Nufuz, marketing va originallik ortidagi million dollarlik suratlar. Nega sanʼat asarlari qimmat boʻladi?


Saqlash
19:20 / 14.03.2023 1858 1

Koʻpchilikni tasviriy sanʼat asarlarining narxi nega oʻta yuqori boʻladi, degan savol oʻylantiradi. Baʼzi odamlar suratlarning narxi qimmat boʻlishini muallifi bilan bogʻlasa, boshqalar ularda tasvirlangan voqelik, holat, gʻoyasining originalligi darajasi bilan izohlaydi. Albatta, bu fikrlarda ham jon bor, ammo, asarlarning qiymati oshib borayotganiga aynan bitta omilni sabab deb olib boʻlmaydi. Quyida buning bir nechta faktorlarini keltirib oʻtamiz:

 

Ijtimoiy mavqe belgisi. Oʻrta asrlardan beri rassomlarning asarlari oqsuyaklar, cherkov va qirollik sulolalariga yaqin boʻlganlar tomonidan zodagonlik maqomini tasdiqlash uchun sotib olingan va ular kartina egasining moliyaviy ahvoli haqida darak beradigan obyektlarga aylangan. Bu anʼana hozirgi hayotimizda ham oʻzgargani yoʻq. Sanʼat hamon hamma ham qabul qilolmaydigan, yetisha olmaydigan hashamat belgisi hisoblanadi. Bugun sanʼat asari dunyo milliarderlarining obroʻsini, nufuzini oshiruvchi vosita hisoblanadi. Kolleksiyangizda Jekson Pallok yoki Mark Rotkoning asari turishi sizning ijtimoiy oʻrningiz, mass-mediadagi obroʻ va nufuzingizni belgilab beradi.

 

Siyosiy-mafkuraviy faktor. XX asr boshlarida tashkil etilgan sanʼat galereyalarida eng qimmat asarlar uygʻonish davrining klassik asarlari edi. Lekin avangard yoʻnalishlar, “izm“lar paydo boʻlgach, liberal-demokratlar oldingi konservativ-tarixiy ruhda ishlangan asarlarga qarshi chiqqan holda, tafakkurlariga yaqin boʻlgan zamonaviy asarlarni sotib olib, rassomlarni qoʻllab-quvvatlay boshladi. Shu boisdan ham aynan XX asr boshlaridan tasviriy sanʼatning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi tutgan oʻrni, sanʼat asarlarining qiymati oshib boradi.

 

Kelajakda dividend(foyda) olish imkoniyati. Sanʼat asarlarining narxi (agar asarga jiddiy zarar yetmagan boʻlsa) hech qachon pasaymaydi, aksincha yillar oʻtgan sari oʻsishda davom etadi. Misol uchun, dunyo sanʼat bozorlarida mashhur rassomlarning asari sotib olinsa, keyingi yil uning bahosiga 20 foiz narx qoʻshilishi mumkin. Bu esa har narsadan foyda koʻzlovchi tadbirkorlarni oʻziga jalb qilmay qolmaydi. Shuning uchun ham 1950-yillardan boshlab, sanʼat asarlariga qiziquvchi va ularni sotib oluvchi asosiy xaridorlar roʻyxatida xalqaro banklar, korporatsiyalar, biznesmenlar birinchi oʻrinda tura boshladi. Shu davrdan boshlab, sanʼat asarlari foyda olib keladigan investitsiyaga ham aylandi.

 

Suratning unikalligi. Aksionerlar, kolleksionerlar muallifning asarini emas, balki u orqali ifoda etilgan gʻoyani sotib olishadi, odatda. Asar qanchalik yangi, qiziqarli va gʻayrioddiy boʻlsa, shunchalik qimmatroq boʻlishi mumkin. Misol uchun, Kazimir Malevich birinchi boʻlib “Qora kvadrat” ni tasvirlagan, Mark Rotkoning bir nechta “Nomsiz” rasmlarida esa faqat turli xil rangdagi kvadratlar mavjud edi. Va ularning narxi bugungi kunga kelib, rassomlarning oʻzlari ham tasavvur qilmagan darajada yuqori baholanadi. Chunki, baxtni qarangki, muzeylar va kolleksionerlar endilikda ilgari hech kim qilmagan, noyob narsalar uchun millionlab dollar toʻlashga tayyor.

