Oʻtgan 2022-yil davomida nufuzli adabiy nashrlar – “Sharq yulduzi”, “Yoshlik”, “Tafakkur” jurnallari va “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida 300 ga yaqin shoirning sheʼrlari chop etilgan. Quyida ulardan ayrimlariga toʻxtalib oʻtamiz.
Qutlibeka Rahimboyeva sheʼrlarida (“Sharq yulduzi”, №1) bir umumiy xususiyat kuzatiladi – ularda yuragiga, oʻz ichiga chekina-chekina, oxiri chekinadigan joyi qolmagan odamning kayfiyati aks etgan. Shoira yozadi:
Birdan tikka tursam (oʻylash ham huzur),
Tole manglayimni yuborsa silab.
Koʻrinmay, bilinmay yotibman hozir,
Dilimda dengizday tugʻyonlar bilan.
Shoiraning “Oʻzimga” sheʼrida lirik subyektdan tashqari yana bir “men” bor, yaʼni “oʻzim”. “Salom senga, qadrdon oʻzim” deya murojaat qiladi lirik “men” “oʻzim”ga.
Shunday, har kech sen bilan, oʻzim,
To tonggacha yashab olamiz.
Shundan kunduz ketmaymiz toʻzib,
Nurab tushmas yurak qalʼamiz.
Sheʼr – Qutlibeka uchun oʻzining butunligini tiklab olish, shaxsiyatining yaxlitligini saqlab qolish yoʻli, deb xulosa chiqarish mumkinki, bu soʻz sanʼatini oʻz hayoti mazmuniga aylantirolgan ijodkorlarga xos.
Odil Ikromning “Qush tili” sheʼrida (“Sharq yulduzi”, №1) shunday misralar bor: “Boʻgʻzimda qaltirab turibdi bir soʻz, Filofida qolib zanglagan tigʻday”. Bu soʻzlar bir qarashda ijtimoiy muhit taʼsirida aytar soʻzini ayta olmagan odamning holini eslatadi. Sheʼrning davomi esa boshqa narsani aytadi:
Soʻzingdan iqtibos keltirolmayman,
Senga keltiraman yurakdan sujud.
...Kimdan qoʻrqishimni angladim, ammo
Qachon qoʻrqqanimni eslay olmayman.
Nazarimizda, bu yerda odamning ichidagi sterjen haqida gap ketyapti, yaʼni nima yaxshi-yu nima yomonligini, halol-u haromni ajratib beradigan ichki mexanizm – qoʻrquv haqida gap boradi. Shuning uchun ham bu qoʻrquv metafizik xarakterda – u bor, lekin yuragimizda qachon, qanday paydo boʻlganini bilmaymiz. Va bu mangu mavzulardan biri, bunday mavzularga eʼtibor kuchaygani sheʼriyatimizning yetukligidan dalolat.
Sanobar Mehmonning “Iqror” sheʼridagi (“Sharq yulduzi”, №6) lirik qahramon – oʻz-oʻziga, oʻz koʻngliga qaytayotgan odam. Shoira yozadi:
Bildim, shu manzilda boshlanar yoʻlim –
Qabul et!
Men senga kelyapman, koʻnglim!
Faqat bu sheʼridagina emas, umuman, shoiraning barcha sheʼrlarida koʻngil odamini koʻramiz, uning lirik qahramoni – faqat koʻngildagina toʻlaqonli yashay olishi mumkin boʻlgan odam. Sanobar Mehmon sheʼrlarida kechinma, soʻz, ohang, ritm uygʻunligini his qilamiz. Bu sheʼrlarni oʻqiyotganingda oʻz qalbingni kimdir tarjima qilib berayotgandek tuyuladi. Shuning uchun ham Sanobar Mehmon sheʼrlarini sharhlash tarjimaning tarjimasiga oʻxshab qoladi.
Salim Ashur – soʻz qoʻllashda, holat, kayfiyatni ifoda etishda ancha tajribali shoir. “Doskaga qarang...”, “Kitoblarning qatida” nomli sheʼrlarida (“Sharq yulduzi”, №6) oʻspirin yigitchaning ilk muhabbat kechinmalari samimiy ifoda etilgan. Biroq “Qishloqdagi singillarim” sheʼrini oʻqigach bir mulohaza tugʻildi. Odatda hayot adolatsizlik qilgan kishilarga munosabatda ularga achinish bilan maqtov aralashib ketadi. Goʻyo shu maqomni boshqalarga ibrat, oʻrnak qilib koʻrsatiladi. “Qishloqdagi singillarim” sheʼrida ham shunga oʻxshash holatga duch kelamiz.
Sizga madad boʻlgaymikan yigʻloq sheʼrim...
Oyoqlarni ilitarmi kalishingiz.
...Shon-sharafga belagaysiz elingizni,
Mehnat – meros, bukolmaydi belingizni,
... Burgutlardan olganmisiz shaxdingizni,
Matonatda sizdan metin yengiladi,
Sizni butun Oʻzbekistonim biladi!
Men bu sheʼrda tasvirlangan holatni oʻquvchilik, talabalik davrimda boshdan kechirganman. Oʻsha vaqtga qaytishni, mana shu sheʼrda tasvirlangan ayollarning oʻrnida boʻlib qolishni umuman xohlamasdim. Sheʼrdagi patetika bilan holat mos kelmay qolgan.
Muhtarama Ulugʻovaning “Allohdan oʻzgaga dilingni berma” nomli turkum sheʼrlarining (“Sharq yulduzi”, №7) aksariyatida onasini sogʻingan, vaqtida qadriga yetmagani uchun soʻngsiz oʻkinch-iztirobdagi lirik qahramonning kechinmalari aks etgan. Shoiraning “Oʻzimga savol” sheʼrining lirik qahramoni goʻyo oʻz-oʻzini ogohlantirayotgandek:
Qochib, qoʻrqib yurganing yoʻqmi
Kecha aytgan hukming, soʻzingdan?
...Sevaman deb aytmoqlik oson,
Oson hatto oddiy nafasdan.
Ogʻizdan chiqqan soʻz, ayniqsa, yozilgan soʻz oʻzini himoya qila olmaydi, degan gap bor. Shuning uchun ham shoira “Tik boqmoqqa boʻlarmi haqqing Hukmi qattiq ertangi kunga?..” deya oʻzini soʻroqqa tutadi.
Madina Norchayevada borliqni obrazli tarzda qabul qilish va uni betakror bir shaklda ifoda etish qobiliyati bor ekan (“Sharq yulduzi”, №7). Unda bir paytning oʻzida rassomning nigohi va shoirning qalbi mujassam. Lirik “men” kimgadir nimanidir isbotlashga urinmaydi, unda gʻalati bir kiborona (kibrli emas) xotirjamlik bor. Bir sheʼrida buning sirini ochadi:
Ibtidoda olgan omonatim – dil,
Uni sendan asrab qolsam bas, hayot.
Oʻz qalbining daxlsizligini saqlab qola olgan odamgina dunyo va zamonning gʻavgʻolariga shu tarzda ogʻir-vazminlik bilan qaray oladi. Boshqa bir sheʼrda Madina Norchayevani shoir qilgan dard – “zil turmushdan yelkalari yagʻir boʻlgan padar”ga hamdardlik ekani oydinlashadi. Shoiraning sheʼrlarini oʻqib bir xulosaga keldim. Nazarimda, “Izlam” turkumi ortidan koʻtarilgan bahslar Madina Norchayeva va u kabi shoirlarni adolatsiz ravishda soyada qoldirgandek. Turkumdagi har bir ijodkorning sheʼrlariga alohida baho berish kerak boʻladi.
Gulnoz Moʻminova sheʼrlarida turlanmaydigan, tuslanmaydigan lirik qahramonning qatʼiyati, chuqur eʼtiqodi aks etgan.
Bugun xoʻp saxiyman
Odamlarga imkon bergum
Mendan ketishlari uchun
Qadr-qimmatini boshqalarga bogʻlab qoʻymagan, oʻz-oʻzicha qimmatini tasdiqlay oladigan odamgina shunday yoʻl tutishi mumkin.
Shahriyor Shavkatning sheʼrlaridagi (“Sharq yulduzi”, №9) lirik qahramon bir vaqtning oʻzida tarixda va bugungi kunda yashayapti. U qadim bobolar va momolar koʻksidagi isyonni, jasoratni tiriltirishni istaydi, buning imkonsizligi shoir soʻzini tobora keskinlashtirib bormoqda.
