Salmog‘i 40 milliondan ortiq kishini qamrab olgan o‘zbek tili borgan sari so‘zlashuvchilari ko‘payib borayotgan tillardan biri sifatida ko‘riladi. So‘zlashuvchilarning deyarli to‘rtdan uch qismini o‘z ichiga olgan ona yurtimizdan tashqari qo‘shni Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Qozog‘istonda bu tilda so‘zlashuvchi yerli turg‘unlar 5 millionga yaqin salmoqqa ega. Kungay tomondan qo‘shnimiz Afg‘onistonda esa 5–6 million kishi o‘zbek tilini o‘z ona tili deb bilishi aytiladi. Shuningdek, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Xitoy va boshqa o‘lkalardagi o‘zbeklarning soni 1 milliondan oshadi.
Ming yillar bo‘yi “turk tili”, “xoqoniya turkchasi”, “chig‘atoycha”, “chig‘atoy turkchasi” deb atalgan ushbu til egalari o‘z tilini “o‘zbekcha”, “o‘zbek tili” deb yurita boshlaganliklariga yuz yildan ortiqroq vaqt bo‘ldi.
Xo‘sh, turkiy tillar orasida deyarli 70–80 million kishi tomonidan so‘zlashiladigan Onado‘li turkchasidan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi o‘zbek tili qaysi tomonlari bilan dunyo tilchilarini o‘ziga tortib keladi. Bu bo‘yicha qiziqishlarimiz so‘ngida izlanuvchilar o‘zbek tilining shu kabi o‘zgachaliklariga urg‘u berganliklarini kuzatdik:
1) Deyarli ming yildan beri bu til egalari uzliksiz o‘laroq yozma adabiy tilni ishlatib keladilar. Bundan sakkiz yuz yilcha burun yozilgan “Qissa-i Rabg‘uziy” asarini turkiy ellar orasida bugungi o‘zbek va uyg‘ur o‘quvchisi qiynalmasdan tushunib o‘qishi buning kichik bir o‘rnagidir;
2) O‘zbek tili turkiy tillarning 3 ta yirik tarmog‘i – qarluqcha (o‘zbek, uyg‘ur), qipchoqcha (qozoq, qirg‘iz, tatar, boshqird, qoraqalpoq, no‘g‘oy, qumiy, qorachoy-bolqor) va o‘g‘uzcha (Ozarbayjon va Onado‘li turklari, turkman, gagauz) lahjalarning barchasini u yoki bu ko‘lamda o‘zida qamrab olgan. Ulardan birinchisi o‘zbeklarning adabiy tilining negizi – o‘zagi o‘laroq yurtimiz turg‘unlarining deyarli barchasi tomonidan qo‘llanilganidek, ikkinchisi – qipchoq lahjasida so‘zlashuvchilarning salmog‘i viloyatlarimizning bir qanchasida, ayniqsa, yuzlab qishloqlarida ancha yuqori ekani bilinadi. Uchinchi lahja – o‘g‘uzcha esa Xorazm yurti (vohaning O‘zbekiston va Turkmaniston qismlari) da hamda Buxoroning Olot va Qorako‘l tumanlarida keng qo‘llaniladi;
3) Dunyoning deyarli barcha ellarida bo‘lgani kabi tilning ichki o‘zgarishlarini o‘zbek tilida kuzatsa bo‘ladi. So‘zlashuvchilarining sezilarli bir bo‘lagi unlilar uyg‘unligi (singarmonizm) ni saqlaganiga qaramay, fonetikasi anchagina o‘zgachalikka ega o‘zbek adabiy tili shu tomoni bilan boshqa ko‘plab turkiy tillardan ajralib turadi. Ming yillar bo‘yi o‘zga tillarda so‘zlashgan el-uluslar bilan qo‘shni va aralash yashash bugungi kun adabiy o‘zbekchasida va ayrim shahar turg‘unlarining so‘zlashuv tilida o‘zgarish yasagan. Bu esa deyarli yuz yildan beri dunyo tilchilarining qiziqishlarini o‘ziga tortib keladi;
4) Arab va fors tillari bilan qanchalik chuqur aloqaga kirishmasin, ulardan bir necha yuzlab, minglab so‘zlar o‘zlashtirmasin, o‘zbek tili baribir turkiy tillar orasida eski turkiy tub so‘zlarni yaxshi saqlagan til o‘laroq o‘z o‘rniga ega. Unda qarindosh-urug‘chilik atamalari, kundalik turmush va uy-ro‘zg‘or buyumlari, idish-tovoq, ish qurollari kabilardan tashqari ish-harakat bilan bog‘liq minglab fe’llarning bugungi kunda ham eski turkcha ko‘rinishi saqlanib qolgan.
