Amir Temur davrida oilaga bo‘lgan e’tibor


Saqlash
11:09 / 28.09.2021 7437 0

 

Oila – insoniyat yaratilgandan boshlab davom etib kelayotgan bashariyat tarixining hamma davrlarida ham jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hisoblangan. Har bir jamiyatning taraqqiyoti va o‘rnatilgan tartib-intizomi undagi oilalarning mustahkamligiga va farovonligiga bog‘liq. Farzand oilada tug‘iladi, kamol topadi.

Jahon tarixida har bir mamlakatda o‘z xalqining millatga aylanishida, davlat bo‘lib shakllanishida va yuksak taraqqiyot yo‘liga chiqishida Yo‘lbrshchi degan sharafli nomga ega, tarixda o‘chmas iz qoldirgan buyuk shaxslarning xizmati katta bo‘lgan. Buyuk shaxslar ham oilada tug‘iladi, voyaga yetadi.

Har qanday tuzum mamlakat rahbarining shaxsi, uning fe’l-atvori, xatti-harakati, o‘ziga xos fikrlash tarzi, dunyoqarashiga qarab shakllanadi. Ba’zan esa rahbarning fe’l-atvoriga, ma’naviy, siyosiy irodasiga va qobiliyati sabab kutilmagan jarayonlar boshlanadiki, u jahon taraqqiyoti va insoniyat taqdirini tubdan o‘zgartirib yuboradi va tarix sahifalarida abadiy qoladi. Tarixda shunday qonuniyat mavjud: har bir Buyuk Yo‘lboshchini ma’lum davrda tarixning o‘zi tarbiyalayli va u millat, xalq va Vatanga rahnomalik qiladi.

Fransuz faylasufi Anri Puankare (1854–1919) millat yo‘lboshchilariga shunday ta’rif bergan: “Buyuk odamlarning dunyoga kelishi – Buyuk tasodifdir”. Buyuk siymolar tarix sinovlariga bardosh berib, tarixda o‘z qadr-qimmatlarini topishgan va insoniyat uchun doimo ibrat namunasi bo‘lib qolmoqda. Turon zaminidan yetishib chiqib, milliy davlatchilikni ravnaq toptirgan buyuk siymo, millatimiz timsoli Amir Temur ana shunday mashhur, buyuk zot hisoblanadi. Hanuzgacha jahonga o‘z ta’sirini ko‘rsatayotgan Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi asoschisi, Turon davlatining sultoni Amir Temur (1336–1405) dunyo tarixida odil hukmdor, mohir davlat arbobi, muzaffar sarkarda, bemisl diplomat, oliyjanob inson, mehribon oila boshlig‘i, ilm-fan va madaniyat homiysi sifatida XIV asrning oxirgi choragi XV asr boshlarida Sharq-u G‘arbda nihoyatda mashhur bulgan. Zero, Amir Temur tarixi bu bir shaxsning tarixi emas, u bus-butun millat, mamlakat, demakki, jahon tarixidir.

Amir Temur davrida oilalarga alohida e’tibor qaratilgan. Amir Temurning buyuk asari “Temur tuzuklari”ni varaqlar ekanmiz, oila masalasiga, farzandlar tarbiyasi va kelajagiga alohida e’tibor berilganligiga guvoh bo‘lamiz.

Buyuk sohibqiron Amir Temur oila qurish masalasiga davlat yumushlaridek juda jiddiy e’tibor bergan. Buyuk Sohibqiron xususan oila qurish, farzandlarni uylantirish va kelin tanlash haqida kuyidagi fikrlarni bildirgan: “O‘g‘illarim, nabiralarim va yaqinlarimni uylantirmoq tashvishida kelin izlamoqqa e’tibor berdim. Bu ishni davlat yumushlari bilan teng ko‘rdim. Kelin bo‘lmishning nasl-nasabini, yetti pushtini surishtirdim. Xos odamlar orqali sog‘liq-salomatligini, jismonan kamolatini aniqladim. Kelin bo‘lmish nasl-nasabasi, odob-axloqi, sog‘lom va baquvvatligi bilan barcha qusurlardan xoli bo‘lsagina el-yurtga katta to‘y-tomosha berib, kelin tushurdim (Amir Temur o‘gitlari, – T.,1992, 58-bet.).

