Julqunboy, Dumbulboy, Boyqush, Оvsar – Abdulla Qodiriyning nechta taxallusi boʻlgan?


Saqlash
21:51 / 07.04.2023 5599 1

Abdulla Qodiriy ijodi bilan tanish boʻlgan kitobxon borki, uning Julqunboy, Kalvak Mahzum, Dumbul, Mushtum, Ovsar kabi oʻnga yaqin taxallusi borligini yaxshi bilishadi. Ammo adibning ijodi bilan chuqurroq shugʻullanadigan boʻlsak, uning ellikdan ortiq(!) taxallusi borligi oydinlashadi.

 

Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasida keltirilishicha, “Taxallus” arabcha “qutulish, xalos boʻlish” degan maʼnoni bildirib, biror ijodkor (shoir, yozuvchi, olim, sanʼatkor, jurnalist) yoki siyosiy arbobning oʻzi uchun tanlab olgan ikkinchi nomini anglatadi. Taxalluslar, odatda, ijodkorlar tomonidan oʻz ijodini taʼkidlab koʻrsatish, oʻz ism-familiyasidan qoniqmaslik yoki biror xavf-xatardan, tahlikadan qochish maqsadida qoʻllaniladi. Bundan tashqari, uni xalq toʻqib qoʻymaydi (xalq qoʻysa, laqab boʻladi), muallifning oʻzi tanlaydi. Xoʻsh, Abdulla Qodiriyning ellikdan ortiq taxallusda ijod qilishi sabablari nimada edi?

 

Oʻzimizni qiziqtirgan savolga adibning oʻgʻli Habibulla Qodiriyning “Otam haqida” kitobidan javob topish mumkin. Unda yozuvchining oʻtkir tili va achchiq hajviyalari hammaga ham yoqavermagani, shu boisdan dushmanlar orttirgani aytiladi. Qodiriy oʻz tarjimai holida “Meni boylar, eshonlar koʻra olmas edilar. Chunki men ularni ishchi tilidan chaqqan va sirlarini ochuvchi dushmanlari edim”, deb yozadi. Shundan koʻrish mumkinki, Qodiriy dushmanlardan, tahdidlardan saqlanish uchun ham turli taxalluslardan foydalangan. 1983-yilda chop etilgan Habibulla Qodiriyning “Otam haqida” kitobida keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, Qodiriy “Mushtum” va keyingi yillarda turli gazeta-jurnallarda bosilgan hajviy, tanqidiy maqolalarida ellikdan ortiq taxallus qoʻllagan. Ularning ayrimlari ochiq (xalqqa maʼlum), ayrimlari yashirin (mustaor) imzolar boʻlgan. Habibulla Qodiriy bu taxalluslarning aksariyatini oʻzi bilgan, baʼzilarini xabardor kimsalardan soʻrab, baʼzilarini esa maqolalarning uslubi va mazmuniga qarab aniqlagan. Ular quyidagilar: Julqunboy, Jirqinboy, J-boy, Ju-boy, U-boy, J, Julqunboy Sovrinboy oʻgʻli, Mulla Julqunboy, Julqinchitir, Dumbulboy, Julbulboy jiyani, Dumbulboy oʻgʻli, Dumbul devona, Dumbulnisa, Domladumbul, Jiyan, Jiyaningiz Mushtum, Kalvak Mahzum, Kalvak mahzum jiyani, Kalvak mahzum Shoshiy, Toshpoʻlat, Toshpoʻlat tajang, Alimov, A.Q, Boyqush, Indamas soʻfi, Yoʻlovchi, Kampir, Karnaychi, Kolxozchi, Gaznitchi, Lakalang mahzum, Mavlon kufur, Mushtum, Sani xudo, Telba, Ovsar, Chin doʻst, Chirmanda botir, Chi chora, Shapak mahzum, Shoshiy, Shilgʻay, Bogʻbon, Qaqildoq xoʻja, Matbuot arisi, Moshxoʻrdachi, Shakkok, Mulla eshonboy, Gʻoʻsxoʻr, Mulla Mushfiqiy.

 

2017-yil chop etilgan “Abdulla Qodiriy” toʻplamining 5-jildida jami 37 ta taxallus keltirilgan boʻlib, ular orasida “Otam haqida” kitobining 1983-yilgi nashrida qayd etilgan 51 taxallusdan faqat 33 tasi (Jirqinboy, J-boy, U-boy, Julqunchitir, Dumbulboy, Julbulboy jiyani, Kalvak mahzum, Toshpoʻlat, Toshpoʻlat tajang, A.Q, Boyqush, Indamas soʻfi, Kampir, Karnaychi, Kolxozchi, Gaznitchi, Lakalang mahzum, Mavlon kufur, Sani xudo, Telba, Chin doʻst, Chirmanda botir, Shapak mahzum, Shoshiy, Bogʻbon, Qaqildoq xoʻja, Matbuot arisi, Moshxoʻrdachi, Gʻoʻsxoʻr, Mulla Mushfiqiy, Abdulla Julqun, Abdulla Mushtum, Julqun) uchramaydi.  Ammo 11 ta taxallus (A.Qodir, Abudumbul, Bemaza mahzum, Goʻzimatchi, Dumbul, J-y, J-Q, Mulla Julqun, Muxbir, Sovrinboy, Sovrinboy oʻgʻli) qoʻshilgan. Birinchi kitobdagi “Alimov” taxallusi esa keyingi nashrda “Joʻra Alimov” tarzida kiritilgan. Buning sababi haqida adibning nevarasi Xondamir Qodiriyga murojaat qilganimizda quyidagicha javobni oldik:

 

– Bobomizdan qolgan asarlarni oʻqish, u kishining uslubini oʻrganish, kitoblarni tayyorlash natijasida shunga amin boʻldimki, Qodiriy uslubi oʻziga xos va betakror. Uning soʻz tanlashi, jumla tuzilishlariga qarab, “Otam haqida”ga keltirilgan ayrim taxalluslar taxminiy kiritib yuborilgan, degan xulosaga keldik. Hatto Bois Qoriyev tadqiqotlarida keltirilgan taxalluslar ham bahsli, deb hisoblayman.

 

Oʻz davrida taxalluslarni aniqlash boʻyicha qator tadqiqotlar olib borgan va oʻzi ham Oltoy, Bois, Qorizoda, Yosh qalam, Tilchi, Eshitguchi taxalluslari bilan ijod qilgan Bois Qoriyev (1903-1977) matbuot sahifalarini birma-bir varaqlash, shaxsiy xotiralarni tiklash va surishtirishlar natijasida jiddiy yutuqlarga erishgan. 1967-yil “Oʻzbek tili va adabiyoti” jurnalining 1-sonida Bois Qoriyev tadqiqotlariga asoslangan “Adabiy taxalluslar haqida” maqolasi eʼlon qilingan va unda Abdulla Qodiriyning 33 ta taxallusi keltirilgan. Ahamiyatlisi shundaki, tadqiqotda taxalluslar alifbo tartibida keltirilgan va uch qism(doimiy, oʻtkinchi va qisqartirilgan)ga boʻlib chiqilgan. Unda Alimov, Julqunboy, Shoshiy adibning doimiy taxalluslari, Boyqush, Dumbulboy, Dumbulboy jiyani, Dumbuldevona, Dumbulnisa, Dumbulboy oʻgʻli, J-boy, Jarqinboy, Jiyan, Jiyaningiz Mushtum, Indamas Soʻfi, Yoʻlovchi, Kalvak mahzum jiyani, Kalvak mahzum shoshiy, Kampir, Karnaychi, Kolxozchi, Lakalang mahzum, Mavlonkufr, Mulla Julqunboy, Mushtum, Ovsar, Saniyxudo, Chindoʻst, Chirmandabotir, Chi chora, Shapaloqmahzum, Shilgʻay oʻtkinchi (vaqtli), A.Q, U-boy esa qisqartma taxalluslar sirasiga kiritilgan.

 

Qodiriy bilan zamondosh boʻlgan Bois Qoriyev adibning oʻgʻli sanab oʻtgan Jirqinboy, Ju-boy, J, Julqunboy Sovrinboy oʻgʻli, Julqunchitir, Julbulboy jiyani, Domla dumbul, Kalvak mahzum, Toshpoʻlat, Toshpoʻlat tajang, Boyqush, Gaznitchi, Telba, Shapak mahzum, Bogʻbon, Qaqildoq xoʻja, Moshxoʻrdachi, Shakkok, Mulla eshonboy, Gʻoʻsxoʻr, Mulla Mushfiqiy taxalluslarini roʻyxatga kiritmaydi. Nazarimizda, uning tadqiqotlari anchayin asosli koʻrinadi. Sababi, ular orasidagi Jirqinboy taxallusi shoir, dramaturg va pedagog Rafiq Moʻminov(1900-1951)ga, Gaznitchi taxallusi esa Gazetxon shaklida jurnalist va tarjimon Aʼzam Ayyubov(1904-1938)ga, Gazetchi shaklida Bosit Siddiqov(1900-1938)ga, Shakkok – Hilmizoda (Bois Qoriyev shunday keltiradi, aniqlash imkoni boʻlmadi)ga, Mulla Mushfiqiy taxallusi esa Mulla Mushfiq tarzida maʼrifatparvar shoir Hoji Muin(1883-1942)ga, shoir, yozuvchi, jurnalist Gʻozi Yunus(1889-1942)ga tegishli. Bundan tashqari, Habibulla Qodiriy taxallus sifatida sanab oʻtgan Kalvak mahzum, Toshpoʻlat, Toshpoʻlat tajang Qodiriy asarlari qahramonidir.

 

Biroq, “Abdulla Qodiriy” toʻplamining 3-jildi – “Diyori bakr”da adibning yuqoridagi roʻyxatlarda uchramaydigan J-b, M.Abdulla Q, M.A.Q, Mazlum (Eski shaharlik), Eski shayton, Mirza sovrin kabi taxalluslarda eʼlon qilingan asarlari ham kiritilganki, ular taxalluslari sonini yanada oshiradi. Ana shularni inobatga olib, bugungi kungacha Qodiriyning 36 taxallusi aniqlangan ekan, deyish mumkin. Koʻrinadiki, “kuldirib yigʻlatadi, yigʻlatib, kuldiradi”gan “felyetonlar qiroli” Abdulla Qodiriyning taxalluslarini maxsus oʻrganish va yangi maʼlumotlarga ega boʻlish qodiriyshunoslar oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Darvoqe, Abdulla Qodiriy qaysi taxallusdan qanday vaziyatda va qaysi maqolalarida foydalanganligi ham alohida mavzu...

 

Xoliyor SAFAROV,

Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi

1 Izoh

SABRINA

01:02 / 14.02.2024

ABDULLA QODIRIY

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23739
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//