Kuni kecha Facebook ijtimoiy tarmogʻida yozuvchi Baxtiyor Abdugʻafur Buxoro amirligining Rossiya imperiyasiga qaram boʻlishi davridagi bir voqeani ulashdi. Mana oʻsha post:
“1866. Oʻris qoʻshiniga qarshi yurgan 30 ming kishilik qoʻshin boshida amirilashkar Olloyor devonbegi edi. General Chernyayev ixtiyorida esa 2000 atrofida askar. Olloyor devonbegi qoʻshinni olib Jizzaxga joʻnaganida amir devonbegining oʻn yetti yoshli qizini haramga keltirib zoʻrlaydi. Bu xabar Olloyor devonbegiga yetib borganida u: «Bunday amirning haqqi rioyasida jang qilmayman”, deya asosiy qoʻshinni olib ketadi. Jang maydonida qora cherik – yollanma askarlar qoladi. Oʻris qoʻshini bir-ikki zambarak oʻqi bilan qora cherikni parokanda qiladi. Buxoroning qulashiga amirning nafsi va shu ilk toʻqunushma sabab boʻladi. Bundan keyingi birorta jangda Buxoro gʻalaba qozona olmaydi».
Post eʼlon qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin muhokamalarni keltirib chiqardi. Aslida ham voqea shunday boʻlganmi? Buni bilish uchun oʻsha davrlarda yozilgan tarixiy asarlarga murojaat qilishimiz kerak. Ikki yirik manba bor – Ahmad Donishning “Risola”si va Mirzo Abdulazim Somiyning “Tarixi salotini mangʻitiya”si. Chunki ushbu ikki muarrix ham aynan Buxoroda mangʻitlar sulolasi hukmronlik qilgan yillarda yashagan va voqealarni oʻz koʻzlari bilan koʻrgan.
Tarixiy kontekst
Postda keltirilgan voqea Rossiyaning Markaziy Osiyo davlatlariga qilgan bosqinchilik yurishi davriga toʻgʻri keladi. Bu paytda Buxoro amirligini mangʻitlar sulolasidan boʻlgan Amir Muzaffar boshqarayotgan edi. U 1860-yili otasi Nasrullo vafotidan keyin taxtga oʻtirgan. Hukmronligining 6 yilida, yaʼni 1866-yili ruslar Buxoro hududlariga bostirib kirishni boshladi. Bungacha esa ular Qoʻqon xonligining bir qancha shaharlarini, jumladan, Chimkent, Turkiston, Toshkentni egallab ulgurgan edi.
Postdagi voqea haqida
Endi bevosita postdagi maʼlumotning oʻzini biroz tahlil etsak. Birinchi koʻzga tashlanadigan xatolik shuki, Jizzaxga yurish qilgan rus generali Chernyayev emas, balki Romanovskiy boʻlgan. Bu barcha hujjatlarda kelgan. Chernyayev nomi faqat Mirzo Abdulazim Somiydagina tilga olingan. Tarixchi ismlarni yanglish tarzda ishlatgan.
Yana bir maʼlumot qoʻshinlar sonida. Ahmad Donishning yozishicha, Jizzax mudofaasi uchun amir 12 ming qoʻshin joʻnatgan. Rossiyalik tarixchi Kresnovskiyning maʼlumotiga koʻra esa, mazkur jangda 11 ming askar qatnashgan. Olloyor devonbegi Jizzaxga qoʻshin bilan yuborilmaydi, balki hokim etib tayinlanadi va bu vaqtda hali Rossiya bilan urush boshlanmagan, yaʼni ruslar amirlik sarhadlariga daxl qilmagan edi. Keyingi muhim nuqta shuki, postda tilga olingan Olloyor devonbegi, Mirzo Abdulazim Somiyning guvohlik berishicha, Jizzax mudofaasida shahid ketgan. U bilan birga yana bir qancha yuqori martabali shaxslar ham aynan shu jangda halok boʻlgan.
Haqiqat yoki uydurma?
Postda yozilgan maʼlumot na Ahmad Donish “Risola”sida, na Mirzo Abdulazim Somiy kitobida uchradi. Chernyayev 1866-yil mart oyida Rossiyaga qaytarib olingan, oʻrniga Jizzaxni egallagan Romanovskiy yuborilgan edi. Davrning jonli guvohlariga quloq tutsak, maqsadga muvofiq boʻladi.
Ahmad Donish yozadi:
«Bir soʻz bilan aytganda, oʻzbek qozonining qopqogʻi ochildi, oltin deyilgani mis boʻlib chiqdi, ruslar kerakli darajada ularning ahvolidan xabardor boʻldi. Ular shu vaqtning oʻzida Jizzax ustiga yurish qildilar. Jizzaxni mudofaa qilish uchun oʻn ikki ming askar bir necha lashkarboshi amirlar boshchiligida Samarqandga yuborildi. Hamma sarkardalar bir-birlariga muxolif ediki, agar biri dam bersa, boshqasi yurish qilar, agar birining oti loyga botib qolsa, hech qaysisi yordam bermas edi. Ular orasida muntazam askarlar ham bor edi, qoʻmondonlari afgʻonlardan boʻlib, tartibli jang qilish taʼmini olgan, katta maʼrakalarda ishtirok etgan edilar...
Ruslar Jizzaxni egallagandan keyin amir Samarqandda ortiq turishni xohlamadi va Buxoro tomon otlandi. Ulamolar haqiqiy ahvoldan xabarsiz mullalar va avom odamlarning koʻpini Samarqandga yigʻdilar. Amir tomonidan Samarqandga hokim qilib qoldirilgan Sherali Inoq esa “Shularning shumligi, igʻvosi bilan qancha jang, fitnalar sodir boʻldi, bu mullalar qatl qilinmasa, omma tinchimaydi”, deb yigʻilganlarni qatl qilishga buyurdi. “Aslida gʻazot sunniylarni oʻldirishdan iborat, shunda biz tinch boʻlamiz”, dedi. Oʻz amallarining xatosi boʻlmish farmonni bir toʻda musulmonlarning qoni bilan bezadilar. Samarqand fuqarolari bu bedodlikni Sheralidan koʻrib, butun aholi, musulmon talabalari, erkagu ayol Samarqand qoʻshini askarlariga qarshi koʻtarildilarki, koʻchalarda odamlar qoni oqa boshladi. Bu xabar dam-badam dushman qulogʻiga borib yetardi va ular “qayerda oʻldirilmasin, bu bizning foydamizga” der edilar. Oʻshanda Samarqandda boʻlgan buxorolik ayrim sarkardalar yengil vaʼdalar bilan bu fitnani tinchlantirish yoʻlini topdilar. Hech kim hech zamon bu mamlakatda boʻlganidek tartibsizlikni koʻrmagan».
Ahmad Donishning “Risola”sini oʻqigan odam buni Amir Muzaffarning dushmani yozgan deb oʻylaydi. Chunki kitob juda achchiq alamli alfozda bitilgan. Hukmdorning maishatbozligiyu besoqolbozlik bazmlarigacha hikoya qilingan. Lekin shunday tanqidiy ruhdagi asarda yuqoridagi voqea haqida va Olloyor devonbegi xususida soʻz yoʻq.
Mirzo Abdulazim Somiy esa, sal avval ham tilga olganimizdek, Olloyor Devonbegi avvaldan Jizzax hokimligiga qoʻyilganini aytadi. Uning yozishicha, «Maydayulgʻun hodisasidan keyin Amir Muzaffar Jizzaxda ekanligida mangʻitlardan Olloyor devonbegini hokimlikka tayinlab, Jizzaxdagi eski qoʻrgʻon atrofida yana bir devor qurib, uni mustahkamlab, shu yerda amirlashkarlar boshchiligida oʻrdu tarzida katta bir lashkar qoldirishni buyurdiki, goʻyo bu tadbir ila u oʻz koʻnglida nasroniylar qoʻshini yoʻlida mustahkam toʻsiq bino qilgandek edi...
Muhosarada qolgan amirlardan Olloyor devonbegi mangʻit, Odil dodxoh xitoy, Abdusattor Inoq Husanbiy, Juyonxoja toʻqsabo, jinirol Iskandarxon va (boshqa) talay amirlashkarlar shahid boʻldilar... Oʻlim soati kechiktirilgan amirlar, xususan, Yoqub qoʻshbegi va boshqa baʼzi bir kishilar magʻlubiyatga uchrab, ust-boshsiz, piyoda Samarqand qochib, oliymaqom poyiga yetib keldilar. Ulardagi (sobiq) shon-shuhratning qolgan-qutganlaridan va Maydayulgʻun voqeasidan keyin (hamon) saqlanib qolmish kuch-qudratdan asar ham qolmagandi.
...Jizzax vohasi va (unda) lashkari magʻlub boʻlganligi xabari (olingan)dan keyin janobi oliylari Samarqanddan chiqib, Karmanaga keldilar va shu yerda muqim turib qoldilar. Gʻuzor hokimi Abdulmalik Toʻrani, Hisori Shodmon hokimi Rahmonqul parvonachini, talay qalʼa lashkarlarini, qoʻngʻirot lashkarlarining qolgan-qutganini, Miyonqol lashkarini, Buxoro navkarlarini, (boshqa) viloyatlardagi gʻoziylarni Samarqandda qoldirdi va Gʻishtkoʻprikni mustahkamlab, bu yerda ham oʻrislar yoʻlini toʻsish uchun lashkar qoʻydi».
Jizzax voqealarini tasvirlar ekan, Somiy shahar mudofaasi chogʻida bir necha sarkardalar qatori Olloyor devonbegi mangʻitning ham shahid ketganini aytgan. U, postda yozilganidek, Jizzaxga bormaganida jangda halok boʻlmagan boʻlar edi.
Bu voqea haqida faqatgina 2000-yili nashr etilgan “Oʻzbekistonning yangi tarixi” I kitobida tilga olinadi (95-bet). Undagi maʼlumotlarga qaraganda, Olloyorning sarbozi Parchayuz Abdurahmon esdaliklarida zoʻrlangan qizning jasadini topishgani qayd etilgan. Lekin tarixiy manbalarga havola berilmagan va bu haqda batafsil toʻxtalinmagan. Professor Qahramon Rajabovning soʻzlariga qaraydigan boʻlsak, mazkur voqea hozirda vafot etgan bir muharrir xatosi bilan kitobga kirib qolgan. Taniqli tarixchi boshqa hech bir asarda bu maʼlumotni uchratmaganini taʼkidladi.
Xulosa qiladigan boʻlsak, yozuvchi Baxtiyor Abdugʻafurning ijtimoiy tarmoqda ushbu postni qoʻyishdan muddaosi nimaligi va materialning qaysi manbadan olinganligi bizga qorongʻi. Aytilgan fojea haqiqatdan boʻlganmi-yoʻqmi, degan savolga aniq javobni faqat tarixiy asarlar va hujjatlarni tadqiq etish orqaligina topish mumkin. Lekin oʻsha davr tarixchilariki, yozib qoldirmagan ekan, bu voqeaga shubha bilan yondashish talab etiladi.
Jahongir OSTONOV,
OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti tayanch doktoranti
Ta’lim-tarbiya
Til
Til
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
3 Izohlar
Jahongir
06:01 / 01.01.1970
Fikrim shuki bu bizga saboq bo'lishi kerak sababi hozirda ham ko'p yoshlarimiz o'z ona vatani tarixi xaqida bilimga ega emas tarix takrorlanmasligi uchun buni Shirin jonimizga tafakkur aylasak maqsadga muvofiq bo'lardi.
Yusuf
06:01 / 01.01.1970
Ha bu Xorazmdagi voqealardan keyin o'zimizning ustimizdan yolg'onga botgan balchiq tortishimizdir
Toji Yunusov
06:01 / 01.01.1970
Avalam bor Ma'lumot un raxmat. O‘tgan asirlarding ya'ni 16 asirdan to 19-20 asirlardagigacha bo‘lgan voqealar biz o‘quvchilar un juda qorong‘u shunung un shu soxa bo‘yicha mutaxasislardan yaxshi javoblardi kutib qolamiz