Insoniyat bosib oʻtgan yoʻl oldida yozma tarixning (recorded history) boshlanishi tunov kungi hodisadek gap. Ilk bitiklar besh-olti ming yil ilgari paydo boʻlgan boʻlsa, ikki yarim ming yil oldingi Herodotni tizimli tarixnavislik avvalida turgani bois “tarix otasi” deymiz. Qoʻlyozmalar oʻtmishni oʻrganishda naqadar qimmatli manba boʻlmasin, baribir yaqin yigirma besh asrdan koʻpincha subyektiv guvohlik beradi. Undan narisidagi bir necha oʻn ming yil, bir necha yuz ming yilga esa zamonaviy ilm yutuqlariga asoslangan mantiqiy xulosalar chiroq tutadi.
Sharqona yangi yil – Navroʻz toʻgʻrisida gap ketar ekan, Beruniy ham, Firdavsiy ham “yap-yangi” boʻlib qolaveradi. Inson ongli mavjudot oʻlaroq vaqtni – kun, oy va yilni qachondan anglay boshlagan? Taxminan 19–23 ming yil ilgari Sibirdan Alyaskaga koʻchib oʻtgan osiyolik ovchilar avlodi maya qabilalari tilida “kin” uch maʼnoda (quyosh, vaqt, issiq) kelishi va turkiycha “kun”ga ham shakliy uyqashligi, ham mazmuniy mushtarakligi ajdodlarimiz oʻsha zamonlardayoq oftobning chiqib-botishi oraligʻidagi muddatni vaqt oʻlchov birligi sifatida yaxshi bilganidan, alohida atama bilan nomlaganidan dalolatdir.
Mezolit davriga oid Siypantosh (Hisor togʻ tizmasi, Qashqadaryo) manzilining eng kamida oʻn ming yillik petrogliflari ibtidoiy munajjimlar 28-30 tunda yangi oy tugʻilishini aniqlaganidan darak bermoqda. Yer sayyorasining tabiiy yoʻldoshi ham, oʻttiz sutkalik vaqt birligi ham “oy” deb atalishi oʻzaro bogʻliqlikni koʻrsatib turibdi.
Saymalitosh (Fargʻona togʻ tizmasi, Qirgʻiziston) manzilidagi besh ming yillik chizmalarda oʻn ikki nurli quyosh maʼbudi va omoch tortayotgan qoʻsh hoʻkiz tasvirlangani bu davrga kelib ajdodlarimiz vaqt oʻlchov birligi sifatida yilni ham kashf qilganini bildiradi. Ushbu manzarani Yilboshi – Navroʻz saylining bugungacha ajralmas qismi boʻlib kelayotgan qoʻsh haydash marosimi aks etgan dastlabki suratlardan deyish mumkin.
Oyga nisbatan tugʻilish soʻzini qoʻlladik. Xoʻsh, quyosh-chi? Ayrim qardosh tillarda tong otishi kun tugʻdi iborasi bilan ifodalanishini bilamiz (bizda esa asosan chiqish feʼli faol). Alqissa, kunning tugʻilishi yangi kunni, oyning tugʻilishi esa yangi oyni boshlab bergan. Tabiat bilan vobasta yashagan odamzot har bir jismda, har bir hodisada jon bor deb, xuddi oʻzi kabi tirik deb qabul qilgan.
Biz borliqni anglashda hamisha oʻzimizni markazga qoʻyib tafakkur yuritamiz. Chaqaloqning qorongʻilik dunyosidan yorugʻ olamga chiqishi, ulgʻayib kamolga yetishi va oxiri qarib-qartayib, zimiston mamlakatiga koʻchishi – odamzotning yashash tarzi koinot uchun universal qonuniyat deb tushunilgan. Inson hayoti olami sagʻir (mikrokosmos) sifatida olami kabir (makrokosmos) xususiyatlarining tajassumi degan tasavvufona qarash mana qayerlardan oʻsib kelmoqda. Oyning toʻlib-ozishi, quyosh haroratining kuchayib-pasayishi, daraxtlarning barg toʻkib-gul yozishi – hamma-hammasining tabiatda takrorlanuvchi hodisalar ekanini kuzatgan odamzot oʻzining ham qayta dunyoga kelishiga, ruhi koʻchib yurishiga ishongan, ishontirgan. Shu orqali biologik hayotning oʻtkinchiligidan xavotirlarini birmuncha yenggan. Mazkur ishonch koʻplab dinlarda mavjud tanosuh (reinkarnatsiya) nazariyasiga yoʻl ochgan.