Xivichda bitmagan ishini
qilichda bitirgan momolar,
“Oʻgʻlimni qaytar” deb yovlarga
yalinib yuribsiz, vodarigʻ!
Vohid Luqmonning lirik qahramoni – oʻzini taftish qilayotgan odam (“Sharq yulduzi”, №10). Shoir yozadi:
Yolgʻon gapirmoqlik, xushomad – kasbim,
Koʻksimda koʻpchiydi yuragim kiri.
Sheʼrning davomidagi “Tillar tugilgandek odimlashar jim, Keksayib qolgandek goʻyoki yoshlar” satrlari menga universitetdagi oʻqishni bitirib endigina maktabda ish boshlagan paytlarimni yodga soldi. Shahar xalq taʼlimi boʻlimidan kelgan uslubchi ayolning gapi esimda: “Ishlayotganingizga endigina bir yil boʻlibdi, ammo xuddi oʻttiz yil ishlab charchagan odamning kayfiyati bor sizda”. Keyinchalik bu gapni koʻp oʻylaganman. Oʻsha yillardagi maktabning ahvoli shu darajada ediki, bir yildayoq odamni oʻttiz yilga qaritib yuborar edi. Vohid Luqmonning lirik qahramoni tilidan aytilgan yuqoridagi misralar biz yashagan hayotning yaqqol ifodasi, deyish mumkin.
Negadir koʻplab shoirlarning sheʼrlarida ichkari, yaʼni inson qalbi hamda tashqari – u yashayotgan muhit orasidagi masofaga, farqqa eʼtibor qaratilgan. Jumagul Suvonovaning bir sheʼrida shunday misralarni oʻqiymiz (“Sharq yulduzi”, №10):
Ichkarida soʻngsiz urush,
Jang-u jadal avjida.
Haqiqat va yolgʻon turar,
Doʻst-u dushman tarzida.
Tashqarida omon-omon,
Haq va nohaq barobar.
Muhiddin Abdusamadning “Ona, yurib-yurib oyogʻim toldi” (“Sharq yulduzi”, №10) deb boshlanadigan sheʼrini ham Vohid Luqmon va Jumagul Suvonova sheʼrlari bilan yonma-yon qoʻyib, ular bilan bir kontekstda tushuniladigan boʻlsa, insonni ming bir boʻlakka boʻlib tashlayotgan voqelik qiyofasi oydinlashadi.
“Borsa kelmas” yoʻlda ketdi yoshligim,
“Borsa gumon” yoʻlda yuragim tentir.
“Borsa kelar” yoʻlda yurgan shodligim,
Onajon, gar bilsang u faqat sendir.
Insonni boʻlinib yashashga majbur qilayotgan sabablar koʻp. Sheʼr esa shoirning butunligini tiklab olish, butunligini saqlab qolish yoʻlidek tuyulyapti menga. Muhiddin Abdusamad bir toʻrtligida shunday yozadi:
Ehtimol bir kuni yozarman, hozir
yozganim koʻnglimni hech toʻldirmaydi.
Meni toʻgʻri tushun, madh etmaganim –
seni sevmasligimni bildirmaydi.
Xuddi shu joyda shaxsiyatni, butunlikni saqlab qolishning yana bir yoʻli aytilgan: jim turish – madh etmaslik. Soʻz qadrini yoʻqotgan joyda soʻzni qadrlaydiganlar sukut saqlashadi. Yuqoridagi toʻrtlikni ham shaxsiy kontekstda – ayolga muhabbat izhor etish maʼnosida, ham ijtimoiy kontekstda – Vatanni madh etish maʼnosida tushunish mumkin.
Oydinniso sheʼrlari (“OʻzAS”, №36) shoiraning avvalgi sheʼrlaridan farqlanadi, lirik qahramondagi ruhmi, kayfiyatmi – nimadir oʻzgargan. Shoiraning soʻz tanlashda, fikr, kechinma ifodasida mahorati ortgan, lekin lirik “men”ning kayfiyati tushkunlikka moyildek koʻrinadi. Albatta, buni kamchilik deb qaramaslik kerak. Bir sheʼrida “Oʻrganmogʻing uchun baxtli boʻlishni Sen baxtli qilishni oʻrganmogʻing shart!” deb yozadi. Ehtimol, aksincha boʻlishi kerakdir, yaʼni odam boshqalarni baxtli qilishi uchun avval uning oʻzi baxtli boʻlishni oʻrganishi kerakdir...
Shuhrat Orif – ancha mashhur va qalami charxlangan shoir. Lekin bir sheʼrida (“OʻzAS”, №49) shunday misralar bor:
Yigʻlading xuddi Momo Havo kabi,
Xoʻrsindim xoʻrsingandek Odam Ato.
Odatda obrazni koʻz oldimizda yorqin gavdalantirish uchun oʻxshatiladigan narsa oʻquvchiga tanish boʻlishi kerak. Men Momo Havoning yigʻlaganini, Odam Atoning xoʻrsinganini koʻrmaganman, qanday qilib sheʼrdagi holatni tasavvur qilishim mumkin? Ehtimol, misrani kontekstdan yulib olmaslik kerak, degan eʼtiroz boʻlar. Mana, keyingi misralar:
Pichirlab nimadir demoqchi labing...
Bizga rahmi keldi gunohning hatto!
Gunohning rahmi kelishi deganda nima nazarda tutilganini tushunish qiyin. Shu yerda Shuhrat Orifning oʻtgan yili emas, avvalroq chiqqan boshqa bir sheʼridagi misra haqida ham mulohazani aytib oʻtamiz.
Men asli odammas, yor edim...
Odam avvalo odam boʻladi, undan keyin yor. Yor tushunchasini odamlikdan ajratib boʻlmaydi. Bu yerda kutilmaganlik effekti uchun mantiq qurbon qilingan. Navoiyga solishtirib koʻring, Shirin aytadi:
Menga ne yor-u ne oshiq havasdir,
Agar men odam oʻlsam ushbu basdir.
Jontemir va sheʼr yozmaydigan Rasul Kusherboyev
2022-yili “Tafakkur” jurnali bir qator yosh shoirlarning – Jontemir, Tillaniso, Shahriyor Shavkat, Madina Norchayeva, Rahmat Bobojon, Mahfuza Imomova, Kumush Abdusalomovaning sheʼrlarini chop etibdi. Yoshlar ijodiga, umuman, har qanday ijodkorga munosabat bildirish uchun matbuotda chop etilgan asarlarining oʻzigina yetarli emas. Hozirda, yozilmagan qoidaga koʻra, she’rlar toifalangan holda eʼlon qilinmoqda: bir qismi rasmiy matbuotda chop etiladi, televideniyeda oʻqiladi, ikkinchi qismi kitob boʻlib chiqadi, unga ham sigʻmagani internetda aylanadi.
Jontemirning “Tafakkur” jurnalida va “Izlam” turkumida chop etilgan kitobidagi sheʼrlari asosida uning lirik qahramoni haqida ayrim mulohazalarni aytish mumkin. “Tafakkur”da chiqqan “Tavallo” sheʼri tuygʻularning shiddatli oqimi bilan oʻquvchi ruhiyatini toʻlqinlantirib yuboradi. “Tavallo”da zulmning, adolatsizlikning barcha koʻrinishlariga biratoʻla nafratini, gʻazabini izhor qilayotgan lirik “men”ni koʻramiz. Biroq shoirning kitobini mutolaa qilish davomida lirik qahramondagi norozilik, isyon va inkor koʻp oʻrinlarda meʼyoridan, haddidan oshib ketgandek tuyuladi. Buning boisi nima boʻlishi mumkin?
Jontemirning lirik qahramoni unda norozilik uygʻotgan jamiyatni isloh qilish uchun oʻzi hech narsa qilmoqchi emas, ayni paytda unda hech narsa qilmayotgan qoʻrqoqlar, laganbardorlar, noshudlarga qarshi nafrat, gʻazab, inkor tobora kuchayib bormoqda. Oʻzi hech narsa qilmayotgani uchun oʻzidan noroziligini oʻz-oʻzidan yashirish, buni koʻrmaslik uchun ham isyonini, nafrat va gʻazabini tashqariga, boshqalarga qaratayotgan odamdek taassurot qoldiradi.
Jamiyatda nimadir oʻzgarish qilishga boshqa odamlar masʼul, har holda, Jontemirning lirik qahramoni emas, deylik, Rasul Kusherboyev. Shoirning hayotiy pozitsiyasidagi zaif tomon shu tarzda oʻzini fosh qilib qoʻymoqda. Jontemirning lirik qahramoni kabi hamma narsadan hafsalasi pir boʻlishi va inkor etish uchun jamiyatni isloh qilish ishiga hech boʻlmaganda Rasul Kusherboyev darajasida qayta-qayta urinib koʻrgan odam boʻlish kerak. Paradoks shundaki, ijtimoiy hayotda faol boʻlgan Rasul Kusherboyev sheʼr yozmaydi, Jontemirning lirik qahramoni esa boshqalardan kutayotgani ijtimoiy faollikni oʻz zimmasiga olishni istamaydi.
Tillaniso va ignasini yoʻqotgan odam rivoyati
Tillanisoning sheʼrlari sabab koʻtarilgan bahsdan koʻpchilikning xabari bor. Uning sheʼrlarida eʼtirozga sabab boʻlgan uchta narsani aytish mumkin:
Birinchisi – “Men bir faloniyman” degan misrasi.
Ikkinchisi – Yaratgan haqidagi qaltis gaplar aytilgan sheʼri. Bu yerda “borlikka”, “yoʻqlikka” qofiyalari ishlatilgan sheʼrini nazarda tutyapmiz.
Uchinchisi – hojatxona bilan bogʻliq assotsiatsiya yuzaga keltiradigan sheʼri.
Tillaniso muxlislari orasida haqiqatgoʻy, oʻzini ham, boshqalarni ham ayamay taftish va fosh eta oladigan ijodkor sifatida tanilgan. Uning uchun eng muhim qadriyat – inson erki, inson erkining daxlsizligi, nazarimda. Bu borada, albatta, unga eʼtiroz yoʻq. Ammo uning oʻzi qadrlagan narsa uchun qilayotgan isyoni menga bir rivoyatni eslatadi.
Bir odam koʻchada ketayotsa, boshqa bir kishi simyogʻochdagi chiroq ostida nimanidir qidirayotganmish. Birinchi kishi: “Birodar, nimani qidiryapsan?” deb soʻrabdi. Narigi kishi: “Uyda ignamni yoʻqotib qoʻydim, shuni qidiryapman”, deb javob qilibdi. Soʻragan odam hayron boʻlibdi: “Ignani uyda yoʻqotgan boʻlsang, uni koʻchadan qidirasanmi?” Unisi javob beribdiki, “Uyim qorongʻi boʻlgach, koʻchadan qidiraman-da”.
Tillaniso ham ignasini yoʻqotgan joyidan emas, oʻziga qulay boʻlgan boshqa joydan qidirayotgandek. Uning erkini cheklagan bandalardan noroziligini boshqa tomonga qaratgan va hayajonning taʼsirida Yaratgan haqidagi qaltis gaplarni aytib yuborgan.
“Hojat ushatish...” bilan bogʻliq, “kichik hojatni anglatuvchi” soʻz ishlatilgan sheʼriga kelsak, bu ham yuqorida tavsiflangan psixologik mexanizmning natijasi. Shoira barcha qoliplarni buzish, parchalash istagi taʼsirida jamoat joyida, muloqotda qoʻllash nojoiz boʻlgan soʻzlarni qoʻllagan, goʻyoki bu bilan u qoliplarni parchalaydi. Aslida uning erkini cheklayotgan narsalar boshqa, lekin shoira diqqatini oʻsha narsalarga emas, muloqotning elementar qoidasini buzish tomon qaratadi. Har holda, muloqotning bu oddiy qoidasi bilan qoʻyiluvchi taqiq tufayli odam erksizlikdan qiynalib ketmaydi. Shunga koʻra, uning sheʼrlaridagi isyon isyon emas – isyon illyuziyasi, xolos.
Tillanisoning bu tarzdagi isyoni menga oʻn yillar ilgari Rossiyada boʻlgan bir voqeani eslatadi. Feministik pank-rok guruhi boʻlgan, nomini aytmayman, ishtirokchilaridan birini aytishim mumkin – Nadejda Tolokonnikova. Bu guruhning aʼzolari gʻalati kiyinib olib, cherkov mehrobiga chiqib, siyosiy qoʻshiq aytishadi. Yaʼni ijtimoiy adolatsizlikka qarshi isyon qilishadi, oʻzlari qadrlagan qadriyatlar uchun maydonga chiqishadi, biroq ayni paytda oʻzgalarning qadriyatlarini kamsitib qoʻyayotganidan bexabar boʻlishgan. Bu degani – maqsad yoʻlida vositani tanlamaslik degani. Maqsad yoʻlida vositani tanlab oʻtirmaydigan, bemalol hukm maqomidagi qoidalarni buzadigan, qoliplarga rioya qilmaydigan arxetip mavjud – bu trikster. Trikster turlanuvchan, qiyofasini oʻzgartirishi mumkin boʻlgan tip. Tillanisoning “Men bir faloniyman” degan misrasini ham turlanuvchan qiyofaning eʼtirofi oʻlaroq tushunish kerak boʻladi.
Tillaniso va boshqa yana bir necha shoirlar sheʼrlari haqida nihoyatda qarama-qarshi fikrlar aytilyapti, tomonlarni umuman murosaga keltirishning iloji yoʻq. Chunki tomonlarning hammasi haq. Akrom Malik koʻrgan va koʻrsatgan qiyofani Tillaniso va Jontemirga xayrixoh kishilar yo koʻrmaydi, yoki koʻrsa ham koʻz yumishadi, kechirsa boʻladigan narsa deb qarashadi. Ayni paytda bir ijodkordagi kechirilgan qiyofani boshqa bir notanish ijodkorda koʻrib hazm qilolmaslik holatlari kishini oʻylantirib qoʻyadi. Shuning uchun ham Abdulatif Abdullayev “Meni sizning torligingiz va kengligingiz hayron qoldiryapti” deb izoh yozdi bir postga. Nafaqat ijodkorlarning oʻzida, ularga baho beruvchilarda ham mezonlar siljib ketyapti, aniqrogʻi, qoʻshaloq mezon bilan yondashilyapti. Istasak-istamasak, sheʼrni qabul qiluvchisida ham turlanishga moyillik borligi ayon boʻlib qolyapti.
Va baʼzi xulosalarimiz...
Kuzatishlarimiz asosida, hozirgi oʻzbek sheʼriyatida uchta asosiy oqim bor, degan xulosaga kelish mumkin.
Birinchi toifa sheʼriyatning lirik qahramonini “oʻz ichiga chekingan, oʻzini taftish qilayotgan odam” deb taʼriflash mumkin. Bu sheʼriyatda turlanishga majbur qiladigan ijtimoiy voqelikda parchalanib ketayotgan, oʻzligini sheʼr orqali butunlab olishga intilayotgan lirik subyekt bor. Shoir shaxsiyati turlanmayapti, parchalanib ketyapti va shoir sheʼrda oʻzini yana butunlikka keltirib olyapti.
Ikkinchi toifa sheʼriyatni esa oddiygina qilib “maddoh sheʼriyat” deb ataymiz. Bu oqimning ayrim vakillari vaqti-vaqti bilan koʻnglini boʻshatib olish uchun nimadir yaxshi sheʼrlar ham yozib turadi, shuning uchun mazkur she’riyatda turlanuvchan tip – trikster oʻrinlashgan. Oʻz vaqtida fevral inqilobi gʻoyalariga ishonib hafsalasi pir boʻlgan shoir “Bu dunyo deb u dunyoni bahosiz pulga sotdim-ku”, deb oʻkinadi va boshqa yoʻl izlaydi, tabiiyki, bugun hech kim Choʻlponni turlanuvchanlikda ayblay olmaydi. Hozirgi zamon “maddohlik sheʼriyati”ning lirik qahramoni esa u qutbdan bu qutbga cheksiz ravishda sakrashga moyil. Bu toifa shoir uchun sheʼr bir tomondan manfaatga erishish vositasi boʻlsa, ikkinchi tomondan sheʼr uning uchun oʻzini oqlab olish maydoni hamdir. Shu bois bunday sheʼriyatning lirik qahramonini turlanuvchan tip deb hisoblaymiz.
