Temuriylar davrida matnshunoslik ham ilmiy-nazariy, ham amaliy jihatdan yuqori bosqichga ko‘tarildi: matn tuzishning ilmiy prinsiplari ishlab chiqildi, amaliy matnshunoslik ham uyg‘un holda rivojlandi. Bu davrni o‘zbek amaliy matnshunosligining klassik bosqichi deyish mumkin.
Temuriylar davri matnshunosligida o‘z davri asarlarigagina emas, ota-bobolar tomonidan yaratilgan klassik yozma merosga ham alohida e’tibor qaratildi. O‘tmishda yashab ijod etgan adiblarning asarlari ko‘chirtirildi; shuning bilan birga, klassik manbalarning tayanch matnini yaratishga kuch berildi.
Bu davr yozuv madaniyatida o‘tmish an’analariga, ota-bobolardan qolgan yozuvlarga ham e’tibor katta edi. Temuriylar davlatida tarixnavislik, badiiy adabiyot, ta’lim va fan sohasi, davlat devonxonalari va xo‘jalik ishlarida, rasmiy-diplomatik munosabatlarda ikki xil yozuv – eski uyg‘ur va arab alifbolari ishlatilgan.
Turkiy xalqlarning yozuv madaniyati tarixida XIV–XV yuzyilliklar qadimgi turkiy yozuvdan arab xatiga o‘tish davri sanaladi. Shunga qaramay, badiiy adabiyot, tarixnavislikda, shu qatori davlat hujjatchilik ishlari, xalqaro diplomatik munosabatlarda uyg‘ur xatining mavqeyi yuqori edi. Qadimgi turk yozuv an’anasini saqlab, turk islom dunyosida uyg‘ur xatini so‘ng bor qo‘llagan ham temuriylardir. Temurbek o‘z saltanatining rasmiy ishlarida, ichki hamda tashqi diplomatik munosabatlarida, badiiy adabiyot sohasida, bilim kishilari orasida ota-bobolardan meros qolgan uyg‘ur xatining keng amal qilishiga xayrixohlik qildi va buning ijrosiga katta e’tibor qaratdi. Temuriylar davrida uyg‘ur xati turkiy yozma adabiy tilning yetakchi, butun bir saltanatning ish yurituvchi rasmiy yozuviga aylandi.
Eski o‘zbek adabiy tili yozma me’yorlarining tartibga tushuvida, til funksional uslublarining takomillashuvi, matn tuzish va kitobat ishining yangi bir bosqichga erishuvi, uning gullab-yashnashida uyg‘ur xatining o‘rni katta bo‘lganini alohida ta’kidlamoq kerak. Ushbu yozuv mumtoz o‘zbek yozma adabiyotining sara asarlarini, temuriylar yaratgan tengsiz obidalarni bugungi kunimizgacha yetkazib keldi.
Oltin O‘rda hamda Temuriylar davlatida uyg‘ur xatining keng amal qilgani tarix kitoblarida ham qayd etib o‘tilgan. Mashhur tarixchi Ibn Arabshoh “Ajoibu-l-maqdur fi navoibi Taymur” kitobida uyg‘ur xatining tarixi to‘g‘risida yaxshi ma’lumot bergan. Tarixchi yozadi: “Ular [chig‘atoyliklar – Q.S.] o‘zlarining tilxat, maktub, farmon, xat, kitob, bitim, solnoma, she’r, qissa, hikoyat, hisob, xotira va devonga tegishli hamma ishlarini, chingizona tuzuklarini shu yozuvda yozadilar. Bu yozuvni yaxshi bilgan ularning orasida xor bo‘lmaydi, chunki bu ularda rizq ochqichidir”. Ibn Arabshoh ushbu ma’lumotida davlat ishlari, xalqaro diplomatik munosabatlarda, tarixnavislikda uyg‘ur xatining mavqeyi yuqori ekanini ko‘zda tutgan.
O‘sha chog‘lardan qolgan turkiy adabiy asarlarning qo‘lyozmalari uyg‘ur va arab yozuvlarida. Yodgorliklarning eski, qadimiy qo‘lyozmalari ko‘proq uyg‘ur xatida bitilgan bo‘lsa, keyingi davrlarga tegishlilari arab xatidadir.
Uyg‘ur yozuvi qo‘llanilmay qo‘ygach, xon va beklarning kutubxonalari demaganda, keng ulus qadimgi turkiy yozuvdagi kitoblarni saqlashga urinmadi. Shuning uchun ham ularning ko‘pi yo‘qolib ketgan. Ehtimol, temuriylar zamonida yaratilgan asarlarning ko‘proq keyingi, arab xati bilan ko‘chirilgan nusxalarigina saqlanganining sababi ham shundandir? Uyg‘ur yozuvli yodgorliklar ko‘p bo‘lmasa-da, o‘sha davrning yozuv madaniyati to‘g‘risida aniq-taniq xulosa chiqarishga imkon beradi.
Yozma manbalarga tayanadigan bo‘lsak, Amir Temur ko‘zi tirikligida o‘z yorliqlarini, muhim bitiglarini uyg‘ur xatida yozdirgan. Ana shunday manbalardan biri o‘z davrining ulug‘ obidasi sifatida tarixda qolgan. Bu Temurbekning To‘xtamishxonga qarshi yurish boshlagan chog‘ida toshga yozdirgan bitigidir.
Yozma manbalarda Sohibqironning chet mamlakatlarning hukmdorlariga ham uyg‘ur xatida maktublar yo‘llagani haqida ma’lumotlar saqlangan.
XIV–XV asrlarda Movarounnahr va Xurosonda kitobat san’ati gullab-yashnadi. O‘sha kezlar Yazd, Hirot, Samarqand madaniy markazlarida uyg‘ur xatida bituvchi xattotlarning maktablari yuzaga keldi. Temuriylar bu noyob kasb egalariga g‘amxo‘rlik qildilar, uyg‘ur xati bilan yozuvchi kotiblar ularning otalig‘ida ish yuritdi. Chunonchi, Hirotda ko‘chirilgan uyg‘ur yozuvli qo‘lyozmalar Shohruxning, Samarqandda Mirzo Ulug‘bekning, Yazdda esa Mir Jaloliddin (Jaloliddin Mir Chaqmoq)ning buyrug‘i va otalig‘i ostida bitildi.
Ilk o‘rta asrlarda turkiy tilda yozuvchi kotiblar bitigchi deyilgan. Keyinchalik arab yozuviga o‘tila boshlagach, uyg‘ur xatida bituvchi kotiblar alohida nom bilan atala boshladi. Mahmud Koshg‘ariyning yozishicha, xon maktublarini uyg‘ur xatida yozuvchi kotib ilimg‘a atalgan. XIV–XV yuzyilliklarda esa uyg‘ur xatida bituvchilarni baxshi deganlar. Bu so‘z tarixiy istiloh sifatida shu kasb bilan shug‘ullanuvchi kishilarning otiga ham qo‘shib aytilgan. Turkiy yozma manbalarda o‘sha davrda yashab ijod qilgan baxshilarning otlari ham qayd etiladi. Masalan, Mansur baxshi, Hasan Qora Sayil baxshi, Zayn ul-Obidin baxshi, Abu Malik baxshining otlari ma’lum.
Temuriylar zamonida bitilgan bebaho yozma obidalarning ayrimlari va, aniq aytish mumkinki, eng nodirlari kunimizgacha yetib kelgan. Ana shunday nodir qo‘lyozmalardan biri Yusuf Xos Hojib yozgan “Qutadg‘u bilig” masnaviysining uyg‘ur yozuvli nusxasidir. Uni Hasan Qora Sayil Shams baxshi ko‘chirgan. Qo‘lyozma kitob hozir Vena milliy kutubxonasida saqlanmoqda.
“Qutadg‘u bilig”ning Hirot maktabida ko‘chirilgani temuriylar zamonida o‘tmish adiblarining asarlariga e’tibor katta bo‘lgani, shuningdek, qoraxoniylar davri adabiyoti, eski turkiy adabiy til va yozuv an’anasining davom etganidan dalolat beradi.
Asarning Hirot nusxasi, uyg‘ur yozuvi bo‘yicha mutaxassislarning ozligi uchunmi yoki matnning murakkabligidanmi, bilim kishilarining nazaridan chetda qolib kelmoqda. Vaholanki, bu nusxaning o‘ziga yarasha yutuqlari oz emas. Kuzatuvlarga ko‘ra, uyg‘ur yozuvli qo‘lyozma boshqalariga qaraganda eskiroq nusxadan ko‘chirilgan. Uning boshqa nusxalardan farqli yerlari ko‘p. Muhimi, ushbu farqlar matnda yo‘l qo‘yilgan xatolar emas, mazmun bilan bog‘liq. Uning kotibi qoraxoniylar davri tilini juda yaxshi bilgan, matnga bilim va uquv bilan yondashgan. Qo‘lyozma qunt bilan o‘rganilsa, asar va uning mazmuni bilan bog‘liq ko‘p tugunlar yechiladi, ilkin nusxa, ya’ni muallif varianti sari yo‘l ochiladi.
Hasan Qora Sayil Shams o‘z matnini hijriy 843, qo‘y yilida, muharram oyining to‘rtinchi kuni (melodiy 1439-yilning 18-iyunida) Hirotda ko‘chirib tugatgan. Bu to‘g‘rida masnaviy tugagandan keyingi tarixda shunday qayd etiladi: Tugandi Qutadg‘u kitabi tarix sekiz qirq uch yilda, qo‘y yil muharram ayning to‘rti Haruda. Qo‘lyozmaning eng so‘nggi varag‘ida ham yuqoridagi sana qaytariladi: Tarix sekiz yuz qirq uchta, qo‘y yil axiri, muharram ayning to‘rt yangisi Haru shahrinda bitildi.
Hirotda baxshichilik maktabining yirik namoyandalaridan yana biri Abu Malik baxshidir. Uning qo‘lidan chiqqan nodir qo‘lyozma hozir Parijdagi Fransiya milliy kutubxonasida saqlanib turibdi. Baxshi mazkur qo‘lyozmani hijriy 840 (melodiy 1436-1437)-yili ko‘chirgan. Qo‘lyozmaga ikki yirik asar bitilgan bo‘lib, ikkovi ham forschadan tarjima qilingan: birinchi asar “Me’rojnoma”, keyingisi esa Farididdin Attor qalamiga tegishli “Tazkirat ul-avliyo” asarining turkiy tarjimasidir. Turkiyda u “Tazkira-yi avliyo” deyilgan.
Samarqand baxshilari ichida Zayn ul-Obidinning dovrug‘i ketgan edi. Baxshi “Hibat ul-haqoyiq” dostonining tayanch matnini yaratgan. Muhim jihati, temuriylar davri o‘zbek matnshunosligida matn tuzish prinsiplari, qiyosiy matn yaratishning ilmiy asoslari tugal bir ko‘rinishda ishlab chiqilgan edi. Chunonchi, 1444-yili Samarqandda yirik davlat arbobi, adabiyot va ilm-fan homiysi, shoir Amir Arslon Xo‘ja Tarxon buyrug‘i bilan Adib Ahmad Yugnakiy “Hibat ul-haqoyiq” dostonining tayanch matni tuzib chiqildi. Arslon Xo‘janing asarni qayta kitob holiga keltirishdan maqsadi, adib o‘gitlarining xato talqin qilinishiga chek qo‘yish, ularni tuzatish va asarning tayanch, ishonchli nusxasini yaratish edi. Tayanch matn tuzilgach, asarning keyingi nusxalari uning asosida ko‘paytirilgan. “Hibat ul-haqoyiq” (“Atabat ul-haqoyiq”)ning ushbu tayanch matnini Zayn ul-Obidin baxshi tuzib chiqdi. Ushbu qo‘lyozma bizgacha yetib kelgan asar nusxalarining eng eskisi, to‘lig‘i va ishonchlisidir. Shuning bilan birga, qo‘lyozma o‘z davri kitobat san’atining ajoyib yodgorligi ham.
Zayn ul-Obidin baxshi uyg‘ur xati bilan XV asr turkiy adabiyotining yirik namoyandasi Mir Haydarning “Mahzan ul-asror” asari hamda o‘ttiz baytli qasidasi, Yusuf Amiriy “Dahnoma”sini ham ko‘chirgan. Kunimizda ushbu qo‘lyozmalar o‘z davrining qimmatli yodgorligi sifatida ardoqlanadi.
