Doston – roman kabi murakkab janr. Mazkur janrda ijodkordagi quvvai hofizaning kuchi, fikrning koʻlami qay darajadaligi boricha koʻrinadi. Adabiyotshunos olim Umarali Normatov shunday yozadi: “Yaratmoq, kashf etmoq doston janri tabiatiga nihoyatda mos. Aslida, yangi topilgan, nihoyatda zarur gap shoirga tinchlik bermay, qalbini tugʻyonga solganida, xuddi oʻsha jilovlay olish qiyin boʻlgan, kichik shaklga sigʻmaydigan qalb tugʻyoni koʻproq doston shaklini taqozo etadi”. Chindan ham, “Surat”, “Davrim jarohati”, “Ruhlar isyoni”, “Jannatga yoʻl”, “Nido”, “Xotiram siniqlari”, “Nega men?” va “Yangi inson” kabi mashhur dostonlarimiz ham ushbu janrning sheʼrga sigʻmagan hasrat ekanini eslatadi. Sheʼr tiliga koʻchgan voqelik katta savol – katta ogʻriq atrofida aylanadi.
Yozuvchilar uyushmasi sheʼriyat kengashi tomonidan qoʻlimga berilgan ayrim doston va faxriya-madhiyalarni mana shu mezon bilan oʻqib chiqdim. Ulardan biri muallif Zamira Roʻziyeva “doston” deb aytgan “Jon rishtasi” tizmasini yozuvchi Muhammad Ali “qasida” deb baholaydi. Yaʼni, bu Andijon farzandining jonajon shahriga bitgan qasidasi ekan. Lekin mazkur “asar” qasida bilan faxriyaning qorishigʻi. Nazariyotchilar “faxriya” janrini shoir oʻz isteʼdodi va fazilatlarini maqtab yozgan sheʼr deb aytadi. Muallif faxr-u iftixorga toʻlib-toʻlib ona tuprogʻida tugʻilganlar bilan birga oʻzini ham alqab ketgan “doston”da Zahiriddin Muhammad Boburdan to Andijon hokimi Shuhrat Qoʻshoqboyevichgacha deyarli hammaning taʼrif-u tavsifi qalamga olingan. Obod va ozod Andijonning tilga olinmagan hech bir kunjagi qolmagan. Shoira oʻzidan ham, vatandoshlaridan ham mingdan-ming rozi. “Doston”dagi rivojlanib boruvchi syujet liniyasi – maqtov! Balki siz buni muallif badiiy niyati bilan adashtiryapsan, dersiz, lekin chindan ham shunday. Madhlar axiyri oʻziga libos-soʻz topa olmay qoladi hatto. Shoira ham oʻzini ortiq qiynamay, sevgisini chapanilik bilan shart-shurt aytadi-qoʻyadi: “Andijon, men seni yaxshi koʻraman!” Shu satrining oʻzi “doston”da oʻn olti marta takrorlangan.
Siyosatxon qizing paxtakor, dehqon,
Yer ilmi hadisin olgan bilimdon,
Oltin yulduz taqib boʻldi qahramon,
Andijon, men seni yaxshi koʻraman.
Bundan keyingi bandda “el sardori” Shuhrat Qoʻshoqboy oʻgʻli tilga olinadi. Ammo mazkur faxriyaning har bir bandiga toʻxtalib oʻtirmasdan, faqat Mirzo Boburga tegishli qismiga eʼtibor qaratsak:
Zardobi kechmishli, zardobi savol,
Bir diyor oldinda – Hindiston otli.
Buyuk Gang mavjlari ochar bunda fol:
“Bir oʻgʻlon keladi mard, adolatli”.
Demak, muallifga ishonadigan boʻlsak, Bobur mirzoning qadamiga Hind diyori ilhaq boʻlgan ekan. “Temuriyzoda zaminimizni tezroq istilo qilsa edi”, deb Gang daryosi koʻzi toʻrt boʻlib urushni kutyapti! Mirzo Boburning buyukligiga hech eʼtiroz yoʻq. Oʻziga tik boqqan, oʻzini ayovsiz taftish eta olgan kamyob SHAXS. Oʻylab koʻraylik, bunday zotlar bu taxlit mubolagʻali madhlarga muhtojmikan? “Har neniki ayladim xatoligʻ boʻldi”, deb yozgʻirgan insonni oʻshanda Hindiston quchoq ochib kutib olganmi? Garchi Javoharlal Neru “Bobur dilbar shaxs edi”, deb eʼtirof etgan boʻlsa ham, hatto hozirgacha bu tarixiy shaxs hind jamiyati uchun bahsli siymo, axir. Biz tarixni tahrir qilmasdan, boricha qabul qila olsakkina, buyuklarimizga yaqinlasha olamiz. Abu Rayhon Beruniyning ajdodlari bilan maqtangan kimsaning ota-bobolari tirik, oʻzi esa oʻlikdir, degan maʼnodagi oʻgiti aynan bizga tegishli.
Bobur mirzo ham faqat Andijonda tugʻilgani uchungina shoira uning shuhratiga ehtiyoj sezadi. Holbuki, globallashuv davrida dunyo “ulkan qishloq”qa aylanib borayotgan kezda “samarqandlig-u andijonlik” qobigʻida qolib ketgan, boʻlinmas OʻZBEKISTON maslagiga zid mahalliychilikning bu yoʻsindagi madaniy tusiga xalq shoirlarining xayrixohligi bizning eng ojiz tomonimiz. Vaholanki, Najmiddin Ermat, Xurshid Abdurashid, Suhrob Ziyo va Shahriyor Shavkat kabi yosh va yovqur shoirlar tafakkurdagi bu biqiqlikni yorib, TURKIY DUNYO nigohi bilan olamni idrok eta boshlayapti. Zebo Mirzoning Turon zamini dard-u dunyosi aks etgan “Kishan kiyma...” sheʼri ham katta bir dostonga asos boʻla oladi. Toki, shoir oʻzini borliqning bir parchasi bilib, banibashar qaygʻusiga yuragidan darcha ochmas ekan, u shoirning millati mahdudlik, Vatani mahalla boʻlib qolaveradi.
Zamira Roʻziyeva ijodidagi saktaliklar Zuhrabegimning yozganlarida ham yoʻq emas. Oʻtgan asr sovet madaniyatidan qolgan bir illat hanuz oʻzbek kinosida ham, adabiyotida ham uchraydi – bugun bilan tarixni baqamti qoʻyib, dorulomon kunlar uchun sallamno aytish. Oʻtmish faqat zamonaga behad shukronalar aytish uchun zarurdek. Robindranat Tagorning dono gapi bor: “Qurigan daryoga oʻtmishi sabab rahmat aytmaydilar”. Ijodkorning “Mangu ruhlar suhbati”da “mangu ruhlar” – Amir Temur, Bibixonim, Mirzo Ulugʻbek, Abdulatif va Mirzo Boburning gurungi yozilgan. Zamira Roʻziyeva Andijonni qanchalik alqasa, Zuhrabegim ham Sohibqiron Temur va Bibixonim ruhi bilan goʻzal Samarqand koʻchalarini kezgancha, bugungi gulgun hayotni koʻkka koʻtaradi.
Bibixonim Amir Temurga aytyapti:
Olampanoh, tinchlaning,
Adolat topdi qaror.
Bugun elga bosh sizdek
Fidoyi, mard hukmdor.
Mustaqillik barchaga
Keldi qadami qutlugʻ...
Sovet davrida partiyani, zamonni madh etish odatga aylangan boʻlsa, bugun ochiqchasiga shaxsga sigʻinishga daʼvat etilyapti. Va bu daʼvat asarda propagandaning joʻngina, betaʼsir tilida ifodalangan. Balandparvoz koʻtarinkilik esa kuchaygandan-kuchayib boraveradi...
Sohibqiron izidan
Avlodlar borayotir.
Olloh ular koʻngliga
Ezgulik solayotir.
Oʻzbekning oʻgʻlonlari
Har ishda ibratlidir,
Bu yurtning fidolari
Metindek qudratlidir.
Yigirma yildirki, aynan shunaqa qofiyabozlik, shiornamo illyuziyalar shirasi oʻzbek shoirining jamiyatdagi mavqeyini tushirishga xizmat qilib kelyapti. Lirik mushohada, yaʼni hissiy tafakkur oʻrnini hissiy koʻpirish, boʻm-boʻsh boʻyoqdorlik egalladi. Intellektual halollik oʻz oʻrnini siyosatdon beburdlikka, subutsizlikka boʻshatib berdi.
Zuhrabegimning yozganlari orasidan Said Ahmad va Saida Zununovaga bagʻishlangan “Sadoqat va matonat” dostoni ancha samimiy, ancha jonli tugʻilgan. Oʻziga yaqin zamondoshlar, oʻziga yaqin tuygʻularni qalamga olayotganda shoira qiynalmaydi. Biz faqat shu asarda odam haqidagi toza hayajon epkinini, yilt etgani fikr uchqunini, munosabatni koʻramiz.