Yuqorida “qarindosh-urug‘chilik bilan bog‘liq atamalarni o‘zbek tili yaxshi saqlab qolgan” dedik. “Ota-ona”, “aka-uka”, “opa-singil”, “tog‘a-jiyan” kabi eng yaqin kishilarimiz uchun qo‘llaniladigan, ayrimlarining negizi Turk xoqonligi (552–744) chog‘iga, ayrimlari esa Qoraxoniylar (942–1212) chog‘iga borib taqaladigan tub turkiy so‘zlarning bugungi turkiy tillarda qanchalik saqlanib qolganiga ko‘z yugurtiradigan bo‘lsak, bu borada ularning bizning tilimiz bilan bellasha olmasligiga taniq – guvoh bo‘lamiz. Turkiy ellar orasida, masalan, yaqin qo‘shnilarimiz – qozoqlar va turkmanlarda ko‘plab o‘ziga xos qarindosh-urug‘chilik atamalari bor, biroq ularda bu kabi so‘zlar o‘rnini boshqa tillardan o‘zlashgan so‘zlar, yo bo‘lmasa, bunday so‘zlarning eski turkcha chog‘ida – ming yillar burun oz qo‘llanilgan turlari ishlatilayotganiga ko‘zimiz tushadi. O‘rnak uchun: turkmanlar “ona”ni “eje”, “ota”ni “qaqa” desalar, qozoqlar esa ulardan birini ko‘pincha “apa”, ikkinchisini “ake” deb chaqiradilar. Onani “anne”, otani “bobo” deydigan onado‘lilik turk qardoshlarimiz “aka-uka”, “opa-singil”, “tog‘a-jiyan” so‘zlarini “ag‘abey-qardosh”, “abla-kichik qiz qardosh”, “doyi-yiyan” deb birmuncha boshqacharoq ko‘rinishda qo‘llaydilar. Qozoq bovurlarimiz “jiyan” so‘zini yaxshi saqlab qolgan bo‘lsalar-da, “tog‘a” o‘rniga mo‘g‘ulchadan o‘zlashgan “nag‘ashi” so‘zini qo‘llashlari bizni tong qoldiradi. To‘g‘ri, o‘zbek tilining turli shevalarida qarindosh-urug‘chilik atamalarining ayrimlari birmuncha boshqacharoq ko‘rinishda, yuqorida qardosh ellar o‘rnagida keltirilgan so‘zlarga o‘xshashroq ko‘rinishdagi so‘zlar ishlatiladi.
Qizig‘i shundaki, “ota-ona”, “aka-uka”, “opa-singil”, “tog‘a-jiyan” kabi eski turkiy so‘zlar shu yoki shunga yaqin ko‘rinishlarda birgina biz o‘zbeklarda emas, turkiy bo‘lmagan el-uluslarda ham bir necha yuz yillardan beri qo‘llanib kelinadi. Qo‘shni tojikcha va Pokistonning urdu tili buning yorqin o‘rnagidir. Bundan besh yuz yil burun Boburiylar tomonidan Hind o‘lkasiga turkiy qo‘shinlar bilan birga olib borilgan bu so‘zlar bugungacha o‘sha yurtlarda saqlanib qolishi o‘z-o‘zidan bo‘lmagan. Yuz yillar bo‘yi ona yurtdan uzoqda, bir-biriga yot ko‘plab tillarda so‘zlashuvchi bir o‘rtam – muhitda qolgan eldoshlarimizning o‘z urug‘-urpog‘iga meros qoldirgan so‘zlaridir bu!
Yuqorida urg‘u berilganidek, turkiy tillar orasida o‘zbek tili o‘zga tillardan ko‘plab so‘z o‘zlashtirgan tildir. Biroq bu degani tilimiz o‘zligini, ona so‘zlarini yo‘qotdi degani emas. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, ayrim turkiy tillarda o‘zligini yo‘qotib, biror yozma asar tugul, biror bir ertak yozishga yoki o‘z urpoqlariga qo‘shiq, yo bo‘lmasa, cho‘pchak aytib berishga yaramay qolgan tillar ham uchraydi. Nima bo‘lsa-da, o‘zbek tilida boshqa tillardan o‘tgan deyarli har bir so‘z va atamaning ikki-uchtalab tengi – muqobili borligi kishini quvontiradi. Buni O‘rxun-Enasoy bitiktoshlarida uchraydigan 1,5 mingta so‘zdan 80–90% i, “Devonu lug‘atit-t-turk” (Turkiy so‘zlar devoni) dagi so‘zlarning esa undan ham ko‘proq ulushi unchalik o‘zgarishga uchramasdan saqlanib kelayotgani ko‘rsatib turibdi. Quyida “Devon”dan o‘rnaklar keltirib o‘tamiz.
Bundan deyarli ming yil oldin – XI yuzyillikda qog‘ozga tushirilgan va negizi eng eski chog‘larga taqaluvchi so‘zlarni o‘zida qamrab olgan Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘ati-t-turk” (Turkiy so‘zlar devoni) asari bugungi turkiy tillar o‘tmishini yorituvchi o‘xshashi yo‘q yozma manba o‘laroq izlanuvchilarni o‘ziga tortib keladi. Buni keyingi yuz yilga yaqin vaqt kesimida “Devon”ning nemischa, Onado‘li turkchasi, o‘zbekcha, inglizcha, uyg‘urcha, forscha, qozoqcha, ruscha, qirg‘izcha, xitoycha kabi o‘nlab tillarga birin-ketin o‘girilib chop etilishi hamda asar bilan bog‘liq yuzlab yirik izlanishlar, minglab maqolalar nashr qilinishining o‘ziyoq ko‘rsatib turibdi. Ayniqsa, 1950 yillardan bugungi kungacha “Devon”ning Onado‘li turkchasi [Atalay 1941–1944; Erdi, Yurteser 2005; Ercilasun 2014], o‘zbekcha [Mutallibov 1960–1963; Boltaboyev, Isabekov 2016; Sodiqov 2017], ruscha [Auezova 2005; Rustamov 2010] va boshqa bir necha o‘girmalari kun yuzini ko‘rgan bo‘lib, ularning har birida eski turkiy so‘zlar bilan bog‘liq yuzlab chigalliklarga aniqlik kiritilayotgani ko‘zga tashlanadi. Qanchalik qiyin, qanchalik talato‘pli yillar bo‘lishiga qaramay, 1960-yillarda “Devon”ning boshqa turkiy tillar orasida birgina o‘zbek tilida chop etilishi va ko‘plab turkologlarning ana shu o‘girmaga tayanib turkiy so‘zlar bo‘yicha izlanishlar olib borganliklarining o‘ziyoq o‘zbek tilshunosligining ulkan yutug‘iga aylandi.