Asosan turkiylar va ularga qoʻshni xalqlarda kuylanadigan “Goʻroʻgʻli” turkum dostonlari qadimiy quyosh mifologiyasidan negiz olishini filologiya fanlari doktori Shomirza Turdimov ilmiy asoslagan (“Goʻroʻgʻli” dostonlarining genezisi va tadrijiy bosqichlari. – Toshkent: Fan, 2011). Folklorda yosh quyosh va qari quyosh haqidagi tasavvurlar Goʻroʻgʻli va Qoʻrqut ota siymosida badiiy gavdalantiriladi. Biri goʻrda, yerostida tugʻilsa, ikkinchisi doim ajaldan qochib yuradi, oxiri daryo oʻrtasida ilon chaqib oʻldiradi. Bu esa oftobni ajdar yutib yuborishi haqidagi koʻhna afsonani yodga soladi. Ikki qahramon qismatidan soʻzlovchi dostonlar qogʻozga tushganiga bir necha asr boʻlgan, lekin bu ularning yangi hodisa ekanini anglatmaydi.
Birgina misol: maya mifologiyasida Kinich Ahau (quyosh maʼbudi; shu yerda “kun” va “yohu” soʻzlarini eslash kerak) kunduzi koʻkda porlab, kechqurun yaguar koʻrinishida yerosti olami Shibalbadan oʻtishi “Malika Ayyor” dostonida Avazxonning yerosti mamlakati Torkistonga tushib, tilla arslon siyoqidagi qurilma ichiga kirib olishiga hamohang. Bunday afsonalar Yevrosiyo materigida yashovchi xalqlar ogʻzaki ijodida yetarlicha qayd etilgani rost, ammo biz taxminan yigirma ming yil narida tomirlarimiz tutashganu, keyin alohida qitʼada umrguzaronlik qilgan mayalar merosidan misol keltirib, folklorimizdagi anʼanaviy motivlar tarixning naqadar teran qaʼridan nish urib kelayotganini urgʻulamoqchimiz.
Maya shamsiy kalendari (haab)dagi yashkin va kankin degan oy nomlari qanday maʼno anglatishini oʻzingiz fahmlab turgandirsiz. “Yashkin” soʻzi ikki logogrammadan iborat: yuqoridagisi “yash” deb oʻqiladi, “yashil” yoki “birinchi” degani. Asosiy belgi (“kin”) esa azaldan butun sayyoramiz boʻylab keng tarqalgani, qoyatosh suratlaridan tortib koʻplab arxeologik topilmalarda, hatto bugungi gilam va kashtalarda uchrashidan ayon boʻladiki, odamzot aylana ichiga nuqta qoʻyib yoki qoʻshuv belgisini chizib, quyosh maʼnosida tushuna boshlaganiga oʻttiz ming yildan kam boʻlmagan.
Aniqlik kiritib ketish kerak, qadimgi amerikaliklar bizdan koʻchib ketgan zamonlarda hali Yerning sunʼiy yoʻldoshi harakatiga asoslangan “oy” vaqt oʻlchov birligi kashf etilmagan koʻrinadi. Negaki maya taqvimiga koʻra shamsiy yilda har biri 20 kundan iborat 18 ta uinal bor (winal – odam degani; qoʻl-oyogʻimizdagi barmoqlar jami soniga asoslangan). Yashkin (yosh kun, yangi quyosh) tartib boʻyicha yettinchi oʻrinda turadi, yaʼni yil boshidan hisoblaganda 120 kundan soʻng kiradi.
Oradan yana yetti oy oʻtib, yil boshidan hisoblaganda 260 sutkadan soʻng kankin uinaliga navbat yetadi (mayalarning diniy tzolkin taqvimida ham 260 kun bor). “Kan” – sariq degani. Logogrammaning mazmuni “sariq quyosh”, “qari quyosh” deb izohlanadi. Eʼtiborlisi, rasmda mangu yashash timsoli – hayot daraxti aks ettirilgan. Esingizda boʻlsa, oʻn yilcha ilgari global axborot tarmoqlarida 2012-yil 21-dekabrda qiyomat qoʻpishi haqida shov-shuvlar urchigan edi. Bu maya tamadduniga xos Uzun hisob boʻyicha Beshinchi quyosh davri (5125-yil)ning tugashi boʻlib, kankin oyining boshiga toʻgʻri kelgan. Qizigʻi, taqvim egalari dunyoning tugashidan aslo bahs etmaydi, balki eski davr tugab, yangi davr boshlanajagini taʼkidlaydi.