Kitobat tarixida Yazd xattotlik maktabi namoyandalarining ishlari ayricha o‘ringa ega. Yazd shahrida bitilgan noyob qo‘lyozmalardan biri Mansur baxshi qalamidan chiqqan majmuadir. Bu kitob hozir Britaniya muzeyida “Or. 8193” ko‘rsatkichi ostida saqlanmoqda. Qo‘lyozma temuriylar davridan qolgan uyg‘ur yozuvli eng chiroyli, shuning bilan birga, kitobat san’atining ajoyib namunalaridan. Matn mahorat bilan ko‘chirilgan, sahifalari geometrik shakllar va islimiy naqshlarga boy. Uyg‘ur yozuvli matn to‘g‘ri chiziq bo‘ylab o‘n olti qatordan yoki turli geometrik shakllar orasiga bitilgan. Mansur baxshi ushbu kitobni 1432-yili ko‘chirgan edi. Majmuaga uyg‘ur xati bilan Xorazmiyning “Muhabbatnoma” dostoni, diniy-falsafiy mazmundagi “Siroj ul-qulub”, “Mas’ala kitobi”, “Rohat ul-qulub” asarlari, Mansur baxshining qasidasi, Mavlono Lutfiyning to‘rt g‘azali, Qambar o‘g‘lining uchta, Javhariy, Qosim, Sayyidning bittadan g‘azali va bir nechta to‘rtlik bitilgan. Hoshiyasida esa Kamol Ismoil Isfahoniyning (XIII asr) forsiy devoni (arab xatida). So‘nggi ikki betining hoshiyasiga uyg‘ur xati bilan Rashididdin Vatvot “Sod kalima”sining bir bo‘lagi ko‘chirilgan. Mazkur uzindi arab va fors tilidadir.
Mansur baxshi uyg‘ur yozuvi bilan “Baxtiyornoma” asarini ham ko‘chirgan. Uyg‘ur yozuvli mazkur qo‘lyozma hozir Oksforddagi Bodlean kutubxonasida saqlanmoqda. Qo‘lyozma hijriy 838 (melodiy 1434)-yili ko‘chirilgan.
Uyg‘ur xati temuriylar davlatining rasmiy yozuvi ham edi. Temuriylar o‘z yorliqlarini, rasmiy hujjatlarini, hatto chet ellarga yuboriladigan xatlarini ham uyg‘ur yozuvida bitganlar. Uyg‘ur xati devon ishlarida, rasmiy-diplomatik yozishmalarda keng ishlatilgan. Temurbek o‘zi yorliqlarini, qo‘shni ellarning hukmdorlariga yo‘llagan maktublarini uyg‘ur xatida va turkiy tilda yozdirgan, temuriylarning shajaralari ham ayni yozuvda. Temurbekning o‘limidan keyin Shohrux va Mirzo Ulug‘bek, Abu Said mirzo va uning o‘g‘li Umarshayx mirzo ham o‘z devonida, davlat ishlarida qadimgi turkiy alifboni keng qo‘llagani ma’lum. Bu yozuvni Zahiriddin Muhammad Bobur ham yaxshi bilgan.
Temuriylar davlati, jamiyat va davlat boshqaruvi, xalqaro diplomatik munosabatlar tarixini o‘zida tamg‘alagan yorliqlardan ayrimlari hozirgacha saqlanib qolgan.
Umuman, turkiy xalqlarning yozuv madaniyati tarixida uyg‘ur xatining ahamiyati katta bo‘ldi. Uning tarixiy taraqqiyoti davomida temuriylar davri muhim bosqich sanaladi. Qadimgi turk yozuv madaniyati uzluksizligini ta’minlashda, uyg‘ur xatining ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotdagi o‘rnini belgilashda, rasmiy va diplomatik munosabatlardagi mavqeyini ta’minlashda temuriylarning xizmati katta bo‘ldi.
Shu o‘rinda temuriylar davri yozuv madaniyati, uning qo‘shni ellarga ta’siri bilan bog‘liq bir masala to‘g‘risida ikki og‘iz. XV yuzyillikning ikkinchi yarmiga kelib Movarounnahr va Xuroson bilan Rum o‘rtasida adabiy va madaniy aloqalar kuchaydi. Turk sultonlari temuriylarga ergashib, o‘z saroylarida, adabiy doiralarda qadimgi uyg‘ur xatini ommalashtirishga katta e’tibor qaratdilar. Buni yuzaga chiqarish harakatida temuriylar mamlakatidan o‘ta bilimli, uyg‘ur xatini yaxshi bilgan yetuk baxshilar chaqirtirilgan. Zamonasining ana shunday yetuk o‘qimishlilaridan biri Abdurrazzoq baxshi edi. U asli samarqandlik bo‘lib, keyinchalik turk sultonining chorloviga ko‘ra Istanbulga borgan va o‘sha yerda uyg‘ur yozuvli matnlarni ko‘chirish bilan shug‘ullangan. Baxshining ismi-sharifi uyg‘ur yozuvli manbalarda Shayxzoda Abdulrazzaq baxshi yoki Abdurazzaq Shayxzoda baxshi deb berilgan.
