Oʻzida rassom, haykaltarosh va dizaynerlik koʻnikmalarini umumlashtirgan kasb – sayyohlar mehrini qozongan buxorolik qoʻgʻirchoq ustalar ijodi


Saqlash
17:39 / 30.03.2023 2611 0

Jahonning eng qadimiy shaharlaridan boʻlgan Buxoro, oʻzining tarixiy obidalaridan tashqari hunarmand aholisi bilan ham ajralib turadi. Shaharning “Eski shahar” hududidan joy olgan qator doʻkonlarda mahalliy aholi hunarmandchilik faoliyatini olib borish bilan bir qatorda, oʻzlari yasagan mehnat mahsullarining savdosi bilan ham shugʻullanadi. Doʻkonlar koʻp, lekin hech qaysi mahsulot bir-birini takrorlamaydi. 

 

 

Xususan, Buxoroning markaziy Labi-hovuz maydonida, Xoʻja Nasriddin afandi haykali yaqinida ham ajoyib bir manzil bor ekan. Uning yaratilish tarixi sizga ham qiziq boʻlsa, ajabmas. Bu maskanda qoʻlda harakatga keltirish mumkin boʻlgan qoʻgʻirchoqlar –  marionetkalar yasab, sotiladi. Ular oddiy qoʻgʻirchoq emas, Buxoroning tarixiy shaxslari, anʼanaviy sharq ertaklari va xalq qahramonlarini oʻzida aks ettirgan, koʻpincha xorijdan kelgan mehmonlarga tasodifan oʻxshash boʻladigan qoʻgʻirchoqlardir. 

 

 

Filologlikdan qoʻgʻirchoq ustasigacha

 

Mutaxassisligi filolog boʻlgan Iskandar Hakimov 25 yil muddat turizm sohasida faoliyat yuritib, keyinchalik, Oʻzbekistonda dastlabki xususiy qoʻgʻirchoq teatrlaridan birini tashkil etgan. Umri davomida kasbini bir necha bor oʻzgartirgan ustaning qoʻgʻirchoqlar yaratish bilan shugʻullanayotganiga esa yaqinda 30 yil toʻladi. Iskandar Hakimov milliy qoʻgʻirchoqlar ustasi va Buxoro suvenir qoʻgʻirchoqlarining asoschisi sanaladi. Bundan tashqari, biz ushbu maqolada tilga oladigan “Oʻzbekiston qoʻgʻirchoq teatrining tarixi” nomli ekspozitsiyani ham tashkil etgan. 

 

 

Qoʻgʻirchoq ustasi ekskursovodlik faoliyati davrida koʻplab turistlar bilan ishlab shuni anglaganki, mehmonlarga nafaqat tarixiy obidalar-u, yuz yillik tarix haqida gapiruvchi raqamlar, balki, Buxoroning milliy marosimlari va urf-odatlari haqidagi maʼlumotlar ham qiziq.  

 

 

 

Eski shahar hududidagi choyxona oldidan oʻtgan turistlar esa u yerda tayyorlanayotgan milliy taomlar hididan “mast” boʻlgan. Turistlar choyxonada anʼanaviy osh va bir piyola koʻk choy ustida turli marosim va bizning milliy odatlarimiz haqidagi hikoyalarni miriqib tinglagach, koʻpincha milliy toʻylar haqida savollar bergan. Shundan keyin Iskandar aka “Buxorocha toʻy” etnografik teatrini sahnalashtirish uchun materiallar yigʻa boshlagan.  

 

 

Gʻoyaning amaliyotga tatbiq qilinishida esa unga doʻsti Ilhom Rahmonov yordam beradi. Teatr uchun ssenariy Iskandar Hakimov tomonidan yozilsa, qolgan tashkiliy ishlarni doʻsti amalga oshiradi. Ular birgalikda bir nechta etnografik teatrlarni sahnalashtirishga muvaffaq boʻlsalar-da, izchillik boʻlmagani uchun, teatr targʻiboti biroz oqsaydi. Qolaversa, 25 tadan koʻp ishtirokchini oʻz ichiga olgan guruh yigʻish ham murakkablik keltirib chiqargan. Shundan keyin ular ijodiy jamoa bilan xayrlashib, toʻy-marosimlarning ogʻzaki hikoyasiga qaytishga majbur boʻladi. 

 

 

Oʻzbekistondagi birinchi xususiy qoʻgʻirchoq teatri

 

Teatr namoyishini kamroq artistlar ishtiroki bilan oʻtkazish uchun nima qilish mumkinligi haqida oʻylab yurgan Iskandar Hakimovda qoʻgʻirchoq teatri tashkil qilish gʻoyasi paydo boʻladi. Biroq, avvallari qoʻgʻirchoqlar bilan hech ishlamagan odam sifatida maqsadni reallikka koʻchirish biroz oʻylantirib qoʻyadi. Unga Buxoro Qoʻgʻirchoq teatrining bosh rassomi Erkin Joʻrayev haqida aytishadi. Rassom Erkin Joʻrayev, Iskandar akaning gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlaydi va ishga teatr bosh rejissyori Boʻron Akobirovni ham jalb etadi. Shu tariqa, Buxorodagi ilk xususiy qoʻgʻirchoq teatrining asosi shakllanadi.  

 

 

Qoʻgʻirchoq teatrlari tugatilgach, koʻpincha xorijlik mehmonlar artist va qoʻgʻirchoqlar bilan yaqindan tanishish maqsadida, sahna orti ijodkorlariga yuzlangan. Unda turli savollar ichida doimiy takrorlanadigani — “Bu kabi qoʻgʻirchoqlarni qayerdan sotib olish mumkin?” degan soʻroq boʻlgan. U vaqtda shaharda marionetkalar savdosi boʻlmagan. Iskandar esa bir necha bor teatrdagi hamkasblariga anʼanaviy qoʻgʻirchoqlar tayyorlash taklifini beradi.   

 

Teatrning ajralmas qoʻgʻirchoq-qahramoni va uning hayotdagi prototipi  

 

Bir kuni Iskandar akaning qoʻgʻirchoq yasash faoliyatini yoʻlga qoʻyishiga sabab boʻlgan voqea yuz beradi:  

 

 

Sanʼatshunosni zudlik bilan ishga chaqirishadi. Bunga sabab esa teatr yakuniga yetgach, yaponiyalik mehmon bir qoʻgʻirchoqni qoʻliga olib, qaytarmaslikka qaror qiladi. Unga koʻra, sahnada rol ijro etgan qoʻgʻirchoq yaponiyalik tomoshabinga juda oʻxshash boʻladi. Bir guruh odamlar orasiga yetib kelgan Iskandar Hakimov qoʻgʻirchoqni mahkam quchoqlab olgan, butun vujudi bilan uni qaytarmaslikka harakat qilayotgan qizni koʻradi. Iskandar tarjimonlar orqali qizga qoʻgʻirchoqni qaytarishi zarurligi, u qahramonsiz teatr oʻtkazish qiyin boʻlishini tushuntirishga harakat qiladi.  

 

 

Biroq, urinishlar samarasiz kechadi. Yapon qiz boshini koʻtarganida esa ular bir-biriga qanchalik oʻxshash ekaniga Hakimovning oʻzi ham tan beradi va qoʻgʻirchoqni qaytarib olish imkonsiz ekanini tushunadi. Shundan keyin u hamkasblariga ushbu qoʻgʻirchoqni qizga sotib, teatr uchun yangisini yasash taklifini beradi. Va aynan oʻsha kecha Iskandar Hakimov yangi kasb egallashga qaror qiladi. 

 

 

Qoʻgʻirchoqlarni yasash bosqichlari va zarur xomashyolar

 

Tayyor qoʻgʻirchoqlarga bir qarashda uning yasalishi ham oddiy tuyuladi. Biroq, qoʻgʻirchoq ustalari oʻzida rassom, haykaltarosh va dizaynerlik koʻnikmalarini umumlashtirgan boʻlishi zarur. 

 

 

Qoʻgʻirchoqlarni yasash jarayonida haykaltaroshlik uchun maxsus plastilin, qogʻoz, un, qum qogʻoz, suv-emulsionli va yogʻli boʻyoqlar, guash, boʻyash va chizish uchun choʻtkalar, karton, yogʻoch, turli ipak, velyur hamda paxta matolar, xomsurp va boshqalar zarur boʻladi. 

 

 

Avvaliga, eskiz chizilib, maxsus plastilin va loy bilan qoʻgʻirchoqlarning bosh qismi yasaladi va gips yordamida ikki qismli shakl quyiladi. Shundan soʻng, kleyster (un va suv bilan tayyorlangan kley) yordamida mayda qogʻoz boʻlaklari forma ustidan 10-12 qavatgacha yopishtirib chiqiladi.  

 

 

Keyingi kun avvaldan tayyorlangan qoʻgʻirchoq qismini qolipdan ajratilib, ortiqcha qisimlari kesiladi va qum qogʻozda silliqlanadi. Soʻng, 2 qatlam qogʻoz yopishtirilib, qayta silliqlangach, maxsus boʻyoq bilan qoplanib, yana silliqlanadi. 

 

 

Bundan keyin esa 5-7 kungacha vaqt talab etadigan jarayon boshlanadi. 

 

 

Jarayon uzoq, biroq ularga sarflanadigan aniq muddatni aytish murakkab, sababi, yuqorida aytilgan quritish va boshqa kutish talab etiladigan vaqtlarda boshqa qoʻgʻirchoqlar ustida ishlanadi. Yaʼni, bir vaqtni oʻzida bir nechta qoʻgʻirchoq ustida ishlanadi. Umumiy qilib, bir oydan 3 oygacha muddat talab etiladi deyish mumkin.

 

 

Yasash jarayoni tuyulgani kabi oson boʻlmagani, sarflanadigan xomashyolar ham koʻp boʻlgani sababli va asosiysi, mehnat, talant va anchagina vaqt talab etilgani bois qoʻgʻirchoqlarning narxi yetarlicha qimmat.

 

 

 

 

 

Qoʻgʻirchoqlarning xorijdagi chiqishlari

 

Ustaxonada “dunyoga kelgan” qoʻgʻirchoqlar oʻsha xonadagina qolib ketmay, u yerga kelgan xorijiy mehmonlar tomonidan sotib olinadi. Baʼzan 2 ta, 4-5 talab xarid qilinsa, baʼzi turistlar toʻliq kolleksiyani vataniga olib ketishga qaror qiladi.

 

 

Bundan tashqari, Iskandar Hakimov va uning shogirdlari tomonidan yaratilgan qoʻgʻirchoqlar kolleksiyasi bir necha davlatni, Yevropa mamlakatlarini “koʻrishga” ham ulgurgan. Ular turli mamlakatlardagi koʻrgazmalarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Baʼzilari esa xorijdagi muzeylardan ham oʻrin olgan.

 

 

Shu tariqa, oʻzbek qahramonlari, hunarmandchiligi va xalq ertaklari dunyo miqyosida eʼtiborga tushib, ommalashishiga ushbu qoʻgʻirchoqlar, aniqroq aytadigan boʻlsak, ularni “dunyoga keltirgan” Iskandar, Zokir ustalar va ularning shogirdlari sabab boʻlib kelmoqda.   

 

  

Avvaliga, Iskandar usta faqat xalq qahramonlari va ertaklari asosida qoʻgʻirchoqlar yaratgan boʻla, keyinchalik shogirdi Zokir ustaga oʻzi istagan qoʻgʻirchoqlarni yasab, ularga nom berish imkonini beradi. Endi qoʻgʻirchoqlar qatoridan Xoʻja Nasriddinning turli davrlardagi koʻrinishi, Ali bobo, sovet va armyan teatri aktyori Fruzik Mkrtchyan, rossiyalik teleboshlovchi Leonid Yakubovich, fizik Albert Eynshteyn, “Xoʻja Nasriddin Buxoroda” filmidagi astrolog Guseyn Gusliyalar ham oʻrin olgan.

 

Eng qizigʻi, hali-hanuz taxminiy yasalgan qoʻgʻirchoqlar, muzeyga tashrif buyurgan turistlarga kutilmaganda oʻxshash boʻlib chiqadi. Usta esa ularni suratga olib, qoʻgʻirchoq oldiga joylab qoʻyadi. Bundan tashqari, maxsus kolonkada milliy musiqalarni qoʻyib, qoʻgʻirchoq ijrosini ham amalga oshiradilar. Bu jarayon, tabiiyki, boshqa turist va mahalliy tashrif buyuruvchilarning ham diqqatini tortmay qolmaydi. 

 

 

 

Matn va foto Muqaddas Musayeva. 

Oyina.uz 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 43
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 236
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22076
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//