Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani o‘zining ma’rifiy tabiati, umuminsoniy ko‘lami, milliy dard bilan qorilgani, samimiy ishq dostoni ekani bilangina emas, yuksak badiiyati, janr qonuniyatlarini yangilagani, syujeti, obrazlari, kompozitsion o‘ziga xosligi jihatidan ham mukammallikka da’vo qiladigan asardir. Romanning takrorlanmas badiiy butunlikka aylanishida, boshqa badiiy komponentlar qatorida, undagi maktublarning ham alohida o‘rni bor.
Romanda jami o‘n yettita maktub keladi va bu maktublarning har biri roman dunyosida o‘z qonuniy o‘rni, aniq badiiy vazifasiga ega. Aytish mumkinki, roman tarkibidagi biror maktub chiqarib tashlansa, uning barcha badiiy komponentlariga futur yetadi. Roman imorati darz ketadi, qulaydi. Kompozitsion tuzilishi, syujet chiziqlari, obrazlar aro mantiqiy munosabat, xarakterlar, asarda muttasil almashinib turuvchi badiiy pafoslar tizimi, ritmik muvozanat, detallar, epizodlar, boringki, romanning ipidan ignasigacha unda berilgan maktublar bilan badiiy mantiq va struktur jihatdan qil o‘tmas darajada matashtirib tashlangan.
O‘zbek adabiyoti tarixida maktub (noma) janrida yozilgan asarlar, she’riy maktublar, maktub-she’rlar uchraydi. Shuningdek, folklor asarlari, mumtoz xamsachilik va dostonchilikdan e’tiboran maktub “asar ichida asar” o‘laroq umummatn harakatining muhim uzvi bo‘lib keladi. Milliy adabiyotimiz va Sharq mumtoz badiiyatini mukammal bilgan, “suv qilib ichib olgan” Abdulla Qodiriy o‘z maktublarini shu an’analar negizida shakllantirganiga shubha yo‘q. Ayniqsa, Navoiy “Xamsa”sidagi maktublar unga poetik asos va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilgani shubhasiz. Ayni paytda, “O‘tkan kunlar”dagi maktublar Qodiriy iste’dodi va mahoratini yaqqol namoyon etadigan badiiy dalillardir.
Roman matnidan o‘rin olgan maktublarni bir nuqtaga jamlaganimizda taqriban quyidagi tasnif maydonga keladi:
a) oshiq – ma’shuqa – raqib maktublari;
b) do‘st maktubi;
c) ijtimoiy-siyosiy mazmundagi maktublar;
d) ota maktubi.
Tasnif qilingan bo‘limlarning ba’zilari bir nechta, ba’zilari bir maktubdan tashkil topgan. Har bir tasnif ichida roman voqealariga kuchli ta’sir ko‘rsatgan, qahramonlar badiiy taqdirining o‘zgarishiga xizmat qiladigan, roman syujetiga burilish yasaydigan maktublar bor. “O‘tkan kunlar”da kelgan maktublarni roman kompozitsiyasining ajralmas qismi sifatida o‘rganish, ularning an’anaviy asoslari, ichki struktural jihatlari, ma’naviy, psixologik xossalari haqida so‘z yuritish, maxsus, keng ko‘lamli tadqiqotlarni talab etadi. Shunday ilmiy-nazariy, etik-estetik talablardan kelib chiqib, ushbu maqolada faqat ikkita maktub haqida so‘z yuritish bilan cheklanamiz.
Birinchi maktub Yusufbek hojining o‘g‘liga maktubi. Ushbu maktub roman strukturasida muhim vazifa bajaradi. Maktub roman kompozitsiyasining muhim ustuni bo‘lishi bilan birga, asar ichidagi mustaqil asar desak, xato bo‘lmaydi.
