O‘zbekiston va xorijda Amir Temur tarixining o‘rganilishiga doir tadqiqotlar


Saqlash
11:09 / 29.09.2021 6739 0

O‘zbekiston Respublikasi taraqqiyotining yangi bosqichida davlat va jamiyatning har bir sohasida tubdan yangilanishlar, yuksalishlar bilan bir qatorda milliy davlatchilikni mustahkamlash, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotini barqaror izga tushirish va rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tarix fanida ham ajdodlarimiz tarixini o‘rganish, ularga to‘g‘ri va xolis baho berish, shu asosda milliy qadriyatlarimizni tiklash uchun keng yo‘l ochildi. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Bizning havas qilsa arziydigan ulug‘ tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulug‘ ajdodlarimiz bor” (Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvdagi ma’ruzasidan // Xalq so‘zi 2017-yil 4-avgust).

O‘tgan davr mobaynida obyektiv tariximizni yaratish yo‘lida ko‘plab ilmiy tadqiqotlar amalga oshirildi. Qator muhim manbalar nashr etildi. Natijada tarixchilar uchun yirik tadqiqotlar yaratish imkoniyati vujudga keldi. Xususan, ajdodlarimiz tarixining noma’lum bo‘lgan qirralari hamda insoniyat o‘tmishida o‘ziga xos o‘rin egallagan tarixiy shaxslar faoliyatini o‘rganish uchun ham manbaviy asoslar yaratildi. Binobarin, o‘z davrida buyuk saltanat barpo etgan, o‘zbek davlatchiligi tarixida hamda harbiy mahorat sohasida jahon tarixidan munosib o‘rin egallagan Amir Temur va temuriylar davri tarixi nafaqat o‘lkamiz, balki jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotida umume’tirof etilgan davr sifatida ko‘plab tadqiqotlarni taqozo etadi. Zero, Sohibqiron Amir Temur el-u ulusning taraqqiyoti, tinchligi va xavfsizligini o‘z orzu-umidlarida mujassam etgan xalqimiz farzandi, “Temuriylar renessansi” asoschisidir.

Amir Temurning ibratli hayoti va davlatdorlik faoliyati, saltanati tarixi, undagi ilm-fan, madaniyatni o‘rganish tarixshunoslikning yirik ilmiy yo‘nalishlaridan biri sifatida doimo olimlar diqqat-e’tiborida bo‘lib kelgan. Shuningdek, temuriylar tarixiga tegishli manbalar jahon miqyosida turli tillarga tarjima qilingan hamda ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilgan.

Dunyo tarixshunosligida Amir Temur davri tadqiqiga oid nashrlar, “Temurshunoslik” ilmiy yo‘nalishining shakllanishi, badiiy adabiyotda Amir Temur obrazining yaratilishi ancha ilgari boshlangan.

Ma’lumki, sovet tarixshunosligida o‘z davrining xos mafkuraviy yondashuviga qaramay, ma’lum ishlar amalga oshirilgan. Shu o‘rinda temurshunoslik rivojiga tamal toshini qo‘ygan G.A.Pugachenkova, I.Mo‘minov, R.Mukminova, B.V.Lunin, E.V.Rtveladze, P.Zohidov, L.I.Rempel, A.O‘rinboyev, B.Ahmedov, D. Yusupova, O‘.Alimov, T.Fayziyev, O.Bo‘riyev kabi qator fidoiy olimlarning tadqiqotlari Amir Temur saltanati tarixini yoritishga xizmat qildi. Zero, aynan ularning mustaqillik yillarida chop etilgan yirik nashrlarda Amir Temur hayoti va faoliyati tarixini mukammal yoritishdagi xizmatlarini e’tirof etish zarur. Birlamchi yozma manbalar, ya’ni qo‘lyozma kitoblar maxsus kataloglarda yoritilgan (Собрание восточных рукопией Академии наук Узбекистана. Т. IXI. – Ташкент, 1952-1987.; Собрание восточных рукопией Академии наук Узбекистана. История. Составители: Д.Ю.Юсупова, Р.П.Жалилова. – Ташкент, Фан, 1998. – 536 ).

