She’r qachon xavfli ko‘riladi? Haqiqat aytilgan bo‘lsami? Yo‘q, jamiyat rost so‘zdan cho‘chisa. El yolg‘onlar ichra yashasa… Siyosat besh-olti yil avval haydab solgan qo‘rquv odamlarimiz ichiga berkinib, tashqariga qo‘rqa-pisa mo‘ralab turganga o‘xshayotir. Yosh shoir Najmiddin Ermatovning “Madaniyat va maʼrifat” telekanalida yangragan she’ri atrofidagi bahslar shundan dalolat bermoqda. Fuqarolarining qalbida mutelik, tobelik, hadik bor mamlakat chinakamiga mustaqil bo‘lolmaydi. Oyina.uz kuzatgan voqelikka munosabatlar ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Ulugʻbek HAMDAM,
O‘zRFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti bo‘lim boshlig‘i, filologiya fanlari doktori, professor:
Men ko‘pgina yosh ijodkorlar qatori Najmiddin Ermatov ijodini ham kuzatib kelaman. Uning “Turkiy elning shiddati so‘nganga o‘xshayotir” mazmunidagi, umuman, turkiy elning armoni-yu orzu-umidlari to‘g‘risidagi, boshqacha aytganda, Shavkat Rahmon, Halima Xudoyberdiyeva ijodi ruhidagi she’rlarini avval ham qoniqish bilan o‘qiganman.
“Turkiy elning shiddati so‘nganga o‘xshayotir” she’rida aks etgan mazmun bugun o‘zbek jamiyatining katta bir qatlami o‘y-u hislariga hamohang. Birdaniga mashhur bo‘lib ketishi sabablaridan biri – shu. Biroq eng katta sababi – uning O‘zbekiston televideniyesida namoyish etilishi, deb bilaman. Shov-shuv shu yerda. Yo‘q, she’r bunga arzimaydi, demoqchi emasman, aslo. Juda ham arziydi. Gap shundaki, Najmiddinning bunday olovli bitiklarini oldin ham ijtimoiy tarmoqlarda o‘qiganman-da. Lekin ular yaxshi she’r bo‘lishiga qaramay, bunchalik e’tiborga tushmagan. Demak, yaxshi she’rni (umuman, har qanday asarni!) qachon, qanday shaklda yetkazishda ham gap ko‘p ekan. Agar shoir she’rini Feysbok sahifasida yozma ravishda e’lon qilib qo‘yganda edi, nari borsa o‘n yo o‘n beshta baham ko‘rish (repost!) bilan cheklanardi. Holbuki, u televideniyedan e’lon qilindi. E’lon qilinganda ham shoir tomonidan “bas” ovozda ifodali tarzda o‘qib berildi. O‘zbekiston televideniyesini faqat “Jannat”dan reportajlar qilishnigina biladi”, deb ishonib yurgan tomoshabin bunday ruhdagi she’r namoyishidan hayron-u lol qoldi. She’r o‘qib berilayotganda ohangiga hamohang bosh qimirlatib o‘tirishlarni men asar mohiyatiga yetish, uni to‘liq tushunish deb o‘ylamadim. Tushunilganda edi, juda katta ehtimol bilan, boshlar tebranmas, bil’aks, lablar qattiq tishlanardi. Qo‘rquvdan emas, yo‘q, turkiy xalqlar, shuningdek, o‘zbek eli tushib qolgan foje qismatni yurak-yurakdan his qilishdan, anglashdan shunday qilinardi.
She’rning, Bobur hazratlari ta’biri bilan aytganda, kichik bir “aybg‘inasi” ham bor. O‘quvchiga umid berib yakunlanishini kutgandim. Loaqal bir nur kirib kelishi mumkin bo‘lgan tirqish qoldirilgandir, deb o‘ylagandim. Chunki she’rga “Turkiy elning shiddati so‘nganga o‘xshayotir” deb nom va nuqta qo‘yish, eldan umidni uzish bilan barobardek jaranglaydi. Shoir bunday qilmasligi kerak. Shoirning bunday qilishga, so‘zda taslim bo‘lishga, hukmdorlar botmon-botmon tortib olgan umidning so‘nggi misqollarini terib ketishga haqqi yo‘q. Mayli, uning jismi taslim bo‘lsin, yengilsin, nobud bo‘lsin, biroq so‘zi emas, yuragi emas! U yurtining hech kimning nazari tushmagan go‘shalaridan, elining yurak puchmoqlaridan millatning qayta tug‘ilmog‘i-yu qaddini tiklamog‘i uchun kerakli tayanch nuqtasini topmog‘i va xalqiga ko‘z-ko‘z qilmog‘i shart! Unga qismat mana shunday vazifani yuklagan. Shoir shuning uchun ham shoir. Taslimiyatga chaqirishga uning ma’naviy haqqi yo‘q. Uning qo‘lidagi qalam bunga yo‘l qo‘ymaydi.
O‘ylaymanki, Najmiddin bularni juda yaxshi tushunadi, biladi. She’rning bunday tushkun kayfiyatda yakunlanishi esa turkiylarning bugungi ayanch holi uchun chuqur bir qayg‘uga botish bilan izohlanadi, deya o‘ylayman. Qolaversa, Cho‘lpon bobo aytmoqchi, “Chechaklar ungusi ko‘zyoshlarimdan!”. Najmiddin ham erk kuychisi bo‘lgan ustoz shoirga ergashib o‘z ko‘zyoshlaridan chechak undirgisi kelgan bo‘lsa, ne tong! Shoirga va bunday she’rlarni tushunib, qadrlab turgan adabiyot muxlislariga omonlik tilayman! Adabiyot, she’riyat yashamoqda! Biz-chi?..
Fozil FARHOD,
Yozuvchilar uyushmasi raisining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi:
Kechadan ijtimoiy tarmoqda Najmiddin Ermatovning “Qaqnus” sheʼriyat klubida oʻqigan sheʼri muhokama boʻlyapti. Hatto bunga siyosiy tus berayotganlar bor. Yaxshiyam, bugun 1930-yillar zamoni emas. Boʻlmasa, “Madaniyat va maʼrifat” telekanalini yopib, shoirni qatagʻon qilib yuborardik. Televizor koʻrib turinglar-ey! O‘tkir sheʼrlar oʻqilayotganiga ancha boʻldi. Buni erkin soʻz zamonidagi oddiy hol deb qabul qiling!
Bugun ijtimoiy tarmoqda ham, OAVda ham, adabiyotda ham soʻz aytilyapti. Mana, yaqinda Prezident Qashqadaryoga borganida “Koʻpchilik ommaviy axborot vositalarini “yopish”ni taklif qilmoqda, lekin men buni hech qachon qilmayman”, degandi. Qonunlarga yoʻldosh tarzda bosh rahbar ham shunday degach, hecham qoʻrqmang, haq soʻzni ayting!
Asliddin ALIMARDON,
“Inson va qonun” gazetasi hamda “Huquq va burch” jurnali bosh muharriri:
Ziyolimi, oʻzini xalq ovozi sanaydigan jurnalistmi, blogermi bir jihatni eʼtiborga olishi kerak. OAV bu – minbar. Siyosiy mahkama emas. Agar har chiqishga siyosiy tus berilaversa, siyosiy boʻlmagan fikr qoladimi? Masalan, pazandalik efirida bir oshpaz yangicha retsept asosida shirinlik tayyorladi va unga “Turkiy” deb nom berdi. Buni ham siyosiylashtirish mumkinmi? Mumkin. Qiziq, juda qiziq. Senzuradan nolib, senzurasiz namoyishga taajjublanishayapti. Bu xuddi “Men toza havo xohlayman, lekin faqat menga boʻlsin”ga oʻxshamayaptimi? Neki boʻlsa ham, maʼrifat taraflar bir-birini qoʻllashi, mashʼalani qoʻldan qoʻlga oʻtkazishi kerak. Ular chuchmal, taajjub ohangidagi fikrlar bilan xalqni arosatda qoldiraversa, oʻsha fikr oʻziga zarba boʻlib qaytaveradi.
Iqbol QOʻSHSHAYEVA,
sanʼatshunos jurnalist:
Yaqin kunlarda Prezident taklifi bilan suratga olingan Abdulla Oripov haqidagi filmning taqdimoti boʻladi. Eshitishimcha, asarda shoirning “Oʻzbekiston” sheʼri bilan bogʻliq gʻavgʻolar, taʼqib-u taqiqlar, xullas, SHOIRning sindirilishi aks etgan ekan. Ilohiy qonuniyat shundaki, ijodkorga qilingan har qanday tahdid oʻsha zamonga oʻqilgan tarixning AYBNOMAsiga aylanadi. Sovet davrining yutuqlari boʻlmaganmi? Boʻlgan. Biroq o‘sha davrni Qodiriyning, Choʻlponning, Fitratning maʼsum qonisiz, zabonsiz Oybekning mungli nigohisiz eslash qiyin. Shuning uchun ham bu tuzumni kechira olmaymiz!
Isteʼdodli shoir Najmiddin Ermatovning birgina sheʼri bahonasida MTRK, “Madaniyat va maʼrifat” telekanali va shoir taqdiridan fol ochayotganlar, sizlarning har xil tusmol-u taxminlaringiz fikrga keng imkoniyat bergan hukumatga boʻlgan ishonchsizlikdan, hurmatsizlikdan boshqa hech narsa emas. Siyosiy soʻqirlikni, mudhish xatoni sizlar qilyapsiz! Boʻlar-boʻlmas qoʻrquvlar, tahdidlar millatni sharafdan mosuvo qiladi. Sharafsiz elning sarboni boʻlishdan-da ayanchliroq koʻrgulik yoʻq.
Najmiddin Ermatovning sheʼrida buyuk Rauf Parfi, Shavkat Rahmon va Halima Xudoyberdiyeva sheʼrga solgan turkiylar qaygʻusi bor. Uni bitta shaxsga yoki faqat bugungi ahli saroy siyosatiga bogʻlab talqin qilish juda joʻn, juda tor yondashuv. Aslida, qip-qizil gʻalamislikning oʻzi. Sizning fitnangiz vaqt oʻtishi bilan taʼsirini yoʻqotadi, lekin bu sheʼr ellik-oltmish yildan keyin ham oʻqiladi. Ishonaman, turk, ozar, qozoq, boringki, rus tiliga oʻgirilganda ham xuddi shu kayfiyatni uygʻotadi. Har xil izohlarni, odamlarning munosabatini koʻrib, Halima opaning dardi yodimga tushdi:
Shukr, bugun ozod sen, ammo tarqoq sen, yot sen,
Tarqoqmi sen, inonki azal-abad barbodsen.
Joʻrovoz boʻlolmasang, yakka-yakka mung, dodsen,
Xudo, toʻzgʻin elimni birlashtir deb yigʻladim.
Rustam NISHONOV,
Iqtisodiyot Assambleyasi va Nodavlat taʼlim muassasalari assotsiatsiyasi rais oʻrinbosari, tadbirkor:
Kecha ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solgan sheʼrni qoʻllab-quvvatlashda ortiqcha hissiyotga berilib ketyapmiz. Kamiga, ayrim satrlarni faqat bugun bilan bogʻlab, yuzaki talqin ham qilinmoqda. Aslida, sheʼr ikki yilcha oldin yozilgan ekan. Eʼtibor berilsa, ilk misralar – “Koʻk boʻri kezgan sarhad itlarga talosh endi” (shu jumla maʼnosini bir kun oʻyladim) Turk xoqonligi davri bilan boshlanib, davomida xonliklar zamonidagi parokandalik va sotqinliklar ustalik bilan ifodalangan. Ayniqsa, dushmanlarga shahar darvozalarini ochib berishi va ularni “ogʻa” sifatida kutib olishi alohida eʼtiborga olingan.
Muallif adabiyot va tarixdan chuqur bilim egasi sifatida bitgan keng maʼnoli sheʼrni biz tor maʼnoda tushunyapmiz. Shoirni, ijodiy jamoani qoʻllab-quvvatlayapmiz deb o‘ylab, aslida oʻz oramizda nifoq tarqalishiga sababchi boʻlib qolyapmiz. Bu holat davom etsa, yana qanchadan-qancha isteʼdodlarni boy berishimiz mumkin. Tashqi yovuz kuchlar “tank” bilan kirayotgan jangga shunday yoshlarimizni “qurol”siz holida yelkasidan itarmaylik. Aksincha, ularni asrab-avaylaylik. Shunday iqtidorlarni yuzaga chiqarishga shart-sharoit yaratayotgan Prezidentimizni qoʻllab-quvvatlaylik.
Behzod QOBULOV,
Toshkent viloyati hokimining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi:
Bizning tarix shunchalik muhtashamki, shoirlar Vatanga qancha manzuma aytsa yarashadi. Va bizning o‘tmish shunchalar qaroki, shoirlar Vatanga qancha yozgʻirsa, ular aybli emas. Tariximizda yutuqlar, gʻalabalar qancha koʻp boʻlsa, iztirobli kunlar, yutqiziqlar ham shunchadir. Oʻzbek oʻzining uzoq va yaqin o‘tmishidan qancha gʻururlansa, shuncha achchigʻlanishi ham kerak. Bunga haqli.
Agaram shoir zamon va makonni hatlab oʻtib, yuragidan kechgan tuyg‘ularning umumiy mohiyatini yozib, sheʼrga solsa, nechuk biz uni ayblasak? Avvalo, Najmiddinbek Ermatovning “Qaqnus”da oʻqigan sheʼri aynan bir zamon va voqelik haqida emas. Asar xalqimizga, xususan, yoshlarga pessimistik kayfiyat bagʻishlaydi, deyish ham toʻgʻri boʻlmaydi. Unda qachondir ulkan materikning uchdan ikkisini idora qilgan turkiy xalqlarning jahon oilasidagi bugungi oʻrnidan qoniqmaslik tuygʻusi jangovar, joʻshqin pafosda ifoda qilingan. Bu pessimizm emas. Hayqiriq. Yuksaklikka, rivojlanish va katta parvozlarga daʼvat. Men shunday tushundim. Adabiyotda, sheʼriyatda mantiq – joʻn tushuntiriladigan hodisa emas. Agar shoir: “Menga qanday yashamoqni oʻrgatmagin sen”, deb yozsa, bu vaziyatda u davlatning pedagogika va maʼnaviy targʻibot sohasidagi keng koʻlamli saʼy-harakatlariga qarshi chiqqan boʻlmaydi. G‘araz koʻzi bilan qaralsa, istalgan shoirning alohida bir satridan siyosiy xato topish mumkin. Najmiddinbek Ermatovning bu sheʼri xuddi “Oʻzbegim”, “Oʻzbekiston” singari millatning qalb xazinasidan joy olgusi, sevimli va umri uzoq asar boʻlib qolgusi. Yaxshi she’rning oʻnlab, yuzlab, hatto minglab talqinlari uchrashi esa mutlaqo tabiiy.
Oyina.uz qizg‘in muhokamaga sabab bo‘lgan sheʼrni taqdim etib, soʻnggi xulosani o‘quvchining o‘ziga qoldiradi:
Koʻk boʻri kezgan sarhad itlarga talosh endi,
Koʻtarilgan bosh emas, birgina quyosh endi,
Uchqun sochgan koʻzlarning topingani yosh endi,
Turkiy elning shiddati soʻnganga oʻxshayotir.
Sarbadorlar qonini sellar yuvib ketganday,
Millat uchun jon berar alpni devlar yutganday,
Ultontozlar kun sanab, e voh, shuni kutganday,
Elning kuni nomardga qolganga oʻxshayotir.
Yuz ellik yil otangni otganni ogʻa sanab,
Dili buzuq kelganning qadamiga gul qadab,
Yo, haq, deya yonganning mozoriga tosh qalab,
Saroyingga qargʻalar qoʻnganga oʻxshayotir.
Eldan chiqib elidan irganganlar koʻringay,
Oʻz tarixin oʻzgadan oʻrganganlar koʻringay,
Gʻujuri-yu zaboni oʻzgarganlar koʻringay,
Oʻz farzanding oʻzingni sotganga oʻxshayotir.
Kechang zavolga doʻndi, haykalday qotib boʻldi,
Sening bor nasibangni beklaring totib boʻldi,
Bugundan-ku ayrilding, ertangni sotib boʻldi,
Yoʻl koʻrsatar mayogʻing oʻchganga oʻxshayotir.
Burgut uchgan zovlarda quzgʻun bazm etmoqda,
Ildizingni kavshabon toʻngʻiz hazm etmoqda,
Ertangni belgilashga yotlar jazm etmoqda,
Qoshiq butun, qiliching singanga oʻxshayotir.
Kechagi yovqir nigoh bugun yerga qadalgan,
Vatan kutgan jasorat non topishga atalgan,
Boʻyin egik, qoʻl qadoq, tizzalaring qavargan,
Umid koʻzyosh shoʻridan soʻlganga oʻxshayotir.
Uygʻotay deb kelgan ul bahorlar bekor ketar,
Har tongda quyosh turtib, har shomda bezor ketar,
Boʻgʻzin yirtib shoirlar ming hayqirib, xor ketar,
Alloh, bu xalq shu holga koʻnganga oʻxshayotir.
Turkiy elning shiddati soʻnganga oʻxshayotir.
aprel, 2021
San’at
Adabiyot
Til
Ma’naviyat
Til
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
2 Izohlar
Azizbek Bekmurodov
03:09 / 18.09.2023
Haqiqatning barchasi shu satrlarda namoyon ijodizga omad
Sevinch
12:01 / 01.01.1970
men shu kungacha bu darajada ta'sirli she'r o'qimagandim.... audiosini eshitgandim ancha kunlardan buyon shu she'rni topishga urindim. va nihoyat topdim. rahmat kattakon mehnatingiz uchun