Adabiyot
Mardikor bozorida savdo qizigan. Bu yerda oʻn besh-oʻn olti yashar oʻsmirlarni ham, oltmishni qoralab qolgan kishilarni ham uchratasiz. Koʻpchilikning qoʻltigʻiga oq sumka qistirilgan... Koʻzlar atrofga ish izlab, olazarak boqadi... Kitob tumanining Varganzasida qishin-yozin ish topiladi. Oʻzi katta, boy qishloq, aholisi esa savdogar, uddaburon kishilar. Mardikorlar asosan tumanning boshqa joylaridan, qoʻshni Chiroqchidan ham kelishadi. Hammaning istagi bir: qosh qorayguncha uyga nimadir olib qaytish.
“Mardikor bozoriyam xuddi mol bozoriga oʻxshab qoldi, chirogʻim” – Shomurod aka hikoyasi
Shomurod aka bir kam oltmishga kirgan. Soqoli toza qirilgan boʻlsa-da, koʻzlari kirtaygan, qaddi bukilgan, yuzini ajin bosgan, ingichka qoʻllari qariligini sezdirib qoʻyadi.
– Mardikor bozoriyam xuddi mol, ot bozoriga oʻxshab qoldi, chirogʻim, – deydi u va yonidagi norgʻul yigitni qoʻlini bigiz qilib koʻrsatib gapida davom etadi: – Mana shu yigit bir kunda 200 ming soʻmgacha topadi. Bozori chaqqon. Bekor qolmaydi, ishchi izlab kelgan borki, uning kuch oʻynab turgan bilaklariga mahliyo boʻladi. Men-chi? Oltmishni urgan bir cholman. Baʼzan yoʻlimda arang yuraman. Afsus, oʻttiz yillar avval kolxozda ishlagan paytimda bu yoshimda kelinning qoʻlidan choy ichib, nevaralarni erkalab oʻtiraman, deb xayol qilardim. Ammo...
Yolgʻiz oʻgʻlim bor. Suyganiga uylantirdim. Qaynona-kelin kelisha olmadi. Dunyoda hamma toʻpolon bir yon, ikki ayolning janjali bir yon boʻlarkan. Oʻzim tabiatan yumshoqfeʼl odamman, birovga baqirib gapirishni yoqtirmayman. Lekin ora-sirada qattiqqoʻllik, choʻrtkesarlik kerak ekan, chirogʻim. Oʻgʻil jonivor ikki oʻrtada ezilib ketmasin, dedim-da, qishloqning chetidan tomorqa olib, shart ikki xona uy soldim, yoshlarni oʻsha yoqqa koʻchirdim. Quloq-ku tinchidi, lekin oʻgʻlim koʻchib ketgach, tirikchilik gardani butunlay yelkamga tushdi.
Tinmayman, qishloqda jamiki ishni qilaman, suvoqchilik, gʻisht qoʻyish, ariq qazish, miroblik, bogʻbonlik... Tong qorongʻisida dashtdan beda oʻrib kelib sotdim ham. Yoshlardek Rossiyaga ishga keta olmayman, hatto Toshkentniyam orzu qilmayman. Uzoqroqqa chiqsam, kasal-pasal tegib, biror nima boʻlib qolishdan qoʻrqaman. Koʻpchilik ahvolimni koʻrib, ishga olib ketgisi kelmaganidan arzonga boʻlsayam ko‘naveraman. Chap qoʻl oʻlgur yaxshi ishlamaydi. Toʻrt yilcha avval, bir joyga loʻmbozga borgandik. Hammasi yosh, kuchli yigitlar, meni yuzxotir qilib, qoʻshib olishgandi. Yosh tana, oʻynoqi-da, bittasi loy toʻla paqirni kuch bilan otdi... Ilib olaman deb boʻlarim boʻldi... Hartugul, insof qilib, pulni teng boʻlib, mengayam haqimni berishdi...
“Yoshlar unday, yoshlar bunday”, deyishadi. Bu gaplarga qoʻshilmayman. Mana, yoshlar ishlayapti: biz bularning yoshida oʻynab-kulib yurganmiz. Hozir sigir ham pul deb kavsh qaytaradi. Hamma pul dardida. Bugun ish ololmayman, chogʻi. Kampir javraydigan boʻldi-da...
“Mashina oldik, imorat soldik. Ammo mardikor boʻlib qolaverdik” – yigirma olti yosh Behruzning hikoyasi
Behruz yigirma olti yoshda, norgʻul, yelkalari keng yigit. Unda Shomurod akadagi horgʻinlik, charchoq uncha sezilmaydi.