Mahmud Koshg‘ariy asaridan o‘rin olgan deyarli 8000 mingga yaqin turkiy so‘z bugungi turkiy tillarda u yoki bu ko‘rinishda saqlanib qolgan bo‘lib, ularning sezilarli bir bo‘lagi o‘zbek tilida bundan ming yil oldin qanday qo‘llanilgan bo‘lsa, unchalik o‘zgarmasdan shundayligicha ishlatilib kelinadi. Qizig‘i shundaki, asarda turkiy tillarning o‘zak adabiy tili o‘laroq tilga olingan “Xoqoniya turkchasi” (Qoraxoniylarning ish yuritish va yozishma tili)ga tegishli so‘zlarning ko‘pchiligi bugungi o‘zbek va uyg‘ur tillarida, Koshg‘ariy tomonidan “turklarning yirik bir tarmog‘i” deb eslab o‘tilgan “o‘g‘uz turklari” bilan bog‘liq so‘zlar Onado‘li turkchasi, ozarbayjoncha, turkmancha, gagauzcha va o‘zbek tilining Xorazm – o‘g‘uz tarmog‘ida keng ko‘lamda saqlanib qolgan ko‘zga tashlanadi.
Shunga o‘xshash “Devon”da chigil (qarluq, yag‘mo, arg‘u), o‘g‘uzlar singari turkiylarning ko‘p sonli bir tarmog‘i o‘laroq eslatilgan qipchoqlarning bugungi izdoshlari – qozoq, qirg‘iz, tatar, boshqird, qoraqalpoq, no‘g‘oy, qumiq, qorachoy-bolqor, qaraim va qirimchaq tillaridagi so‘zlarning ko‘pchiligi “Devon”dagi so‘zlar bilan deyarli birday. Shuningdek, Mahmud Koshg‘ariy qog‘ozga tushirgan minglab so‘zlarga turkiy tillarning boshqa tarmoqlari – oltoy, xakas, tuva, shor, teleut, saxa (yoqut) tillarida duch kelsak, eski turkiy so‘zlarning sezilarli bir bo‘lagini esa Erondagi xalachcha, qashqaycha, Xitoydagi sariq uyg‘urcha va salorcha kabi turkiy tillarda uchratamiz.
“Devon”ni o‘zbek tilida chop etgan bilga olimlarimiz har bir so‘zga sinchkovlik bilan yondashganlar va ularni bor bo‘yicha ko‘rsatishga tirishganlar. Ularning xizmatlarini qancha ulug‘lasak shuncha oz. Ayniqsa, S. Mutallibovning bu ezgu ishi bugungacha izlanuvchilarning qo‘lidan tushmaydigan asarga aylanganidanoq ko‘rinib turibdi. Shu bilan birga, asarning ilk o‘girmasidan bugungacha o‘tgan 60 yildan ortiq vaqt kesimida “Devon”dagi so‘zlarning o‘qilishi, tub anglami va saqlanish darajasi bilan bog‘liq ko‘plab izlanishlar kun yuzini ko‘rganini, ular orasida turkiyalik izlanuvchilarning ishlari tengsiz ekaniga urg‘u bersak-da, o‘zbek tilidagi so‘zlarning asardagi so‘zlar bilan solishtirgan ishlar ancha ozligidan o‘kinamiz.
Yaqin yillarda “Devon” ustida birmuncha izlanishlar olib borib, undagi so‘zlarning bugungi turkiy tillardan qay birida qay yo‘sinda saqlanib qolganiga to‘xtalganimizda shunga taniq bo‘ldikki, minglab so‘zlarning birgina tashqi ko‘rinishi emas, anglam (ma’no) bo‘yicha ham o‘zbek tilida ancha yaxshi saqlanganiga ko‘zimiz tushdi. Qizig‘i shundaki, birgina so‘zlar emas, balki eski turk jamiyatiga xos ko‘plab an’analarning qanday bo‘lsa, shunday ko‘rinishda o‘zbek jamiyatida saqlanib qolgani ko‘zni quvontiradi. O‘rnak keltiradigan bo‘lsak, Mahmud Koshg‘ariy “isriq – isiriq; bolalarning boshlariga toshadigan yaralarni yoki ko‘z tegishidan bolalarni davolaganda aytiladigan so‘z; [isiriqni] tutatiladi va bolaning yuziga tutunini “isriq-isriq” (“e jin, es-hushingni yo‘qot!” deb tutiladi” deb yozgan bo‘lib [DLT 1960, 1: 125], qozoqlar “adiraspan”, Onado‘li turklari esa “yuzarlik” deb ishlatadigan “isriq” so‘zi va u bog‘liq an’analar bugungi kunda ko‘proq o‘zbeklarda uchraydi. O‘g‘uz turklari “isriq” tutatish bilan bog‘liq irim-sirimlarni deyarli unutgan bo‘lsalar, o‘zbeklar, xoh yirik shaharlarda yashasin, xoh chekka qishloqlarda – bu an’anani “Devon”da qanday keltirilgan bo‘lsa, shu ko‘rinishda qo‘llab keladilar.