Bahorgi va kuzgi tengkunlik (21-mart, 22-sentyabr), eng uzun kun va eng uzun tun (22-iyun, 21-dekabr) shamsiy taqvimdagi toʻrt asosiy sana hisoblanib, qadimdan ushbu tabiat hodisalariga bagʻishlab maxsus mavsumiy marosimlar oʻtkazib kelingan. Turkiylar yilni yoz va qishga ajratgan, ikki fasl doimo oʻzaro raqobatda yashashiga ishonilgan. Navroʻzda qahraton magʻlub boʻlgan. Mehrjonda esa jaziramaning kuchi kesilgan. 21-dekabrda tunning qudrati haddi aʼlosiga yetgan. 22-iyunda esa kunning quvvati avjiga chiqqan. Yorugʻlik ham, qorongʻilik ham kamoldan soʻng darhol zavolga ketgan.
Qardoshlarimiz yashab turgan hududi iqlimiga qarab yilning muhim toʻrt sanasidan birida oʻtkaziladigan bayramga koʻproq eʼtibor qaratadi. Eng mashhuri – bahorgi tengkunlik boʻlib, turkiylarning geografik tarqalish mintaqalaridagi obihavo shuni taqozo etadi. Yaʼni qahraton qahridan qutulgan xalq koʻklam nafasidan ruhi yayrab, yangi mehnat mavsumini boshlagan. Bayram qilishga arzigulik bahona, shundaymi?! Qishda qishloqda qisilib yashagan odamlar maxsus marosimlar oʻtkazib, zulmat yukidan xalos boʻlishgan. Keyin yozda yoyilib yayrash maqsadida yozloq (yayloq, yaylov)ga, dala-bogʻlarga koʻchishgan. Kuzda esa xirmon koʻtarilib, hosil bayrami nishonlangan. Ayozli kunlarga tayyorgarlik koʻrilgan. Bularning barchasi koʻhna mifologik tafakkurdan ildiz olgan irim-sirimlar, urf-odatlarga omixta kechgan.
Shimolda yashaydigan yaqut (saxa)lar yozgi quyosh turishi – eng uzun kunni oʻzgacha nishonlaydi. Isiax (moʻl-koʻlchilik, toʻkin-sochinlik degani ekan; ishiq – yorugʻlik, nur maʼnosida ham boʻlishi mumkin) bayramida yuzlab odamlar qoʻlni qoʻlga berib, davra hosil qilib, quyosh yoʻnalishi boʻylab aylanib oʻyinga tushadi. Ishtirokchilarning almashib turishi hisobiga marosim uch kunlab tinimsiz davom etishi mumkin. Osuoxay raqsida 2012-yili 15 mingdan ortiq kishi qatnashib Ginnes rekordi oʻrnatilgan (bu hodisa mayalarning sal avval eslab oʻtilgan “qiyomat” yiliga toʻgʻri kelishi shunchaki tasodifmikan?) Mifologik mantiqqa koʻra zulmat bilan kurashayotgan quyoshga koʻmak berish maqsad qilinadi. Bu tongni bedor qarshi olish odatida ham namoyon boʻladi.
Quyoshning qishki turishi – eng uzun tun mumtoz adabiyotimizda fors sheʼriyati taʼsirida “Yaldo” nomi bilan poetik boʻyoqdorlik kasb etgan. Boshqird, udmurt, tatar va boshqa qardoshlarimizda esa Nardugan, Nartuken, Nartavan, Nardava, Nardvan, Gundoʻgʻan deb ataladi. Afsonalarda aytilishicha, yovuz kuchlar bilan olishishdan toliqqan keksa quyosh oxiri magʻlubiyatga uchrab halok boʻladi va... zulmat bilan kurashni davom ettirgali yangi quyosh tugʻiladi (qaqnusga oʻxshab).