 

Marketing va jamoaviylik. Agar rassom allaqachon dunyoga mashhur boʻlsa, uning rasmlari kimoshdi savdolarida katta pulga sotiladi. Ammo bizning davrimizda shon-shuhrat topish va pul ishlash uchun yaxshi marketologlar bilan bir jamoada ishlash kerak, hatto suratkashlar ham. Natija ham oʻzini koʻp kuttirmaydi. Misol uchun, britaniyalik konseptualist rassom Damien Xirst bir vaqtning oʻzida bir nechta mutaxassis bilan birga qator loyihalarini amalga oshiradi. U “Tiriklar ongida oʻlimning jismoniy imkonsizligi” instalyatsiyasini formalin bilan toʻldirilgan akvariumdagi akulaning bir qismi bilan ifodalaydi. Mashhur auksioner va kolleksioner Charlz Saatchi esa ajoyib marketing kampaniyasi orqali Xirstning ushbu asarini Treyder Koenga 12 million dollarga sotadi. “Asar”ning ushbu narxi nafaqat, ishning oʻziga xosligi, balki nufuzli nomlar va yaxshi marketing kampaniyasining natijasi edi.

 

Shuningdek, jahon muzeylari sahnasida endigina sayohatni boshlayotgan yangi galereyalar, muzeylar ham mavqeyini oshirish uchun, albatta, zamonaviy sanʼat asarlarini sotib olishadi. Bu jarayonda ular yangi, ammo mashhur boʻlishga ulgurgan suratlar uchun qancha boʻlmasin toʻlashga majbur boʻlishadi.

 

Tasviriy sanʼat asarlarining qiymati baland boʻlishi yaxshi, albatta. Ammo sanalgan va boshqa shunga oʻxshash tabiiy va shishirilgan sunʼiy faktorlar sanʼatshunoslikda sanʼat asarlarini baholash tizimini ham izdan chiqaradi. Odamlarni koʻproq shov-shuvga sabab boʻlgan sanʼat asarlari qiziqtira boshlaydi. Va natijada buni ham narx yuqorilab borishiga asosiy sabab deb keltirishimiz mumkin.

 

Shu oʻrinda bizda nega bunday asarlar yoʻq, degan savol paydo boʻlishi tabiiy. Chunki bizda ichki bozorda talab yoʻq, boylarimizni chayqovchilik va sudxoʻrlik orqali boyish qiziqtirsa, odamlarimizni birinchi navbatda oziq-ovqat, maishiy buyumlar oʻziga tortadi, deya taxminimni bildirishim mumkin edi. Ammo bu ogʻriqli savolning javobini sizga qoldiraman. Xulosa sifatida sanʼat asarlari qiymatini doim ham ularning narxi belgilamasligini aytishim mumkin.

 

Samandar Egamberdiyev,

san'atshunos

 

Quyida narxi 100 million dollardan baland boʻlgan bir nechta suratni koʻrishingiz mumkin:

 

Leonardo da Vinchi. “Olam haloskori” (1499-yil) – 450 million dollar

 

Velliam de Kuning.(1955) “Birja“ – 300 million dollar

 

Pol Sezann. “ Karta oʻynovchilar“ (1893) – 250 million dollar

 

Mark Rotko. “Siyohrang, yashil va qizil“ (1951) – 186 million dollar

 

Roy Linxinshteyn. “Shedevr“ (1962) –165 million dollar

 

Pablo Pikasso. “Tush “ (1932) –155 million dollar

 

 Gustav Klimt, “Аdel Blox Bauer portreti” — 135 million dollar

 

Edvard Munk, “Qichqiriq” – 119,992 million dollar

 

 

Jasper Jons, “Bayroq” – 110 million dollar

 

Pol Sezan, “ Shato-Nuardan Sent-Viktuar togʻining koʻrinishi” – 100 million dollar.

 

1 Izoh

Diyorbek

03:01 / 28.01.2024

Men ham shunaqa rasmlar chizganman

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 129
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22034
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//