Adabiyot
Bundan o‘n yillar muqaddam internetda Disneyning XX asr boshlaridagi ishlarini yodga soladigan “Odamzod” degan multfilm tarqalgandi. Egnidagi futbolkasiga “Xush kelibsan” (ya’ni, yer yuziga – dunyoga xush kelibsan ma’nosida) yozuvi tushirilgan odam deyarli 4 daqiqa davomida Motsartning “Turkcha marsh”ini esga soladigan musiqa sadosi ostida yo‘lida uchragan jonivorni ezadi, yeydi, etik, po‘stin, pianino, po‘stak, qog‘oz qiladi – xullas, sayyoraning bor resurslarini yo‘qotish bilan shug‘ullanadi.
Oxirida ulkan tog‘ bo‘lib ketgan chiqindilar ustida taxtga chiqadi va boshiga toj kiyib yalpayib yotadi. Shu atrofdan uchib o‘tayotgan o‘zga sayyoraliklar yerning ahvolini ko‘rib g‘azabga tushadilar va odamni jazolaydilar – u kirish eshigi ostiga tashlanadigan “Xush kelibsiz” yozuvli sholchaga aylantiriladi. Bu multfilm, ayniqsa, karantin paytlari Youtube platformasida tez-tez aylandi, ko‘proq odamlarning gadjetlariga kirib bordi va o‘z muallifini mashhur qildi.
Animatsiya muallifi britaniyalik rassom, karikaturachi va multplikator Stiv Katts. “Odamzod” uning butun ijodi haqida – yo‘nalishi, uslubi, mavzusi to‘g‘risida bor gapni ayta oladigan tashrif qog‘oziga aylandi. Yana bir gap: multfilmda Edvard Grigning “In the Hall of the Mountain King” (Tog‘ qiroli saroyida) musiqasidan foydalanilgan. Musiqa odamzodning ortib boruvchi istaklari kabi qudratli temp bilan balandga ko‘tarilib boradi. Bu rassomning boshqa ijodiy ishlarida ham ko‘zga tashlanadi – u aytmoqchi, ko‘rsatmoqchi bo‘lgan realligiga mos musiqa tanlaydi va bu o‘z o‘rnida tomoshabinning vizual xulosalariga ham ta’sir etadi.
Stiv Katts ko‘p yillar davomida “Glue Isobar” ijodiy agentligida ishlagan va zamonamizning ko‘plab taniqli savdo belgilari – brendlarini tanitishga xizmat qilgan. Coca-Cola, Google, Reebok, Magners, Virgin, Nokia, Kellogg yoki Sony kompaniyalari uchun raqamli loyihalar qilib bergan. Stiv 2012-yili ijodiy agentlikdagi ko‘p yillik karyerasiga nuqta qo‘yadi hamda frilanser sifatida ish boshlaydi. Bu unga xotirjamlik va ijodiy erkinlik berdi, ko‘p o‘tmay o‘z hayotiy falsafasini reallashtirish ishlari bilan shug‘ullanishga kirishdi. Jamiyatning iste’mol vasvasasiga, tabiatni xonavayron qilayotgan inson nafsiga qarshi kurashni kuchaytirdi. Shunday qilib, uning o‘tkir satirik karikaturalari, multfilmlari birin-ketin dunyo yuzini ko‘ra boshladi.
“San’at nafaqat ijtimoiy tarmoqlar uchun qilingan ideal fotolar, buyuk rassomlarning kartinalari, meditatsiya uchun ishlangan peyzajlar, balki o‘zgarishlarni tezlashtiruvchi katalizator hamdir”, deydi u suhbatlaridan birida.
Rassomning inson zarurati yo‘q narsalar ortidan quvishini va buning illuziya ekanini bildirishga uringan karikaturalari juda ko‘p. Ammo “Baxt” nomli multkartinasida Katts odamlar jamiyatini obrazli ravishda kalamushlar jamiyatiga evriltiradi – bu bilan ijodkor sayyorani ongli mavjudotlar emas, ishi faqat qorin to‘yg‘azish va ko‘payishdan iborat parazitlar to‘ldirganini aytmoqchi bo‘ladi.
“Baxt”ning boshida o‘zi kabi kemiruvchilardan biror tuki bilan farqlanmaydigan oddiy kalamushning yugurib ketayotgani ko‘rinadi. So‘ng unga boshqa kalamushlar qo‘shiladi, keyin ularning orasida ko‘ylak kiyganlari paydo bo‘ladi, ko‘p o‘tmay ekranda zamonaviy shahar ko‘chalaridan ko‘pam farq qilmaydigan, kulrang va ma’yus, tiqilinch kalamushlar shahri paydo bo‘ladi. Shahar boshdan-oxirigacha “baxt” va “sotib ol” yozuvi bilan to‘la. Rassom har bir brendning nomini shunchaki “baxt” deb qo‘yadi va biz shaharlarda ko‘rgan dabdabali reklama iboralari o‘rnini baxtga bog‘liq jumlalar egallaydi.