Uyg‘ur yozuvli nodir kitoblar Abdurrazzoq baxshining so‘roviga ko‘ra Samarqand, Hirot, Yazd singari madaniy markazlardan Istanbulga (Kustantaniyaga) olib borilgan. Masalan, “Qutadg‘u bilig”ning 1439-yili Hirotda Hasan Qora Sayil Shams baxshi ko‘chirgan nusxasi, “Hibat ul-haqoyiq”ning 1444-yili Samarqandda Zayn ul-Obidin baxshi ko‘chirgan nusxasi Istanbulga olib ketilgani manbalardan ayon. Hatto “Qutadg‘u bilig” Hirot qo‘lyozmasining oxirgi betiga uyg‘ur yozuvi bilan ushbu kitobning Hirotdan To‘qatga, u yerdan esa Abdurrazzoq baxshi uchun 879 (melodiy 1474)-yili Istanbulga keltirilgani yozib qo‘yilgan. Mana, o‘sha yozuv: Tarixqa sekiz yuz yetmish to‘quzda yilan yil bu Qutadg‘u bilig kitapni Abdurazzaq Shayxzada baxshi uchun Istanbulda To‘qattin Fanari o‘g‘li Qozi Ali bitig yibarip kelturdilar. Muborak bo‘lsun, davlat kelsun, mehnat ketsun (Tarix (hijriy) sakkiz yuz yetmish to‘qqizda, ilon yili, bu “Qutadg‘u bilig” kitobini Abdurrazzoq Shayxzoda baxshi uchun Fanari o‘g‘li Qozi Ali Istanbuldan xat yuborib To‘qatdan keltirdilar. Muborak bo‘lsin, davlat kelsin, zahmat ketsin). Baxshi “Qutadg‘u bilig”ning ushbu qo‘lyozmasidan nusxa ko‘chirganmi-yo‘qmi, buni bilmaymiz.
Abdurrazzoq baxshi Istanbulda 1480-yili uyg‘ur va arab yozuvlari bilan ko‘chirgan o‘ta nodir majmua ma’lum. Qo‘lyozma Istanbuldagi Ayosofiya kutubxonasida saqlanmoqda. Majmuaga Adib Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoyiq” asari, Mavlono Lutfiy va Sakkokiy she’rlari va boshqa bir qancha asarlar kiritilgan. Undagi “Hibat ul-haqoyiq” asari, Mavlono Lutfiy va Sakkokiy she’rlari ikki xil yozuvda: uyg‘ur xatida bitilib, o‘qilishi tagma-tag arab harflarida berilgan. Muhimi, baxshi ushbu majmuani tuzganda undagi “Hibat ul-haqoyiq” matnini asarning uyg‘ur yozuvli Samarqand qo‘lyozmasidan olib ko‘chirgan. Anglashiladiki, Abdurrazzoq baxshi ko‘chirgan asarlar, asosan, uyg‘ur yozuvli qo‘lyozmalardan olingan. Yozuv an’anasini saqlamoq uchun, shuning bilan birga, asarni ko‘pchilik o‘qiy olishini ko‘zda tutgan holda, o‘sha zamon turkiy matnchiligida rusum bo‘lgan usulni qo‘llab, matnlarini ikki xil yozuvda bitgan.
Bugina emas, baxshining so‘roviga ko‘ra Istanbulga Lutfiy va Sakkokiyning uyg‘ur xatida bitilgan devonlari yoki uyg‘ur yozuvli majmualar ham keltirilgan bo‘luvi kerak. Abdurrazzoq baxshi tuzgan majmuadagi she’rlar kunimizgacha saqlanmagan o‘sha qo‘lyozmalardan (devon nusxalari yo majmualardan) olingan, deya taxmin qilsa bo‘ladi.
Shunday qilib, temuriylar davri matnshunoslik amaliyotida ota-bobolar merosiga katta e’tibor qaratildi. Ularning shijoati va fidoiyligi tufayli ulkan yozma meros yaratilib, kelgusi avlodlarga saqlanib qoldi.
Qosimjon SODIQOV,
filologiya fanlari doktori, professor
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q