Uchinchi toifa esa oʻzini “maddoh sheʼriyat”ga qarshi qoʻyayotgan, “haqiqatchi” sheʼriyat. Bunda bir paytning oʻzida gʻazab, nafrat, shiddat, isyon, norozilik kayfiyatlari koʻriladi. Bu sheʼriyatning yaxshi namunalari ham, sayoz koʻrinishlari ham mavjud. Bitta jihati borki, uning bir qanotida azaliy va oʻzgarmas qadriyatlarga ham bepisandlik bilan qarash sezilmoqda. Yuqorida aytganimizdek, bu unda bir necha qiyofali lirik subyekt, yaʼni trikster arxetipi koʻrinishidagi obraz mavjud, degan xulosaga olib keladi bizni.
Paradoks shundaki, asosiy lirik subyekti turlanuvchan tip – trikster boʻlgan “maddoh sheʼriyat”ga oʻzini qarshi qoʻyayotgan “haqiqatchi” sheʼriyatning bir qanotida ham oʻz maqsadi yoʻlida vosita tanlab oʻtirmaydigan personaj (trikster) paydo boʻlgan. Buning boisi, odam oʻzi qarshi turgan qutbning xususiyatlarini oʻzlashtirib olishga moyil boʻladi. Xuddi triller filmlarda “yovuz ruh”ga qarshi kurashayotgan kishilarning tanasiga ham “yovuz ruh” kirib olgani kabi holat yuz beradi.
Ikkinchi toifadagi, yaʼni “maddoh sheʼriyat” rasmiy matbuot va televideniyeni egallashga intilyapti va, tabiiyki, bu yoʻldagi urinishlari samarali. “Haqiqatchi” sheʼriyat esa, asosan, ijtimoiy tarmoqlarda aylanyapti. Shuning uchun, yuqorida aytganimizdek, hozirgi oʻzbek sheʼriyatiga matbuotda chop etilgan sheʼrlarga qarabgina munosabat bildirish chala xulosaga olib keladi. “Haqiqatchi” sheʼriyatning bir qanotidagi lirik qahramonning turlanuvchanlikka moyilligi bu sheʼriyat namunalarining qayerda qaysi qismi eʼlon qilinishida ham koʻrinadi: rasmiy matbuotda uning bir qiyofasi, kitoblarda boshqa bir qiyofasi, ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa, feysbukda tagʻin bir qiyofasi namoyon boʻlmoqda.
Yuqoridagi tasnifdan tashqari yana bir xulosa shuki, oʻz xalqidan nolish sadomazoxizm koʻrinishiga oʻtib ketgan hozirgi kunda biz – “feysbuk bandalari” sheʼrni oʻquvchi sifatida emas, isteʼmolchi sifatida hazm qilyapmiz. “Haqiqatchi” sheʼriyatdagi lirik qahramonning nafaqat xalq, balki oʻzining ham biror narsaga qodirligiga ishonchi, umidi yoʻq. Oʻz-oʻziga ishonch yoʻqligi yoki qilayotgan kichkina sifatli ishlarining ahamiyatiga past baho berish butun xalqning holidan qoniqmaslik shaklida boʻy koʻrsatmoqda. Har holda, bir shoir aytganidek, “Mendan boshlanar VATAN” – XALQ shoirning “men”idan boshlanadi.
Ehtimol, kimdir: “Oxirgi oʻttiz yil ichida tugʻilib-oʻsgan, tarbiyalangan avloddan bundan ortigʻini kutmaslik kerak, kutishga haqqimiz yoʻq”, deya eʼtiroz bildirishi ham mumkin. Lekin hozirgi yosh boʻgʻin shoirlar himoyasiga aytiladigan bunday gaplar ayni paytda ularga berilgan baho va hukm ham boʻladi.
Mashhura ShERALIYEVA,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori
Jarayon
Tarix
Tarix
Adabiyot
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Sarvinoz
19:05 / 04.05.2024
Assalomu alaykum, ustoz, teran fikrlangizdan doim o'sib boraman, rahmat