Ta’kidlash joiz, dastlabki bibliografik ko‘rsatkich mustaqillikkacha bo‘lgan davrda tarixshunos olim B.V.Lunin tomonidan tuzilib adabiyotlar sohalar bo‘yicha o‘n ikki qismga ajratib tasniflangan edi (Лунин Б.В. История, культура и искусство времени тимуридов в советской литературе (библиографический указатель) // Общественные науки в Узбекистане. – Ташкент, 1969. № 8-9. – С. 100145). Shu bilan birga, ushbu bibliografik ko‘rsatkichda mustabid sovet davridagi mafkuraviy tazyiq ta’sirida Amir Temur hayoti va faoliyatiga oid adabiyotlar “Umumiy tarix” qismiga kiritilgan. Ammo bu holat tadqiqotning ilmiy ahamiyatini pasaytirmaydi, aksincha, olimning falsafiy mushohadasining nechog‘lik teran ekanligidan dalolat beradi. Ushbu bibliografik ko‘rsatkich tasnifi mustaqillik yillarida B.V.Lunin tomonidan ancha rivojlantirilib bir necha fundamental nashrlarda nafaqat keltirildi, balki olim tomonidan (Temur va Ulug‘bek davri tarixi. – Toshkent: Qomuslar Bosh tahririyati, 1996. – B. 28–42) Amir Temur davri asosiy manbalari hamda ilmiy adabiyotlarining tarixshunoslik nuqtayi nazaridan tahlili ham amalga oshirildi. Shuningdek, xorij tarixshunoslari, rus sharqshunos olimlari hamda sovet davrida tadqiqot olib borgan tarixchilarning ilmiy ishlari tadrijiy ravishda o‘rganilib, ilk bor mavzuga oid tarixiy adabiyotlar tarixshunoslikning yangicha talqinida o‘z bahosini oldi. Ushbu tayyorlangan bibliografiya to‘plami hozirga qadar tadqiqotlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda.

Hozirga qadar respublikada mazkur mavzuga oid bir necha bibliografik nashrlar amalga oshirilgan. Chunonchi, 1996-yilda O‘zbekiston Respublikasining Misrdagi elchixonasi xodimlari tomonidan (Amir Temur va temuriylar haqida Misr kutubxonalarida saqlanayotgan manba va qo‘llanmalar Fihristi. Muqaddima muallifi: Boboxonov Sh. Tayyorlovchi: Nasrullo Mubashshir at-Taroziy. – O‘zbekiston elchixonasi Qohira shahri, 1996. O‘zbek tilida – B. 1–37, arab tilida – B. 1–422) Amir Temur va temuriylar haqida Misr kutubxonalarida saqlanayotgan manba va qo‘llanmalar fihristi yaratildi. 1999-yilda esa akademik E.V.Rtveladze va akademik A.X.Saidovlar tomonidan tayyorlangan “Amir Temur dunyo fani ko‘zgusida” (Ртвеладзе Э.В., Саидов А.Х. Амир Темур в зеркале мировой науки. – Ташкент: Издательский дом Мирэкономики и права, 1999. – 112 с.; Ўша муаллифлар. Амир Темур в зеркале мировой истории. Библиография / Отв. за выпуск Д.Нурматова. – Париж, 1996. – 28) nomli bibliografik nashrda xorijiy tillarda chop etilgan adabiyotlar tizimga solindi. Mualliflar jahon tarixshunosli­gida mustaqil “temurshunoslik” ilmiy yo‘nalishi shakllanganini e’tirof etishdi. Shuningdek, “Amir Temur jahon tarixida” nomli nashrining “Amir Temur davri tarixnavisligi” bobidagi “Ilmiy izlanishlar” qismida O‘zbekiston va xorij tadqiqotchilarining ishlari tahlil qilindi. Nashrda “Amir Temur shaxsini biryoqlama, tor va bir xil tarzda talqin etishdan iborat dastlabki ko‘nikmalardan uni chuqur, keng va har yoqlama idrok etishga asta-sekin o‘tish tadriji sodir bo‘ldi” (Amir Temur jahon tarixida. – Toshkent: Sharq, 2001. – B. 214–216), degan xulosaga kelinishi tarixshunoslikdagi ilmiy burilishdir.

2003-yilda akademik B.Ahmedov, B.Qosimov, I.Niyazov, B.Bannopov, M.Zikrullayev, Ya.Muhammedov tomonidan ham temurshunoslik sohasida bir muncha tadqiqotlar olib borilib, “Amir Temur bibliografiyasi” (Amir Temur bibliografiyasi. B.Ahmedov, B.Qosimov, I.Niyazov, B.Bannopov, M.Zikrullayev, Ya.Muhammedov. Markaziy Osiyoni tadqiq qilish Fransuz Instituti. Toshkent, 2003. – 114-b.) nashrdan chiqdi.

 2010-yilda O.Rahmatullayeva tomonidan tayyorlangan “Amir Temur saltanati tarixnavisligi” nomli bibliografik ko‘rsatkichda faqat O‘zbekistonda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan adabiyotlar jamlanib sohalar bo‘yicha tasniflandi (Rahmatullayeva A. Amir Temur saltanati tarixnavisligi (Bibliografik ko‘rsatkich). – T.: Fan va texnologiya,2010. – 95-b.).

Amir Temur va temuriylar davri tarixshunosligi bo‘yicha O‘zbekistonda bir muncha salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Aksariyat tadqiqotchilarning yakdillik bilan ta’kidlashicha, boshqa tarixiy davrni o‘rganishda adabiyotlar taqchilligi qiynasa, bu davr tadqiqotchisiga esa adabiyotlarning ko‘pligi va turli munosabat qiyinchilik tug‘diradi. Aynan shu jihat ham bibliografik tadqiqotlarga bo‘lgan ehtiyojni kuchaytiradi.

 Keyingi yillarda Amir Temur shaxsi va davriga oid birmuncha manbalar tarjimasi, ilmiy, ilmiy-ommabop, badiiy adabiyotlar yaratildiki, ularni aniqlash, tizimlashtirish zaruriyatini keltirib chiqardi. O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyida bajarilgan “Amir Temur. Bibliografiya. Birinchi kitob” (O‘ljayeva Sh. XX asrning 50−60 yillarida Amir Temur va temuriylar davri tarixshunosligi (sho‘ro adabiyotlari misolida).: Tarix fan. nom. … diss. Toshkent: O‘zR FA Tarix instituti, 1999; Абиджанова Д. Мавераннахр эпохи правления Амира Темура в англоязычной историографии 60 – 90-х годов ХХ в.: Дисс. ... канд. ист. наук. Ташкент: Институт истории АН РУз, 2000. 160 с.; Usmonov B. Amir Temur hayoti va davlatchilik faoliyatining Rossiya tarixshunosligida yoritilishi (XVII − XX asrlar).: Tarix fan. nom. ... diss. Toshkent: O‘zR FA ShI, 2004. 165-b.; Rahmatullaeva A.R. O‘zbekistonda Amir Temur hayoti va faoliyati tarixshunosligi (1991–2009).: Tarix fan. nom. ... diss. Toshkent: O‘zR FA Tarix instituti, 2010. – 175-b.) mavzuyidagi maqsadli amaliy grant doirasida bajarilgan loyihada O‘zbekiston va jahon miqyosida Amir Temurning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab nashr qilingan turli adabiyotlar jamlanib izohlar bilan ta’minlandi.

 Bibliografik ko‘rsatkichda yurtimizda Amir Temur xotirasini abadiylashtirishga bag‘ishlangan rasmiy (Qonun, Farmon, Qaror va boshqa me’yoriy hujjatlar) ma’lumotlarni yig‘ishda O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlar milliy bazasining Davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglamentlarning elektron to‘plami (LexUz-online platformasi)dan foydalanildi.