Yusubek hoji maktubi Otabek va uning Marg‘ilondagi hayoti tafsilotlaridan keyin “Toshkand ustida qonliq bulutlar” degan mustaqil bo‘lim sifatida keladi. Bo‘lim sarlavhasi ham shu maktub ichidan olingan. Muallif shu tariqa muhabbat mojarolari bilan band o‘quvchini romanning asos-konsepsiyasiga, undagi diniy, umuminsoniy, milliy, ma’naviy-ma’rifiy muammolar ichiga olib kiradi. Ushbu maktub bilan tanishib chiqqan o‘quvchi tuyqus hushyor tortadi. Muhabbatning romantik dunyosidan hayotning shafqatsiz kurashlardan iborat real dunyoga tushib qoladi. Zotan, maktubning mazmuni, badiiy shakli, hatto hajmi ham shunday yirik vazifani bajarishga yo‘naltirilgan.
Maktub “Huvalbori”[1] deya boshlanadi. Bu boshlanma bir qarashda islom muhiti va unda istiqomat qilayotgan oqsuyak qatlamning an’anaviy maktub uslubiga xos kirish so‘zga o‘xshaydi. Shu bois nainki o‘quvchi, hatto tadqiqotchilarning ham e’tiboridan chetda qoladi. Romanning biz foydalanayotgan nashrida ushbu boshlanma-so‘zga “ul Tangri, ul Yaratuvchi” tarzida izoh berilgan.
Ammo shuni ta’kidlash o‘rinliki, navoiylar an’anasi yo‘lida tili chiqqan, tarbiyalangan, yozuvchiga aylangan Abdulla Qodiriy asarlarida biror so‘z shunchaki yo noo‘rin ishlatilmaydi. Uning asarlarida an’analar yangilanadi, shu asar o‘zaniga solinadi va shu asar uchun xizmat qiladi.
Xo‘sh, unda muallif roman ichidagi birinchi maktubni nega aynan shu so‘z bilan boshladi?
Isloh qilingan arab yozuvida sidirg‘a kichik harflar bilan yozilgan bu so‘z aslida “Huvalbori” shaklida emas, hozirgi yozuvga “Hu – al-Bori’” tarzida tabdil qilinsa to‘g‘ri bo‘lar edi. Shunda maktub boshidagi bir qarashda so‘z bo‘lib ko‘ringan grafik yozuv jumlaga aylanadi. “U, ya’ni Olloh taolo Bori’dir” degan ma’noni beradi. Bu o‘rinda “Hu” deyilganda Olloh, “Bori’” deyilganda Ollohning bitta sifati nazarda tutiladi. Ollohning Bori’ sifati “Asma’ ul-husna (Ollohning go‘zal ismlari)”ga oid manbalarda shunday ta’rif-tavsif qilinadi: “Al-Bori’ – ijod qiluvchi, paydo etuvchi. Har nimaki, yo‘qlikdan borlikka chiqar ekan, u andozalanadi, o‘lchab me’yorlanadi. So‘ngra uning borliqqa chiqarish yo‘llari ijod qilinib, belgilanib vujudga keltirib paydo qilinadi. Chunonchi, Olloh taolo o‘z kalomida xabar beradi: “Yer undirib-o‘stirgan narsalardan, (odamlarning) o‘zlaridan va yana ular bilmaydigan narsalardan iborat barcha juftlarni yaratgan (Olloh har qanday aybu-nuqsondan) pokdir (“Yosin” surasi, 36-oyat).
Xudoyi taolo ijodining boshi-oxiri yo‘q. Odam har qancha bilmasin, yana bilolmagani boqiydir. Xudoyi taolo yangidan yangi narsalarni ijod etib, paydo qiluvchidir. Bundan bandaning nasibasi shuki, banda har qancha ilmli olim bo‘lsa ham shuni unutmasinki, bilgani bilmaganiga nisbatan hech narsa emas. Har bir narsani orzu qilib, uning amalga oshirilishini Xudodan tilashi kerak. Xech bir narsani men to‘liq bildim deb ishonmasligi, o‘ziga va o‘z tadbiriga mag‘rur bo‘lmasligi lozim. Axloqqa ta’siri shuki, banda o‘zini yomon niyatlardan va ma’siyatlardan saqlashi shart. Shundagina uning qalbiga yaxshi niyatlar va najot yo‘llari Olloh taolo tomonidan keladi, dunyo va oxirat ozuqasini zahira qiladi, manmansirashlik yo‘qoladi”[2].
Albatta, Ollohning Bori’ sifati (ismi)ga bandaga xos ta’rifu tavsif zaiflik qiladi. Uni to‘la sharhlash, tavsif qilish mumkin emas. Ammo mana shu umumiy va muxtasar sharhdan ma’lum bo‘lyaptiki, al-Bori’ Ollohning ijodkorlik sifatini bildiradi. Bu ijodning boshi ham, oxiri ham yo‘qligiga dalolat qiladi. Islomiy axloq egasi bundan banda o‘tmishda va bugun ro‘y bergan, kelajakda bo‘ladigan ishlarni bilishdan ojizligi, shu bois kibrga berilmasligi, Ollohning qudrati oldida o‘zining hech nima ekanini anglashi lozimki, shunda uning uchun najot yo‘llari ochiladi. Inson komil axloqqa erishadi. Bu sharh mazmuni hazrat Yassaviyning “Tufroq bo‘lg‘il, olam seni bosib o‘tsun”, degan hikmatlari bilan hamohang.
Romandagi Yusufbek hoji obrazida Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomdan boshlab, barcha sahobalar, aziz-avliyolar axloqidan ulush bor. Xuddi shu nuqtai nazardan romandagi ilk maktubning “Hu – al-Bori’” deb boshlanishida chuqur mazmun, ko‘lamdor badiiy konsepsiya mujassam. Hazrat Yassaviyning:
AntalHodiy, AntalHodiy zikrin aytsam,
Hodiy bo‘lsang edi, yo‘ldan rostqa qaytsam,
Hu zikrini tilga olib na’ra tortsam,
Qo‘lum tutub yo‘lg‘a solg‘il, antalHodiy...[3]
deyilgan to‘rtligida kelayotgan Hu bilan Yusufbek hojining “U – Bori’dir” jumlasidagi Hu yagona ildizga ega. Yusufbek hoji o‘z maktubida Toshkent va uning aholisi o‘rtasida bo‘layotgan nomashru’ ishlar haqida so‘zlar, o‘g‘lini ulardan ogoh bo‘lishga chorlar ekan, boshdan oxir Ollohning Bori’ligini, bandanining esa takabburlikka moyil, ijod etishda ojiz-notavon, o‘z najotining qay tarzda kelishidan g‘ofilligiga ishora qiladi. Bo‘layotgan fojeaviy voqealar xususida so‘zlab, o‘g‘lini bo‘lajak xavflardan ogohlantiradi. Bularning barchasi Yusufbek hojining o‘zini tuproqqa teng olib, najotni Bori’ zotdangina kutadigan komil shaxsligini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, bunday boshlanma ayni maktubning keyinchalik Otabek o‘z raqibi Homid tomonidan chaquv qilinib, dor ostiga eltilganda nojot bo‘lishiga mantiqiy jihatdan mos tushishiga olib keladi. Zotan, chaquv amalga oshib, Hasanali tomonidan voqeadan xabardor qilingan Yusufbek hoji tadbirga ojizligini his etgan, najotni Bori’ zot – Ollohdan tilagan edi: “Ul o‘g‘lining qutilishi yo‘lida har bir mulohaza ko‘chasig‘a kirib chiqmoqda, ammo har birisidan ham bo‘sh va umidsiz qaytmoqda edi. Eng so‘ng o‘g‘lig‘a hujum qilg‘an bu falokatning tadbiridan aqli ojiz qoldi, miyasi ishlashdan to‘xtadi va shundan so‘ng – “Parvardigoro, keksaygan kunlarimda dog‘ini ko‘rsatma”, dedi va ko‘z yoshlari bilan soqolini yuvdi”[4] (ta’kid bizniki – U.J.).