Kalamushlar atrofini o‘ragan reklama bannerlari, qog‘ozlari, neon yoritkichlari baxtning nima ekanini anglatmoqchi bo‘ladi. Baxt – chizburger, kola, semirtiruvchi–ozdiruvchi–narkotik dorilar, baxt – mashina, arzonlashtirilgan savdo kunlari. Ya’ni, baxt – iste’mol qilish. O‘zi istagan narsaga erishish uchun esa kalamushlar o‘z qavmdoshi bo‘lgan boshqa kalamushlarni yamlamay yutishga tayyor, arzonlashtirilgan savdo kuni o‘tkazilgan bir do‘konning poli qon va g‘ajib tashlangan qo‘l-oyoqlar bilan to‘la. Biroq har qanday iste’mol pul bilan amalga oshadi, bu osmonda qushchalar bilan uchib yurgan Disneyning rangli multfilmlaridagi obraz – Mikkini eslatuvchi qahramonni o‘ziga keltiradi. U kulrang va ezik ulkan shaharga – uning eng isqirt, iste’molga yaramay qolgan mahsulotlar va xuddi shunday kalamushlar jamiyatining chiqindi a’zolaridan iborat qismiga qulaydi. Shundan so‘ng uning baxtning emas, tumshug‘iga yopishgan dollarning ortidan quvishi boshlanadi va oxiri qopqonga tushishi bilan yakunlanadi. Kadrda xuddi unga o‘xshagan minglab kalamushlar bo‘ynidan qopqonga ilingan holda kompyuterlarda ishlayotgani tasvirlanadi va ular tobora maydalashib, suratning piksellarini eslatuvchi holatga kiradi (ya’ni muallif, hamma oxir-oqibat o‘sha kalamushlarga aylanishini ta’kidlamoqchi bo‘ladi).
Kattsning asarlari orqali jamiyatga nima demoqchi ekanini tushunish oson. U qahramonlari orqali sayyoraning egasi, madaniyat va sivilizatsiyalar muallifi bo‘lmish odamning asl qiyofasi qanday ekani haqida o‘z tasavvurlarini ko‘rsatib berishga harakat qiladi (“Baxt”da har bir odam bajarayotgan ishidan rozi bo‘lishi, ya’ni o‘lganining kunidan ishlamasligi, hayot – kalamushning sehrli dollar ortidan yugurishiga o‘xshab o‘tmasligi, iste’molchilik esa jamiyatni boshqarmasligi kerak, degan fikrni olg‘a suradi). Bir intervyusida Stiv Katts maqsadi haqidagi iddaolarini ochiq aytib o‘tadi:
“Istagim – jamiyat sifatida duch kelayotgan muammolarimiz haqida odamlarni o‘ylashga, gapirishga undash. Tan olay, ayrim asarlarimda mazmun aniqroq, lekin ishlarimning asosiy qismi biz odamlar qanday yashayotganimiz haqida ko‘proq fikrlash, suhbatlashish uchun qilingan. Animatsiyalarimning bosh maqsadi odamlarni iste’mol tovarlarini sotib olish, mobil telefonlardan foydalanishdan to‘xtatish emas, balki ushbu narsalarga bo‘lgan qaramlik va ehtiyojni taroziga solib ko‘rishga undash. San’atga muhabbatimning boisi, u qabul qilish og‘ir va murakkab bo‘lgan mazmunni hazil orqali qiziqarli yetkazishga qodir”.
Stiv Kattsning multfilmlari deyarli bir-biriga o‘xshab ketadi, uslub jihatidan Disneyning ilk kartinalari ruhida ishlangan bo‘lib, bolalikdagi allaqanday shirin xotiralarni qo‘zg‘ab yuboradi. Uning asarlarida voqealar juda shiddat bilan o‘zgaradi, butun boshli film nari borsa 5 daqiqali sketch (qisqa komedik pyesa), ammo undagi tasvirlar almashinuvi katta tempda boradi. Yana tasvirlar juda sodda tartibda chizilgan, hech qanday murakkab yechimga ega emas. Buni ijodkorning oxirgi multfilmi – “Qisqa kelishmovchilik”da ham kuzatsa bo‘ladi. Animator insoniyatning arzimas narsa ortidan davrlar osha jang-u jadallarni boshidan kechirishi, bir-birini ayamay qirishi haqida hikoya qiladi.
Alisher FAYZULLAYEV,
Oyina.uz
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q