Shunga o‘xshash qiziq bir o‘rnak. Mahmud Koshg‘ariy “tilku – tulki. Bu so‘z bilan qiz boladan kinoya qilinadi. Biron xotin tuqqanda doyadan “tilkumu tug‘di azu bo‘rimu – tulki tug‘dimi yoki bo‘rimi” deb so‘raladi. Ya’ni, qizmi yoki o‘g‘ilmi demakdir. Qizlar aldoqchi hamda yalinchoq bo‘lganlari uchun tulkiga, o‘g‘il bolalar botirlikka asosan bo‘riga o‘xshatiladi” [DLT 1960, 1: 404]. Bu an’ana turkiylarning ko‘pchiligida, ayniqsa, qozoq, tatar, ozarbayjon va Ondado‘li turklarida deyarli saqlanib qolmagan, biroq o‘zbeklarning barchasi uy-ichi va ko‘cha-ko‘yda bo‘lsin, tug‘ruqxonadan ko‘zi yorigan qarindoshini ko‘rgani borganda bo‘lsin, tug‘ruqdan keyin “bo‘rimi, tulki?” deb so‘rashi odat tusiga kirgan.
Quyida “Devonu lug‘ati-t-turk”da o‘rin olgan, biroq o‘zbekcha o‘girmalarida unchalik aniq berilmagan yoki ko‘zdan qochirilgan eski turkcha so‘zlarning o‘zbek tili va shevalarida qay ko‘rinishda saqlanib qolganiga b- undoshi bilan boshlanuvchi ayrim so‘zlar o‘rnagida to‘xtalib o‘tamiz:
1. “bağram qum – kichik tepalar ko‘rinishida yig‘ilgan qum (qumtepa)” [DLT 2014: 211]. “Devon”ning o‘zbekcha o‘girmalarida bu so‘z birikmasi “Elangan qum. Mayin qum” deyiladi [qar. DLT 1960, I: 447]. Bizningcha, ayrim turkiy tillardagi, shu jumladan, o‘zbek tilidagi “barxan” so‘zi bilan eski turkchadagi bağram bitta negizdandir. O‘zbek tili izohli lug‘atida “barxan(lar) – sahro va cho‘llarda shamol ta’siri (kuchi) bilan paydo bo‘ladigan ko‘chma qumtepalar” deb ochiqlanadi [O‘TIL 2006: 172]. Asarning turkcha o‘girmasida “kichik tepalar ko‘rinishida yig‘ilgan qum” [DLT 2014: 211], qozoqchasida “qum dalasi, qum dengizi” deb o‘girilishi bilan birga bu so‘z “barxan” ma’nosida qavs belgisi orasida berib o‘tiladi [DLT 1998: 543].
2. “baẓïç – ishkom; badïçlïq yïğaç – ishkom yog‘och” [DLT 1960, I: 461]; “toklarga ishkom va so‘ri qilish uchun tayyorlangan yog‘och” [DLT 2017: 198]. Bizningcha, bu so‘z o‘zbek shevalarida “väliş (vәlish) – ishkom (toklarni ko‘tarib qo‘yish, tarash, yoyish uchun ishlatiladigan so‘ri)” (Farg‘ona vodiysi) va vohalarimiz (Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo)da qo‘llaniladigan shunga o‘xshash väyiş / vayiş so‘zlari bilan bitta negizdan bo‘lsa kerak [qar. O‘XSHL 1971: 60-61]. Eski turkchada so‘z boshi va so‘z o‘rtasida d – ẓ - y almashinuvi ko‘zda tutiladigan bo‘lsa, badïç ˃ vayiş o‘zgarishi yuz bergan deya olamiz. “Devon”da bu so‘zning baẓïç – badïç ko‘rinishlarida turlicha berilishi ham bu qarashimizni kuchaytiradi. Bu so‘zning negizida eski turkcha ba- “bog‘lamoq” fe’li yotib [qar. DTS 1969: 76], undan baẓïç yasalgan deb qarashga undaydi. Shuningdek, uni sug‘diycha βδ’yẓ “o‘rama, o‘ramoq, bog‘lamoq” so‘zi bilan solishtirsa bo‘ladi [qar. Gharib 1995: 100]. Sug‘diy tilda so‘z boshidagi ayrim undoshlarning keyinchalik birmuncha o‘zgarishga uchrab, βδ’yẓ so‘zi väliş ko‘rinishini olgan deb qarashga turtki bo‘ladigan o‘rnaklar duch kelamiz: so‘z boshida β ˃ v, f, so‘z o‘rtasidagi δ ˃ l. O‘rnak uchun: β’zδ’ – Fazli (Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi qadimiy qishloq) [Nafasov 2009: 266]. Bizningcha, ikkinchi qarash to‘g‘riroqqa o‘xshaydi. Chamasi, turkiylar sug‘diycha βδ’yẓ so‘zini baẓïç ko‘rinishida o‘zlashtirgan.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, bu so‘z turkiy tillarda shu yoki shunga yaqin ko‘rinishda saqlanib qolmagan.