Xat umumiy hol so‘rash, bildirishdan keyin shunday davom ettiriladi: “Bizning Toshkanddan ahvol so‘rasang, balki Marg‘ilong‘a ham eshitilgandir, munda Azizbek qandog‘dir bir kuchka tayanib Qo‘qong‘a isyon etdi. Xazina hisobini olish uchun kelgan devon beklarini o‘ldirib, o‘rda darbozasiga osdi...”[5] Faqat yuzaki qarashdagina bu xabar otaning o‘g‘ilga berayotgan ma’lumoti, nari borsa Qo‘qon xonligi doirasidagi kichik siyosiy voqea tafsiloti bo‘lib tuyulishi mumkin. Mohiyatan esa ushbu jumlalar, uning tarkibidan kelgan so‘z va iboralar ayni zamon-makonda ro‘y berayotgan ulkan diniy, milliy, ma’naviy halokat ibtidosidan dalolat beradi. Xatda aytilishicha, Toshkent hokimi Azizbek “qandog‘dir bir kuchka tayanib” isyon ko‘targan. Musulmon noib musulmon hukmdorga qarshi chiqqan. O‘z xo‘jasi (Xudoyorxon)ning yuborgan qonuniy vakillarini osib o‘ldirgan. Ko‘rinadiki, bu yerda faqat saltanat qonunchiligi emas, Yaratganning barhaq Nizomiga qarshi borilgan. Azizbek biryo‘la ikki qat’iy qonunni, Ollohning farzini buzgan: musulmon hukmdorga qarshi isyon ko‘targan, unga bo‘yinsunishdan atayin bosh tortgan; gunohsiz musulmonni o‘ldirgan. Qur’oni karimda kimda kim begunoh bir musulmonni o‘ldirsa, butun insoniyatni o‘ldiribdi, mazmunidagi qattiq ogohlantirish keladi. Azizbek shularning hammasini bilaturib, manfur jinoyatga qo‘l uradi. Xo‘sh, u Yusufbek hoji aytganidek qanday “kuch”ga tayanadi? Albatta, Yaratganni inkor etib, iblisona kuchlar safiga o‘tadi, iblisga tobe bo‘ladi, tayanadi. Shu daqiqadan e’tiboran shaytanat saltanatining fuqarosiga aylanadi. Bunday ulkan gunohlari ustiga yana ikki og‘ir gunohga ham qo‘l uradi. Ya’ni o‘z gunohini iblisona tadbir bilan kuchlantirmoqchi bo‘ladi. Qo‘l ostidagi sodda fuqaro – Toshkent aholisi oldida va’z aytib, o‘z ishining to‘g‘riligiga ularni ham ishontiradi. O‘zining nomashru’ yo‘liga ergashtiradi. Ayni paytda, saltanat ichida urush olovining yoqilishiga, yana ko‘plab begunoh odamlarning qirilishiga sabab bo‘ladi. Chunki xatda aytilganidek “bunga qarshi Qo‘qon ham tinch turmaydi”[6]. Voqean, iblisi la’in ham o‘z Najotkoriga isyon etib, Uning marhamatidan umidsizlantirilganidan so‘ng, faqat aql va tadbirga muhtoj bo‘lib qolgan edi. Shuning uchun ham Fitrat qalamiga mansub “Shaytonning Tangriga isyoni” asari qahramoni “Rahbarim fan, payg‘ambarim bilimdir, Ishonganim so‘zim bila tilimdir...” degan so‘zlarni aytgan edi.
Azizbekning bu ishi milliy birdamlikni izdan chiqaradi, musulmonlarning ma’nan tubanlashuvi, yurtning so‘ng darajada qashshoqlashuviga olib keladi. Oqibat Otabekdek komil o‘g‘lonlar bu yurtda baxt-saodat topish o‘rniga baxtsizlikka uchraydilar: dor ostiga olib boriladilar, sevgan yorlaridan judo etiladilar, yaqinlari tomonidan haydaladilar.
Romanning keyingi barcha fojiaviy o‘rinlari, kulminatsion vaziyatlari mana shu maktub voqealari bilan uzviy bog‘liq. Ayni ma’noda, Yusufbek hojining maktubi romandagi ochuvchi maktubdir. Shu maktub va uning boshida keladigan asos jumlasiz “O‘tkan kunlar” romani maqsad-mohiyati, badiiy o‘ziga xosligini anglash mumkin emas. Shu bilan birga, romanda yana bir maktub borki, u “O‘tkan kunlar” badiiy konsepsiyasi va Abdulla Qodiriy nasriy ijodining keyingi bosqichlari uchun universal ahamiyatga ega. Bu Qo‘qon xonligining chekka hududlaridan biri – Avliyootadan amirlashkar Qanoatshoning Yusufbek hojiga yozgan maktubidir.
