Adabiyot
“Ivan Vasilyevich kasbini o‘zgartiradi” filmining nomini eshitishimiz hamonoq labimizda tabbassum yuguradi. Komediyamisan, komediya-da! Miriqib tomosha qilasan, mazza qilib kulasan. Goh o‘n oltinchi asrga, goh yigirmanchi asrga yuzma-yuz kelasan. Ammo kulgu ortiga qancha-qancha haqiqat yashirilgani xayolimizga kelmaydi.
Ushbu film senariysi mashhur rus yozuvchi Mixail Bulgakovning 1934–1936-yillar oralig‘ida yozgan “Ivan Vasilyevich” pyesasi asosida rejissyor Leonid Gayday va senariynavis Vladlen Baxnov tomonidan 1971–1972-yillarda yaratilgan.
Aslida mazkur pyesa ancha avvalroq, 1936-yil bahorida Moskvadagi Satira teatri tomonidan sahnalashtiriladi. Premyeradan avval 1936-yil 13-may kuni bosh repititsiya bo‘lib o‘tadi va unda kommunistik partiya markaziy komiteti vakillari ishtirok etadi hamda spektakl taqiqlanadi. Xo‘sh, partiya arboblari nega pyesani taqiqlashdi – ularni nima qo‘rqitib yuborgandi?
Uy boshqaruvchisi Ivan Vasilyevich Bunsha sovet zamoni rahbarlarining tipik vakili. Albatta, M.Bulgakov bu personajga “uy boshqaruvchisi” lavozimidan kattaroq mansab bera olmasdi. Sovet zamonida katta amaldorlarni poraxo‘r, byurokrat, axloqiy buzuq, ikkiyuzlamachi, nodon sifatlar bilan tasvirlash mumkin emasdi. Oliy rahbariyat har qanday kamchiliklardan xoli, farishtasifat obrazlarda tashviqot qilinardi. Shu bois Bunshaga o‘sha paytdagi eng past “lavozim” – uy boshqaruvchisi vazifasi nasib etgandi. Ammo yozuvchi ham, film rejissyori ham mana shu kichkina “vazifa” egasi timsolida katta mansab egalarining jamiki qusur va “fazilat”larini umumlashtirgandi.
Bunsha sovet davri voqealarida o‘ta vatanparvar. Timofeyev (Shurik)ning xotini bilan ajrashishini eshitib, kvartal oxirigacha qo‘ydi-chiqdingizni to‘xtatib tursangiz – ko‘rsatkichlarimizni tushirib yuborayapsiz, deb shart qo‘yadi uy boshqaruvchisi. Esladingizmi, o‘sha zamon tutum-talablarini – ya’ni, barcha rahbarlar uchun oylik, kvartal, yillik, besh yillik planlarning bajarilishi hayot-mamot masalasi edi. Qog‘ozlarda rejalarni sharaf bilan bajarish vatanparvarlik mezoniga aylangandi. Yana bir o‘rinda Bunsha injenerni hol-joniga qo‘ymaydi: mana shu shubhali mashinangiz haqida tegishli organlarga o‘zingiz xabar bering, bo‘lmasa o‘zimiz xabar beramiz, deydi. Bu o‘rinda jamiyat, davlat xavfsizligi uchun jon kuydirayotgan “hushyor”, “sadoqatli” kimsa namoyon bo‘lmoqda. Bunshaning butun “dono”ligi o‘sha zamon urfida bo‘lgan rasmiy, quruq va siyosiy hushyor odamning yodaki gaplari xolos. (Shurik: “Siz gapirayotganda, Ivan Vasilyevich, alahsirayotganga o‘xshaysiz”).
Endi bu jamoat ishi (mualliflar aslida mansab manfaatlarini nazarda tutishgan) jonkuyari, “yurtparvar” kimsaning XVI asr voqealari ichida kuzating. Shved elchilari rus davlatidan Kem volostini so‘rashganida “shoh” Bunsha: olaveringlar, olaveringlar, davlatimiz qashshoqlashib qolmaydi, deya o‘ylab o‘tirmasdan davlat yerini in’om qilib yuboradi. Sovet jamiyati rad etgan va nazariga ilmagan, vatanparvarligiga mutlaqo ishonmagan o‘g‘ri Jorj Miloslavskiy esa: “Nima qilayapsan, itdan tarqagan, bu ketishda bir qarich yerga zor bo‘lamiz-ku, deb chin yurtparvarligini namoyish etadi. Komediyaning eng kulminatsion g‘oyasi ham aynan mana shu yerda. Mualliflar filmga tilida “kvartal ko‘rsatkichlarimizni tushirib yuborayapsiz”, deb go‘yo davlat manfaatlari uchun jon kuydirib yurgan, minbarlarda ko‘ksiga urib xalqparvarlig-u fidoiylikdan lof urib birovga gap bermaydigan soxta vatanparvarlarga ishonmang, ular birinchi imkon tug‘ilishi bilan yurtni tag-tugi bilan sotib yuborishadi, degan hayotiy haqiqatni singdirishgan. Aksincha, oddiy bir o‘g‘ri hukumat mulozimidan ko‘ra ming chandon ziyod yurtparvar bo‘lishi mumkin. Hukumat korchalonlari pyesani nega taqiqlashgani sababi ham shu yerda.
