Tilimizga davlat miqyosida maxsus farmon asosida e’tibor qaratilayapti. Ammo, uning jamiyatdagi nufuzi, o‘rni, obro‘sini oshirish, huquqiy maqomini belgilash, tom ma’nodagi davlat tili darajasiga olib chiqish uchun nima qilish kerak, ya’ni “Davlat tili muhofazasi qanday bo‘lishi kerak?” degan masala ko‘pchilikni o‘ylantirishi tabiiy. Buning uchun esa tilimizni har tomonlama mukammal ishlangan qonun vositasida himoyalab qo‘yishimiz kerak bo‘ladi. Ma’lumki, qonun – inson, jamiyat va davlat manfaatlari nuqtayi nazaridan eng muhim hisoblanadigan ijtimoiy munosabatlarni mustahkamlash, rivojlantirish va tartibga solish vositasi. Demak, tilimizning mavqeyi, martabasi qonun orqali himoyalanishi kerak.
1989-yil 21-oktabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Qonuni o‘z davrida buyuk hodisa bo‘lganligi e’tirof etilgan. Lekin yurtboshimiz oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligiga bagʻishlanib oʻtkazilgan tantanali yigʻilishda qilgan ma’ruzasida ta’kidlaganidek: “...bundan o‘ttiz yil muqaddam qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi qonunni bugungi kun talablari nuqtayi nazaridan har tomonlama chuqur tahlil qilib, takomillashtirish zarurati sezilmoqda”.
Prezidentning mazkur taklifi normativ-huququiy hujjat asosida alohida topshiriq sifatida belgilanib qoʻyildi. Ya’ni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5850-sonli farmonida “Davlat tili haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini bugungi kun talablari nuqtayi nazaridan takomillashtirgan holda uning yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasiga kiritsin” degan vazifa qoʻyildi. Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mas’ulligida respublikadagi taniqli olimlar, huquqshunoslardan iborat ishchi guruh tomonidan yangi tahrirdagi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha Qonunchilik palatasiga taqdim qilinib, uning muhokamasi ham boʻlib oʻtdi. Muhokama jarayonlarini jonli tarzda kuzatishga ham muvaffaq boʻldik, lekin mustaqil davlatchilikning belgisi boʻlgan, millatni millat sifatida namoyon qiladigan milliy tilimiz himoyasiga aksariyat deputatlarning beparvoligi, uni himoya qilish tugul, qonunning eng asosiy moddalariga qarshi chiqqanligi jiddiy e’tirozlarga sabab boʻldi, bir soʻz bilan aytganda, eng asosiy qonunimizga bepisandlik bilan qaraldi. Mana oradan toʻrt yilga yaqin vaqt oʻtishiga qaramasdan, Prezident farmoni ijrosi hanuzgacha ta’minlanmay qolinmoqda. Qonun loyihasi qayerda? Qanday oʻzgartirishlar kiritildi? kabi savollarga javob yoʻq. Oliy Majlis Senatida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan mavzu boʻyicha savol berilganida, bir senatorimiz qonun loyihasi senatda muhokama qilinmaganini aytdi. Koʻrib turganimizdek, mavhum holatlar...
“Oʻychi oʻyiga yеtguncha tavakkalchi ishini bitiribdi” deganlaridek, bizning “xalqparvar” deputatlarimiz loyihani eslashga ham urinmay, esdan chiqarvorib yurishganda, rossiyalik deputatlar oʻz tili mavqeyi borasida ulkan tarixiy missiyani amalga oshirdilar. Joriy yilning 16-fevral kuni Rossiya Davlat dumasi ikkinchi va uchinchi oʻqishda “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qildi. 28-fevral kuni esa Rossiya prezidenti tomonidan imzolandi. Unda rus tilini qoʻllashni tartibga solishning me’yoriy mexanizmlari va uni hech qanday qoidalarsiz oʻzlashayotgan xorijiy soʻzlardan himoya qilinishi aks etgan.
Tabiiy savol tugʻiladi: Rossiya Federatsiyasida rus tili davlat tili sifatida mustahkam nufuzga ega boʻlsa, nega qonunni takomillashtirish zarurati tugʻildi? Gap shundaki, rus tiliga ham xorijiy soʻzlarning kirib kelish koʻlami juda katta ekan. Hatto rus tilida sinonimi mavjud boʻlsa-da, ajnabiy soʻzlarni qoʻllash urfga aylangan, natijada rus adabiy tili buzilib ketayotgan ekan.
Bizda-chi?! Bizda esa ahvol ulardan ham yomon holatda. Tilimizga xorijiy soʻz-atamalar hech qanday toʻsiqlarsiz, milliy imlo qonun-qoidalarini pisand qilmasdan kirib kelayotgani xususida mutaxassislar tinmay bong urib kelmoqda. Hukumat qarori bilan shakllantirilgan Atamalar komissiyasi kirib kelayotgan xorijiy soʻzlarni qanday prinsip asosida iste’molga kiritish, ularning tilimizdagi muqobil variantini topish boʻyicha biror tayinli harakat qilganicha yoʻq. Xuddi shunday muammoga bir asr avval jadid bobolarimiz ham duch kelgan edilar. Ularning oldida arab va fors tillari qoidalari asosida shakllangan birikmalar, gaplar bilan murakkablashib ketgan, oddiy xalq uchun tushunarsiz holatga kelgan adabiy tilni soddalashtirish, chet soʻzlardan tozalash kabi juda murakkab vazifa turgan edi. Ular oʻzbek adabiy tilini soddalashtirish, xalq jonli tiliga yaqinlashtirish uchun milliy grammatikaga yot boʻlgan arab, fors konstruksiyalarini chiqarib tashlash, xorijiy atamaning oʻzbek tilida sinonimi boʻlsa, uni qoldirib, ajnabiy soʻzni chiqarish, xorijiy atamalarning oʻzbekcha muqobilini yaratishda shevalarga murojaat qilish, shevalarda topilmasa, qoʻshni qozoq, qirgʻiz birodarlarimiz tajribalarini oʻzlashtirib, ulardan soʻz olish takliflarini ilgari surdilar. Bu esa, qardosh turkiy xalqlar bilan ilmiy-madaniy jihatdan yanada yaqinlashish uchun qoʻyilgan muhim qadam edi.
Yana Rossiyaning yangi tahrirdagi qonuniga qaytamiz. Qonun hujjatlariga muvofiq, majburiy normativ lug‘atlar va ma’lumotnomalar joriy etiladi. Aynan ularga muvofiq rus tilining davlat tili sifatidagi standartlari belgilanishi kerak. Shunga koʻra, ushbu standartlarga mos kelmaydigan soʻz va iboralardan foydalanish taqiqlanadi. Bunday amaliyotning qoʻllanilishi milliy tilning sofligini saqlashga, nufuzining yanada oshishiga xizmat qiladi. Bizning yangi tahrirdagi qonunimizga ham aynan shunday moddalar kiritilishi shart deb oʻylaymiz.
Bir narsani ta’kidlashni istardim, biz juda ehtiyotkor xalqmiz. Bizda 130 dan ortiq millat va elatlar istiqomat qiladi. Lekin davlat statistika qoʻmitasining 2021-yil 1-yanvardagi ma’lumotiga koʻra, Oʻzbekiston aholisining 84,4 foizini oʻzbeklar tashkil qiladi. Shunday boʻlsa-da, xatti-harakatimiz bilan ularning tilini kamsitayotgandek bo‘lib qolmaslik kerak, davlat tili mavqeyini o‘ylaganda, mana shu omillarni inobatga olish kerak, degan andisha hammamizda bor. O‘zbek tilini himoya qilmoqchi bo‘lganlar millatchiga chiqariladi. Lekin gap O‘zbekistonda davlat tilining mavqeyini oshirish haqida ketyapti. Yoki misol uchun, Qozog‘iston yoxud Qirg‘izistonda o‘zbek tilining qo‘llanilishi masalasi emas. Xohlagan davlatning qonunini ko‘ring, o‘z tilini eng yuqoriga qo‘yish birinchi planga olib chiqilgan.
Rossiya dumasining madaniyat boʻyicha qoʻmitasi raisi Yelena Yampolskayaning ta’kidlashicha, hech kim chet tillarini taqiqlashni yoki Rossiya Federatsiyasi qonunchiligi bilan himoyalangan va roʻyxatga olingan tovar belgilarini bir kechada oʻzgartirishni talab qilmaydi. Biz faqat Rossiyada yashayotganligimizni aytyapmiz. Bizning davlat tilimiz bor, u rus tilidir. Shu xolos. Va har qanday sababga koʻra har qanday kreativlik yoki har qanday fantaziya uchun yoki boʻlmasa mamlakat hududida qandaydir savdo-sotiqni amalga oshirish uchun rus tili manfaatlarining buzilishini qabul qilish mumkin emas.
Avvalroq Yampolskaya uy-joy sohasida xorijiy nomlarni taqiqlashni taklif qilgan edi. “Mamlakatimizda turar-joy majmualari va kottejlar qanday nomlanishiga e’tibor berganmisiz? Bu cheksiz “klablar”, “haus”, “fild”, “hill”, “forest”, “villaj”, “steytlar”, deydi u.
Ayni vaqtdagi bizdagi eng katta muammo, keng jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘layotgan holat ham shu, ya’ni ko‘chadagi turli yozuvlar, e’lonlar, yangi qurilayotgan turar-joylarning nomlanishi, ulardagi davlat tiliga bo‘lgan e’tibor masalasi. Yurtboshimizning o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishda so‘zlagan nutqida ham ayni masalaga alohida e’tibor qaratildi: “Afsuski, jamoat joylarida, ko‘chalarda, binolar peshtoqida toponimik belgilar, turli lavha va reklamalar ko‘pincha xorijiy tillarda, ma’naviyatimizga yot mazmun va shakllarda aks ettirilmoqda. Bu davlat tili talablariga, milliy madaniyat va qadriyatlarimizga bepisandlikdan, umumiy savodxonlik darajasi esa tushib ketayotganidan dalolat beradi.
Chunki ijtimoiy obyektlarga nom berish – bu shunchaki shaxsiy yoki xususiy ish emas. Bu barchamizning vatanparvarlik va ma’naviy saviyamizni yaqqol ko‘rsatadigan o‘ziga xos mezondir. Buni hech kim hech qachon unutmasligi kerak”.
Birgina misol. Yaqinda xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlari, oʻquv markazlari nomlari inventarizatsiya qilinganda, qariyb 90 foiz nomlar oʻzga tilda ekanligi ma’lum boʻldi. Mazkur muammoni hal qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-martdagi “Savdo, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlariga nom berishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻg‘risida”gi 144-sonli qarori e’lon qilindi. Qaror asosida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazida nomlash xizmati yoʻlga qoʻyildi. Shu bilan birga, Markaz tomonidan tadbirkorlik subyektlari uchun davlat tilida nomlashning lingvistik me’yorlari va metodikasi asosida yaratilgan nomlar zaxirasining elektron dasturiy ta’minoti ishlab chiqildi. Lekin bu sohada qilinishi lozim boʻlgan ishlar talaygina.
Yana bir muammoga e’tiboringizni qaratmoqchiman, ya’ni ta’lim sohasida davlat tilining qo‘llanilishi. Bu masala ham eski qonunimizda alohida modda, unchalik tushunarsiz ikkita gap bilan yozilib qo‘yilgan:
6-modda.
O‘zbekiston Respublikasida yashovchi shaxslarga ta’lim olish tilini erkin tanlash huquqi beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat tilida, shuningdek boshqa tillarda ham umumiy, hunar-texnika, o‘rta maxsus va oliy ma’lumot olishni ta’minlaydi.
Endi boshqa davlatlar qonunlaridan namunalarga e’tiboringizni qaratamiz:
Ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan ta’lim muassasalarida ozarbоyjon tilini o‘qitish majburiy.
O‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalariga kirishda “ozarbоyjon tili” fanidan imtihon topshiriladi.
Armaniston Respublikasining barcha o‘rta maxsus, oliy ta’lim muassasalarida arman tilidan kirish imtihonlari va arman tilining o‘qitilishi majburiy hisoblanadi.
Umumta’lim tashkilotlari (maktab, gimnaziya, litsey)da majburiy tarzda davlat tilidan yozma ish (sinfdan sinfga ko‘chirishda), bitiruv imtihonlari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’limda kirish va bitiruv imtihonlari o‘tkaziladi (Qirg‘iziston).
Ko‘rib turganingizdek, amaldagi qonunimizda “davlat tilini o‘qitish majburiy” degan jumlaning o‘zi yo‘q. Shuning uchun ham aksar rahbarlarimizda “o‘zbek tili nimaga kerak?” degan savol ko‘p takrorlanadi. Nimaga kerak? jumlasi tufayli tilimiz mana shu ahvolga keldi, bir paytlar o‘zga tilli guruhlar uchun joriy qilingan Davlat attestatsiyasi olib tashlandi, o‘quv soatlari qisqartirildi, hatto o‘zbek tilini fan sifatida mensimaslik darajasiga olib kelindi. Agar nimaga kerak? deyilmaganda, boshqa davlatlardagi kabi ta’lim rus tilida olib boriladigan yo‘nalishlarda ham davlat tilidan kirish imtihonlari qo‘yilgan bo‘lardi.
O‘tgan davr mobaynida ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik, ko‘p narsani boy berdik. Davlatimiz rahbarining tilimiz to‘g‘risidagi farmoni ham shuning uchun qabul qilindi. Endi ortga qarab qilgan xatolarimizni to‘g‘rilash, yo‘qotganlarimizni qayta tiklash uchun imkoniyat tug‘ildi, nimaga kerak? degan savoldan butunlay voz kechish payti keldi. Farmonning nomini eslang: “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “tubdan” so‘ziga alohida e’tibor bering. Demak, tilimizning nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish uchun harakat qilishimiz kerak.
Yuqoridagi tahlillardan koʻrinib turibdiki, bizning ong-u shuurimiz hali toʻlaligicha oʻzgargani yoʻq, nimaga kerak? degan savoldan voz kecha olmayapmiz, afsus. Haqiqatan ham, kim boʻlishimizdan qat’i nazar, xoh oddiy fuqaro, xoh katta-yu kichik lavozimdagi rahbar boʻlamizmi, ona tilimizga mehr-muhabbat hissi boʻlmas ekan, “...milliy tilni yoʻqotmak – millatning ruhini yoʻqotmakdur (A.Avloniy)” degan purhikmat jumlani ongimizga singdirmas ekanmiz, ona tilimiz himoyasi, nufuzi, mavqeyi masalasi mavhumligicha qolaveradi.
Zero, yurtboshimiz aytganidek: “Muxtasar aytganda, har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim.
Bu olijanob harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak”.
Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish
va malaka oshirish markazi direktori,
filolofiya fanlari nomzodi
Ma’naviyat
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q