Jizzax viloyatida Narvon ota ziyoratgohi bor, bu nomni bugungi tushunchamiz boʻyicha izohlashga urinamiz. Aslida yuqoridagi soʻzlarning fonetik oʻzgarishga uchrab, lugʻaviy maʼnosi ham unutilgan shaklidir. Qadamjo qadimda eng uzun tun mahali maxsus marosimlar oʻtkaziladigan manzil boʻlganini el ogʻzidagi rivoyatlar tasdiqlaydi. Gʻorda yashaydigan avliyo ota oʻrnidan turib, bomdodga tadorik koʻrgani tashqarilaydi, lekin hadeganda iziga qaytavermaydi. Kampiri ilhaq boʻlib chiqib qarasa, bobo osmonga koʻtarilib, nurga aylanib borayotgan boʻladi. Keksa quyoshning oʻrniga yangi quyosh kelishi haqidagi koʻhna afsonaning oʻzginasi emasmi?!
Yangi yilni qishda kutib olish anʼanasining tub ildizi eng uzun tundan soʻng kun asta-sekin uzaya borishi hodisasiga bogʻlanadi. Hatto Iso alayhissalomning mavludini nishonlash odati qadimgi rimliklarning quyosh xudosi bayramini omma ongidan forigʻ qilish maqsadida taʼsis etilgan ekan. Tatarlar esa XVIII asrdan eʼtiboran Nardugan marosimini ruslar taʼsirida yuliy kalendari boʻyicha Yangi yil bayrami bilan sinkretik tarzda oʻtkaza boshlagan.
Ibtidoiy odamzot dunyoqarashi boʻyicha aytganda, 21-22-dekabrda yangi quyosh tugʻiladi, ammo hali u zulmat qoʻynida, Goʻroʻgʻli kabi goʻrda. Koʻk yuziga koʻtarilish uchun kuch toʻplamoqda. Uch oydan soʻng 21-martda yorugʻ olamga chiqadi. Shunday qilib, navqiron quyoshning qoʻli baland kelib, nurlari yer yuziga moʻl-koʻl yogʻiladi, zimiston chekina boradi, tunlar qisqarib, kunlar uzaya boshlaydi. Tabiatda uygʻonish, yangarish, yasharish, yashnash, yashillanish...
Maʼlumki, 21-martda yil yangilanadi. Kun esa har tong yangi. “Yangi kun” deyilganda ajdodlarimiz yangi quyosh, navqiron quyosh maʼnosini tushungan. “Navroʻz”dagi ikkinchi soʻz garchi bugun vaqt oʻlchov birligini bildirsa-da, etimologik jihatdan qadimgi hind-yevropa tillaridagi “nur” anglamli soʻzga borib ulanishi taʼkidlanadi. Qizigʻi, quyosh mifologiyasiga asoslangan “Goʻroʻgʻli” turkum dostonlarining tarqalish geografiyasi bilan Navroʻz nishonlanadigan mintaqalar baʼzi istisnolarni hisobga olmaganda qariyb mos keladi. Sababi, har ikki maʼnaviy obida hali millatlar, elatlar paydo boʻlmasidan oldingi mushtarak tariximizdan meros bizga.
Bugun Yilboshi – Navroʻzni oʻttizdan oshiq mamlakatda bir necha dinlarga eʼtiqod etuvchi xalqlar bayram qiladi. Oʻndan ortiq davlatda esa rasmiy maqomda tantanalar oʻtkaziladi. Shu sabab Navroʻzni UNESCO 2009-yili Insoniyatning nomoddiy merosi roʻyxatiga kiritdi. 2010-yili esa BMT 21-martni xalqaro Navroʻz kuni deb eʼlon qildi. Elimiz esa necha ming yillik tajribasi bilan savqi tabiiy ravishda har koʻklamda dala-dashtlarga, togʻu toshlarga chiqib, yorugʻlik va ezgulikning gʻalabasi, yangilanish va yasharish pallasi, tenglik va bagʻrikenglik bayramini nishonlayveradi.
Farrux JABBOROV,
OʻzFA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti tadqiqotchisi
"Maʼnaviy hayot" jurnali, 2022-yil 1-son.
"Yangi quyosh bayrami" maqolasi
Falsafa
Ma’naviyat
Vatandosh
Tarix
Ma’naviyat
Adabiyot
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q