3. “bala – qush bolasi. Shuningdek, yirtqich va boshqa hayvonlarning bolasiga nisbatan ham istiora ravishda qo‘llanadi; ishlarda odamga yordam beradigan yordamchi. Bu so‘z ko‘pincha dehqonchilik ishlarida yordam berishga qo‘llanadi” [DLT 1963, III: 250-251]. Bu so‘zning ikkinchi ma’nosi o‘zbek tilida “malay – 1. xo‘jayin yoki boshqa birovning xizmatlarini bajaruvchi kishi, xizmatkor. 2. Birovning manfaati uchun ko‘r-ko‘rona xizmat qiluvchi odam” so‘ziga to‘g‘ri keladi [qar. O‘TIL 2006: 533].
4. “baldïz – xotinning singlisi. Erning singlisiga baldïz deyilmaydi, singil deyiladi” [DLT 1960, I: 426]. “Devon”ning ko‘rsatkichida bu so‘z “baldïz – xotinning singlisi (boldiz)” deb keltirilgan [DLT 1967: 54]. Ko‘plab o‘zbek shevalarida (Toshkent, Jizzax, Xorazm va b.) “baldïz – qaynsingil (xotinning singlisi)” ma’nosida uchraydi [O‘XSHL 1971: 335; To‘ychiboyev, Qashqirli 2012: 199]. Qozoqcha va boshqa turkiy tillarda bu so‘z shunday anglamda keng tarqalgan bo‘lsa-da, qozoqchaning ayrim shevalarida “baldiz – qaynini, qaynuka” ko‘rinishida ham ishlatiladi.
5. “bat – tez, darrov” [DLT 1960, I: 461]. Bu so‘z boshqa turkiy tillarga qaraganda o‘zbek tilida“båt (bot) – oradan ko‘p vaqt o‘tmay yoki o‘tkazmay, tez”, “båt-båt (bot-bot) – damba-dam, tez-tez, birin-ketin” ko‘rinishlarida yaxshi saqlangani ko‘zga tashlanadi [O‘TIL 2006: 327–328]. Shunga qaramay “Devon”ning o‘zbekcha o‘girmalarida bunga e’tibor berilmagan. Qirg‘izchada “bat”, uyg‘urchada “pat – “tez, tez orada, yaqin” co‘zlaridan tashqari [Yudaxin 1985: 116; DLT 2014: 140, n. 594], turkiy tillarning ko‘pchiligida bu so‘z saqlanib qolmagan.
6. “başmaq – to‘piq” [DLT 1960, I: 433]. “Devon”ning turkcha o‘girmalarida bu so‘z “boshmoq (oyoq kiyim)” deb berilgan [DLT 2014: 162, 578]. Asar o‘zbekcha nashrining ko‘rsatkichida uning “başaq” ko‘rinishiga shu ma’noda “boshmoq” deb ochiqlama berilgan [DLT 1967: 59]. O‘zbek tilining izohli lug‘atida “boshmoq – kigiz etik, piyma; umuman oyoq kiyimi” deb ochiqlangan [O‘TIL 2006: 342]. Turkiy tillarning bir nechasida “oyoq kiyim turi” ma’nosida qo‘llaniladigan [ESTYA 1978: 93-94] bu so‘z “Devon”ning o‘zbekcha o‘girmalarida “to‘piq (o‘g‘uzcha so‘z)” deb keltirilgan [DLT 1960, I: 433]. Asarning keyingi o‘girmalarida ham bunday ochiqlamaning qaytarilishi [DLT 2017: 185] o‘zbek tilida bu so‘z saqlanmagan degan qarashni keltirib chiqaradi. Bunday yondashuvlar ayniqsa, “Devon”ning turkcha, qozoqcha, qirg‘izcha yoyinlarida va asar bo‘yicha olib borilayotgan ayrim izlanishlarda ko‘zga tashlanadi [Osonaliyeva 1972:97–99; DLT 1998; DLT 2014; ]
Qizig‘i shundaki, o‘zbek shevalarida “päşmäk (pashmak) – tuyaning tovoni» (Qashqadaryo v., Muborak t.) ko‘rinishida uchraydi [Nafasov 2011: 225].
7. “bazğan – temirchilar qo‘llaydigan bolg‘a” [DLT 2014: 7, 190]. “Devon”ning o‘zbekcha nashrlarida bu so‘z “yassi burunli” deb yanglish o‘girilgan [DLT 1960, I: 56; DLT 2017: 20]. “Devon”ning 1940- yillardagi B. Atalay o‘girmasida bu so‘zning “Mersin (og‘ochining) yemishi” ko‘rinishidagi ochiqlamasi inglizcha Dankoff-Kelli nashrida “smith’s hammer” (temirchilar bolg‘asi) deb tuzatilgan [DLT 1985b, III: 69; DLT 2014: 190, n. 802]. Shunga qaramay asarning qozoqcha nashrida “Mersin og‘ochining yemishi (mevasi)” deb yanglish o‘girilgan [qar. DLT 1998, I: 44]. Bu tuzatish asarning keyingi turkcha “demirci çekiçi” va ruscha o‘girmalarida «kuznechnыy molot” (temirchi bolg‘asi) deb o‘girilgani ko‘zga tashlanadi [qar. DLT 2014: 190, n. 802; DLT 2005: 62]..
