Osmonga mix qoqqan ulkan Alonqasor, Navroʻz qachon kelishini biladigan Qoʻychiboy, urug‘ga aylanib qoladigan Ayoz... – koʻklam miflari nimalardan darak beradi?


Saqlash
17:10 / 25.03.2023 1823 0

Yilboshi – Navroʻz bayrami qachon paydo boʻlgani haqida turli taxminlar yuradi. Ayrimlar besh ming yilga boradi deyishsa, boshqalar uch ming yilni aytadi. Ammo shunisi aniqki, bu ayyomning mazmun-mohiyati xalq ogʻzaki ijodi bilan vobasta boʻlib ketgan. Oyina.uz muxbiri Alisher Fayzullayev folklorshunos olim, filologiya fanlari doktori Shomirza Turdimov bilan koʻklam miflari haqida suhbatlashdi.

 

Yilboshi – Navroʻz bayrami bilan bogʻliq marosimlar juda qadimga borib taqaladi. Uning kelib chiqish davrini odamzod yil fasllari almashinuvini anglab yetgan zamonlar bilan belgilash toʻgʻriroq boʻladi, nazarimda. Masalan, ummonortidagi mayya xalqi taqvimida ham mazmunan bizning Navroʻzimizga oʻxshab ketuvchi Yashkin (yosh kun, yangi quyosh) degan tushunchalar saqlanib qolgan. Ularning tilida, marosimlarida, ornamentlarida turkiy xalqlar bilan uygʻunlikni kuzatish mumkin. Bu bekorga emas. Qiziltanlilar taxminan 20 ming yillar oldin Oltoydan koʻchib ketgani aytiladi. Demakki, Navroʻz atrofidagi marosimlarning yoshi ham kamida shuncha boʻladi.

 

Bilamizki, yilning ikki mavsumiy oʻlchami bor – biri quyosh bilan oʻlchanadigan, ikkinchisi oy taqvimi. Undan tashqari bizda chorva yili va dehqon yili hisobi ham yuritilgan. Ikkisi bir-biriga uygʻun keladi, ammo oʻrtasida 10 kunlik farq bor. Qachon yozlovga chiqish kerak, qachon toʻl olinadi, qachon, qanday qirqim qilish kerak – bularning bari chorva yili hisobida keltiriladi.

 

Dehqon yilida esa yozgi va qishki toʻqson (kunlik) davr va ularning oʻrtasidagi chilla alohida ahamiyatga ega. Eʼtiborlisi, qishki chilladan keyingi 20 kunlikning ham oʻz nomlari bor: Ayamajiz, Axmon, Daxmon, Ezim, Qurbon, Mast, Navroʻz. Xalqimizda “Ayamajiz toʻqsondan uch kun iladi”, degan gap yuradi. Yaʼni toʻqson birdan tugab ketmaydi. Undan keyin yana uch kun ayoz davom etadi. Bu muddat bir kun yoki ikki kun ham boʻlishi mumkin, lekin chegarasi uch kundan oʻtmaydi.

 

Qadimda Qoʻychiboy ota degan hisobdon odam yangi yilning qaysi lahzada kelishini bilarkan. Uning bu xislatini eshitgan podshoh “Menga shu damni koʻrsat”, debdi. Shunda u hukmdorning xanjarini soʻrab olib, oldidagi katta toshga botiribdi. Tigʻ xarsangga yoqqa kirgandek osongina kirib ketibdi. Shunda donishmand “Ana shu dam Navroʻz kirdi”, debdi. Bundan biroz ajablangan va achchiqlangan shoh “Gapingni qanday isbotlaysan?” deb soʻraganda chol “Boʻlmasa, xanjaringizni sugʻirib oling”, deb javob beribdi. Tabiiyki, podshoh qancha urinmasin, yaroq zarracha qilt etmabdi. Uning “Endi buni qanday olaman?” degan soʻroviga, “Kelasi yil shu dam, Navroʻz kelgan paytda olasiz”, degan ekan hisobdon. Chunki faqat oʻsha damdagina tabiatdagi barcha jonli va jonsiz narsalar boʻshar, bir holatdan ikkinchi holatga oʻtar, yaʼni oʻlib-tirilar ekan.

