Xalqning uqubatlari evaziga yig‘ilgan, chet elda dabdabali saroylar qurishga sarflangan xazina – Buxoro amirligining xorijdagi ko‘chmas mulklari kimlarga nasib qilgani xususida


Saqlash
17:27 / 18.04.2023 2894 0

“Buxoro amirligi qulatilganda Sayyid Olimxon bor boyligini olib qochgan”, Rusbosqinchilari bir necha vagon tilla ortib ketgan,“Amirning Shvetsariya banklarida haliyam puli bor...” qabilidagi gaplar qulogʻimizga chalingan. Xoʻsh, bu haqiqatmi yoki uydirma? Buxoro hukmdorlari chindan shunchalik badavlat boʻlganmi? Ularning xorijiy mamlakatlarda ko‘chmas mulklari koʻpmidi? Bugun ushbu masalaga qiziqib koʻramiz. Maqolani yozishga Facebook tarmogʻida Buxoro amirining Sankt-Peterburgdagi qasri haqida eʻlon qilingan post sabab boʻldi.

 

Buxoro amirligi xazinasi xususida...

 

...yozilgan maʻlumotlar turlicha. Ayrimlari ishonchli boʻlsa, ayrimlari xalq orasida tarqagan shunchaki gap-soʻzlarga asoslangan. Buxoro tarixi boʻyicha yirik mutaxassislardan Qahramon Rajabovning Fayzulla Xoʻjayev faoliyatiga bagʻishlangan kitobida keltirilishicha, 1920-yili sovet qoʻshinlari tomonidan talon-toroj qilingan Buxoro xazinasi oʻsha paytdagi rus rubliga hisoblanganda 77 million oltin rublga teng boʻlgan, bu bugungi kungi kurs bilan baholansa 80 milliard dollar atrofida boʻladi.

 

Navoiy kon-metallurgiya kombinatining sobiq direktori Nikolay Kucherskiy bergan maʻlumotlarda Buxoro amirining 1920-yildagi oltin zaxirasi 250 tonna boʻlgani qayd etilgan (solishtirish uchun: Jahon oltin kengashing 2022-yil dekabrda chiqargan ro‘yxatida O‘zbekiston 362 tonna oltin zahirasi bilan jahonda 15-o‘rinda turibdi). Rus-Osiyo banki xodimi K.K.Yudakinning yozishicha, Amir Olimxonning boyligi 15 million funt sterling deb baholangan. Yuqoridagi hisob-kitoblardan kelib chiqsak, bu summa amirning shaxsiy boyligini tashkil qilgani anglashiladi. Yaʻni davlat xazinasidan tashqari. Birinchi Jahon urushi yillarida Rossiya armiyasi ehtiyojlari uchun har yili 1 million rubldan xayriya qilganini oqpodshoga yuborgan telegrammalaridan bilish mumkin. Buning evaziga Oq burgut va Aleksandr Nevskiy ordenlari bilan taqdirlangan, Rus armiyasining general-leytenanti unvoni berilgan.

 

Umuman, Rossiyaga qaram etilganidan keyin Buxoro amirligi ijtimoiy-iqtisodiy hayotida orqaga ketish yanada kuchaydi. Dehqonchilik uchun suv yetmay qoldi va bu qurgʻoqchilik keltirib chiqardi. Chunki Zarafshon daryosini Rossiya mulozimlari toʻsib qoʻygandi. Asosiy daromad esa soliqlar hisobiga qoʻlga kiritilgan. Ahmad Donish “Risola”sida yozishicha, Sayyid Abdul Ahad taxtga oʻtirganidan keyin Rossiya poytaxtiga borib-kelishga qaror qiladi. Bu ilk safarga sovgʻa-salom uchun 45 million rus tangasi sarflangan. Yurtga qaytiilgandagi hisob-kitoblar haqida gapirganda 100 million rus tangasi xarj etilgani va buning oʻrni xalqqa soliq solish orqali qoplangani yoziladi.

 

Buxoro sovet qoʻshinlari tomonidan egallangach, amirlik xazinasi poyezdga ortib ketilgan. Davlat hujjatlari ham Rossiyaga olib ketilgan va hozirda Moskva va Peterburg arxivlarida saqlanadi. Shuning uchun bu boradagi aniq raqamlarni topishning iloji yoʻq. Bundan tashqari, amir Olimxonning xorijiy banklardagi hisob raqamlarida ham mablagʻi boʻlgan. Chunki bu davrda bankka pul qoʻyish hukmdorlar uchun odatiy hol edi.

 

Endi asosiy masalaga kelsak...

 

...Buxoro amirining markaziy qarorgohi Ark qalʻasi boʻlgan. Shahar tashqarisida ham bir qancha saroylar bor edi. Yozgi qarorgoh Sitorayi Mohi Xossa, Shirbudun, Kogondagi saroy, Karmana tumanidagi Mirzachorbogʻ shu jumladan. Daniyalik sayyoh Ole Olufsen xotiralarida shahar ichida Qoplon hamda Quyi hovli degan saroylar boʻlganini yozib qoldirgan. Bu imoratlar mangʻitlar hukmronligi yillarida qurilgan. Quyi hovli, Shirbudun Amir Muzaffar zamonida, Sitorayi Mohi Xossa bir qancha amirlar davrida davomiy suratda barpo etilgan. Kogon va Karmanadagi saroylar esa Abdul Ahad davriga oid.

 

Buxoro amirining mamlakat tashqarisida ham bir qancha mulklari boʻlgan. Aslida Buxoro hukmdorlari azaldan musulmon davlatlarda xayriya ishlarini qilib turgan. Imomqulixon Ka’bani ta’mirlash ishlariga mablagʻ ajratgani ma’lum. Lekin Buxoro amirligining oxirgi 50 yili Rossiya bilan bog‘liq kechdi va soʻnggi amirlar bu davlatga tez-tez boradigan boʻldi. Masalan, Sayyid Abdul Ahad Peterburgga bir necha marta safar uyushtirgan. Tiflis (Tbilisi)ga ham safari haqida yozib qoldirilgan. Amir mana shunday safarlari uchun oʻziga qarorgohlar barpo ettirgan. Birinchisi oʻsha paytdagi poytaxt Peterburgda Olimxon uchun qurilgan, ikkinchisi Qirimning Yalta shahrida va uchinchisi Stavropol oʻlkasi Jeleznovodsk shahrida bunyod qilingan. Abul Ahad Peterburg masjidi qurilishiga ham mablagʻ ajratgan. Amirlikning Orenburgda joylashgan vakolatxonasi ham Buxoro hisobida boʻlgan.

 

 

 

Buxorodagi qarorgohlarning ayrimlari, xususan, Shirbudun, Quyi hovli, Qoplon, Mirzachorbogʻ saroylari buzilib ketgan. Rossiyadagi qarorgohlardan esa hamon foydalanib kelinmoqda. Amirlik qulatilib, barcha mulklar davlatga oʻtgan. Peterburgdagi uy hali Olimxon taxtda o‘tirgan paytda, 1917-yili Petrograd garnizoni ixtiyoriga o‘tkazilgan. Keyinroq esa aholiga xonadon sifatida boʻlib berilgan. Uy bilan bogʻliq bir qancha afsonalar ham toʻqilgan.

 

Yaltadagi saroyning nomi Dilkusho bo‘lib, 1917-yilgacha amir mulki hisoblangan. Sovet hukumati oʻrnatilganidan keyin natsionalizatsiya qilingan. 1921-yili bu binoda Yalta Sharq muzeyi ochilgan. 1924-yildan boshlab esa sanatoriyga aylantirilgan. Hozir saroyda Yalta sanatoriysining kutubxonasi joylashgan. Jeleznovodskdagi saroyning qismati ham deyarli shunday yakun topdi. 2017-yilgacha sanatoriy vazifasini bajargan, shu yili Kavkaz mineral suvlari sanatoriysi hududida mehmonxonaga aylantirish uchun 49 yilga foydalanishga berib yuborildi.

 

Jeleznovodskdagi saroy

 

Buxoro amirining Makka va Madina shaharlarida bir qancha mehmonxonalar qurdirgani haqida maʻlumotlar bor. Ammo ularning keyingi taqdiri bizga noma’lum.

 

Xulosa chiqaradigan boʻlsak...

 

...oʻz joyida ishlatilmagan boyliklar keyinchalik boshqalar tomonidan talon-toroj etilishi mumkinligini anglash qiyin emas.

 

Muttasil urushlarda qo‘lga kiritilgan o‘ljalar, nochor xalqni yana qiynab yigʻilgan soliqlar evaziga toʻplangan xazinani mamlakat rivoji, infratuzilma yaratish yoki ilm-fanga yoʻnaltirish, foydali sohalarga sarmoya qilish oʻrniga, xorijiy davlatlarda dabdabali saroylar qurdirish, oʻyin-kulgi va maishatbozlikka sarflagan Buxoro amirlarining achchiq qismati barchaga oʻrnak boʻlgulik.

 

Davlat xazinasini oʻziniki deb bilib, xohlagancha tasarruf etib havoga sovurgan bebosh amaldorlar fojeasidan, uzoqni o‘ylamay qilingan sa’y-harakatlarning mash’um oqibatlaridan ibrat olish hozir har qachongidan ham zarur. Zero, tarixni oʻrganishdan koʻzlangan maqsad bugun uchun kerakli xulosa chiqarmoqdir.

 

Jahongir OSTONOV,

OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti tayanch doktoranti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20454
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//