 Mazkur loyihada mavzuni yorituvchi yozma manbalar, monografiyalar, risolalar, dissertatsiya va avtoreferatlar ro‘yxati, yubileylarga bag‘ishlangan albomlar, tarixiy ma’lumotnoma va solnomalar, respublika va xalqaro konferensiya materiallari, o‘quv qo‘llanmalar, respublika va xorijiy nashrlarda chop etilgan maqolalar jamlandi. Shuningdek, unda xorijiy davlatlardagi kutubxonalar, muzeylar va fondlardan o‘rin olgan adabiyotlardan ham imkon qadar foydalanildi. Jumladan, rus, ingliz, fransuz, turk, arab, fors tillarida nashr etilgan 6 mingga yaqin turli kitob va maqolalar nashrlari imkon qadar jamlanib, ma’lum bir tartibga solindi.

 Kitobda yozma manbalar va ilmiy tadqiqotlar, monografiya va muhim kitob hamda risolalariga tavsif – izoh yozildi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, bibliografiyada shartli ravishda, ko‘lami jihatidan nihoyatda ko‘pligi bois, davriy matbuot (xususan gazeta) nashrlari olinmadi. Zero, davriy matbuot materiallari, istiqbolda, ushbu bibliografiyaning davomli nashrlarida o‘z aksini topadi degan umiddamiz.

Bibliografik ko‘rsatkichda barcha adabiyotlar, avvalo, nashr tili bo‘yicha, mualliflarning familiya va ismi-shariflari kesimida alifbo tartibida joylashtirildi. Ushbu bibliografiyada adabiyot atamasi deganda monografiya, risola, dissertatsiya, avtoreferat, ilmiy-ommabop nashrlar, badiiy adabiyot va boshqalar ham nazarda tutiladi.

Bir ismning turli xil yozilishi, jumladan, Timur, Tamerlan, Timur, Temour, Tamerlan va h.k. atalishlar manba va ilmiy adabiyot nomlanishida qanday bo‘lsa, shu holatda imkon qadar saqlab qolingan. Ammo izohlarda “Temur” deb yozilishi to‘g‘ri deb topildi. Matbaa shaklidagi nashrlarda (bu hol ko‘proq jamoaviy monografiyalarda uchraydi) muallif ismi sharifi ko‘rsatilmagan maqolalar bevosita sarlavhasi ham alifbo tartibida berilgan.

Temuriylar tarixi davlat muzeyida amalga oshirilayotgan mazkur tadqiqot davomlidir, zero yildan-yilga yangidan yangi adabiyotlar, tadqiqotlar qo‘shilib boraveradi. Bu hol o‘z-o‘zidan kelgusida bu bibliografiyaning davomli nashrlari yaratilishiga zamin bo‘lib qoladi va loyiha kelajakda ilmiy guruhimiz tomonidan amalga oshirish rejalashtirilgan “Amir Temur Bibliografiyasi. Ikkinchi kitob” ishida yana davom ettiriladi. Zero, asarning ikkinchi nashrida Sharq va Yevropa xalqlari tillarida yozilgan ilmiy adabiyotlarni bibliografik ko‘rsatgichda jamlash maqsad qilingan.

Umid kilamizki, ushbu bibliografik ko‘rsatkich zamonaviy tarix fani uchun dolzarb hisoblanib, Amir Temurning ibratli hayoti va davlatdorlik faoliyatini o‘rganishda qulaylik va imkoniyat yaratib, kelgusi tadqiqotlarni yo‘naltirishda amaliy ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, ilmiy izlanish olib boruvchilarga adabiyotlar topishda yo‘llanma vazifasini bajaradi hamda mazkur muammo bo‘yicha kelajakda amalga oshiriladigan ilmiy izlanishlar uchun istiqbolli yo‘nalishlarni belgilab beradi.

Azizjon ShARIPOV,

O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi

 “Madaniyat va ma’rifat bo‘limi” boshlig‘i

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

18:05 / 08.05.2024 0 570
Turkiston legioni: haqiqat va uydirma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19405
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16629
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi