Margʻilonda askiya maktabi ochiladi, degan xushxabar sanʼatsevarlar orasida tez tarqaldi. Voqea bunday boʻlgan edi: poytaxtimizdagi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida nishonlangan Navroʻz tantanalarida Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatlar va milliy madaniyat markazlarining koʻrgazmalari bilan tanishuv chogʻida fargʻonaliklar bilan ham suhbatlashdi. Sanʼatkorlar davlat rahbariga viloyatda maqom maktabi tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirib, Margʻilonda askiya maktabini ochish taklifini oʻrtaga tashladilar. Tashabbus oliy darajada qoʻllab-quvvatlandi.
Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarining tarixiy markazlari UNESCOning Umumjahon madaniy merosi roʻyxatiga, “Boysun madaniy muhiti”, “Shashmaqom musiqasi”, “Navroʻz”, “Katta ashula”, “Askiya”, “Xorazm lazgisi” Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga, Usmon Qurʼoni, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qoʻlyozmalar xazinasi, Xiva xonligi devonxonasi hujjatlari Jahon xotirasi roʻyxatiga kiritilgani yurtimiz madaniy merosining dunyo miqyosida eʼtirof etilganiga yorqin misoldir.
Xususan, 2014-yil 27-noyabr kuni UNESCO bosh qarorgohida oʻtkazilgan Nomoddiy madaniy meros qoʻmitasining 9-sessiyasida xalqimizning askiya sanʼati ham reprezentativ roʻyxatga kiritilgani tarixiy voqea boʻldi.
“Askiya” asli arabcha boʻlib, “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da yozilganidek, “ziyrak, aqlli, zehnli, qobiliyatli” maʼnolarini ifodalovchi zakiy (“زڪ”) soʻzining koʻplik shakli azkiyo (“ازڪڍا”)dan kelib chiqqan. Davrlar oʻtishi bilan fonetik jihatdan oʻzgarib, hozirgi koʻrinishga kirgan. Asl maʼnosini (ziyraklar, zakiylar) mumtoz adabiyotimizda saqlagan holda, bugungi oʻzbek tilida xalq ogʻzaki ijodi janri nomi sifatida qoʻllanmoqda.
Askiya juda katta hayotiy tajriba, bilim va ijodkorlikni, farosat, aql-idrok, ziyraklik bilan fahmlash, savollarga oʻrinli, munosib javob berishni talab qiladigan soʻzamollik bellashuvidir. Askiyachilik sanʼatida soʻzga chechan, hozirjavob, hazil-mutoyibaga moyil, zakovatli, topqir, badihagoʻy kishilar bir-biriga “raqib” sifatida qarama-qarshi turib soʻz oʻyini qiladilar.
Kundalik hayotda, oʻtirishlarda, toʻy-tomoshalarda, turli sayl va bayramlarda asrlar davomida ijro etib kelinayotgan askiya soʻz sanʼati oʻzbek xalqining milliy jihatlarini, xususan, oʻzbek tilining oʻziga xosligini namoyon etadi. Odamlarimiz azaldan zakiy, nozikfahm va hozirjavob boʻlgani bois askiya bizda alohida janr sifatida rivojlanib, sanʼat darajasiga koʻtarilgan. Kulgi qoʻzgʻatuvchi soʻz va qochirimlar, hozirjavoblik va zakiylikni namoyon etuvchi soʻz oʻyinlari, hazil-mutoyibalar, askiya va payrovlar yuz yillar mobaynida hayotiy tajribalar negizida yaratilgan.
Askiya va payrovlar inson tafakkurining hozirjavobligi, zehni oʻtkirligi, aql-idrok va donoligini bildiradi, uning negizida soʻz oʻyinlari, qochiriqlar, chandishlar, kinoyalar, mubolagʻalar yotadi. Askiya fikrlash musobaqasidan iborat soʻz sanʼati hamdir. Shu maʼnoda yoshlarimizni soʻzga chechan, zakiy va nozikfahm qilib tarbiyalashda katta rol oʻynaydi.
Soʻzamollik va qochiriqlarga moyillik oʻzbek xalqiga xosdir. Bu haqda L.Bat “Unutilmas uchrashuvlar” kitobida shunday yozadi: “Oʻzbek poeziyasi hikmatli maʼnolarga boyligi, yashirin fikr sehri bilan ajralib turadi. Soʻzamollik oʻzbeklarga xos xususiyatlardan biridir”. Turli xalq vakillari oʻzbek askiyabozlarining sanʼatiga, bu janrning betakror ifoda shakli, ekspromt, ijrochilik xususiyati va boshqa antiqa jihatlariga lol qolganliklari haqida maʼlumotlar mavjud.
Oʻrta Osiyo xalqlari hayotining tadqiqotchisi N.S.Likoshin “Turkistonda yarim umr” (“Pol jizni v Turkistane”) kitobida: “Oʻzbek xalq sanʼati va oʻyinlari orasida askiya eng fikrga boy, kishilar hissiyotiga va ongiga taʼsir etuvchi eng taʼsirchan vosita, kishini hayratda qoldiradigan original bahs (disput)dir”, deb baholaydi. Oʻzbek sanʼati tadqiqotchilaridan biri, yirik olim A.L.Troiskaya askiya boʻlayotgan vaqtda tinglovchilarning yiqilgunga qadar kulishganini kuzatib, bu sanʼatning taʼsir kuchiga lol qolgani haqida yozadi.
Har bir xalqda hazil-mutoyiba, aytishuv, askiya mavjudligini inkor etmasligimiz lozim. Masalan, qozoq va qirgʻiz xalqlarida “aytis” janri, Yevropa xalqlaridagi intermediyalar hozirjavoblik bilan ijro etiladi. Baʼzan latifalarda askiyaga oʻxshash vaziyatlar ham uchraydi. Ammo askiya boshqa xalqlarda muayyan xususiyatlarga ega alohida janr sifatida yoʻq. V.G.Belinskiy toʻgʻri taʼkidlaganidek: “Xalqning fikrlash va his etish tarzida ham milliy xususiyat namoyon boʻlishi kerak”. Oʻzbek askiyasi boshqa xalqlarning oddiy hazil-mutoyibasidan farq qiladigan muhim jihati shundaki, milliy janr sifatida sanʼat darajasiga koʻtarilgan hamda xalqaro miqyosda tan olingan.
Askiya alohida janr sifatida XV asrdan shakllangan. Tarixchi olim B.Ahmedovning aytishicha, askiya Amir Temur davrida ancha rivojlangan. Sohibqironning oʻzi ham yaxshigina askiyachi boʻlgani haqida maʼlumotlar bor. “Baliq ovi”dan askiya qilishni yaxshi koʻrarkan. Boyazid ham chiroyli kinoya qilgan ekan: “Dunyo bir koʻr bilan bir choʻloqqa qolganini qara”, deb.
Alisher Navoiy yashagan davrda adabiyot va sanʼat nihoyatda rivojlandi. Shoir Zayniddin Mahmud Vosifiy yozishicha, Hirotda badiiy soʻz ustalari – Hofizi Bosir, Hofizi Mir, Hofizi Hasan Ali, Hofizi Sulton Mahmud bishi, Shod Muhammad kabi ajoyib kishilar yashagan. Hirotning mashhur askiyachilaridan Mirsarbar Raxno, Burhoni gung, Hasan Voiz, Sayid Gʻiyosiddin Sharfi, Xalil Sahhob, Muhammad Badaxshilar oʻtkir soʻz sanʼatkorlari boʻlib tanilgan. Navoiy zamondoshi Muhammad Badaxshini “askiyaning piri” deb atagan.
“Askiya” atamasi taxminan XVII asrdan boshlab isteʼmolga kirgan. Undan oldin “aytish” va “zarofat” atamalari qoʻllangan. Zarafshon, Qashqadaryo va Surxon vodiysida suxanpardozlarning tortishuvlari ham “aksiya” deb yuritiladi.
XVIII–XIX asrlarda askiyachilik, ayniqsa, Fargʻona vodiysi (ayniqsa, Qoʻqon va Margʻilon) va Toshkentda rivojlangan. Bachqir qishlogʻi (Fargʻona vodiysi)da dehqon yuzboshi Shernazarov (1860–1942) va Zangiota qishlogʻi (Toshkent)da Saidahmad askiyachi (1880–1940) kabi mashhurlar oʻtgan. Ularning anʼanalarini XX asrning 40-yillaridan keyin Erka qori Karimov, Mamayusuf Tillaboyev, Yusufjon Qiziq Shakarjonov, Rasul qori Mamadaliyev, Aka Buhor Zokirov va boshqalar davom ettirdilar. 1950-yillardan askiya konsert dasturlariga ham kiritildi. Lutfixonim Sarimsoqova, Joʻraxon Sultonov, Maʼmurjon Uzoqov, Muhammadjon Mirzayev, Gʻanijon Toshmatov, Gavhar Rahimova, Soyib Xoʻjayev kabi sanʼatkorlar askiyani teatr sahnasiga olib chiqib, tomoshabinlarga manzur qilganlar.
Soʻz ustalari Hoji Siddiq Islomov, Tursun buva Aminov (Ijroqoʻm buva), Sulaymon qori, Oxunjon Qiziq, Usmon qori, Joʻraxon Sultonov, Gʻanijon Toshmatov, aka-uka Madaminjon va Zaynobiddin Yusupovlar, Mamaroziq Isʼhoqov, Rahmatqul va Abdullajon Yasharovlar, Abdulhay Maxsum Qozoqov, Mamajon Madaminov, Gʻulomjon Roʻziboyev, Abulqosim Toʻychiyev, Hasanboy Sultonov, Joʻraxon Poʻlatov, Neʼmatjon Toshmatov, Mamasidiq Sherayev, Hotamjon Teshaboyev, Erkinjon Saidahmedov, Abdusamad Yusupov, Mansurjon Oxunov, Bahodirjon Shokirov, Olimjon Usmonov, Qahramon Abduvaliyev, Abdurahmon Qulmatov, Jumaboy Huraliyev, Gʻofirjon Mirzayev, Hotamjon Hakimjonov, Mamasidiq Alixonov, Qahramon Abduvohidov, Toshkentda aka-uka Shojalilovlar askiya rivojiga katta hissa qoʻshdilar.
Askiya sanʼatini oʻrganishga qiziqish 1960-yildan eʼtiboran boshlandi. Shungacha Sharif Rizoning 1940-yili “Guliston” jurnalining 4-sonida bosilgan “Xalq sanʼatkorlari” maqolasi bilan A.L.Troiskayaning “Oʻzbekiston xalq teatri” qoʻlyozmasida askiyaga bagʻishlangan bir boʻlimcha hamda oʻzbek satirasi muammolariga bagʻishlangan ayrim maqolalar bor edi, xolos.
1962–1965-yillari Fargʻona vodiysi anʼanaviy teatrini oʻrganish boʻyicha uyushtirilgan ekspeditsiyalar davrida olimlar qatorida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, sanʼatshunoslik fanlari doktori Muhsin Qodirov ham askiyani tadqiq etish va yozib olishga eʼtibor berdi. Mavzuni birinchi boʻlib atroflicha oʻrgangan olim esa Rasul Muhammadiyev hisoblanadi. Domla oʻzi ham yaxshigina askiyachi boʻlgan. Uning saʼy-harakati bilan Toshkent davlat universiteti uch bor askiya ekspeditsiyasini tashkil etadi, koʻp marta askiyachilar bir joyga yigʻiladi, yangidan-yangi payrovlar yozib olinadi, suhbatlar oʻtkaziladi. Izlanishlar natijasi R.Muhammadiyevning 1962-yili bosilgan “Askiya” nomli ilmiy ishida va 1970-yili chop etilgan “Askiya” toʻplamida umumlashtiriladi. Bulardan tashqari 'Askiya' hujjatli filmi (rej.: M.Qayumov) ham yaratildi.