– Rossiya, Qozogʻiston, Toshkentda mardikorchilik qilganman. Bunday oʻylab qarasam, eng koʻp Olmaotada ishlagan ekanman. Togʻlar bagʻrida joylashgan chiroyli shahar, u yerda “uchastka” qurganmiz. Kollej vaqtidan pul topish harakatidaman, – deydi yigit. – Oʻqish? Oʻqib biri ikki boʻlganlarni juda kam koʻrdim. Omadi kelgani, ishi oʻxshagani yaxshi yashayapti. Men ham universitetga hujjat topshirgandim, ammo imtihonga bormaganman. Oʻsha kuni yaxshigina soqqali ish chiqib qolgandi. Otamga maslahat soldim. Biroz kayfi bor edi, oʻqib shahar olib berarmiding, qabilida oʻn besh daqiqa nutq soʻzladi-da, ishga borishimni buyurdi. Oʻsha kuni oʻqib, katta odam boʻlishdan butkul umidimni uzdim, qora mehnatga kirib ketdim.
Aytganimdek, Olmaotada beton quydik, gʻisht terdik, qora-suvoq qildik... Ikkita ukam bor. Mashina oldik, uchastka soldik. Ammo mardikor boʻlib qolaverdik. Mashinamiz qoʻr toʻkib, uyda turibdi. Koʻchaga minib chiqay desak, shu bugun topgan pulimning yarmini benzinga, ustaga xarajat qilaman. Qishlogʻimizda deyarli hammaning yangi imorati bor, mashinasi bor... Lekin koʻpchilik qora ishchi, Magadan, Kamchatka degan joylargacha borishadi.
Hozir Rossiyada, Qozogʻistonning shimolida sovuq. Ostona, Oqtoʻbe kabi joylarning qahratoni oldida Moskvaniki ham hech narsa emas. Tashqarida ishlasang, qoʻling tayoqdek qotadi. Biror hafta shu yerda mardikorlik qilib, keyin joʻnashga qaror qildim.
Bir safar Olmaotadaligimda qoʻlim chiqib ketgandi. Hujjatimiz boʻlmagani uchun doʻxtirga koʻrinishga qoʻrqqandik, xoʻjayin kelguncha tuxumning sarigʻini surib yotganman... Oʻshanda koʻzimga hamma narsa yomon koʻrinib ketgandi. Qozogʻiston koʻchalarida pusib yurardik, politsiya tutib olishidan juda qoʻrqardik. Chegaradagi voqealarni aytib oʻtirmay, ayrimlari ochiqchasiga chetga tortib, pul soʻraydi. Tortishgim kelmaydi, ikki minglik yashil qogʻozni qistiraman, nari ketadi. Boʻlmasa narsangizni titib, bezovta qilaveradi...
Buyogʻini soʻrasangiz, toʻngʻichman, onam ikki yildan beri qiz qidiradi. Kelajak haqida baʼzan oʻylagim ham kelmaydi, bilyard oʻyini yoqadi. Kelajak, orzular, oila haqida oʻylab, koʻnglim xijil boʻlishni boshlasa, bilyard oʻynagim kelib qoladi. Toshlarning shaqirlashi bilan ovunaman...
“Maktabni chiroyli kiyinib, chiroyli gapiradigan sinfdoshlarimga qoldirdim, oʻshalar oʻqisin. Men esa ishlashim kerak” – 9-sinf oʻquvchisi Alisherning hikoyasi
Mardikor bozorida maktab oʻquvchilari ham bor. 9–11-sinfda oʻqiydigan boʻyi uzun, kelbatli yigitlarni koʻp uchratasiz bu yerda. Hatto ularning mijozlari boshqalarga qaraganda koʻproq boʻladi. Yosh bola yaxshi-da – qulogʻini qimirlatmay ishlaydi, ortiqcha gapirmaydi, haq-huquq talab qilmaydi. Alisherning ham boʻyi mirzaterakday uzun. Ingichkaroq boʻlishiga qaramasdan, ish deganni koʻrdim demaydi. Baʼzan maktabga borgisi kelmasa, shart “Damas”ga oʻtirib, Varganza qishlogʻiga keladi.
– Yozda otamga qoʻshilib, qurilishda ishlayman. Qishloqda kim koʻp, tom soladigan koʻp. Koʻpchilik Rossiyaga ketib, ishchi kuchi taqchillashadi, – deya hikoya boshlaydi 9-sinf oʻquvchisi Alisher. – Otam bir oyda ishlab, ikki million so‘m topsa, meniki bilan 3-4 million soʻm boʻlishi mumkin. Oilamizga katta yordam degani bu.