O‘zbek tilida “båsqån (bosqon) – temirchilarning katta, og‘ir bolg‘asi”, “chilangarlar ko‘rasidagi ko‘raga havo haydovchi va ko‘mirning yonishini kuchaytiruvchi qurilma” deb ochiqlanadi [O‘TIL 2006: 327]. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, turkiy tillar orasida bu so‘z ko‘proq o‘zbek tilida saqlanib qolgan.
8. “bäläk – sovg‘a, tuhfa. Safar qiluvchi odam o‘z yaqinlariga olib boradigan yoki biror bir yerdan boshqa bir yerga keltiriluvchi sovg‘a” [DLT 1960, I: 366; ]. Bu so‘z turkiy tillarning ayrimlarida uchrab, o‘zbek tilida saqlanib qolmagan, deb qaraladi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, o‘zbek tilida fors yoki arab tilidan kirib kelgan so‘z o‘laroq bilinadigan “palak [päläk] – osmon gumbaziga o‘xshash doira shaklidagi gul naqshlar bilan qoplangan, odatda uy devorlariga bezak uchun osib qo‘yiladigan kashtachilik buyumi”ning [O‘TIL 2008: 206] negizi bu so‘zga borib taqalmasmikan deb qarashga undaydi. Chamasi, kelinlar yangi tushib borgan kuyov uyiga “sovg‘a” o‘laroq “palak” olib borishi shu anglamni tashuvchi eski turkcha “balak”ka borib taqaladi.
9. “beçkäm – belgi, nishon. Ipakli narsa yoki yovvoyi sigirning dumini botirlar urush kunlarida jang belgisi tarzida taqib oladilar. O‘g‘uzlar uni parcham deydilar” [DLT 1960, I: 446]. Bu so‘z turkiy tillarning ko‘pchiligida deyarli saqlanmagan. Afg‘oniston o‘zbeklari shevasida “beçkäm – bayroq” degan ma’noda ishlatiladi.
10. “bez – et bilan teri orasida (ma’lum sabab bilan) paydo bo‘ladigan shish” [DLT 1963, III: 134]. O‘zbek tilida “bez – inson tanasining yallig‘lanishi natijasida teri bilan et orasida do‘mpayib chiqqan shish” degan ma’noda uchraydi [qar. O‘TIL 2006: 208]. Boshqa turkiy tillarda bu so‘z deyarli saqlanib qolmagan.
11. “bergü / bärgü – qarz” [DLT 1960, I: 403]. Bu so‘z o‘zbek tilining Shimoliy Xorazm shevalarida “bergü – qarz” [O‘XSHL 1971: 50], Qarshi shevasida “bergülik – o‘zga kishiga beriladigan narsa, haq” o‘rnida ishlatiladi [Nafasov 2011: 36].
12. “bertindi – zaiflandi, bo‘shashdi” [DLT 1963, II: 276]. Bu so‘z bilan bitta negizga ega so‘z o‘zbek tilining qarluq shevasining bir necha tarmoqlarida (Namangan, Farg‘ona, Olmos, Toshqo‘rg‘on, Karkidon) “bertmaq – shikastlanmoq, lat yemoq” ko‘rinishida uchraydi [O‘XSHL 1971: 50]. Onado‘li turkchasida “bertilmek” so‘zi uchrab, u “Devon”dagi so‘zga yaqin keladi. Asarni bu tilga o‘girgan izlanuvchilar “bertindi - et darbe vb. şeylerden dolayı bertildi ve onda (elde) zayıflık ve durgunluk belirdi” (et zarba va boshqa narsalar tufayli bertildi va unda (qo‘lda) zaiflik va charchoq sezildi) ko‘rinishida ochiqlaganliklari ham buni ko‘rsatib turibdi [qar. DLT 2014: 302].
13. “bi – bu so‘zning böy shakli ham bor. Bir xil qurt-qo‘ng‘iz” [DLT 1963, III: 224]. “Devon”ning 2017 yilgi o‘girmasida “böy – bir turli o‘rgimchak. Bu so‘zning bög varianti ham bor. To‘g‘risi shudir” deb ochiqlangan [DLT 2017: 370]. O‘zbek shevalarida “biy – o‘rgimchakning zaharli bir turi”, “böy – qoraqurt” (zaharli o‘rgimchak) ko‘rinishlarida uchraydigan [qar. O‘XSHL 1971: 55; Nafasov 2011: 41] bu so‘z “Devon”ning o‘zbekcha o‘girmalarida shu ko‘rinishlarda o‘rin olmagan. Turkiy tillar orasida qirg‘izcha “böy”, “böyön”, “böyü” “böö” so‘zlari shu ma’noda ishlatiladi [Yudaxin 1985: 150]. Anado‘li turkchasi shevalarida “bö”, “böy”, “böye”, “bög” so‘zlari “qurt, chayon, ilon” va shunga o‘xshash zararli yaratiqlar uchun qo‘llaniladi [Derleme Sözlüğü 1993: 755-756, 773].
14. “bïçğuç – qaychi. Bu bilan har narsa kesiladi”; “bïçğu - narsalarni kesuvchi asbob” [DLT 1960, I: 421; DLT 1967: 67]. Bu so‘z o‘zbek tilida “bïçqï – qo‘l arra”, “rïçqï – kichik arra” ko‘rinishlarida uchraydi [O‘XSHL 1971: 53, 221]. Ushbu so‘zlar bilan bog‘liq o‘laroq o‘zbek shevalarida “biçkiç - bichuvchi, kiyim bichish bilan shug‘ullanuvchi”, “biçimçi” atamalari kelib chiqqan [Nafasov 2011: 45].
15. “biçin – maymun: biçin yïlï – maymun (muchali) yili” [DLT 1960, I: 387]. O‘zbek tilining Xorazm shevasida “biçin (yïlï) – maymun (muchali) yili” deb yuritiladi [O‘XSHL 1971: 180]. Qozoqchada bu so‘z “meşin jïlï” o‘laroq qo‘llaniladi.
To‘xtam
Oradan deyarli ming yil o‘tgan bo‘lishiga qaramay, Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘ati-t-turk” asarida uchrab, kundalik turmushda ko‘p qo‘llaniladigan ko‘plab so‘zlarning o‘zbek tilida deyarli qanday bo‘lsa, shunday ko‘rinishda saqlanib qolgani olqishlarga arzigulik. To‘g‘ri, ayrim so‘zlar bugun kundalik turmushda qo‘llanilmasligi yoki ularning o‘rnida yot so‘zlarning ishlatilayotgani hollari ko‘p. Shunga qaramay “Devon”da keltirilgan bir necha minglab so‘zlar bugungacha yetib kelgangani turkiy tillarning, ayniqsa, o‘zbek tilining qanchalik kuchga, teran ildizga ega til ekanini ko‘rsatadi. Ming yillardan beri turli tillarda so‘zlashuvchi el-uluslar bilan qo‘shni yoki aralash yashab, ularning tillaridan ko‘plab so‘zlar o‘zlashtirganiga qaramay o‘zbek tilining “Devon”dagi so‘zlarni eng ko‘p saqlagan turkiy tillardan biri o‘laroq bilinishi o‘z-o‘zidan bo‘lmay, bu tutum ming yillar kesimida elimizdan Mahmud Koshg‘ariy, Alisher Navoiy, Zahirriddin Muhammad Bobur, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Sulaymon Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy singari til jonkuyarlari chiqqanligi va chiqayotganligi bilan ochiqlanadi.
Gʻaybulla BOBOYOR,
tarix fanlari doktori, professor
Qo‘llanilgan adabiyotlar:
1. ДЛТ 1960, I – Кошғарий, Маҳмуд. Туркий сўзлар девони (Девону луғотит турк) / Таржимон ва нашрга тайёрловчи С. М. Муталлибов. 1- том. – Тошкент: Фан, 1960.
2. ДЛТ 1963, II – Кошғарий, Маҳмуд. Туркий сўзлар девони (Девону луғотит турк) / Таржимон ва нашрга тайёрловчи С. М. Муталлибов. 2- том. – Тошкент: Фан, 1963.
3. ДЛТ 1963, III – Кошғарий, Маҳмуд. Туркий сўзлар девони (Девону луғотит турк) / Таржимон ва нашрга тайёрловчи С. М. Муталлибов.
4. ДЛТ 1967 – Девону луғотит турк. Индекс-луғат. Ғ. Абдураҳмонов ва С. Муталлибовлар иштироки ва таҳрири остида. – Тошкент: Фан, 1967.
5. ДЛТ 2005 – Кашгари, М. Дивану лугат ат-тюрк [Текст] / М. Кашгари; пер., предисл. З.- А. М. Ауэзовой. – Алматы: Дайк-Пресс, 2005.
6. ДЛТ 2010 – Махмуд ал-Кашгари. Диван лугат ат-турк (Свод тюркских слов). В 3-х томах. Т. 1. Пер. с араб. А.Р. Рустамова под ред. И. В. Кормушина [Текст] / Махмуд ал-Кашгари. – М., 2010.
7. ДЛТ 2016 – Кошғарий, Маҳмуд. Девону-луғати-т-турк (Туркий сўзлар девони) / Таржимон ва нашрга тайёрловчи С. М. Муталлибов. Нашрга тайёрл. Ҳ. Болтабоев, Б. Исабеков. Масъул муҳаррир.: Ҳ. Дадабоев. – Тошкент, MUMTOZ SO‘Z, 2016.
8. ДЛТ 2017 – Кошғарий, Маҳмуд. Девону-луғати-т-турк (Туркий сўзлар девони) / Нашрга тайёрловчи Қ. Содиқов. – Тошкент: Ғ. Ғулом номидаги нашриёт-матбаа ижодий уйи, 2017.
9. Жўраев 1969 – Жўраев Б. Юқори Қашқадарё ўзбек шевалари. – Тошкент: Фан, 1969.
10. Киргизско-русский словарь. Составитель К.К. Юдахин. Книга 1. А – К. – Фрузе, 1985.
11. Марқаев 2021 – Марқаев К. Ўзбек этнонимлари. – Қарши: Intellekt, 2021.