Amir Temurning bizga qoldirgan meroslaridan, Temur to‘g‘risidagi tarixiy asarlardan va kinofilmlardan olgan taasurotlarimizga tayanib Sohibqironning umri faqat jang-u jadallar, dunyoda tinchlikni saqlash, mamlakat hududini kengaytirish va obodonlashtirish bilan o‘tgan, degan xulosaga kelamiz. Lekin Amir Temur tomonidan o‘z davrida oilaga katta e’tibor qaratilganligi bizni lol qodiradi. Demak, Temur davrida ham “Oilaga e’tibor – davlatga e’tibor” tamoyili bo‘lgan desak, hech mubolg‘a bo‘lmaydi.

Har tomonlama sog‘lom oila jamiyatning boyligi va Vatan ravnaqining asosi hisoblanganligi uchun oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilaning tarbiyaviy salohiyatini mustahkamlash, ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash masalasi bugungi kunning ham eng dolzarb masalalaridan biri.

Mamlakatimizda oila institutini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 18-fevralda PF-5938-son farmoni qabul qilindi. Mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2020-yil 31-dekabr kuni “Oila institutini yanada rivojlantirish va yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 820-son qarori qabul qilinib, unining asosiy vazifalari quyidagilar etib belgilandi:

1. Zamonaviy oilaning namunali shaklini hamda “Oila – muqaddas”, “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat”, “Oila – jamiyat va davlat himoyasida” va “Farovon oila – jamiyat ravnaqining asosi” konseptual g‘oyalarini nikohlanuvchilarning ongiga singdirib borish;

2. Nikohlanuvchi shaxslarni oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va budjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash masalalari bo‘yicha tizimli tayyorlash;

3. Oilalar mustahkamligini ta’minlash, oilaviy ajralishlarning oldini olish, nikohlanuvchi shaxslarda oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni yaratish hamda ibratli ota-ona bo‘lish ko‘nikmalarini shakllantirish.

Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashda, birinchi navbatda, ularning intellektual salohiyati va ma’naviyatini oshirish, orzu-umidlarini to‘g‘ri yo‘naltirish, ezgulik, oila va Vatanga muhabbat, ularning ong-u shuuriga insof, iymon, e’tiqod, oriyat, oiladagi burch, majburiyat, mas’uliyat tushunchalarining mazmun-mohiyatini singdirishga e’tibor qaratish zarur. Bu borada, eng avvalo, ota-onalar farzandlarining birinchi tarbiyachilari sifatida mas’uldirlar. Bu mas’uliyat esa ota-onalarning o‘zlaridan ma’naviy-ma’rifiy yetuklikni, yaxshi sifatlarga ega bo‘lishlikni talab etadi. Ana shundagina ular farzandini barkamol inson qilib tarbiyalaydi va oilaviy hayotga to‘g‘ri yo‘naltira oladi. Buyuk alloma Nosriddin Rabg‘uziyning fikricha, “Ota-ona ezgu bo‘lsa, uning ezguligi yetti urug‘-aymog‘iga yetadi. Buning uchun ular farzandlarining ko‘z o‘ngida shaxsiy namuna, ibrat ko‘rsatishlari kerak bo‘ladi”.

“Yangi O‘zbekiston” siyosatining bosh negizida ham, yurtboshimizning har bir chiqishlarida ham millat davomiyligini ta’minlaydigan, jamiyat taraqqiyotini belgilaydigan oilalarning farovonligini oshirishga va mustahkamlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Oila xususida fikr bildirar ekanlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Odamlarimiz bilishi kerak. Oila muqaddas biz uchun, oilani saqlab qolmasak, biz o‘zligimizni yo‘qotamiz”, deya oilaning naqadar ijtimoiy ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlaganlar.

Ramiz ZOHIROV,

falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 205
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19178
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 16009
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi