Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekiston tarixida achchiq saboq boʻladigan voqea-hodisalar koʻp. Bundan salkam 150-yil avval Xorazm zaminiga oyoq qoʻygan amerikalik jurnalist Aloiziy Yanuariy Mak Gaxanning “Oksusdagi harbiy harakatlar va Xivaning qulashi” kitobini oʻqirkansiz, oʻsha zamon xonlarining istilochilarga qarshi kurashda xalq boshini qovushtirolmagani, gʻanim oldida nochorligini koʻrib, afsus va nadomat chekasiz...
1870-yilga kelib Rossiya imperiyasi Markaziy Osiyodagi 2 ta yirik davlat Buxoro amirligi va Qoʻqon xonligini egallab boʻlgan edi. Xiva xonligi hamma tomondan Rossiya qurshovida qolgan soʻnggi mustaqil davlat edi. Xiva xonligini zabt etish ekspeditsiyasiga 4 ta otryad – Toshkentdan (general adyutant fon Kaufman), Orenburgdan (general N.A Veryovkin), Mangqishloqdan (polkovnik N.P.Lomakin) va Krasnovodskdan (polkovnik V.I Markozov) boshchiligida 2-5 ming askardan jami 13 ming askar safarbar etilgan edi. Ularning ixtiyorida 56 ta oʻziyurar toʻp, zambaraklar, 4600 ta ot va qirgʻiz(qozoq)lardan ijaraga olingan 20 ming tuya bor edi.
Istiloning boshlanishi
Rus armiyasining Xivaga yurishi uzoq oʻylangan reja boʻlib, bunga jiddiy tayyorgarlik koʻrilgan edi. Oʻn bitta piyodalar rotasi – 1650 kishi, 1 ta sapyorlar rotasi, 4 ta otliq artilleriya zambaraklari, 6 ta piyodalar artilleriyasi va 1,5 ta raketa batareyasi jami 2500 kishidan iborat general fon Kaufman qoʻshini 1873-yil 15-martda Toshkentdan yoʻlga chiqqandi. Birlashgan qoʻshinga qoʻmondonlik vazifasi ham Kaufman zimmasida edi.
1873-yil 26-fevral, qorli qirovli kunda general Veryovkin qoʻmondonligida yana bir qoʻshin Orenburgdan bepoyon Dashti Qipchoqni oralab Xivaga yoʻl oldi. Yurish juda mashaqqatli kechdi: qattiq ayozda boshlangan yurish jazirama issiq bilan Xivada nihoyalandi. AQSHning “New York Herald” va Londonning “Deilu News” gazetalari muxbiri Aloiziy Yanuariy Mak Gaxan mazkur ekspeditsiyada ishtirok etib, oʻz xotiralari asosida yuqorida nomi zikr etilgan kitobni yozdi. Muxbir eʼtiroficha, istilochilar yoʻlda deyarli har kuni raqib hujumiga roʻpara boʻlgan.
14-mayda Orenburg hamda Mangqishloq qoʻshinlari birlashdi. 20-21-mayda xivaliklar dastlab Xoʻjaelida dushman kuchlarini toʻxtatishga harakat qildi. Ammo bosqinchilar xivaliklar hujumini sindirib, kultepaga aylangan Mangʻitga kirib kelishdi. Ikki kunda xivaliklar 3 mingdan ortiq askarni yoʻqotganiga qaramay, 22-mayda Qiyotda yana hujumga oʻtishdi va afsuski, magʻlub etildi. Bosqinchilar Qoʻngʻirotga kirib kelganida qaʼla va shahar huvillab yotardi. Shahar qamal qilingan kuni generalga Qoʻngʻirot dorugʻasidan kelgan chopar gʻalati talabni qoʻyadi: “Shahar himoyasi uchun poytaxtdan zambaraklar yetib kelguncha ruslar 3 kun sabr qilib tursinlar. Agar ruslar qaysarlik qilib, hujumga oʻtsalar, biz ular bilan jangdan bosh tortamiz”.
Hech shunaqasi ham boʻladimi? Bu taklif bosqinchi uchun ayni muddao emasmi? Istilochilar fursatni boy bermay hujumga oʻtdi. Shahar dorugʻasi esa aqalli bitta ham oʻq otmay, qaʼlani tark etdi. Dushman Qoʻngʻirotdan oʻtgach, xivaliklar toʻdalari koʻproq koʻzga tashlana boshladi. Otishmasiz oʻtgan kun boʻlmadi. Xivaliklar kun boʻyi otryadlar yon taraflaridan yovvoyi qichqiriq bilan daf solar yo oziq-ovqat karvoniga hujum qilib, qoʻshinga kechayu-kunduz tinim bermasdi.
Amudaryoning gʻazabi
General Kaufman qoʻmondonligidagi rus askarlari 18-may kuni 50-70 kishi sigʻadigan 3 ta katta qayiq va 8 ta solda Amudaryodan oʻta boshladi. “Chodirlar qirgʻoqqa tikilgan va bizlar qarshimizdagi manzaraga erinchoqlik bilan koʻz tashlab qalin oʻtlar ustida yotardik, deydi jurnalist. – Manzara oʻta tabiiy va goʻzal edi: narigi tomonda qalin gujumlar va mevali daraxtzorlar, ular orsida oʻzbek uylarining kulrang devorlari va machitning koʻrkam ayvoni koʻzga tashlanardi. Daryo qirgʻogʻi boʻylab yovvoyi va sirli Xiva mamlakati jimjit va xoʻmraygan alfozda yastanib yotardi. Ertaklardagi afsonaviy oʻlka, uning johil xonlari, fanat musulmon xalqi, goʻzal ayollari, hali yevropaliklar oyogʻi yetmagan sirli mamlakat shundoqqina roʻparamda turardi”.
Askarlardan hech biri bunday ulkan daryoni koʻrmagan boʻlsa-da, oʻrdak joʻjalaridek suvga oʻzini tashlardi. Qayiq soʻl qirgʻoqqa oʻtishi uchun 20 daqiqa va qaytishi uchun 20 daqiqa talab qilsa-da, shiddatli oqim uni ancha quyiga surib ketardi. Qayiqni avvalgi joyiga qaytarish uchun 1 soat kerak boʻlardi. Eng, afsuslanarlisi, dushmanning daryodan oʻtishiga hech bir monelik koʻrsatilmadi.
Muallif xivaliklarning mudofaaga noqobilligi haqida taassuf-la soʻz yuritib, himoyachilar hech qursa baland qirgʻoqdan turib, qayiqda oʻtayotgan dushmanni qirib tashlashi mumkin edi, deydi. Bu holatda, shubhasiz, artilleriya askarlarni himoya qila olmasdi. Kechga yaqin 4 ta rota va 2 ta togʻliq batareya chap qirgʻoqqa oʻtdi. Xivada bu paytda nima voqealar roʻy berayotganini hech kim bilmasdi. Xon hali ham dushmanga jiddiy zarba berishni oʻylayaptimi, shuning uchun ularga daryodan oʻtishga yoʻl qoʻyib berdimi? Yoki ruslardan qoʻrqib, cheksiz qum barxanlari ortiga bekindimi? Muallif shunday ishtibohlar ichra turarkan, general Veryovkinning qoʻshini shimol tomondan shaharga yaqinlashib kelgan edi.
Daryodan oʻtib holdan toygan qoʻshin ayni uyquga ketgan tungi soat 12 da toʻsatdan trevoga koʻtarildi. Askarlar darrov oyoqqa qalqib, xivaliklar xujum qildimi, degan oʻyda apil-tapil qurol-yaroqlariga yopishdi. Ayon boʻldiki, kunduzi yuvoshgina koʻringan Oksus suvi keskin koʻtarilib, askarlarning bepisandligidan goʻyo qahrlanib, ularni mahv etishga shaylanayotgan edi. Uch soat ichida daryo 6 fut(1 fut – 31 sm.) koʻtarilib, askarlar hayotiga jiddiy xavf tugʻildi. Qoʻshin suv balosidan oʻzini qutqarish uchun jon holatda tepalikka qarab tirmashdi.
Oʻsha davr muarrixi Muhammad Yusuf Bayoniy oʻzining “Shajarayi” Xorazmshohiy” asarida yuqoridagi voqealarni quyidagicha sharh etadi: “Kaufman Jayhun nahrining bir milligi (1 mil – 1600 metr)ga kelganda, tamomi oʻzbak va turkman otlilari kelib Kaufmanning toʻrt tarafidin ot qoʻyub urush boshladilar. Rusiyadin koʻp otu teva va odam halok boʻldi. Oxir, Rusiya askari yana navijod(zamonaviy) yarogʻlarning ionat(koʻmak)lari bila Xorazm lashkariga shikast berib, Jayhun kenorigʻa chiqdilar va Jayhunni mundogʻ vusʼat(shiddat) bila oqib turgʻonin koʻrub hayron boʻldilar. Devonbegi olarni koʻrub tamomi lashkari bila ohista-ohista Jayhunni yoqalab qayta berdi. Kaufman ham izlaridin narm-narm(asta-asta) kela berdi. Devonbegi Toshsoqo tushigʻa kelganda Jayhunning janub tarafiga oʻtub buyurdi: toʻpchilar Rusiya askarining taraflariga koʻp toʻp otdilar. Kaufman daryodin bir miqdor kema topib, askarin Jayhundin oʻtkarmakka muqayyad boʻldi. Ul vaqtda olargʻa Xorazm lashkaridin hech dastburd (shikast)yetmay, tamomi askarin osudaliq bila Jayhundin oʻtkardi. Ondin soʻng Kaufman bildikim, emdi Xevaqgʻa borgʻuncha onga muqovamat (teng keladigan ) etgudek kishi yoʻqdur. Dalerona yoʻlgʻa kirib kela berdi. Bir oqshom daryoning yovuqida yotib erdilar. Yarim oqshomda daryo toshib, askarni suv bosibdur. Kaufman sarosima boʻlub chiqib buyurdi: askar yuz mashaqqat bilan ahmolu asqollarni suvdin olib chiqibdurlar”.
Tiriklay yoqilganlar
Armiya endilikda vohaning unumdor yerlariga qadam qoʻydi. Sharqiragan ariqlar, mevazor bogʻlar va tigʻiz uylar orasidan oʻtayotgan dushmanni xivaliklar qurshovga oldi. Ochiqda jang qilishga moslashgan ruslar askariga bu falokatli edi. Piyodalar devorlarni teshib himoyachilarni zambaraklardan oʻqqa tutdi. Himoyachilar sezilarli yoʻqotish bilan ortga chekindi. Xivaliklar bu yerda katta yoʻqotishlar qildi, dushmandan qoʻrqib uylariga bekinib olganlar tiriklay yoqib yuborildi.
23-may kuni tush payti xondan sulh toʻgʻrisida taklif olindi. Xon oʻz xatida ularni izzat-hurmat bilan kutib olish uchun 3-4 kun fursat berishini soʻragan, ruslarga hech qanday xusumati yoʻqligini hamda avbosh turkmanlarga soʻzi oʻtmayotganini taʼkidlagan edi, ammo Veryovkin taklifni rad etdi.
Xiva darvozasi oldida
26-may kuni kolonna Xiva shimoliy darvozasidan 4 verst(1 verst – 1 km.) uzoqlikda xonning shahar tashidagi Shonoxchik saroyi oldiga yetdi. Ruslar bu manzilda 3 kun turdi va Xiva qoʻshinlari bilan ketma-ket janglar boʻldi. Mazkur toʻqnashuvlarda xivaliklar 400-500 nafar odamini yoʻqotdi.
Bu paytgacha ham general fon Kaufman otryadi yaqinlashayotgani haqida xabar kelmagan, aksincha, Turkiston otryadi oziq-ovqat taqchilligidan daryo tomonga qaytgani va 100 verst uzoqdaligi haqida uzunquloq gaplar tarqaldi. Shu kabi mishmishlar, xivaliklarning toʻxtovsiz qarshiliklari , qolaversa, xonning shahar devorlari yonida katta jangga taraddud koʻrayotgani haqidagi xabarlar Veryovkinning Xivaga hujumini tezlashtirdi.
Hujum
28-may kuni ruslar shaharga qarab yurdi. Katta guruh boʻlib turgan xivaliklar hujumga botinmadi. Istilochi qoʻshinlar ikki yondan devor bilan qurshalgan tor yoʻlakka kirdi. Bu tor yoʻldan shovursiz va ehtiyotkorlik bilan yurilsa-da, koʻtarilgan chang tufayli otryaddagi askar yonidagi sherigini koʻra olmasdi. Kutilmaganda ishga tushgan zambaraklar va miltiqlar xuddi momaqaldiroqdek gumburladi. Bu xuddi bir tuzoq edi. Devor yoʻlagidan ketayotgan bosqinchilar oʻzlari bilmagan holda shahar devoriga yuz metrcha yaqin kelib qolgan va xivaliklar ularni tutday toʻkardi. Zambaraklar ketma-ket gumburlar, ammo xivaliklar otgan oʻqlarning aksariyati otryad tepasidan oʻtib ketardi. Shunga qaramay, rus askarlari birin-ketin yer tishlay boshladi.
Ular uchun yagona najot oʻq yomgʻiri ostida devor boʻylab yugurish edi. Askarlar bir necha daqiqadan keyin shahar darvozasi oldida turar, qarshisida esa baland tuproqqoʻrgʻon boʻlib, u toʻrtta zambarak bilan himoyalangan edi. Artilleriyaga olgʻa siljishga buyruq berildi, ammo xivaliklar otishmasi shunchalik kuchaydiki, general tuproqqoʻrgʻonni shturm qilishga buyruq berdi. U yerga 2 ta piyodalar rotasi tashlandi. Piyodalar doʻnglikka bir necha qadam yetmay, suv toʻldirilgan chuqur va keng handaqqa, unga oʻrnatilgan tor koʻprikka duch kelishdi. Ajabo, xivaliklar bu koʻprikni portlatishni unutishgandi.
Ruslar oʻq yomgʻiri ostida koʻprikdan oʻtishdi va toʻpchilarni miltiq qoʻndoqlari bilan urib, tepalikni egallashdi. Ammo hujum zoʻrligidan ruslar handaq qirgʻoqlariga yashirinishga majbur boʻlishdi, ularning qarshiliklari xivaliklarning himoya pozitsiyalariga aslo taʼsir etmasdi. Bu holat chorak soatdan ziyod davom etdi. Veryovkin boshidan qattiq yaralandi. Endilikda polkovnik Skobolev boshchiligida ochiq bombardimon boshlandi. Toʻrt soatlik ayovsiz jangdan keyin xonning chopari hujumni toʻxtatish va taslim boʻlish(kapitulyatsiya) shartlari borasida muzokaraga kirishish taklifini keltirdi.
Xivaga kirish
Keyingi kun ertalab shaharga kirildi. Xivada oʻtgan kecha nimalar sodir boʻlgani haqida bir-biriga zid gaplar yurardi. Emishki, xalq xon Xivani ruslarga topshirayotganidan norozi boʻlib hukmdorni quvib yuborganu, oʻrniga ruslar bilan urushishga bel bogʻlagan ukasini qoʻymoqchi.
“Bundan urushishga talabgor boʻlgan dushman askarlari quvonib ketdi, deb yozadi Mak Gaxan. – Ammo bu quvonch uzoq choʻzilmadi. Xivadan 5 verstcha uzoqda fon Kaufmanni xonning amakisi Said Amir al Umaro mulozimlari bilan kutib oldi. U shaharni ruslarga topshirish uchun kelganini, xalq xonning quvmagani, aksincha, uning oʻzi qochib ketganini aytdi”.
Mak Gaxan saroydagi hech bir narsani koʻzdan qochirmaydi. Xususan, bu yerda saqlanayotgan turli qurol-aslahalar, tilla sopli qilichlar, marvarid-javohirlaru uch yuz jilddan iborat noyob kitoblarni qayd etadi. Charm muqova qoplangan bu qimmatbaho kitoblar orasida “Dunyo tarixi” va Xiva tarixiga oid kitoblar alohida ajralib turardi. Uning taʼkidlashicha, kitoblarning barchasi oʻsha zahoti Peterburgga, imperator kutubxonasiga olib ketilgan.
Xon va general uchrashuvi
Fon Kaufman bilan xonning uchrashishi, muloqot davomida generalning xonga mensimasdan qilgan munosabatiga muallif alohida eʼtibor qaratadi:
– Xoʻsh, xon, dedi Kaufman ,Mana uch yil avval vaʼda berganimdek sizni koʻrishga keldim.
Xon: – Ha, bu ham Allohning irodasi.
Kaufman: – Yoʻq xon, sizning oʻzingiz bunga sababchisiz. Agar 3 yil avval aytgan maslahatimga quloq solganingizda, talablarimni bajarganingizda meni bu yerda koʻrmasdingiz. Boshqacha aytganda, aytganimga koʻnganingizda Allohning irodasi oʻzgacha boʻlardi.
Xon: – Yarim podshoni(Kaufmanga ishora qilyapti) koʻrganimdan quvonchim shunchalarki, bundan boshqacha boʻlishini istamayman.
Kaufman: – (kulib) ishontirib aytamanki, bu holda quvonchingizga sherikman. Xoʻsh, ishga oʻtsak, endi ne qilmoqchisiz?
Xon: – Buni sizning ulkan aqlingiz hal qiladi. Men bir narsani, yaʼni oqposhshoga xizmakorlikni istayman.
Kaufman: – Juda soz, istasangiz xizmatkor emas, doʻst boʻlishingiz mumkin. Faqat maʼlum shart bilan, bu haqda biz hali kengashamiz.
Xon: – Bilaman, mendan xatolik oʻtdi, oqposhshodan va yarim poshshodan juda minnatdorman.
Kaufman: – Endi oʻz poytaxtingizga qayting, xalqingizni boshqaring va tartibni saqlang. Fuqarolaringiz oʻz yumushlari bilan mashgʻul boʻlsinlar.
Ushbu muloqot haqida Muhammad Yusuf Bayoniy shunday deydi: “Xon hazratlari daraxt soyasiga tikilgan ul Kaufman chodirining yovuqigʻa borib, otdin tushub erdilar, Kaufman istiqbollarigʻa chiqib, qoʻl olishib koʻrushub, xush keldingiz, deb eʼzozu ikrom, tamomu ehtirom bila chodirgʻa kirguzub yuqorida oʻlturgʻuzub, pahlularida oʻzi oʻlturdi. Koʻrushub, soʻrashib boʻlgʻondin soʻng Kaufman dedi: “Man mundin uch yil burun askar bila sizning tarafingizga borurman degan vaʼdamga vafo qilmoq uchun keldim”. Xon hazratlari dedilar: “Bu xudoning taqdiridur”. Kaufman dedi: “Bu soʻzungiz xatodur. Ne uchunkim, uch yillikda mening yuborgan nomamning mazmunigʻa amal etsangiz erdi, mani bu yerlarda aslo koʻrmas erdingiz va Xudo ham mening bu yerga kelmakimni taqdir etmas erdi”. Xon hazratlari dedilar: “Hech nima taqdirdin tashqari boʻlmasdur. Baharhol, siz bila koʻrushganimizga mamnundurmiz”. Kaufman tabassum etib dedi: “Bu mamnuniyat yakka siz tarafdan ermas, biz tarafda ham bordur. Ammo, koʻrushganimiz doʻstona tariqada boʻlsa erdi, ne balo yaxshi boʻlur erdi”. Ondin soʻng yana Kaufman dedi: “Emdi avqot(vaqt)ni zoeʼ qilmay maqsudgʻa shuruʼ qilmoq avlodur. Bas, alhol, ne fikrdadursiz va ne ish etmak matlubingizdur?” Xon hazratlari dedilar: “Biz imferatur aʼzam hazratlarining tahti farmonidadurmiz”. Kaufman xushhol boʻlub dedi: “Bagʻoyat yaxshi soʻz aytdingiz. Siz imferatur aʼzam hazratlariga maqsudingiz muqtazosicha(taqozo) navʼi itoat etib, muttafaq(ittifoqdosh) va doʻsti boʻlub navʼi madoro bila oʻltursangiz ham boʻlur. Mundan ham imferatur hazratlari sizni toju taxtingizdin mahrum etmakning fikrida ermasdurlar. Bas, qaytib taxtgohingizga borib rayat(xalq)ga farogʻatliq mujdasin yetkurung. Hamma oʻz ishlariga mashgʻul boʻlub, forigʻul-bol yurusuvlarkim, bizlar bu yerga toroj uchun va yo oʻzga tasallutot(maqsad)da kelganimiz yoʻqdur”. Xon hazratlari oning bu soʻzlaridin xushhol boʻlub, minnatdorliq izhorin etdilar. Ondin soʻng yana bir miqdor har tarafdin soʻz aytishib, doʻstona muonasatu(yaqinlik) musohabat ztib oʻlturub baʼdaz Kaufman bila vidolashib otlanib shaharga qaytdilar va Arkni supurtirib pokiza qilib toʻshatib, Arkka kirib taxti davlatda qaror tutdilar”.
Qirgʻin
Kapitulyatsiya shartlariga koʻra, Xiva xonligiga 2 million 200 ming tillo (bu hozirgi qiymatda taxminan 79,5 million dollar yoki salkam 6 milliard rublga toʻgʻri keladi) tovon(kontributsiya) solindi. Bundan 300 ming tillo turkman aholisiga toʻgʻri kelardi. Turkmanlarning ayrim qabilalari, jumladan yavmutlar bu mablagʻni toʻlashdan bosh tortib, isyon qoʻtardi. Ularning isyonini bostirish uchun 7-iyul kuni general-mayor Golovachev qoʻmondonligida 8 ta piyodalar rotasi, oʻnta zambarak, 2 ta kartech bilan qurollanib, yavmutlar hududi – Gʻoziobod tarafga yurish boshladi. Mak Gaxan kazaklar tomonidan aholi uylari, daladagi yanchilmagan bugʻdoy gʻaramlariga shafqatsizlarcha oʻt qoʻyilganini achinish va taassuf ila bayon etadi:
– “Jangchilar qoʻllarida yonib turgan kaltaklari bilan chuqur va devorlardan xuddi iblis kabi sakrab oʻtib, ortidan olov va tutunni qoldirardi, deydi muallif. – Ular bamaylixotir uylarga yaqinlashib yonayotgan olovni somon boʻgʻotlarga va bugʻdoy gʻaramlariga otardi. Hayal oʻtmay gurillagan olov toʻlqini va osmonga koʻtarilgan qop-qora tutun askar bu ishni qoyilmaqom uddalaganini tasdiqlardi”.
“Butun mamlakat olov ichida yonardi, deya soʻzida davom etadi muallif. – Ayanchli bu manzara gʻaroyib bu mamlakat va uning sodda fuqarolari bilan yovuzlarcha hisob-kitob qilayotgan urushning vahshatli tomoshasi edi.” Askarlar ikki yogʻi ham yonayotgan notekis, tor yoʻlda harakatlanardi. Tushgacha shunday yurilgach, dushman avangardi otliq qoʻshinga duch keldi. Ular bosqinchilarga “Biz sizlarga nima yomonlik qildik, nima uchun bizning yurtmizga bostirib kirdingiz?” degan savol bilan murojaat qilishdi. Ularning avzoyidan urushni davom ettirish istagi koʻrinib turardi. Ruslar ham urushni hohlab turar, boshqa gapga hojat yoʻq edi. Shu bois otliqlar savollariga javob ham olmasdan chekinayotgan hamrohlari ortidan ot choptirib ketishdi.
Liniya boʻylab olgʻa harakat qilish buyrugʻi tarqaldi. Aholi qoldirib ketgan ketgan qoʻy-echki, mol-hollar har yoqqa sochilib ketgandi. Hamma yerda qochqinlarning uy roʻzgʻor buyumlari sochilib yotar, yuk ortilgan tuyalar, otga tirkalgan aravalar egasiz qolgandi.
– Men atrofga qarash uchun bir daqiqa toʻxtadim, deya hikoya qiladi Mak Gaxan. – Mana, boshidan oʻq yegan turkman qumda yotibdi: undan sal narida yuzini qilich tilib ketgan kazak jon talvasasida. 3-4 bolani toʻsib olgan ikki ayol qumga oʻtirgancha kazaklardan shafqat soʻrab yolvormoqda. Men ayollarni tinchlantirish uchun “omon, omon”, deya baqiraman.
Bosqinchilarning yamutlar boshiga solgan bunday shoʻrishlari Muhammad Yusuf Bayoniy tasvirida yanada fojeali aks etadi: “Galavachof yamutlarning taʼqiblari uchun qazoq otlilarining oralaridin yetti boʻlak otlini intixob etib, Prins Yujin otligʻ bir zobitni olargʻa sarkarda qilib irsol etdi. Bular bir mil miqdori yoʻl yurub, bir jamoat yamutlarning izlaridin yettilarkim, baʼzilari qarriliq jihatidin, baʼzilari bemorliq sababidin va baʼzilari ayolu atfol(goʻdak)larigʻa hamrohlik etib oʻgʻlonlarin orqalarigʻa koʻtarmak bila horib sust boʻlub, aftonu xezon borur erdilar. Qazoq otlilar olarni koʻrgan hamono ot solib borib hammalarini qatl ettilar. Ondin oʻtub yana bir jamoa yamutlarning izlaridin yetdilarkim, olar ham ayolu atfollari bila chuloshib va bir miqdor qoʻyu echkilarin surub ahvoli xarob bila borur erdilar. Qazoq otlilari hayyo-huy ujbi bila qichqurishib ot solib kelib oralashib qatl qila berdilar. Yamutlarning koʻp atfollari otlarning oyoqlari ostida qolib, nechalari oʻlub, nechalari nimjon bila ota-onalariga qichqurur erdilar. Ul holda yamutlarning koʻzlarigʻa dunyovu jahon qorongʻu boʻlub, Rusiya askariga aqsum(qasdma-qasd) boʻldilar. Baʼzi xotunlarning ham chap qoʻlida bolasi va oʻng qoʻlida tigʻ bila Rusiya otlilarigʻa hamla qilur erdilar. Bir miqdor urush boʻlgʻondin soʻng, Rusiya askari gʻolib kelib, olarning ham hammalarin tigʻu toʻfang bilan qirib tamom etdilar.
Baʼzi zaxmdorlar oʻluklarning oralarida oʻzlarini oʻlukdek etib yotmish erdilar, Rusiya askari nayza bila urub oʻlturur erdilar. Va ul yerda bir kichik koʻl bor erdi, yigirmadin koʻproq xotunlar oʻgʻlonlarin quchoqlarigʻa olib ul koʻlga kirib suv ichida ekinlarning oralarida pinhon boʻlub turub erdilar, Rusiya askari olarni koʻrub miltuq oʻqi bila olarni urub qatl etdilar”.
Istilochi askarlar ertasiga ham hamma yoqqa oʻt qoʻyib, odamlarni oʻldirib yoʻlda davom etdi. Rus armiyasi oʻz ortida uch mil kenglikda kulga aylangan polosa qoldirib borardi. Hamma kulbalarda sukunat hokim, ularning koʻpida kundalik hayot nishonalari, goʻdaklarning oyoq izlari, ayollarning supradagi xamirlari, urchuqdagi iplari koʻzga tashlanardi...
– “Barcha oʻtovlar talanib, yoqilgandan uch soat oʻtib biz orqaga, Ilyali tarafga joʻnadik, deydi Mak Gaxan. – Askarlarga barcha qimmatli ashyolarni olib, qolganlarini yoqib yuborish buyurilgan edi. Gilamlar, ipak matolar, koʻylaklar va kumush taqinchoqlar olindi. Askarlar yaroqsiz deb bilgan qolgan barcha ashyolarni – paxta, eski gilamlar,bugʻdoy, un va roʻzgʻor uskunalarini tashlab ketishdi. Qanchadan qancha baxtli xoʻjaliklarning vayron etilganini koʻrish juda ogʻir edi.
– Mana uch nafar yavmutning qonga belangan jasadi, deya davom etadi muallif, ular atrofida 6 ta 4 yoshdan 6 yoshgacha boʻlgan goʻdaklar uymalashadi. Ulardan kattasi kichkinalarga gʻamxoʻrlik qilib, boy oʻtovdan qolgan eski gilam va koʻrpalardan toʻshak qilib bermoqda. Ular yaqiniga kelganimda ham bola menga qayrilib qaramay oʻz ishida davom etdi. Ishonchim komilki, uning bola yuragi menga qarshi gʻazabga toʻla edi. Yigirma yillar oʻtib, kofirlar(gʻayridinlar)lardan qay biri uning goʻdak qalbiga ekilgan alamning qudratini koʻrsa ajab emas.
1873-yil 12-avgustda Xiva yaqinidagi Gandimiyon qishlogʻida Rossiya bilan Xiva xonligi oʻrtasida sharmandali bitim tuzildi. Unga koʻra, xon rus podshosi vassaliga aylandi. Amudaryoning oʻng qirgʻogʻidagi yerlar Rossiyaga ixtiyoriga oʻtdi. Rus savdo kemalarining bundan buyon Amudaryoda erkin harakat qilishi uchun imtiyozli huquqlar berildi. Shu yoʻsinda mintaqadagi soʻnggi mustaqil xonlik tugatildi.
Abdumajid AZIMOV,
Oyina.uz
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q