“Oltin asr”, “Jinnilik sahifasi”, va “Janna d’Arkning ehtiroslari” – kinematografiyada inqilob yasagan art-хaus filmlar o’ntaligi


Saqlash
22:11 / 29.03.2023 1995 1

Tomoshabin dunyoqarashini kengaytiruvchi, hayot voqeliklari va borliqqa nisbatan fikrlarini o'zgartirishga majbur etuvchi kartinalar art-хaus yoki mualliflik filmlari deyiladi. Odatda, ularning muxlislari kam, tomoshaviylik koʼrsatkichi ham past bo’lib, kinoklublarda maxsus namoyish etiladi. Art-хaus filmlar ko’pchilik o’rganib qolgan jangari, komedik, tez suratli epizodlardan farqli, uzundan uzun kadrlar, personajlarning zerikarli dialoglari va muallifning ijodiy chegarasizligi bilan ajralib turadi. Kino san’ati endi rivojlana boshlagan ovozsiz filmlar davrida (1895-1930-yillar) ham bir qancha ana shunday mualliflik, syurrealistik kartinalar yaratilgan. Quyida eʼtiboringizga o’sha davrda suratga olinib, kino tarixida inqilobiy iz qoldirgan eng mashhur filmlar 10 taligini havola etamiz:

 

1. “Toqatsizlik”, rej. Devid Uork Griffit, 1916 yil.

Filmdan dunyo tarixi va madaniyatida muhim ahamiyat kasb etgan to'rtta voqelik: afsonaviy Bobilning qulashi, Iso Masihning hayoti, Avliyo Bartolomey kechasi va 20-asr Amerikasidagi o'z ozodligi uchun jonini berishga tayyor odamlar haqidagi hikoyalar oʼrin olgan. Rejissyor Devid Griffitning "Toqatsizlik" va "Millatning tug'ilishi"(1915) filmlari ovozsiz kino davrining eng yirik epopeyalari edi. Aynan shu ikki kartinadan keyin kinoga nisbatan tushunchalar anchayin o'zgaradi.

 

 

 

2. “Doktor Kaligari kabineti”, rej. Robert Viene, 1920-yil.

“Doktor Kaligari kabineti” inson ongining o'zgargan holatlarini aks ettiradigan birinchi kartina ekani bilan diqqatga sazovordir. Shuningdek, u kinematografiya tarixida nemis kinoekspressionizmining boshlanishi va keyingi 20 yilligiga zamin yaratgan film edi.

 

 

3. "Potyomkin jangovar kemasi", rej. Sergey Eyzenshteyn, 1925 yil.

Film syujetida 1905-yilning yozida "Knyaz Potemkin-Tavricheskiy" kemasidagi dengizchilar qo'zg'oloni va ularni qo'llab-quvvatlash uchun ko'chalarga chiqqan Odessa aholisining Rossiya imperiyasi qo'shinlari tomonidan qatl etilishi aks ettirilgan. Ushbu film kinematografiya tarixidagi eng muhim asarlardan biri hisoblanadi, chunki rejissyor unda ilk marta tajribaviy va innovatsion montaj usullarini qo'llagan.

 

4. “Metropolis”, rej. Fritz Lang, 1927 yil.

Nemis kinoekspressionizmining yuqori nuqtasi bo'lgan ilmiy-fantastik, antiutopik film. Filmda jamoaviy kastalarga bo'lingan kelajak shaharlaridagi hashamat va isrofgarchilikka botgan hukmron sinf boshqaruvidagi hayot gavdalantirilgan. U yerda ishchilar yer ostida, dahshatli sharoitda baxtsiz hayot kechiradi. Bir kuni yuqori shahar bosh hukmdorining o'g'li tasodifan zindondagi qizni uchratib qoladi. Yoshlarning munosabatlari qalinlashib, yigit qizning ish joyiga borishga qaror qiladi. Shu tarzda psixologik drama boshlanadi…

 

 

5. “Dengiz yulduzi”, rej. Man Rey, 1928 yil.