 

Miflar odamzodning tabiat kuchlari oldidagi qoʻrquvidan paydo boʻlgan, degan gapga qarshiman. Chunki afsona mohiyatida ramz tili bilan aytilgan ilmiy haqiqatlar yotadi. Ayniqsa, osmon yoritqichlarining oʻrni, tartibi, harakati haqidagi kosmogonik asotirlarda. Somon yoʻli galaktikasining “temir qoziq”, “oltin qoziq” deyiluvchi Qutb yulduzi atrofida aylanishini olaylik. Mifda aytilishicha, Alonqasor degan ulkan odam baliq ovlar va oʻljasini osib qoʻyish uchun osmonga qoziqni qoqqan emish. Yana demishlarki, Ankur va Tankur degan ikkita ulkan (odam) bor ekan, ular urishib qolib, yerning u boshidan bu boshigacha tayoq urishtirib borishibdi, ularning tayogʻi chinniga oʻxshagan silliq osmonni sidirgan ekan, shu tayoqlar bir-biriga tegib zaha yegan joyda samonchining yoʻli paydo boʻlibdi. Bu izohlovchi-etiologik miflar hisoblanadi.

 

Somon yoʻlining bir burchida Qambar, boshqa burchida Hulkar yulduzi turadi. Yerdan kuzatayotgan kishiga Hulkar qishda koʻrinadi, Qambar yulduzi esa yozda. Ammo ular hech qachon bir-biri bilan uchrashmaydi. Yozgi va qishki chilla payti esa umuman koʻzga tashlanmaydi... Bundan kelib chiqadiki, miflar qoʻrquvdan emas, katta bilimdan paydo boʻladi, yaʼni inson ongi kosmik bilimga ulangani sabab yaratiladi. Odamzod olamning tartibi, Navroʻzning kirib kelishiyu ketish vaqtini, yulduzlar haqidagi barcha bilimlarni Ulkan Bilimdan olgan.

 

Ajdodlarimiz yilni olti oy qish, olti oy yoz deb ikkiga boʻlgan. 22-sentyabr – 21-mart orasida Oy Hulkar bilan toʻqnashsa, nimadir yuz beradi: qor, yomgʻir yogʻadi, shamol turadi, issiq-sovuq boʻladi... Shunga koʻra Qambar toʻgʻal, Hulkar toʻgʻal oʻtadi, bu oy taqvimiga ishora.

 

Bu haqdagi mifga koʻra, qadimda hayvonlar yigʻilib mashvarat qilibdi. Ular “Hulkar unib chiqishi hamonoq qish boshlanarkan. Kelinglar, uni navbat bilan poylab yotamiz, ungani qoʻymaymiz”, deya kengashib olibdi. Barcha jonzotlar birma-bir navbatchilik qilibdi. Vaqti bilan echkining navbati yetibdi. U ancha mahal Hulkar chiqishini poylab oʻtirib charchabdi. Soʻng “Bir oʻtlab kelay, hali-beri koʻrinmasa kerak”, deb ketib qolibdi. Navbatchiligi esidan chiqibdi, bir payt qarasa Hulkarning uchi koʻrinayotgan emish. Echki yugurib kelib, tuyogʻi bilan bosibdi. Ammo Hulkar yulduzi uning tuyogʻini yorib chiqib ketibdi. Shundan keyin echkining tuyogʻi ayri, shundan keyin qish yana qayta-qayta keladigan boʻlibdi, deyiladi.

 

Nima uchun aynan echki obrazi tanlangan, degan savol tugʻiladi. Gap shundaki, har bir faslning yulduzi boʻlgani kabi, uning oʻsimlik, hayvon timsoli ham bor. Yozning oʻsimlik timsoli – boychechak, taomi – sumalak, yaʼni urugʻni koʻkartirib, sharbatidan taom qilinadi, hayvoniy timsoli – echki. Boisi, serfarzand boʻladi. Bu mengzash mashhur qoʻshiqda ham keladi:

 

Yomgʻir yogʻaloq,

Echki chaqaloq,

Boyning qizining

Qorni yumaloq.

