, gaplashib, yana qaytib kelishmoqda. Keyin yana chetga olib gaplashishlar, soʻng toza havo kirishi uchun oyna ochilmoqda, keyin shunchaki oʻtirib olmoqda. Vaʼda qilingan himoya shunday koʻrinsa kerak.

 

Ayollar, buni boricha qabul qiling. Oʻzingizni siz va Davlatdan boshqa hech kim himoya qilmaydi. Davlat ijtimoiy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqib bunga majbur. “Kuchli” jins vakillariga ishonmang. Ular shunchaki mavjud emas. Xuddi siz zaifa boʻlmagandek. Sizga qoʻl koʻtardimi? Kaltaklanganingizni darhol muhrlang, 102 chaqiring, uning vaʼdalariga ishonmang va rahm qilmang. Zoʻravonlikni hech qanday sabab bilan oqlab boʻlmaydi. Qilmishlariga javob bersin!

 

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻlgan har bir holatga oʻz munosabatini bildirib keladigan Alisher Qodirovning fikricha, ayollarni kaltaklagan erkak oʻqituvchi sohadagi tasodifdir.

 

Alisher Qodirov,

“Milliy tiklanish” partiyasi raisi:

 

 

– Pedagogika - tomchilatib toshni teshish kerak boʻlgan kasb. Afsus, sohada tasodiflarni koʻp ekanligini, baqiroq faylasuf bilan mushtumzoʻr direktor yana bir bor isbotlab berishdi.

 

Bu zoʻravon direktor ayollarga-ki shunday munosabatda boʻlsa bolalarga munosabatini tasavvur qilish qiyin emas.

 

Jazoni sud oʻylaydi, odam haqli ravishda jamoatchilik qahriga uchradi, lekin… pedagoglikka oʻqish, maktab va bogʻchada ishlash uchun, qanchalar ogʻir boʻlmasin, oʻn marta oʻrganib keyin ruxsat beradigan tizim boʻlishi zarur. Bu sohaga zoʻravon va sabrsizlar adashib ham kirib qolmasligi kerak.

 

Adliya vaziri maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatova holatga munosabat bildirar ekan, kaltaklangan ayollarda kechadigan tuygʻular haqida yozdi.

 

Shahnoza Soatova,

Adliya vaziri maslahatchisi, bloger:

 

 

– Kaltaklangan ayol oʻzini qanday his qiladi?

 

Bir marta meni ham urishgan, hali maktabda oʻqib yurgan oʻsmirligimda.  Oʻsha paytda tuyganlarimni hanuz unutolmayman.

 

(Taʼkidlash joiz, meni erim hech qachon urmagan)

 

Agar mana bu videoda aks etganidek jamoat ichida, odamlar koʻz oʻngida va qarindosh boʻlmagan, jismonan kuchliroq odam tomonidan kaltaklansa, ayol (yoki ojiz inson) nimalarni his qiladi?

 

Birinchi, shok boʻladi. Kutilmaganda boʻldi-da, axir, urgan otang, akang, ering... boʻlmasa (ular oʻzi nimaga urishi kerak?), seni doim urib yurgan odam boʻlmasa, kelib toʻsatdan “tushirib” qolishini oʻylamaysan ham.

 

Ikkinchi, jismoniy ogʻriq sezasan, lekin u kuchli boʻlmaydi. Yaʼni hali bu ogʻriqni toʻliq his qilish boʻlmaydi, shunchaki signal, lekin sen uni orqaga tashlaysan, hozir bu muhimmas.

 

Uchinchi, alam boʻladi. Hech nima qilolmasliging, shu paytda seni hech kim himoya qilolmasligi, mana shu zoʻravon bilan yakkama-yakka qolganing va endi bu faqat sening muammoing ekanligini anglash. Bu rosa yomon tuygʻu.

 

Toʻrtinchi, isyon keladi. Kuching yetish-yetmasligini oʻylamaysan, shunchaki, bu holatga koʻna olmaysan, nimadir qilging keladi. Qoʻlingdan kelganicha qarshilik qilasan. Shunda keyingi mushtlar ham tushishi mumkin. Lekin ogʻriq alami birinchi musht, turtki, shapaloqnikidek boʻlmaydi.

 

Beshinchi, aql uygʻonadi, tushunasanki, bari befoyda. Balki kimdir koʻrib, kameraga yozilib, jamoatchilikka oshkor boʻlgani uchun anavi zoʻravonni vaqtincha (15 sutkaga) qamashar ham. Jamoatchilik bilmasa, shu ham yoʻq. Lekin endi sening singan gʻururing, oring, insoniyliging tiklanmaydi. Buni tushunasan. Sinasan.

 

Har safar musht yegan joying ogʻriganida shu alamni tuyasan. Keyin jismoniy ogʻriqlar bitib, unutilib ketganda ham, xotirangga bir chandiq tushadi – bot-bot esingga tushaveradi va alam qilaveradi.

 

Oltinchi, atrofdagilar xulosa qiladi, afsuski, bu juda zararli xulosa boʻladi. Zoʻravonlar battar quturadi, mazlumlar battar sinadi. Jamiyat tanazzuli shunday davom etadi.