Hijriy 1277-yilning kuzlarida kelgan bu maktub atigi uch jumladan iborat: “O‘g‘lingiz Otabek yana bir kishi bilan bizning qo‘shunda edi. Olmaota ustidag‘i o‘rus bilan to‘qunishmamizda birinchi safimizni shu ikki yigit oldi va qahramonlarcha urushib shahid bo‘ldi. Men o‘z qo‘lim bilan ikkisini dafn etdim”[7].
Maktub ma’no va tuzilishi jihatidan axborot xarakteriga ega. Ammo xatdagi tragik pafos, hissiy ta’sir kuchi unga roman voqeligi va ilk maktubda ilgari surilgan universal badiiy konsepsiyani xulosalash, qissadan hissa chiqarish huquqini beradi.
Maktubda tilga olingan yigitlarning biri Otabek, ikkinchisi usta Alim. Romanning boshqa o‘rinlarida individual badiiy vazifa bajargan bu ikki obraz roman so‘ngiga kelib, universal ko‘lamga ko‘tariladi. Har ikki ism o‘z xususiy ma’nosi, obrazlik funksiyasini tark etadi. Majoziy ma’no kasb etaroq, umummilliy, umumbashariy mohiyatga evriladi. Otabek islom va islomiy saltanat egasiga, ya’ni yurt hukmdoriga, Alim esa iymon, aql-idrok timsoliga aylanadi. Maktubdagi xabarga ko‘ra, jamiyat o‘zining Otabegi – yo‘lboshchisi, iymoni, aql-idrokidan judo bo‘ladi. Saltanat, xalq egasiz, aql-idroksiz qoladi. Oqibat bu ulkan jamiyat, butun boshli millat, xalq dushman oyog‘i ostida toptalish, din-u diyonati, erk-u g‘ururining poymol bo‘lishigacha borib yetadi.
Qodiriy bu haqqoniy xulosasini “Mehrobdan chayon”, “Kalvak Mahzumning xotira daftaridan”, “Toshpo‘lat tajang nima deydir?”, “Obid ketmon” kabi asarlarida izchil davom ettirdi. Agar “Mehrobdan chayon” qahramoni Anvar najot tilab dushman qo‘li ostidagi Toshkent ostonasiga yukinib borgan bo‘lsa, Kalvak Mahzum bilan Toshpo‘lat tajang o‘z zamonasining noxush o‘yinlaridan, Obid ketmon sovetcha kolxozlashtirish siyosatidan aziyat chekadilar. Faqat aziyat chekadilar, xolos. Dardlarining ildizi qayerda, gap nimada ekanini anglay olmaydilar, muammo tuguni qarshisida ojiz qoladilar. Voqean, Yusubek hoji maktubida bitgan o‘sha azizbeklar o‘yinidan keyin iymon og‘irdan og‘ir jarohatlangan, millat futuridan ketgan, otabek-u alimlar ko‘milgan, o‘zbek oyimlar “qora kiyib ta’ziya ochgan” edilar...
Xullas, “O‘tkan kunlar”dagi – “ochuvchi” va “xulosalovchi” deb nomlaganimiz – ikki maktub samimiyat va chin yurakdan o‘qigan o‘quvchini mana shunday g‘amgin, ibratomuz xulosaga olib keladi.
Uzoq JO‘RAQULOV,
filologiya fanlari doktori, ToshDO‘TAU professori
[1] Abdulla Qodiriy. O‘tkan kunlar. O‘zbeklar turmushidan tarixiy ro‘mon. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2011. – B. 40.
[2] Abdulaziz Gʻolib Marg‘iloniy. Olloh taoloning to‘qson to‘qqiz ismlarining sharhi. – Marg‘ilon, 1970. – B. 14.
[3] Ahmad Yassaviy. Hikmatlar. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi ASN, 1991. – B. 245.
[4] Abdulla Qodiriy. Ko‘rsatilgan asar. – B. 106.
[5] Shu manba. – B. 40.
[6] Shu manba. – B. 40.
[7] Shu manba. – B. 453.
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q