Xorlandi, zorlandi, bosh egmay ayol,
Jufti halolini kutdi tun-u kun.
Qoʻl soatin sotib, oldi mashinka,
Koʻngli yarim, ammo yuragi butun.
Bu misralarda original tashbehlar, haqiqiy dostonlarga xos fikr tugʻyonlari yoʻq, lekin ular yasalgan, yashalmagan satrlar ham emas. Biroq tuygʻular oqimida suzayotgan muallif qahramonlari murod-maqsadiga yetishi bilanoq hasratdoshdan maddoh voizga aylanadi-qoladi:
Talotoʻp koʻchalar tumanday tarqab,
Cheksiz zulmatlarni yoritdi quyosh.
Bugungi kunlarga shukrona aytar,
Nuroniy otaxon koʻzlarida yosh...
Yurtimda Istiqlol gʻalaba qildi,
Toʻylarda yozildi oppoq dasturxon.
Ajdodlar istagi boʻldi ijobat,
Oʻzbekning dovrugʻin eshitdi jahon.
Biz yozarkanmiz, ehtiyot boʻlishimiz kerak – Adabiyotdagi yolgʻon va oʻrinsiz mubolagʻalar aks taʼsir qilib, xalq xotirasining kovaklariga bekinib yotgan ogʻriqlarni kovlab chiqaradi. Siz bilib-bilmay ilonning boshini bosasiz. Bu tarzdagi “fidoyiliklar” hukumat va jamiyat oʻrtasidagi jarlikni yanada kengaytirib, yanada chuqurlashtiradi.
Tojmahal obidasiga bagʻishlangan “Muhabbat qasri” faxriyasi esa “baxtning peshonasidan oʻpgan” shoiraning olam-olam hayajonidan iborat. Yoʻl ocherkining qofiyaga tushgan pafosli shakli, desa ham boʻladi.
Dillashish ayladi nasib,
Oʻpdim baxtning peshonasidan.
Ilhomlandim hayajon bosib,
Muhabbatning koshonasidan.
Gʻulom Egamshukurning Yozuvchilar uyushmasi homiyligida “Adabiyot” nashriyotida chiqqan “Qogʻozlar hayqirigʻi” kitobidagi “Mangu armon”, “Urush manzaralari”, “Koʻrinmas maydon” qiyqimlari ham “doston”lar roʻyxatida bor. “Mangu armon”ga “dostondan parcha” deb izoh berilgan. Qiziq, semizgina kitobning ichida tugal doston uchun joy yoʻqmidi? Tushunishimcha, tugallanmagan bu yozishmalar azbaroyi doston yozish istagidan tugʻilganga oʻxshaydi. Gʻaladonda qolib ketgan qoralamalarni eslatadi. Asarda tirnoqqa zor odamning dunyosiga moʻralashga harakat qilingan-u, lekin u dardning boʻyiga boʻy boʻla olmagan. Yoziqlarni oʻqirkansiz, savol tugʻiladi – shoirning badiiy niyati nima? Mazkur qoralamalarda odamning yuragini titkilashdan maqsad ne? “Urush manzaralari” esa bugun urushning haqiqiy turqini koʻrgan odamlar uchun shunchaki ikkinchi jahon urushi haqidagi chizgilar sifatida oʻtib ketadi.
Chekimga birov bilib, birov bilmagan asarlar bahonasida hozirgi oʻzbek sheʼriyatining birgina qirrasiga koʻz yugurtirish tushdi. Yana bir karra amin boʻldimki, bugun asl adabiyotni, haqiqiy dardni, baland hayqiriqni gazeta va jurnal sahifalaridan emas, senzurasiz olam – internet dunyosidan topish mumkin.
Tengiz Abuladzening “Iltijo” filmi finalida haqiqat uchun kurashishdan toliqqan shoir magʻlubiyatni boʻyniga oladi. Shoir haqiqat timsoli edi. Haqiqat qochayotgan mahal Farishtani – Ezgulikni dorga osadilar. Shoir qurolini yerga qoʻygan on Farishtani Iblis nikohiga oladi... va ulardan maymunlar tugʻiladi. Bizda adabiyot odamlarining chalgʻiganiga, chekinganiga koʻp boʻldi. Mangu qonuniyat shundaki, jamiyatning jon tomiriga qoʻlini qoʻya olmagan shoirning nekbin-u chuchmal satrlari, yorqindan-yorqin misralari ham endi bu xalqqa kerak boʻlmaydi. Jamiyatning oʻzi qattol tahrirchiga aylanadi.
Iqbol QOʻShShAYEVA
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q