Rostini aytsam, oliy maʼlumot olish niyatim yoʻq. Maktabni darsda galstuk taqib, chiroyli gapiradigan sinfdoshlarimga qoldirdim, oʻshalar oʻqisin... Men esa ishlashim kerak. Otam hali ellikka kirmadi. Ammo sochi oqardi, oʻzi charchab qoldi. Hozir bu yerga kelganimni bilmaydi, boshqa joyga ketgan. Uydagilardan yashirinib keldim ishga... Biroz pul yigʻib qoʻydim, yaqinda katta opamga beshik toʻyi qilishimiz kerak. Oʻsha kuni otamga bir dasta pul berish niyatidaman, ancha yordam boʻladi.
Oʻqituvchim bir marta uyga borib, dars qoldirayotganimni aytibdi. Ota-onam oʻrtaga olib tanbeh berishdi. Ammo sezib turdim, bu beozor tanbeh edi, ular mening oʻqib, olim boʻlib ketishimdan umid qilayotgani yoʻq. Faqat bir narsani istashadi: bolam pul topaman deb qiynalmasin. Ammo buning iloji bormi?
Pul tansiq, yaxshi narsa, unga ega chiqish uchun mehnat kerakligini hamma biladi-ku. Tunov kuni mardikordan qaytayotganimda bir oʻqituvchimiz koʻrib qoldi. “Damas”dan tushayotganimda kir ustimga, bozor sumkamga qarab, boshini sarak-sarak qildi. Ammo nailoj...
“Anor qoʻporish vaqtida butun tanam tikanga toʻlib ketadi, xotinim fonar yorugʻida bittalab terib oladi” – uyidan haydalgan Sirojiddinning hikoyasi
Oʻttiz besh yoshli, baquvvat yigit Sirojiddinning oʻn besh yildan beri qora mehnatdan boshi chiqmaydi.
– Xayriyatki, shu paytgacha qayerda ishlamay, yaxshi haq olaman. Oʻzimni maqtamayman-u, lekin koʻpchilik ishimdan rozi boʻladi. Dunyodan mehnatdan oson narsa bormi? Yer yumshatish, tosh-tuproq, qum tashish menga choʻt boʻlmay qolgan. Bu yil qish qattiq kelib, uzum, anorlarni sovuq urdi. Varganzada bir oydan beri anor qoʻporyapmiz.
Kunduzi ish qizigʻida hech narsa bilinmaydi. Ayniqsa, mullajiring qoʻlga kirgach, kayfiyat koʻtarilib, uyga borguncha qoʻshiq xirgoyi qilib ketamiz. Keyin esa... bel uzilguday bo‘ladi, baʼzan isitma koʻtariladi, ich buziladi, oshqozon bezovta qiladi... Anor qoʻporish vaqtida butun tanam tikanga toʻlib ketadi. Uyga borgunimcha qoʻllarim zirillab ogʻriydi, xotinim fonar yorugʻida bittalab terib oladi.
Hozir qoʻshni tumanda imorat koʻtaryapman. Oʻzim kenjaman, ammo akam meni uyga sigʻdirmayapti, onam ham uning yonini oladi. Kuchliroq va puldorroq emishman, yoʻlimni topib ketarkanman. Ammo hozirgi zamonda tovuqqa katak qurish ham juda katta pulga tushadi. Uch xonali uy tikka bo‘lguncha, onamdan uch marta qayta tugʻildim hisob. Oʻn besh kunlardan keyin Rossiyaga uchaman. U yerdayam ming dollarlik ish quchoq ochib kutayotgani yoʻq, hammasi taxmin-tavakkal. Lekin peshonada bori, hayyo-huyt deb joʻnaymiz...
Oʻzbekistonning, Qashqadaryoning bir chekkasida joylashgan Varganza qishlogʻidagi mardikorlarning arziholini o‘qidingiz. Oʻzlarining iltimosi bilan ismlari oʻzgartirilgan. Ammo hikoyalarini oʻzgartirmadik, birni oʻn qilib yozmadik, ne gapirilgan boʻlsa, shundayligicha qogʻozga tushirdik. Ich-ichimizda Allohdan ularning mushkulini oson aylashini soʻradik. Necha yillar oʻtib, maqolani qayta oʻqiganda hafsalamiz pir bo‘lib, “Oʻzgarmabmiz!” degulik qilmasin.
Ulugʻbek ORIPOV.
Oyina.uz
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q