12. Нафасов 2009 – Нафасов Т. Қашқадарё қишлоқномаси. – Тошкент: Муҳаррир, 2009.
13. Нафасов 2011 – Нафасов Т. Қашқадарё ўзбек халқ сўзлари луғати. – Тошкент: Муҳаррир, 2011.
14. Нематов, Расулов – Нематов Ҳ., Расулов Р. Ўзбек тили систем лексикологияси асослари (Олий ўқув юрти талабалари учун қўлланма). – Тошкент: Ўқитувчи, 1995.
15. Ойноткинова, Миндибекова, Юша 2018 – Ойноткинова Н. Р., Миндибекова В. В., Юша Ж. М. Миф и ритуал тюркских народов Южной Сибири (алтайцев, хакасов, тувинцев). – Астана: Ғылым баспасы, 2018.
16. Осмоналиева Б. Об отражении лексики киргизского языка в словаре Махмуда Кашгари «Дивану лугат-ит-тюрк» // Советская тюркология,1, 1972. – С. 97-99.
17. Тўйчибоев, Қашқирли 2012 – Тўйчибоев Б. Қашқирли Қ. Зоминнинг тил қомуси. - Тошент: Akademnashr. 2012.
18. Тұрсынова, Бидола 2016 – Тұрсынова М.А. Бидола П. Түркі тілдері лексикасын салыстыра зерттеу тәжірибесінен // Ұлы Дала» I-ші гуманитарлық ғылыми форумының материалдары – Материалы I форума гуманитарных наук «Великая Степь». – Астана: Международная Тюркская Академия, 2016. – Б. 319-327.
19. Қазақша – орысша сөздiк / https: // sozdik.kz.
20. Қалиев 2014 – Қалиев Б. Қазақ тілінің түсіндірме сөздігі. – Алматы, 2014.
21. Ўзбек диалектологиясидан материаллар. В. В. Решетов таҳрири остида. – Т., 1961.
22. ЎТИЛ 2008 – Ўзбек тилининг изоҳли луғати. 5 жилдли. Шукрона – Ҳ. А. Мадвалиев таҳрири остида. Тошкент, 2008.
23. ЎХШЛ 1971 – Ўзбек халқ шевалари луғати. Масъул муҳаррир Ш.Ш. Шоабдураҳмонов. Тошкент: Фан, 1971.
24. ЭСТЯ 1978 – Этимологический словарь тюркских языков: Общетюркские и межтюркские основы на букву 'Б' / Сост. Э.В. Севортян. – Москва: Наука, 1978.
25. Tog‘ayev 2019 – Tog‘ayev T. Turkiy yozma yodgorliklar tilidagi so‘zlarning o‘zbek shevalarida qo‘llanishi // Oltin bitiglar – Golden scripts, 2019/3. – Toshkent, 2019. – B. 107-127.
26. Arıkoğlu 2005 – Arıkoğlu E. Örnekli Hakasça – Türkçe Sözlük. – Ankara, 2005.
27. Derleme Sözlüğü 1993 – Türkiye’de Halk Ağzından Derleme Sözlüğü. II B. 2. Baskı. – Ankara: AÜ Basımevi, 1993.
28. DLT 1941 – Divanü Lugat-it-Türk Tercümesi. Çev. B. Atalay. Cilt III. – Ankara, 1941.
29. DLT 1941, facsimile – Besim Atalay. Divanü Lugat-it-Türk Tıpkıbasımı “Faksimile”. – Ankara, 1941.
30. DLT 1943 – Divanü Lugat-it-Türk Tercümesi. Çev. B. Atalay. Cilt IV. – Ankara, 1943.
31. DLT 1985a – Divanü Lūgat-it Türk Tercümesi. Çev. B. Atalay. Cilt I-IV. TDK yayınları: 521–524. – Ankara, 1985.
32. DLT 1990 – Divanü Lugat-it-Türk. (Tıpkıbasım). Kültür Bakanhğı Yayınlan, Ankara, 1990.
33. DLT 2005 – Kaşgarlı Mahmud. Divänü Lugati't-Türk. Çeviri, Uyarlama, Düzenleme Seçkin Erdi, Serap Tugba Yurteser. İstanbul: Kabalcı Yayınevi, 2005.
34. DLT 2006 – Mahmud Kaşğari. Divanü lüğat-it-türk. I cild. Tərcümə edən və nəşrə hazırlayan: R. Əskər. – Bakı: Ozan, 2006.
35. DLT 2006 – Mahmud Kaşğari. Divanü lüğat-it-türk. II cild. Tərcümə edən və nəşrə hazırlayan: R. Əskər. – Bakı: Ozan, 2006.
36. DLT 2006 – Mahmud Kaşğari. Divanü lüğat-it-türk. III cild. Tərcümə edən və nəşrə hazırlayan: R. Əskər. – Bakı: Ozan, 2006.
37. DLT 2014 – Kaşgarlı Mahmud. Divänü Lugati't-Türk. Hazırlayanlar: Ahmet B. Ercilasun Ziyat Akkoyunlu. – Ankara, TDK, 2014.
38. Kırım Tatar Sözlüğü 2017 – Polatlı Kırım Tatar Türkçesi Sözlüğü. Hazırlayanlar D. Evirgen, C. Evirgen. – Ankara, 2017.
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q