 

Zulm – bu bir lahzali akt emas, bu aks-sadosi va oqibati uzoq davom etadigan yemiruvchi jarayondir. Oldini olish samaraliroq, oqibatlari bilan kurashish qimmat va qiyin.

 

Surxondaryodagi maktabda kaltaklangan ayollar bilan hamdardman. Endi bu bilan siz, yaqinlaringiz bir umrga yashaysiz. Biz ham! Boshqa takrorlanmasligi uchun nima qilish kerak boʻlsa, barini qilish lozim.

 

Shahnoza Soatovaning postini ulashar ekan jurnalist Aziza Qurbonova, voqealar xronologiyasini sanab, loqaydlarni savolga tutdi.

 

Aziza Qurbonova,

jurnalist:

 

 

Meni qiynab yuborgan savol: nega qolganlar harakatsiz, nega qolganlar bu iflosni yoqasidan tutmadi?!

 

Kamera borligini bilgani uchun oq koʻylakli va boshqalar jim oʻtiribdimi?

 

Oʻldirib qoʻyganda-chi? Oʻshandayam kamera yoki shu iflos tirandan qoʻrqib oʻtirgani uchun oʻzini kechiradimi shu loqaydlar?

 

Platforma.uz telegram kanalining fikricha, voqea bitta shaxsga jazo berish bilan yakunlanmasligi, vaziyat chuqur tahlillar qilinishi kerak

 

Platforma.uz:

 

– Surxondaryoda ziyolilarning oʻzaro janjallashgani, xususan, erkak oʻqituvchining ayollarga qoʻl koʻtargani har qanday sharoitda ham oqlab boʻlmaydigan holat.

 

Roʻy bergan hodisa bitta shaxsning qilmishi uchun jazo berish bilan yakunlanmasligi kerak. Aksincha qarichni kattaroq olib, pedagoglar orasidagi maʼnaviy muhitning izdan chiqishiga sabab boʻlgan omillarni tahlil qilishga undashi lozim. Oʻqituvchilarning bunday agressivligi nima bilan bogʻliq? Ularning ruhiy ahvoli taʼlim tizimida ishlashiga imkon beradimi? Oilaviy holati, moddiy imkoniyati qanday?

 

Koʻp hollarda bogʻcha mudiralari, maktab direktorlarining qoʻl ostidagilarga qoʻpol munosabati, ortiqcha bosimi haqida eshitamiz. Bunday munosabat hamon bor. Va taʼlim muassasalari rahbarlari asosan kattalarining talabini, topshirigʻini bajarish uchun jamoaga talabni kuchaytiradi. Bu talab ilm olish sifatini oshirishdan koʻra tashkiliy ishlar bilan bogʻliqligi achinarli.

 

Modomiki oʻqituvchi oʻqituvchiligini qilmas, haqiqiy kasbi bilan shugʻullanmas, qogʻozbozlik va faoliyatiga taalluqli boʻlmagan topshiriqlar va ortiqcha yuklamalardan xalos boʻlmas ekan, taʼlim sifati va samaradorligi haqida gapirishimiz befoyda.

 

Nazarimda pedagoglar, ayniqsa, direktorlar psixologik va boshqa mezonlar nuqtai nazaridan koʻrikdan, suhbatdan oʻtgani maʼqul. Qolaversa, baribir oʻqituvchilarga yuklamalarni kamaytirish haqida ham jiddiyroq bosh qotirish zarur. Asabbuzarlik koʻpincha shu va moddiy sharoitning yetarli darajada boʻlmaganidan kelib chiqadi. Qarichni kengroq olib, tahlil qilish, tezkor choralar qoʻllash vaqti keldi.

 

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi oʻrinbosari Feruza Muxamedjanova yoshlar orasida oʻqituvchilikni tanlaydiganlar koʻp ekanligiga eʻtibor qaratdi. Uning fikricha, bu kabi holatlar takrorlansa statistika oʻzgarishi mumkin.

 

Feruza Muxamedjanova,

“Milliy tiklanish” partiyasi raisi oʻrinbosari:

 

 

– Yaxshi ham kamera bor ekan. Boʻlmasam katta ehtimol bilan kaltaklangan ayollar indamasdan dardini ichiga yutib ketardi. Uzr-u, oʻzi maktabga shunday mushtumzoʻrlar qanday kirib qoladi??? Ular ruhiy jihatdan sogʻmikan, degan savollar tugʻilyapti.

 

Psixolog oʻquvchilarga kerak deb yurardim.U birinchi navbatda oʻqituvchilarga ham kerakka oʻxshaydi!

 

Haqorat, bosim, tahqirlash ish jarayonining bir qismi boʻlishi mumkin emas. Aslo!

 

Maktablardagi taʼlim sifati eng avvalo oʻsha yerdagi ichki muhitni barqarorligidan boshlanadi. Huquq tartibot idoralari xulosasini kutmasdan ichki muhitni oʻrganishni tashkil etish kerak!

 

Toki “ERKAK” kuchini ayolda yoki oʻquvchida sinamasin.

 

Bugun ayrim holda maktab oʻqituvchilarimizni koʻzidagi maʼyuslik, horgʻinlik sababini tushungandekman. Hamma gap maoshlarning kamligida ham emasga oʻxshaydi. Muammo borgan sari ichki muhitda, nosogʻlom raqobatda ekanligini koʻrsatmoqda.

 

Maktab oʻta nozik, oʻta muammoli masala! Va eng muhim rivojlanish nuqtamiz!

 

Maktabda boshqaruv toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgan boʻlganda oʻqituvchilar oʻrtasida yuzaga kelgan ziddiyatni oldini olsa boʻlardi.

 

Oʻqituvchilik oʻzi shundoq ham ogʻir kasb. Germaniyada oʻtkazilgan tadqiqotlar 800 ming oʻqituvchining atigi 10 foiziga sogʻ-salomat nafaqaga chiqish nasib etishini koʻrsatdi. Qolganlari yurak-qon tomir, ruhiy asab boshqa kasalliklarga duchor boʻlarkan. Shu bois dunyoda hatto bu kasbni sogʻliq uchun xavfli va zararli kasb turlariga kiritish boʻyicha harakatlar boshlandi.

 

Oʻzimizda esa oʻqituvchi kasbiga konstitutsiyaviy maqom berilayotgan bir paytda maktablarimizda nima boʻlyapti?!

 

Savol ketidan savol tugʻilaveradi.

 

Maktablarimizda zoʻravonlikni oldini olishga qaratilgan dasturlar bormi?

 

Maktabda zoʻravonlikni bartaraf etadigan tadqiqotlar mavjudmi?

 

Maktabdagi maʼmuriy nazoratni kuchaytirish, ijtimoiy psixologik muhitni barqarorlashtirishga, jamoani shakllantirishga qaratilgan treninglar oʻtkaziladimi?

 

Agar shu savollarga javob boʻlsa vaziyatni katta toʻpolongacha olib bormasdan masalani joyida hal etsa boʻlardi.

 

Xullas, zoʻravonlikni oldini olishda taʼlim sifati bilan birga maktabdagi boshqaruv va sogʻlom taʼlim muhitini yaratishga eʼtibor bermasak boʻlmaydiganga oʻxshaydi.

 

Kecha oʻzimizda oʻtkazilgan soʻrov natijalari bilan tanishdim. Unda yoshlar shifokorlik kasbidan keyin ikkinchi oʻrinda oʻqituvchi boʻlaman degan javobini berishgan.

 

Bilmadim Surxondaryodagi holatlar takrorlansa javoblar oʻzgarishi hech gap emas!

 

Bunday mudhish voqeani takrorlanmasligiga esa hech qanday kafolat yoʻq!

 

Roʻza ramazonning 26-kuni qayta va qayta ayollarga qoʻl koʻtargan zoʻravonning va uni tomosha qilib turgan boshqa “Erkak”larning kechirib boʻlmas harakati bilan esimda qoldi.

 

Xudodan qoʻrqmagan qonundan qoʻrqarmidi?!

 

Ayrim jamoatchilik faollari ayollarni kaltaklagan erkakka beriladigan jazoni kuchaytirishni soʻramoqda.

 

Nargiz Qosimova,

pedagog:

 

 

– Oʻzbekistonda oʻqituvchilar bir tiyinga olinmaydi. Bu holatku-ya kameraga tushibdi. Tushmagani qancha? Bu iflosga aynan OʻQITUVCHIni kaltaklagani uchun kamida 5 yil berish, umuman taʼlimdan chetlatish kerak. Oʻqituvchining qadri mamlakatda tiklanmas ekan, taʼlim sifati past boʻlib qolaveradi.

 

Alisher Nazar,

shoir:

 

 

– Ikki nafar ojizani ojizligidan foydalanib, urgan, haqoratlagan, tahqirlagan yaratiqqa Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan ish qoʻzgʻatilibdi! Shu ish oddiy bezorilikmi? Bu modda bilan nima qilish mumkin? 15 sutka qamaydimi? Agar rostdan ham bezorilik deb kvalifikatsiya qilinadigan boʻlsa, bu jinoyatning maʼnaviy taraflarini ham hisobga olish kerak. Bunday ishlarga 15 sutka, 1 yil ozodlikni cheklash yoki jarima toʻlash kamlik qiladi.

 

Sezyapsizmi, soʻnggi yillarda bezorilik keskin koʻpayib ketdi! Yaqinda ikkitasi koʻchada yoʻl talashib, itday gʻajishib ketdi. Bittasining qoʻlida kichkinagina pichoq! Odamlar oʻrtaga tushsa, “Qoʻyvor, shunga 500 dollar atadim”, deydi. Bir joyiga urib olmoqchi-da, keyin 500 dollar bilan qutilib ketmoqchi! U bekorga aytmayapti bu gapni!

 

Xullas, doʻstlar, ahvolimiz chatoq! Qonunlarni kuchaytiring, oʻrtoq deputatlar! Tong otdi, uygʻoninglar!

 

Maftuna ABDUSHUKUROVA tayyorladi.

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 120
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22032
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//