“Dengiz yulduzi” mashhur fransuz syurrealist rassomi Man Reyning avangard kinodagi eksperimenti bo’lib, kinematografiya tarixidagi dastlabki syurrealistik film hisoblanadi. Uni tasvirga olish uchun o'sha vaqtdagi eng yangi texnikalardan foydalanilgan boʼlib, yumshoq fokusli tortishish yordamida rejissyor to'lqinli shaffof oynadan suratga olish effektiga erishgan. Film syujeti erkakning uni hayajonga solgan ayoldan qo'rqishi haqida hikoya qiladi.

 

6. “Janna d’Arkning ehtiroslari”, rej. Karl Teodor Drayzer, 1928-yil.

Kartina Janna d'Arkning hayoti haqidagi hujjatlar asosida yozilgan protokollar va tergov sudi guvohlarining hujjatli bayonlariga asoslanadi. Unda tabiiylikka alohida e’tibor berilganidan aktyorlarga umuman grim ishlatilmagan. O'z davrida Britaniyada filmning namoyishi taqiqlangan. Ammo kartina nafaqat ovozsiz kino davrining eng yaxshi filmi, balki jahon kinematografiyasining zabt etilmagan cho'qqisi sifatida ham bir necha bor e'tirof etilgan.

 

 

 

7. “Andalusiya iti”, rej. Luis Bunuel, 1929 yil.

Ustara bilan kesilgan ko'z, qo'l kaftidan sudralib chiqayotgan chumolilar... Bu Luis Bunuel va Salvador Dalining hamkorlikdagi ijodi bo’lib, mualliflarga ko'ra, hech qanday sirli yoki yangi g'oya yaratishni maqsad qilinmagan. Yuqoridagi kabi kadrlarning hammasi syurrealistik tasvirlar bo'lib, undan ongli allegoriyalarni qidirmaslik lozim.  Chunki chindan ham filmdan asosiy maqsad – badiiyat(san'at)da irratsionalizm g'oyalarini olg'a surish edi.

 

8. “Oltin asr”, rej. Luis Bunuel, 1930 yil.

"Andalusiya iti" va uning  mantiqiy davomi hisoblangan “Oltin asr” 20-asr san'at va madaniyatining "Syurrealizmning manifesti" hisoblanadi. Ushbu filmda ham aniq syujet yo'q, kadrlar koʼp hollarda ajabtovur, bema'ni vaziyatlar, zo'ravonlik va shafqatsizlik tasvirlari bilan to'ldirilgan sahnalar to'plamidan iboratdek tasavvur uyg’otadi.  Bir qancha kinoshunoslar esa filmdagi erotik mavzularni poetik talqinda qabul qilish lozim ekanligini ta'kidlaydi.

 

 

 

9. “Jinnilik sahifasi”, rej. Teinosuke Kinugasa, 1926 yil.

Yapon kinematografiyasidagi ilk avangard film. Voqealar qizini suvda cho'ktirishga uringan ayol yotqizilgan psixiatriya klinikasida sodir bo'ladi. Uning eri, sobiq dengizchi, xotinini asirlikdan qutqarish uchun poliklinikada farrosh bo'lib ishga joylashadi. Ammo voqealar rivoji  shunday tus oladiki, tez orada erkakning o'zi ham aqlini yo’qotadi…

 

 

10. "Kichik Sherlok", rej. Buster Keaton, 1924 yil.

Mashhur komik rejissyor Buster Keatonning eng noyob filmlaridan biri bo’lgan kartina syujetida perfeksionist va detektiv ishqibozi bo’lgan yigit o'g'rilikda nohaq ayblanadi. Natijada tuhmatga uchragan qahramon sevgilisinikidan haydaladi. Tushkunlikka tushgan yigit uzoq uyquga ketadi va tushida ayblov ishini ajoyib tarzda tekshiradi. Filmning AQSh milliy kino reestriga kiritilgani ham alohida e’tiborga loyiq.

 

Asl kino muxlislari, vizual san'at estetikasidan boxabar insonlar va yosh ijodkorlar uchun ushbu filmlarni tomosha qilish tavsiya etiladi.

                                              Samandar EGAMBERDIYEV,

san’atshunos

1 Izoh

Muhammad Amin

23:04 / 11.04.2024

Haqiqatda o‘zgacha janr , bu filmlarni albatta ko‘rib chiqaman , ajoyib maqola uchun kattakon rahmat , bardavom bo‘ling

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 86
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 274
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22083
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//