Hamma ham bilmaydigan tarix: “TURKISTON” qachon vujudga kelgan va chegarasi qayerlargacha boʻlgan?


Saqlash
17:55 / 28.03.2023 5543 0

Mintaqamizga qoʻshni oʻlkalar uzoq davrlardan beri deyarli bitta nom bilan ataladi. Masalan, kunbotarimizdagi qadimiy tuproq Eron, birmuncha kungayimiz – janubimizda oʻrin olgan ertaklar oʻlkasi Hind, kunchiqarimizdagi ulkan yurt – Xitoy (Chin) mamlakatlari nomlarining ildizi bundan 3 ming yil oldinga borib taqalishi toʻgʻrisida maktab chogʻlarimizdayoq bilib olganmiz. Biroq oʻzimiz yashab turgan, oʻrni kelganda “dunyoning eng qadimgi davlatlarini bizning ota-bobolarimiz qurgan”, “turkiy ellar yashaydigan hududlar koʻlamiga koʻz yugurtirsangiz bu ochiq-oydin koʻrinib turibdi” deb maqtaniladigan koʻpsonli turkiy xalqlar yashagan va yashaydigan oʻlkalarning tarixiy oti qanday boʻlgani toʻgʻrisida qoʻqqisdan savol berilib qolsa, nima deb javob berishni esa oʻylab koʻrmaganmiz.

 

Deyarli 30 yillik ilmiy izlanishlarim chogʻida bu savol koʻp oʻylantirdi. Oʻrta Osiyo oʻtmishi, aniqrogʻi, oʻzimiz yashaydigan yurt – Oʻzbekiston tarixiga bagʻishlangan bugungi kundagi kitoblarni varaqlaganda koʻngilni ogʻritadigan holatga guvoh boʻlasiz. Yaʼni yurtimiz, u istar Oʻzbekiston boʻlsin, istar Oʻrta yoki Markaziy Osiyo boʻlsin, oʻtmishimizning har bir bosqichi uchun birlashtiruvchi, birdamlikka chorlovchi atamalardan koʻra koʻproq oʻzaro ajratuvchi, kichik-kichik boʻlaklarga boʻlingan oʻnlab nomlarga toʻlib-toshib yotibdi.

 

Xoʻsh, bunday yondashuvning negizida nima yotadi, chindan-da mintaqamiz uchun yalpi bir atama boʻlmaganmi yoki bu bizning “topqirligimiz” samarasimi? Toʻgʻri, kimlardir mintaqamizni umumiy qilib “Turon” yoki “Turkiston” deb yuritishni yoqlaydi va oʻz izlanishlarida shu atamalarni ishlatadi. Boshqalar esa bunga qarshi chiqib, chet elliklar tomonidan qoʻllanilgan – yunoncha “Transoksiana”, arabcha “Movarounnahr”, forscha “Varorud”ni, yo boʻlmasa, yanada maydalashib “Qadimgi Baqtriya”, “Sugʻdiyona” yoki “Sugʻd”, “Katta Xorazm”, “Choch”, “Dovon – Fargʻona” kabi atamalardan foydalanishni yoqlab chiqadi.

 

Mintaqamizni yaqindagina oʻylab topilgan “Oʻrta Osiyo” yoki “Markaziy Osiyo” deb yuritmasdan, ota-bobolarimiz qanday atagan boʻlsa, shunday atashimizga nima toʻsiq boʻladi-yu, “Sugʻd”, “Choch” kabi kichik nomlar bilan yuritishni yoqlovchilarning qarashlari qanchalik asoslangan?! Nega ushbu qarashni yoqlaydiganlar Turon yoki Turkiston atamasini ishlatishga qarshi chiqadilar?