 

Qishning oʻsimlik belgisi – urugʻ, taomi – yorma, yaʼni don ezilib, et bilan qoʻshib pishiriladi, marosimi – koʻpkari, hayvoniy timsoli – boʻri. Shuning uchun ham koʻpkarida uloq chopiladi. Yana bir eʼtiborli jihat: qishning insoniy timsoli – yigit, bahorniki esa qiz sanaladi. Qishning rangi – oq, yozniki – alvon. Koʻrinadiki, bularning hammasi tizimli, bir-birini toʻldiradi. Bu degani ramzlarning hech biri tasodif emas, aksincha, asrlar davomida olib borilgan kuzatuvlar, toʻplangan bilimlar hosilasi.

 

Uzoq yillar bahor kirishiga “Boychechak” marosimi oʻtkazib kelingan. Bunda koʻklam ingan payti ilk boychechak qurbon qilingan. Sababi, u “Oʻtgan yilgi odamlar bu yil ham bor ekan-da”, deb aytadi deya ishonilgan. Shuning uchun “Sening niyating yomon”, deb birinchi boychechakning boshini yulib tashlaganlar. Bu marosim qoʻshiqlarimizda ham aks etgan:

 

Boychechakni tutdilar,

Tut yogʻochga osdilar,

Qilich bilan chopdilar,

Baxmal bilan yopdilar.

 

 

Ushbu aytimda marosimning butun koʻrinishi saqlanib qolgan. Bu yerda oʻldirish degan tushuncha boʻlmay, balki oʻlib-tirilishning bir koʻrinishi tasvirlangan aslida. Umuman, xalq ogʻzaki ijodi, qadim qoʻshiqlarda juda katta tag maʼno yotadi. Misol uchun, “Kichkinajon kichkina” degan aytishuvni bilamiz. Ammo shu qoʻshiqni yoz bilan qishning munozarasi, desam ishonasizmi? Yaʼni qishning ketishni istamasligi, yozning zoʻr boʻlib raqibini yengmoqchiligi tasvirlanadi: qoshingni qaro deydi, qaldirgʻochni koʻrmadingmi? Chumolilar chiqdi, chumolining belini koʻrmadingmi? Keyin qishni ketkazish uchun aytim aytiladi:

 

Kichkinajon kichkina, tuyadan ham kichkina,

Kichkinajon kichkina, biyadan ham kichkina...

 

Shu tariqa qish hamma narsadan kichkina boʻlib boradi. Oxiri urugʻ boʻlib yer tagiga kirib ketadi, yaʼni ketkazib yuboriladi.

 

Bu kabi miflarimiz shu vaqtga qadar shunchaki yashab kelmayapti. Yirik eposlarga, masalan, Goʻroʻgʻli turkum dostonlariga ham koʻchib oʻtgan. Bu marosimlar xalqdan koʻtarilib ketmasligining sababi ham shu tugʻilib-oʻlish bilan bogʻliq. Miflar xalqimiz hayotiga shu qadar singib ketganki, hatto sezilmaydi, bu haqda gapirilganda hayron boʻlasan kishi. Deylik, bir bola tugʻilganda, oila qurilganda toʻy qilinadi, oʻlim boʻlganda ham. Toʻgʻri, bu toʻy deb nomlanmaydi, ammo tag maʼnosi shu. Fasl siklini bildiruvchi marosimlar ham xuddi shunday: birinchidan, xotirada qoldirish, unutmaslik uchun. Keyin bir faslning sarhisobini qilib olish uchun. Yilboshi – Navroʻz bilan bogʻliq marosimlarni yoʻqotib boʻlmaydi.

 

Shomirza TURDIMOV,

filologiya fanlari doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Falsafa

10:10 / 15.10.2024 0 5
Global ruhiy stress oddiy voqelikka aylandi

Ma’naviyat

15:10 / 14.10.2024 0 198
Har qanday “poyezd”ning “so‘nggi bekat”i bor





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20470
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//