Bugungi kunda Margʻilonda Mamasidiq Sherayev yetakchiligida, Qoʻqonda Akromjon Anvarov boshchiligida, Xonobodda Muhiddin Sultonov, Norinda Gʻofurjon Mirzayev rahbarligida askiyachilik maktablari faoliyat yuritmoqda. Shulardan Neʼmatjon Toshmatov “Shuhrat” medali, Abdulhay Maxsum Qozoqov, Gʻulomjon Roʻziboyev, Hotamjon Hakimjonovlar Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Hasanboy Sultonov, Rustam Hamroqulov, Joʻraxon Poʻlatov, Mamasidiq Sherayevlar Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist unvoni bilan taqdirlangan.
Askiyani oʻrganishga qiziqish natijasi oʻlaroq R.Muhammadiyevning “Askiya” toʻplami (1970), M.Qodirovning “Oʻzbek xalq tomosha sanʼati” (1981), “Tomosha sanʼati oʻtmishidan lavhalar” (1993), “Oʻzbek anʼanaviy teatri” (2010) kitoblari, “Kulgi ustalari” oʻquv qoʻllanmasi (2008), Hasanboy Sultonovning “Askiya” (1998), Said Anvarning “Abdulla qiziq nima deydi?” (2006), Ubaydulla Abdulla va Iskandar Rahmonning “Kulganlar darmonda, kulmaganlar armonda” (2007), mazkur maqola muallifining “Askiya matnining lingvostilistikasi” monografiyasi (2015), “Askiya – soʻz oʻyinlari sanʼati” (2021), S.Mannopovning “Askiya va qiziqchilik sanʼati” (2020) singari kitoblari nashrdan chiqdi. Askiya soʻz sanʼatini ilmiy jihatdan oʻrganishga qaratilgan maxsus tadqiqotlar amalga oshirildi. Kamina tomonidan nomzodlik va doktorlik dissertatsiyasi himoya qilindi.
Fargʻona sanʼat maktabi askiyachilik yoʻnalishida oʻquvchilar ushbu janr sir-asrorlarini oʻrganmoqda. Respublikamizdagi oliy oʻquv yurtlari filologiya yoʻnalishi talabalari tomonidan maxsus dialektologik amaliyot olib borilmoqda. “Ruxsor” televideniyesi orqali “Ustozlar bisotidan”, “Kulgi” kabi bir necha ruknlar ostida askiya lavhalari muntazam ravishda efirga uzatilmoqda. Ayniqsa, har yili muntazam ravishda Askiyachi va qiziqchilar respublika tanlovi oʻtkazilayotgani, bogʻlarda Askiya sayllari tashkil qilinayotgani, milliy bayramlarimizda askiyachilar chiqishlariga keng oʻrin berilayotgani minglab tinglovchilarga yaxshi kayfiyat bagʻishlab kelmoqda.
Askiya sanʼatini yanada ommalashtirish boʻyicha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev alohida tashabbus koʻrsatgani, Margʻilonda askiya maktabi bunyod etish boʻyicha topshiriq bergani muhim voqea boʻldi. Bu kabi saʼy-harakatlar oʻzbek askiyachilik sanʼatining xalqaro miqyosda yanada yoyilishiga, yoshlarni nozikfahm, soʻzga chechan va zakiy etib kamol toptirishga xizmat qiladi.
Hikmatullo DO‘SMATOV,
Farg‘ona davlat universiteti dotsenti,
filologiya fanlari doktori
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q