Dunyoda hamma narsa yuqumli bo‘ladi, degan gap bor. Film mualliflari sovet tuzumining byurokratiyasi, sansolarligi, tashabbusning yo‘qligi, hech kim javobgarlikni bo‘yniga olmasligi, “kollektiv boshqaruv kollektiv mas’uliyatsizlikka” aylanganligini ham bir sahna orqali yaqqol ko‘rsatadilar.
Bunsha shoh taxtini egallagan, o‘g‘ri esa “saroybon” vazifasida. Kutilmaganda shved elchilarini qabul qilishga to‘g‘ri keladi. Davlat va diplomatik tartib-qoidalardan bexabar uy boshqaruvchisi va o‘g‘ri hang-mang bo‘lib qolishadi. “Shoh” butunlay tildan qoladi. O‘g‘ri vaziyatdan chiqishning yo‘lini topadi: “Grajdanin elchini olib kiring!” Umri qamoqxonada o‘tgan o‘g‘ri diplomatik nazokat va leksikonni qayerdan bilsin? Bunday paytda: ayting, janob elchi marhamat qilsinlar, deyish lozimligi uning yetti uxlab tushiga kirganmi? Qamoqxonada eshitgan gapi – mahbusni olib kiring, mahbusni olib keting, grajdanin nachalnik! Hozir gap bu haqda emas. Byurokratiya xususida. Elchilar xayrlashar ekan, yana o‘sha o‘zlarining asosiy maqsadi – Kem volostini so‘rashadi. O‘g‘ri “saroybon” esa: “Bunaqa narsa pala-partish hal qilinmaydi, o‘rtoqlar bilan maslahatlashish kerak. Keyingi haftada kelinglar”, deb ishni paysalga soladi. Kuni kecha boy xonadonlarni o‘marib yurgan o‘g‘ri “erta keling, indin keling, bir haftadan keyin bir xabar oling”, deb paysalga soluvchi sovet “byurokrat”iga aylanadi-qoladi.
Xullas, bu o‘lmas asar jamiyat qusurlarini badiiy so‘z va obrazlar orqali fosh etadi, tuzum yuziga oyna tutadi. Faqat bu ishni mahorat bilan, yumor va kulgu orqali amalga oshiradi.
Endi mazkur filmning o‘zbek tiliga tarjimasi haqida ikki og‘iz gap aytsak.
O‘zbek tarjima va dublyaj san’ati hamda mahorati haqida gap ketganda ko‘pchilik “Ivan Vasilyevich kasbini o‘zgartiradi” filmini eslaydi. Hozir gap film dublyajida ishtirok etgan betakror san’at ustalarining mahorati haqida emas, mazkur film tarjimasi xususida ketadi.
Ushbu komediyani o‘zbek tiliga iste’dodli tarjimon Mirziyod Mirzoidov o‘girgan.
Badiiy film voqealarida o‘tmish va zamon qahramonlar hayotida uyg‘unlashgan. Shu bois XVI asr odamining tili bilan XX asr kishisining so‘zlashuvidagi so‘z birikmalari, uslub, iboralar, eng muhimi har bir qahramonning xarakteriga mos til o‘zbekchaga qoyilmaqom qilib tarjima qilingan. Tarjimon o‘zbek tilining o‘ziga xos jozibasini butun bo‘y-basti bilan ko‘rsatishni uddalagan. Ba’zi bir misollarga murojaat qilsak.
Shoh Ivan Vasilyevich rejissyor Yakin bilan muloqotda shunday deydi: “Как же тебя понять, коль ты ничего не говориш?”. Bir qarashda “Seni qanday tushunsa bo‘ladi, axir hech narsa demayapsan-ku”, degandek gap bu. Ammo tarjimasini qarang – “Axir odamga o‘xshab so‘zlasang tushunaman-da”. Naqadar o‘zbekona va o‘sha vaziyatga uzukka ko‘z qo‘ygandek tushgan ibora.
Balkonda eri Bunshani (aslida shoh Ivan Vasilyevichni) ko‘rib qolgan qo‘shni xotin gapini “Здрасьте, пожалуйста”, deb boshlaydi. Endi bu gapning tarjimasini ko‘ring: “Voy nusxangdan ogur-ey”.
Shurikning tannoz aktrisa xotini podshoga: “Вы очень темпераментный” deb erkalanadi. Tarjimasi esa qahramon xarakteri va hayot tarziga mos holda: “Siz anchayin sho‘x odamga o‘xshaysiz” deb o‘girilgan.
Rejissyor Yakin bilan aktrisa xotin o‘rtasidagi dialogda shoh Boris roli ustida gap ketganda, parda ortidan Ivan Vasilyevich shitob bilan chiqib, haqiqiy Boris shoh haqida shunday deydi: “Так он, лукавый, презлым заплатил за предобрейшее? Сам захотел царствовать и всем владеть? Повинен смерти!”. Albatta bu yerda qahramon XVI asrga xos tilda so‘zlamoqda. Endi tarjimaning ravonligini bir ko‘ring: “Dog‘uli, uning qilmishi badkirdorlikdan iborat edi, o‘zi podsholik qilib hamma narsaga ega chiqmoqchi bo‘ldi. Bu qilmishi uchun o‘limga mahkum!”
Endi har kim o‘z tilida va jamiyatda tutgan maqomiga mos tarzda gapirishi lozim degan talabga ham bir misol ko‘rsak. Qo‘shni xotin shoh Ivan Vasilyevichni eri Bunsha deb o‘ylab zug‘um qilib turgan joyida podsho: “Оставь меня старушка, я в печали” – deydi. O‘zbekchasi: “Meni o‘z holimga qo‘y, kampir, hozir o‘zimning dilim siyoh”. “Печаль”, “Печально” so‘zlarining lug‘atlardagi birinchi ma’nolari sifatida qayg‘u, hasrat, g‘am-g‘ussa, anduh, ma’yus, xafa so‘zlari berilgan. Xo‘sh, tarjimon nega “dilim siyoh” so‘zini tanlagan? Ehtimol, mutarjim o‘ziga, xo‘sh, bu gapni kim aytmoqda, degan savolni bergan. Chunki barchaga hukmi o‘tadigan hukmdor qayg‘uga botib hasrat chekib o‘tirmaydi-da. Uning faqat dili siyoh bo‘lishi mumkin.
Tish doktori Shpakning mol-dunyoga boy xonadoniga kirgan o‘g‘ri Miloslavskiy: “Это я удачно зашел”, – deydi. Xo‘sh, ayni holatda o‘g‘ri o‘zbek bo‘lganda nima derdi? Film tarjimoni: “Juda joyiga tushibman-u!” – degan xalqona gapimiz bilan o‘g‘rini “o‘zbek”ka aylantiradi.
Liftda “zindonband” etilgan shoh najot izlab cho‘qinadi va shu payt eshiklar ochiladi: “Вот что крест животворящий делает!”. Keling, endi ushbu matnni so‘zma-so‘z tarjima qilaylik: “Mana, tiriltiruvchi xoch nimalar qilmaydi!”. Endi tarjimonning mahoratiga diqqat qiling: “Iymon-u ishonchning xosiyati shu erur!”
Xullas, bugun tarjima qilinayotgan xorij filmlarining quruq, o‘zbekcha istilohlardan holi va qashshoq tilidan to‘yib ketib, “Ivan Vasilyevich kasbini o‘zgartiradi” singari filmlarni maroq bilan ko‘rging keladi kishi.
Jaloliddin SAFOYEV
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Ravshan Burxonov
12:01 / 01.01.1970
Jaloliddin aka Safoyevni rahbar sifatida tanir edik. Ammo zukko tomoshabin, zakiy va faylasuf inson sifatida ushbu maqola orqali o'zim uchun kashf etdim. Darhaqiqat, o'zbek tarjima san'atimizda yuzaga kelayotgan kamchiliklar tomoshabin va o'quvchilarni biroz ranjitadi. Ba'zan achchiq, ba'zan yumshoq so'zlar bilan tarjimonga yuzalanish mumkin, lekin Jaloliddin aka yozagnlaridek donolik bilan tarjima san'ati haqida mulohaza yuritish ko'pchilikning hayoliga ham kelmasa kerak. Shu o'rinda oyina.uz sayti ijodkorlariga katta rahmat. O'zbek mediasida ma'naviy, ma'rifiy maydon bo'sh edi. Shu maydonni to'ldirib yuring.