 

Oʻtmishimizni oʻrganayotgan, umrining koʻp qismini shu yoʻlga tikkan olimlarimizning bir yoqadan bosh chiqarishiga toʻsqinlik qilayotgan holatlar tahlil qilinganda bir manzara nomoyon boʻladi koʻz oldingizda: tarixchilarimizning sezilarli bir boʻlagi arxeologlar boʻlsa, qolganlari manbashunoslar. Ayrimlarini aytmaganda, ular orasida barchasi ham arxeologik topilmalar-u yozma manbalar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri tanish emas. Arxeologlar turli tillarda yozilgan manbalarni yetarlicha oʻqib, tushunib ololmaganlaridek, manbashunos yoki boshqa tarixchilarimiz arxeologik topilmalarni sinchiklab oʻrganib chiqishga qiynalib qolishadi. Natijada biror tarixiy voqelikni, atamani ochiqlashda turlicha yondashishlar kelib chiqmoqda.

 

Buning yorqin bir oʻrnagi “Turon” va “Turkiston” atamalarida koʻzga tashlanadi. Yetuk arxeologlarimizdan biri eski chogʻlarni oʻrganar ekan unga “Oʻrta Osiyo, Transoksiana demang, buning oʻz nomi bor – Turon, Turkiston” desangiz “yaxshi, yozma manbalarni qaytadan bir qarab chiqar ekanmiz-da” demasdan birdaniga “buni qaydan olding, yozma manbadarda bunday bilgi – maʼlumot yoʻq” deb oyoq tirab olishini qanday tushunishni ham bilmay qolasiz. Shunga oʻxshab, umrining koʻp yillarini qoʻlyozmalar yonida oʻtkazgan biror manbashunosimizga “hadeb negizi arabcha boʻlgan va soʻzlik maʼnosi “Daryoning naryogʻi, aniqrogʻi, Amudaryoning u tomoni” anglamida boʻlgan Movarounnahrni qoʻllanavermasdan, ota-bobolarimiz qoʻygan nomlarni ham ishlating” deb koʻring-chi!

 

Qisqasi, yozma manbalarni yetarlicha yaxshi bilmaslikdan kelib chiqqan bunday yondashuvlarga yechim boʻladi degan oʻyda, quyida “Turkiston” atamasining qachondan boshlab qoʻllanila boshlagani masalasiga birmuncha toʻxtalib oʻtmoqchimiz. Aslida, Turkistondan ancha ilgari mintaqamizning yalpi nomi boʻlgan “Turon” atamasiga ham toʻxtalish kerak edi. Biroq bu toʻgʻrida keyingi izlanishlarimizda chuqurroq toʻxtalishimizni koʻzda tutib, “Turkiston” soʻzining ilk bor ishlatila boshlagan kezlari – ilk oʻrta asrlar, toʻgʻrirogʻi, Turk xoqonligi chogʻi (552-744 yy.) bilan cheklandik. Undan keyingi chogʻlarda, ayniqsa, Qoraxoniylar (942-1212 yy.), Temuriylar (1365-1506), Shayboniylar (1501-1601) va oʻzbek xonliklari boshqaruvi chogʻida bu atamaning qay yoʻsinda ishlatilgani-yu, bu toʻgʻrida yozma manbalar nima degani masalasiga toʻxtalishni ham keyingi izlanishlarimizga qoldirdik.

 

“Turkiston” atamasi uzoq asrlardan beri Markaziy Osiyo mintaqasining katta bir qismi uchun, aniqrogʻi, Kaspiy dengizining kunchiqaridan to Oltoy togʻlarigacha, Shimoliy Afgʻonistondan to Ural togʻlarigacha choʻzilgan keng hududning yalpi geografik nomi oʻlaroq qoʻllanilib kelgan. Toʻgʻri, bu atama turli davrlarda kengayib, ushbu hududlardan ham kengroq hududlarga qarata qoʻllanilgan, ayrim oʻrinlarda esa birmuncha torroq hududni anglatib qolgan kezlar boʻlsa-da, oʻnlab asrlar boʻyi koʻproq Markaziy Osiyoda joylashgan turli oʻlkalarning birlashtiruvchi oti boʻlib kelgani anglashiladi. Ayrim oʻrinlarda Turkiston deganda aytib oʻtilgan oʻlkalar bilan birga Dogʻiston va Ozarboyjon oʻlkalarini ham qamrab olgan keng hudud tushunilganiga ham duch kelamiz.

 

“Turkiston” atamasi qachon, qaysi hududlar uchun qoʻllanilgani boʻyicha qarashlar taniqli tarixchilarimiz A.Oʻrinboyev, A.Asqarov, A.Ahmedov, M.Isʼhoqov, B.Mannonov, Sh.Kamoliddin va turkolog Q.Mahmudovlarning izlanishlarida oʻrin olgan va uning oʻrni aniq koʻrsatib berilganiga qaramay, yuqorida aytib oʻtganimizdek, bu toʻgʻrida bugungacha qarama-qarshi yondashuvlar qarashlar bildirilmoqda. Ayniqsa, ayrim mahalliy va chet el nashrlarida Turkiston atamasi yuzasidan quyidagicha biryoqlama va yanglish qarashlar borligi koʻzga tashlanadi:

 

1) “Boshlangʻichda arablar kelishidan birmuncha oldin Sirdaryoning kunchiqaridagi turkiy elatlar yashaydigan oʻlkalarni arab va forslar yalpi nom bilan Turkiston deb atashgan”;

 

2) “Amudaryo – Sirdaryo oraligʻi uchun VI – VIII yuzyilliklarda Turkiston atamasini ishlatish mumkin emas, bu atama VIII – IX yuzyilliklarda Sirdaryoning shimoli va kunchiqaridagi oʻlkalarga, koʻproq Yettisuv uchun qoʻllanilgan, ikki daryo oraligʻi esa Turkiston deb atalmagan”;

 

3) “Movarounnahr Turkistonga kirmagan, Turkiston deganda Sirdaryoning quyi oqimlari, koʻpincha bugungi Turkiston shahri tegralari tushunilgan, faqat XIX yuzyillikning ikkinchi yarmida ruslar Oʻrta Osiyoni bosib olgach, Turkiston nomi ular tomonidan Sirdaryo va Amudaryo oraligʻini ham anglata ishlatila boshlagan”.

 

Xoʻsh, ushbu geografik atama qachondan boshlab, qaysi hududga nisbatan ishlatila boshlagan va ilk bor qaysi yozma manbalarda tilga olingan? Akademik E. V. Rtveladze VI – VII asrlarga tegishli baqtriy yozuvli bitikda Turkiston atamasi ilk bor uchrashini urgʻu beradi. Shuningdek, Sharqiy Turkistondan topilgan 639-yili sugʻdiy tilda bitilgan hujjatda Turkiston atamasi uchraydi. Ushbu hujjatda «chavyak urugʻiga mansub Turkistonda tugʻilgan choʻri Upachah» toʻgʻrisida soʻz boradi. Sugʻdshunos olim M. Isʼhoqov “Nomi azal Turkiston” sarlavhali maqolasida ushbu hujjatdagi ayrim bilgilarga tayanib, “bu hujjatdan maʼlum boʻladiki, Turkiston geografik atamasi oʻlkamizga nisbatan ilk oʻrta asrlardayoq qoʻllanilgan, aniqrogʻi, bundan 1360-1400-yillar ilgari Turon yerlarining umumiy nomi Turkiston deb atalgan” deb yozadi.

 

Yaqin yillarda esa Xoʻtan (Sharqiy Turkiston)da aniqlangan, VIII yuzyillikka tegishli sugʻdiy tilli bir hujjatning 13 va 15-qatorlarida “Turkiston” atamasi / twrkystn koʻrinishlarida yozilgani diqqatni tortadi. Ushbu hujjat yuzasidan izlanishlar olib borgan eroniy tillar bilimdoni, ingliz olimi N. Sims-Vilyams hujjatdagi Turkiston soʻzini Turon yurtidagi tarixiy oʻlkalardan birining nomi deya ochiqlaydi. Unga koʻra, oʻsha chogʻlarda bu atama shimoli-sharqdagi yerlar, ayniqsa, Sirdaryodan Moʻgʻulistongacha choʻzilgan oʻlkalar uchun qoʻllanilgan. Bu qarashga qoʻshilsa boʻladi, biroq quyida koʻrib oʻtiladiganidek, ilk oʻrta asrlarga tegishli arman va oʻrta fors yozma manbalarida “Turkiston” deb Kaspiy dengizining kunchiqaridan boshlab, Amudaryoning yuqori va oʻrta oqimlarini oʻz ichiga olgan va kunchiqardagi Oltoy oʻlkasigacha yoyilgan kengliklar tushunilgani anglashiladi.

 

Turkiston toʻgʻrisida bu kabi qisqa bilgilardan boshqa yanada toʻliqroq maʼlumot beradigan tarixiy va geografik asar bormi? Biz bu savolga javob topishga urinar ekanmiz, shu yoʻsindagi maʼlumotga duch keldik. Asarini VII yuzyillikning oʻrtalarida yozib tugatgan arman tarixchisi Sebeos 2 ta bilgi keltiradi:

 

1) «Dehiston yoxud uning atroflari Turkistondadir;

 

2) «Kushon shohi (Eftalit hukmdori) Shimol hukmdori ulugʻ Xoqon (Turk xoqonligi xukmdori)dan yordam soʻradi. Va u yordamga 30 byur miqdoridagi qoʻshin bilan keldi. Ular (turklar) Turkistondan boshlanuvchi Vexrot (Amudaryo) daryosidan kechib oʻtishdi».

 

Bundan anglashilishicha, Shimoli-Sharqiy Eron (bugungi Turkmanistonning janubiy-gʻarbiy qismi)dagi tarixiy Dehiston viloyati Turkistonda boʻlgan. Ikkinchi bilgi esa Amudaryoning Turkistondan boshlanishiga urgʻu berilgan boʻlib, Amudaryoning boshlanishi Vaxsh va Panj daryolari tevarak-atroflariga toʻgʻri keladi. Sebeosning keltirgan ikkinchi bilgidan bu hudud – Vaxsh – Panj – Yuqori Amudaryo havzalarining Turkiston oʻlkasiga kirgani anglashiladi. Oʻsha chogʻlarda Yuqori Amudaryo qirgʻoqlarida Toʻxoriston yabgʻulari (chamasi, 620-750 yy.) deb atalgan turkiy sulola boshqaruvda boʻlib, ushbu sulolaning kelib chiqishi boshqaruv markazlari Suyab (Yettisuv), Jabgʻuket (Choch) boʻlgan Gʻarbiy Turk xoqonligi (568-740) bilan bogʻliq boʻlgan.

 

Yana bir arman tarixchisi, VII asrda yashagan Ananiya Shirakatsining “Ashxaratsuys” (“Oʻlkalar tasviri”) asarida «sugʻdiylar – Ariya (Xuroson) va Turkiston oraligʻida yashaydi» degan maʼlumot uchraydi. Ushbu bilgidan oʻrnini aniq belgilash qiyinroq boʻlsa-da, unda Turkiston deganda Amudaryo va Sirdaryo oraligʻi ham tushunilganini payqash mumkin. “Sugʻdiylar yashagan oʻlka” qadim va ilk oʻrta asrlarda koʻproq Qashqadaryo va Zarafshon daryolari qirgʻoqlaridagi tuproqlar uchun qoʻllanilganini koʻzda tutadigan boʻlsak, ushbu arman tarixchisi Turkistonni birmuncha uzoqda, Sugʻd chegarasida deb koʻrsatgan boʻlib chiqadi. Biroq ham arman tilida boshqa yozma manbalar, ham boshqa tillardagi bilgilar Turkistonni kengroq maʼnoda olganda Xurosonning bir boʻlagi – Kaspiy dengizining kunchiqar tomonlarini ham oʻz ichiga olganini koʻrsatadi.

 

Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, arman tarixchilari Turkiston haqidagi bilgilarni qoʻshnilari forslardan olishgan. “Turkiston” soʻzi fors tilida “Turklar yashaydigan yurt”, “Turklar yeri” degan anglamlarni bildiradi. Demak, forslar VI – VII yuzyilliklarda Turkiston atamasini ishlatgan boʻlib, keyinchalik bu yondashuv armanlarga ham oʻtgan. Buni ilk oʻrta asrlarga taalluqli oʻrta fors-pahlaviy yozma manbalari ham qoʻllab-quvvatlaydi. Oʻrnak uchun, pahlaviycha “Bundahishn” (“Dunyo qurilishi”) otli geografik asarda Turkiston toʻgʻrisida quyidagicha bilgilar uchraydi: 1) «Zarin togʻi – Turkistondadir»; 2) «Saukavaston oʻlkasi – Turkistondan Kinistonga boradigan yoʻlda, shimoliy yoʻnalishda joylashgan», 3) «Kino (Kinoʻ) togʻi kunchiqarda joylashgan, u Turkiston chegarasida boʻlib, Aparsen togʻi bilan tutashadi».

 

Pahlaviy manbalardagi Turkistonni belgilash uchun yuqorida keltirilgan Saukavaston va Kiniston oʻlkalari hamda Zarin, Kino va Aparsen togʻlarininng oʻrnini aniqlash kerak boʻladi. “Bundahishn”da Zarin togʻi Xurosondagi togʻlar sirasida sanab oʻtilgani koʻzga tashlanadi. Zahiriddin Muhammad Bobur oʻz asari “Boburnoma”da Afgʻonistonda kechgan voqealarni tilga olar ekan “Koʻtali-Zarin” (Zarin dovoni)ga toʻxtalib oʻtadi.

 

Izlanuvchilar bu yerni Shimoli-Gʻarbiy Afgʻonistonning Kuhi-Bobo togʻ tizmalaridagi Harirud daryosiga yaqin bir dovon, deb koʻrsatishadi. Shuningdek, hozirgi kunda ham ushbu hududlarga yaqin togʻ – Hirot va Balx oraligʻidagi Kuhi-Bobo togʻ tizmalarining bir qismi “Band-i Turkiston” (Turkiston togʻ tizmasi) deb yuritiladi. Bu esa “Bundahishn”da eslatib oʻtilgan Zarin togʻi bilan “Boburnoma”dagi Zarin dovoni bitta ekanini koʻrsatadi. Shu ham borki, oʻtgan asrlarda ham, bugungi kunda ham Kuhi-Bobo togʻlarining shimolidan to Amudaryogacha choʻzilgan va Bandi Turkiston togʻlarini ham oʻz ichiga olgan Shimoliy Afgʻonistondagi viloyatlar “Turkiston” yoki “Janubiy Turkiston” deb atalib kelinadi. Bu esa “Bundahishn”dagi Turkiston bilan Shimoliy Afgʻonistondagi Turkiston bitta yer uchun qoʻllanilgan, degan qarashga undaydi.

 

Endi «Saukavaston oʻlkasi Turkistondan Kinistonga boradigan yoʻlda, shimoliy yoʻnalishda joylashgan», «Kino (Kinoʻ) togʻi kunchiqarda joylashgan, u Turkiston chegarasida boʻlib, Aparsen togʻi bilan tutashadi» degan bilgini ochiqlab oʻtamiz. Buning uchun birinchidan pahlaviy matnlardagi “Saukavaston”, “Kiniston” va “Kinoʻ togʻi” atamalari qayerlarga qarata ishlatilganini aniqlash kerak boʻladi. Ayrim izlanuvchilarga koʻra, Kiniston va Kinoʻ togʻi atamalari Sugʻd vohasiga va undagi togʻ tizmalari uchun, Saukavaston oʻlkasi esa Zarafshon daryosi qirgʻogʻidagi yerlar uchun qoʻllanilgan. Aparsen togʻi esa Xurosondagi togʻlarning yalpi nomi boʻlgan. Hisor togʻ tizmalari pahlaviycha asarlarda Kinoʻ togʻi, u joylashgan hudud esa Kiniston deb yuritilgan. “Bundahishn”dagi ushbu bilgidan koʻrinadiki, Xurosondan kunchiqarga – Sugʻd oʻlkasiga tomon yoʻnalgan yoʻl Amudaryo qirgʻoqlarini ham oʻz ichiga oluvchi Turkistondan oʻtgan.

 

Shuningdek, Sugʻdning bir qismi boʻlmish “Saukavastan oʻlkasi” ushbu yoʻlning shimolida boʻlgan. Demak, arman yozma manbalari va pahlaviy matnlardagi bilgilardan koʻrinadiki, yurtimizning kungay – janubiy tuproqlari, Turkmaniston va Tojikistonning kungayi va Shimoliy Afgʻoniston hududlari Turkistonning chekka janubiy chegaralari boʻlgan.

 

Siyosiy oʻzgarishlar sabab Turkiston hududi boshqa tarixiy-geografik oʻlkalar kabi turli davrlarda birmuncha torayib yoki kengayib turgan. Arab geograflari asarlarida “Turkiston” deb koʻproq Sirdaryoning shimoli-sharqiy tomonlari koʻrsatilishini shu bilan ochiqlanadi. Forscha yozma manbalarda esa ayrim oʻrinlarda Turkiston va Movarounnahrni boʻlak-boʻlak oʻlka oʻlaroq tilga olganiga koʻzimiz tushadi. Bilamizki, Amudaryo va Sirdaryo oraligʻi uchun Movarounnahr atamasini qoʻllash arablarning kirib kelishi soʻngida tarqala boshlagan. Oʻrta asr arab, fors va turkiy yozma manbalarida esa Turkiston atamasi koʻproq Sirdaryoning quyi oqimidagi tuproqlarga, Sirdaryoning shimoli-sharqiga, Yettisuvga, Fargʻona vodiysi va Sharqiy Turkistonga nisbatan qoʻllanila boshlagan. Shu bilan birga, Amudaryo va Sirdaryo oraligʻi Turkistonda deb koʻrsatilgan hollarga koʻzimiz tushadi. Oʻrnak uchun, Hofizi Abruning (XV yuzyillik) “Joʻgʻrofiya” asaridagi Movarounnahr ochiqlamasida quyidagicha bilgi uchrab, undan ikki daryo oraligʻi uchun Turkiston atamasi qoʻllanilganini anglaymiz: «Aytishlariga qaraganda… Samarqand shahrini Shamar (ismli) muʼtabar amir qurganmish va u Tubbaʼ amirlari (Yaman va Arabistonning islomgacha boʻlgan podshohlari)dan boʻlib, Turkistonga kelib qolgan. Shundan soʻng ul (shahar)ni “Shamar-kand” deyishgan».

 

XVI yuzyillikda Turkiston deb keng maʼnoda Shimoliy Afgʻoniston, Shimoliy-Sharqiy Eron (Xuroson), hatto Ozarboyjon hududi ham tushunilgan hollar ham boʻlgan. “Qutbnoma” otli asarda Shoh Ismoil Safaviy “piri Turkiston” deb keltirilishi buning yorqin oʻrnagidir.

 

 

 

Yuqorida koʻrib oʻtilgan bilgilar negizida quyidagicha toʻxtamlarga kelish mumkin:

 

VII yuzyillikka tegishli arman manbalarida Amudaryoning yuqori oqimi Turkistonda deb keltirilgan, pahlaviy-fors manbalarida esa Shimoliy Afgʻoniston, Amudaryoning yuqori va quyi oqimlari Turkistonga kiritilgan. Sugʻdiy hujjatlarda ham ikki daryo oraligʻi Turkistonda koʻrsatilgan. Toʻgʻri, bu bilgilar keng qamrovli boʻlmay, ularda Turkiston atamasi biror voqea toʻgʻrisida soʻz borganda yoʻl-yoʻlakay aytib oʻtilgan. Shunday boʻlsa ham ushbu bilgilardan Turkiston deganda hozirgi kun tushunchamizdagi Turkistonni tushunish qiyin emas.

 

Turkiston geografik atamasi ilk oʻrta asrlardayoq eronliklar tomonidan Eronning shimoli-sharqidagi hududlar uchun “turkiylar oʻlkasi” deb ishlatila boshlagan. Oʻz oʻrnida ushbu atamani qoʻshnilari boʻlmish eronliklardan eshitgan arman tarixchi va geograflari ham qoʻllay boshlaganlar.

 

Turkiston geografik atamasi ilk oʻrta asrlardayoq, bugungi kundagi Markaziy Osiyo mintaqasining yirik bir boʻlagi uchun etnosiyosiy va etno-geografik nom oʻlaroq ishlatilgan. Buni yuqorida qisqacha koʻrib chiqilgan turli tilli yozma manbalardagi bilgilar ham koʻrsatib turibdi. Demak, Oʻrta Osiyo yoki Markaziy Osiyo uchun ushbu atamalarning tengi – muqobili oʻlaroq Turkiston atamasini ishlatish, Baqtriya, Sugʻd, Xorazm va boshqa birmuncha kichik atamalarni esa ushbu mintaqadagi kichik hududlar uchun qoʻllasak, yanglish yondashuv boʻlmaydi. Bu bilan yurtimizning Eron, Hind va Xitoy (Chin) bilan tenglasha oladigan oʻz nomiga ega boʻlgani va uning ildizi ilk oʻrta asrlarga borib taqalishini koʻz-koʻz qila olamiz. Boshqa tomondan esa Turkistondan oldingi chogʻlar uchun Turon atamasini ishlatishning vaqti keldi, deb oʻylaymiz.

 

Gʻaybulla BOBOYOR,

Tarix fanlari doktori, professor

 

Qoʻllanilgan adabiyotlar

 

Oʻrinboyev A. Abdurazzoq Samarqandiyning Hindiston safarnomasi. T., 1960. 84-85 b.

Askarov A. Nekotorыye voprosы istorii stanovleniya uzbekskoy gosudarstvennosti // ONU, 1997, №3-4. S. 67.

Ahmedov A. Nega Turon deb ataladi // Turon, №1, 1992, 5-6 b.

Isʼhoqov M. Nomi azal Turkiston//Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati gazetasi, № 45-46. T., 1993, 1, 5-b.;

Mannonov B. Turkiston va Markaziy Osiyo//Muloqot, №2, 1998, 68 b.;

Kamoliddin Sh. K voprosu ob upotreblenii geograficheskix nazvaniy “Maverannaxr” i “Turkestan”//“Oʻzbekiston tarixi”, №4, 2002, s. 61-68.

Mahmudov Q. Qadimgi Turkiston tarixi. Toshkent, 2003 

Frye R.N., Sayili A. Selzuklulardan evvel Orta Sarkʻta Tǖrkler. Belleten, cilt. 10. Ankara 1946. S. 119

Ter-Mkrtichyan L.X. Armyanskiye istochniki o Sredney Azii V – VII vv. M., 1979. S. 60-61.

Markwart J. Wehrot und Arang. Untersuchungen zur mythischen und geschichtlichen Landeskunde von Ostiran. Leiden, 1938. S. 123, n. 3.

Pahlavi Texts. The Bundahis-Bahman Yast, and Shayast La-Shayast. Translated by E. W. West. BSE, Vol. 5, Part I, Delhi 1987,Ј p. 37, 41, 120.

Baburname. Per. M. Salye, T. 1958, s. 194a, 226, 529.

Ensiklopedia of Islam. II Edition. Afghanistan, I. Vol. P. 221 a., 260 a.

Boʻriyev O. Temuriylar davri yozma manbalarida Markaziy Osiyo. T., 1997. 77-b.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20454
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//