Ali Hamroyev – ijodi va shaxsiyati serqirra kinoarbob. Deyarli barcha janrda film suratga olgan. Uning ijodiy bisotida oʻta xalqchil musiqiy komediyalar, inqilobiy ruhdagi mafkuraviy asarlar, sof sanʼatga daʼvo qiluvchi mualliflik kartinalari hamda yagona oʻzbek opera-filmi ham bor. “Seans” jurnali saytida taniqli kinorejissyor bilan “Zamonni tuzatib boʻlmaydi” sarlavhali suhbat eʼlon qilingandi (15.06.2022). Monolog shaklidagi mazkur maqola oʻsha manba asosida tayyorlandi.
***
Butunittifoq davlat kinematografiya institutida (BDKI, ruschasi: VGIK) Andrey Tarkovskiy, Otar Ioseliani, Kira Muratova kabi jahon miqyosidagi klassiklar bilan bir davrda oʻqidim.
Ustozimiz Roshal bizga eng muhim narsani berdi – oʻqishni oʻrgatdi. Duch kelgan narsani emas, balki maʼnan boyitadigan kitoblarni oʻqitdi. U sanʼat va kino hech kimni tarbiyalamaydi, derdi. Kinematografiya, bu – ijobiy yoki salbiy maʼnodagi muayyan his-tuygʻularni uygʻotadigan, lekin hech qachon hech kimni tarbiyalamaydigan sanʼat. Tarbiyalash xususiyati oila va koʻchaga xos, deb aytardi. Yana mana bu gaplari ham yodimda: “Ochigʻini aytmoqchiman – men sizdan rejissyor yasay olmayman, siz oʻzingiz rejissyor boʻlishingiz kerak. Institutda besh yillik oʻqish davomida imkon qadar koʻproq bilim va hissiyotlarni oʻzlashtiring. Mana, kinoshunoslik oʻquv xonasi, tasviriy sanʼat xonasi, operatorlik xonasi – shu yerda oʻtiring, nimalarnidir kavlashtiring, qidiring, ishlang. Operatorlar, kino mutaxassislari, ssenaristlar, rejissyorlar bilan doʻstlashing. Filmlar tomosha qiling – har kuni turli auditoriyalarda oʻnlab durdona asarlar namoyish etiladi, jadvalni bilib oling”. Va sir boʻlsin deya qoʻshib qoʻyardi: “Marksizm-leninizm maʼruzalaridan qochib, shu filmlarga boring. Siyosiy adabiyotlarni oʻqimang”.
Grigoriy Lvovich bizga kinoda detallarning ahamiyatini qanday oʻrgatganini hech qachon unutmayman. Detal, ha, birgina detal inson haqida filmning yarmidan koʻpida aytish mumkin boʻlgan gapni yetkaza oladi. Ilk qadam hujjatli film uchun ssenariy yozish boʻldi. Roshal mening ishimni alohida eslab oʻtdi: “Mana, bizning Hamroyev hayotidan hujjatli hikoyani eshitdingiz. Ssenariyning kuchi nimada? Kuchi shundaki, bularning barini muallifning oʻzi boshdan kechirgan. Va uni qiziqarli tilda, kino tilida hikoya qilmoqda”.
Men oʻsha ssenariyni bir yarim sahifa hajmida yozgan edim. 1943-yil. Dadam bevaqt vafot etgan, onam ishda, kech keladi. Biz ikki bola sovib qolgan pechka yonida oʻtiribmiz va onam ishdan qaytishini, bir boʻlak non yoki konfet keltirishini kutyapmiz. Men oʻtirgan joyimda uxlab qoldim, tushimga suv oʻrnida sharbat oqayotgan ariqlar, sutga limmo-lim daryolar, pishiriqlardan iborat tepaliklar, togʻdek ulkan tort kirdi. Va oʻylab qoldim: “Nahotki, men ham qachondir toʻyib shirinlik yeyman, tortni tatib koʻraman?!” Biz oʻsha paytlar faqat xoʻrozqand yoki oqqandni uzoq shimgancha uxlab qolardik...
Taʼsirlanish...
Andrey Tarkovskiy “Stalker” filmi uchun natura izlab Oʻzbekistonga keldi, men unga Tojikistonga borishini maslahat berdim. Oʻshanda kimning ijodiga kim taʼsir etgani haqida uzoq suhbatlashdik. Unga Robert Bressonning taʼsiri kuchli, mening esa sevimli rejissyorlarimdan biri Akira Kurosava edi. Gap orasida Andreydan soʻradim, baʼzan bir epizodni suratga olishga olib qoʻyaman-u, lekin shu payt oʻylanib qolaman, “Rasyomon” yoki “Velosiped oʻgʻrilari”dan nimadir oʻtib qolmadimi, deb... Andrey buni plagiat yoki oʻgʻirlik deb hisoblamasligini aytdi: “Biz oydan tushmadik-ku, koʻp yillar davomida kinorejissyorlik kasbining nozik jihatlarini oʻrgandik. Va bularning bari zahiraga yigʻilgandek miyamizda saqlanib qoladi va soʻng mutlaqo beixtiyor biror narsani, baʼzan soʻzni, iborani, baʼzan oʻxshash peyzajni ishlatamiz. Gohida esa mizansahnani takrorlashing mumkin. Bu usta sanʼatkorning senga oʻtkazgan zarur taʼsiri, butun dunyo kinematografiyasi tajribasining taʼsiri. Bundan uyalishga hojat yoʻq. Epizod kadrdan-kadrga takrorlansa, albatta, yaxshi emas, bunday koʻchirmakashlikni hamma ham oʻziga ep koʻravermaydi”.
Andrey Tarkovskiyni ustozim deb bilaman. Uning “Koʻzgu”sini yaxshi koʻraman, talabalarimga doim koʻrsataman. Kartinaning ayrim epizodlarini suratga olishda ham qatnashganman: Margarita Terexova yogʻoch panjara ustida oʻtirgan, Tolya Solonitsin esa yengil shamol epkinida biroz tebrangancha oʻtloq boʻylab shu goʻzal ayol tomon yurib kelayotgan epizod yodimda. Andrey ushbu lavhani juda ham diqqat bilan suratga oldi. Syomka uchun moʻljallangan vertolyot esa uzoq vaqt havoda turib qoldi – charchab ketgan uchuvchilar alamidan tinmay soʻkinishardi. Operator Gosha Rerbergni aytmaysizmi, toʻlqin risoladagidek boʻlishi uchun bulut ortidagi quyoshni kutib, bir, ikki... yigirma marta dubl qildi.
Jon Ford haqida ham aytmasam boʻlmas. Uning “Dilijans”i shedevr, jahon kinematografiyasining eng yaxshi vesterni, yaʼni turfa janrlarni oʻzida jo etgan kinoasar. “Yettinchi oʻq” filmimda Jon Fordning taʼsiri yoʻq deysizmi? Juda boʻlgan-da! Dinamika, ritm, joʻmard qahramon, kimdir oʻlgan taqdirda ham yakunda ezgulikning yovuzlik ustidan gʻalaba qozonishi... Fordning “Dilijans” filmida qahramonlardan birining bedarak yoʻqolgan akasi halok boʻladi. Mening “Yettinchi oʻq”imda esa oʻn besh yashar qizga oʻq tegib, vafot etadi. Finalda ot mingan qahramon qizning murdasiga ehtiyotkorlik bilan qoʻl tekkizadi, uning ortida esa bayroq koʻtargan otryad yuguradi. Bu amerikalik rejissyor Jon Fordning taʼsiri.
“Dilijans” filmidagi eng sevimli sahnam – shlyapali Jon Ueyn boshini quyi egib oʻtirgani, togʻ etaklari boʻylab yoʻlovchilarni olib ketayotgan kovboyning shlyapa ostidan yosh qizga boqishi, qizning uyatdan koʻzlarini olib qochishi... Bu shunday nigohki! Kovboy qizga tikiladi va qiz ham xuddi gipnoz taʼsiriga tushgandek, yigitga nigohini qadaydi. Bebaho kadr. Men buni baʼzi filmlarimda takrorladim va interpretatsiyada yana koʻp narsalarni takrorladim.
Griffit, Xichkok, Bergman, Antonioni, Fellini, Viskonti, Kurosava, Kobayasi, Karne, Vigo, Tryuffo ham men uchun ustoz. Marhum doʻstim Sergey Parajanovniyam murabbiyim deb bilaman. Undan kadrni qanday qurish, estetika, rassomlar, operatorlar bilan ishlashni oʻrgandim. Har doim tarsvirchiyu rassomlarga Parajanovning filmlarini koʻrsatib, shunday ishlashimiz kerak, dedim.
Bizning kinoda ham buyuk rejissyorlar, operatorlar, rassomlar, aktyorlar kam emas. Aleksey German, Kira Muratova, Roman Balayan, Shuhrat Abbosov, Tolomush Okeyev – qanchadan-qancha ajoyib rejissyorlar bilan doʻst tutinganman va ularning faoliyatimga taʼsiri beqiyos! Biz har doim bir-birimizga koʻmak berganmiz. Kimningdir filmi taqiqqa uchragudek boʻlsa, jamoaviy xatlar yozardik, Markaziy Qoʻmitaga, Kinematografiya qoʻmitasiga murojaat qilardik. Hamkasblarimiz va doʻstlarimizni himoyalab, syezdlar, plenumlarda qoʻrqmay minbarlarga chiqardik. Xoʻsh, nima boʻpti, nimadan qoʻrqamiz, nari borsa, bir-ikki yil film suratga olishga ruxsat berishmaydi, xorijga chiqarishmaydi. Qamoqqa tashlashmaydi-ku, biz ularga kerakmiz-ku, derdik oʻzimizga-oʻzimiz.
Nabi Gʻaniyevning uqubatlari
Mening eng asosiy ustozim – oʻzbek kinosining klassigi Nabi Gʻaniyev. U zot dadam Ergash Hamroyevni talabalik chogʻlarida birinchi boʻlib bosh rolga taklif qilgan ekan. Otam 19 yoshida, 1928-yili Leningraddagi sahna sanʼati texnikumiga oʻqishga kirgan. Taʼtilga kelganida Nabi Gʻaniyev uni koʻrib qoladi va darrov “Yuksalish” filmidagi bosh rolni beradi. Keyinroq dadam Nabi Gʻaniyev uchun “Yigit” filmi ssenariysini yozgan va ular ikkisi bu filmda ishlashgan – Gʻaniyev ekranlashtirgan, dadam esa bosh rolni ijro etgan. Ammo 1936-yili Stalinning naturalizm va rasmiyatchilikka qarshi kurash haqidagi maqolasi eʼlon qilingach, oʻzimiznikilarni jazolash uchun har yerdan misollar qidira boshlashgan. Oʻzbekistonda Nabi Gʻaniyev bilan otamni “Yigit” filmida naturalizm va rasmiyatchilik usullaridan foydalanganlikda ayblashgan. Moskva Nabi Gʻaniyevni rejissyorlik maqomidan mahrum qiladi, otamga esa bittayam ssenariy bermay qoʻyadi. Ikkisi ham ikki yil qamoqqa tashlangan, qiynoqqa solingan, kaltaklangan. Beriya Yejov oʻrniga kelganidan keyin ularni qoʻyib yuborishadi.
Moskvadan Toshkentga evakuatsiya qilingan buyuk rejissyor Yakov Protazanovga biror sharq afsonasi asosida film suratga olish uchun kutilmaganda Stalindan ruxsat tegadi. Oʻshanda Protazanov ishsiz edi, barcha evakuatsiya qilinganlar qatori kartochkaga oshxonadan tushlik olib yurardi. Shunday pallada unga dafʼatan Solovyovning kitobi asosida “Nasriddin Buxoroda” filmini suratga olish buyuriladi.
Protazanov esa hayotida birinchi marta Oʻrta Osiyoda boʻlgan, tabiiyki, mahalliy oʻziga xosliklarni bilmasdi. Guruhni yigʻishda film ishlashi taqiqlangan Nabi Gʻaniyevni assistent va maslahatchi sifatida olishni maslahat berishadi. Ustoz shunday qilib “Nasriddin Buxoroda” filmida rejissyorning oʻng qoʻliga aylanadi.
Kostyumlar, rekvizit, aktyorlar, bozor sahnalari – bularning barini Nabi Gʻaniyev tashkillashtirgan va sahnalashtirgan. Stalinga “Nasriddin Buxoroda” filmi maʼqul boʻlgach, Yakov Protazanov kinematografiya vaziri Bolshakovning huzuriga borib shunday deydi: “Sizning idorangiz Nabi Gʻaniyevning rejissyor boʻlishini taqiqlovchi buyruq chiqargan. Lekin agar u men bilan tasvirga olish maydonchasida ishlamaganida va mening oʻng qoʻlim boʻlmaganida “Nasriddin Buxoroda” filmini uddalay olmasdim. Gʻaniyevga rejissyorlik unvoni qaytarib berilishini talab qilaman!”. Shu tariqa ustoz kinoga qaytadi va 1945-yili butun jahon boʻylab namoyish etilgan durdona kinoasar – “Tohir va Zuhra”ni suratga oladi.
Antonioni, Fellini va Kurosava oʻgitlari
1976-yili Mikelanjelo Antonioni bilan uchrashuv koʻnglimda unutilmas taassurot qoldirdi. Toshkent kinofestivaliga kelgan edi. Italiya kinosidan xabardor odam deb meni rahbariyat unga biriktirdi. Ertalab soat oltida samolyot zinapoyasida kutib oldim. Nonushtadan soʻng mehmonlarni kun tartibi bilan tanishtirdim. Reja boʻyicha ular soat oʻnda Lenin muzeyiga tashrif buyurishi kerak. Buni eshitgan Antonioni jazavaga tushib qoldi-ku: “Men senga ahmoqqa oʻxshaymanmi? Lenin muzeyiga kirish uchun 6000 kilometr yoʻl bosib keldimmi?! Bekorlarni aytibsan, hech qayerga bormayman!”
Keyingi manzil esa Chilonzor turarjoy massivi edi. Yangi fransuzcha uslubda qurilgan va panelli uylar faxrimiz hisoblanar, kim kelsa darhol eltib koʻrsatardik. “Hech qanaqa fransuz uylaringga bormayman! Meni kim deb oʻylayapsanlar?! Nima, boshqa qiladigan ishim yoʻqmi?!” Xullas, bu rejani ham rad etdi. Oʻzi nimani xohlashini qoʻrqa-pisa soʻradim. Bozorlar va eski shaharni koʻrishni istayotgani, oddiy odamlarning uyiga kirib, hayot tarzini kuzatmoqchi ekanini aytdi. Kamida qoʻshib qoʻydi: “Keyin sen meni choʻlga olib borasan. Buxoro atrofidan oʻtovlarda yashaydigan kishilarni izlayapman”.
Biz yangi reja tuzdik va men vazir Yermash bilan uchrashish uchun yuqoriga chiqdim. U mahalliy va Moskva maxsus xizmatlarini chaqirdi, rejani obdan koʻrib chiqishdi va: “Antonioni bilan hazillashib boʻlmaydi. Naq xalqaro janjal keltirib chiqarishi mumkin. Nima desa, rozi boʻling”, deyishdi. Soʻng qatʼiy tayinlashdi: “Axlatxonalarni, yomon kiyingan, mast, xunuk odamlarni suratga olishlariga imkon qadar yoʻl qoʻyma...” Shunday qilib, Antonioniga oʻn kun hamrohlik qildim. U xursand edi.
Ikkinchi yo uchinchi kuni tushlik mahali Antonioni tarjimon orqali menga murojaat qildi: “Ali, ayting-chi, siz chindan ham rejissyormisiz? Biror filmingizni koʻrishni istardim... Hozirning oʻzida, tushlikdan soʻng”. Bu men uchun sharaf edi. “Qushlarga ergashgan inson” filmini tomosha qildik. Ekranda boshlangʻich titrlar paydo boʻldi, tarjimon hurmatli mehmonga egilib, haqiqatan ham, “rejissyor Ali Hamroyev” deb yozilganini aytdi.
Antonioni nega menga qiziqib qolganini keyin bildim. Maʼlum boʻlishicha, Mikelanjelo italiyaliklarga hamrohi Ali rosa hojatbaror ekanini, bir zumda istalgan mashina, istalgan yoʻnalish, xullas, barcha istaklarini zudlik bilan muhayyo qilishini aytgan ekan. Bunga javoban Tonino Guerra yuz ifodasiga jiddiy tus berib shunday degan: “Sen nima deb oʻylaganding, u KGBda ishlaydi, agent!” Oʻsha gap Antonioni bilan yaqindan tanishuvimizda katta rol oʻynadi. Keyin doʻstlashib ham qoldik. Meni Italiyaga taklif qildi, bir necha yildan soʻng oilam bilan bordim. Bularning bari Tonino Gerraning doʻstona hazili tufayli edi.
Antonionidan oʻzim uchun kerakli bir-ikkita maslahat soʻradim. Birinchi maslahati: “Meʼdang yaxshi ishlashini nazorat qilib bor. Zero, oshqozon ishlamas ekan, bitta ham kadrni suratga ololmaysan”. Ikkinchisi: “Besh-olti soat uxla, chunki hayot qisqa. Agar akkumulyatoring quvvati tugaganini his qilsang, mashinada olib ketishayotganda 10 daqiqa uxlab ol”. Va qoʻshib qoʻydi: “Ha, sizlarda boʻlar-boʻlmas yigʻilishlar, konferensiyalar koʻp boʻladi – ana shu tadbirlarda mizgʻib ol!” Haqiqatan ham, men badiiy kengashlarda, turli majlislarda pinakka ketardim.
Federiko Fellini bilan esa Moskva festivalida tanishdik. “Intervyu” filmi uchun Gran-prini olgani rafiqasi bilan kelgandi. Spagettixoʻrlik qilayotgan paytimiz yon daftarimni chiqardim. Fellini sochiq bilan lablarini artarkan, shoshib gapirdi: “Maslahatim juda oddiy... Ali, film suratga olayotganda tomoshabinlar haqida oʻylama! Bu film senga, rafiqangga va eng yaqin doʻstlaringga yoqishi haqida oʻyla. Tamom!”
Kurosavadan ham saboqlar bor. U bilan Yaponiyada qittak-qittak oldik va men uni maslahat soʻrab hol-joniga qoʻymadim. Akira tabassum bilan shunday dedi: “Mening faqat bitta maslahatim bor – film suratga olayotganingda agar sen kadrda yomgʻir yogʻishini rejalashtirgan boʻlsang, osmondan sharros suv quyilishi kerak. Shamolni olayotganingda boʻron qahramoningni oyogʻidan chalishi va u nimanidir ushlash hisobigagina tik turishi kerak. Qor yogʻayotganda esa qahramoning qoʻlini choʻzsin, zich qor parchalar orasida uning kafti koʻrinmay qolsin”. Bu film atmosferasi uchun goʻzal maslahatlar edi!
Rejissyorga unvonni xalqning oʻzi beradi
Melodrama, musiqiy komediya, hujjatli film, poetik janr singari turli uslublarda ishlay olishning siri – qiziquvchanlikda. Sinab koʻraverish kerak, qachondir bu ish beradi. Birinchi filmlarim, musiqiy komediyalarim buyurtma edi va oʻsha paytda ssenariy boʻlimida “Laylak keldi – yoz boʻldi” navbat kutib yotardi. Bu ssenariy ustida Odelsha Agishev bilan BDKI (VGIK)da oʻqib yurgan paytlarimiz ishlay boshlaganmiz. Lekin birinchi navbatda avtoritet lozim edi. Oʻzbekistonning 40 yillik yubileyida Sharof Rashidovni koʻrib qoldim. “SSSRning hamma joyida “Oʻzbekfilm”ni “basmach film” deb kulishyapti, bundan charchadi odam, endi xalq uchun ishla, musiqali komediya suratga ol”, deb qoldi. Ammo bu haqda men nima bilardim? Masalan, “Jazda faqat qizlar”ni bilardim. Bunday filmlarni yaxshi koʻraman – demak, sinab koʻrsam boʻladi. Shunday qilib, “Yor-yor”ni ishladim. Odelsha Agishev bilan syujet oʻylab topdik, yozuvchi Rahmat Fayziy ssenariyni urf-odatlar, xalqona hazillar bilan boyitdi, musiqiy sahnalar qoʻyildi, taniqli sanʼatkorlar taklif qilindi va bir yarim oyda kartina tasvirga tushirildi.
Mendan “Dilorom” film-operasini suratga olishim ham soʻraldi – yakkaxon xonanda respublika rahbarining sevimli sanʼatkori edi. Shaxsan oʻzi qoʻngʻiroq qildi va kartinani tugatganim zahoti – 1969-yili “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi” unvoni berildi. Shundan soʻng hech qanday unvon olmadim. Bunaqa narsalarga ahamiyat bermayman ham. Sevimli rejissyor unvonini xalqning oʻzi beradi, sening filmlaring oʻnlab yillar davomida yoqtirib koʻrilsa shuning oʻzi kifoya. SSSRga xos odatlardan biri, afsus, bu hozir ham bor. Medalu ordenlar sening isteʼdoding, sof ijodiy ishlaring uchun emas, asosan amaldorlarga itoatgoʻyliging, xushomading, qulday xizmatlaring uchun beriladi. Bari bemaʼnilik... Charli Chaplin Amerika xalq artisti emas edi. Shunchaki Charli Chaplin edi.
Men oʻzimni muhojir deb bilmayman. Muhojirlik qadrdon vataningda pasportingni topshirib, ona yurt bilan xayrlashishdir. Oʻtgan yillar davomida “Marjoniy” jamgʻarmasi bilan hamkorlikda sanʼatkorlar haqida beshta hujjatli film suratga oldim va ularga Oʻzbekistonga xizmat safarlari boʻlishi kerak, degan shartni qoʻydim. Shu tariqa umrning 26-27 yili zuvillab oʻtdi-ketdi. Gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston nemis fashizmi ustidan qozonilgan gʻalabaga qanday hissa qoʻshgani haqida film suratga olishimni taklif qilishdi. Bir oy tunlari uxlamay chiqdim. Bizning butun guruhimiz izolyatsiya qilingan – pandemiya, hamma niqobda edi. Men endi muhojir emas, oʻzbek rejissyori edim, har yerda yozishdi – afsonamiz, klassigimiz qaytib keldi, deya. Vaholanki, bu “afsona” rejissyor “Samarqandda qovun ifori”ni tugallab ulgurmay, har tomondan tanqid ostiga olindi. Kurash hamma joyda bor. Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatning yangi yoʻldan borishi uchun urinib yotibdi, ammo uzoq yillar amalda boʻlgan mutlaq diktatura rejimining izlari hanuz ketmayapti. Iz qoldi va ayrim odamlar qoldi.
Bu – kino, buxgalteriya emas
Senzura, bu soʻzning qirralari koʻp. Masalan, meni oʻzbek xalqining milliy anʼanalarini yaxshi bilmaslikda ayblashdi. Oʻzbekistonda tugʻilib, deyarli butun umr shu yerda yashagan boʻlsam, qanday qilib urf-odatlarni yaxshi bilmasligim mumkin?..
Ssenariy boʻyicha aynan suratga olinmagani uchun qoʻlimni qayirishdi. Xuddi shunday sahna yoki shunga oʻxshash dialog ssenariyda yoʻqmish, uni olib tashlash kerakmish. Vaholanki, birinchidan, bunday sahnalar yoki dialoglar, koʻpincha, rejissyor ssenariysida yoziladi va tasdiqlanadi, ikkinchidan, men ssenariy muallifi va rejissyorman, ruhsiz, qalbsiz mashina emas! Deylik, syomka mahali bulut keldi, yomgʻir yogʻa boshladi. Bunday paytda tezda sahnani oʻzgartiraman, interyerga olib kiraman va darhol boshqacha soʻz, boshqa aksentlar tugʻiladi. Kino bu buxgalteriyaning hisob-kitob daftari emas, ijodiy jarayon. Ammo rasmiylarga tushuntirish juda mushkul, qiziq, har birining metindek mustahkam ichki senzurasi bor. Oʻlasanmi-kuyasanmi, qilt etmaydi. Vaholanki, Oʻzbekiston Konstitutsiyasida senzura yoʻq deb belgilangan.
“Laylak keldi – yoz boʻldi” (1966) filmi bilan qoʻrqinchli epopeya sodir boʻlgan. Ishni oʻn bir marta topshirdim, badiiy kengashga deysizmi, yoʻq, albatta! Markaziy Qoʻmitaning mafkura boʻyicha kotibi va Bosh vazirning madaniyat boʻyicha oʻrinbosariga. Ikkisi ham kelib, tomosha qilishdi. Axiyri, oʻn birinchi marta MK kotibi chiday olmadi: “Sen ustimizdan kulyapsanmi? Ishimiz boshimizdan oshib yotibdi – paxta, sanoat, taʼlim, tibbiyot. Biz esa faqat sening tomoshang bilan shugʻullanyapmiz!..” Tabiiyki, ular mendan mana bunday javobni hech kutmagan edi: “Bilasizmi, Xudo sizga hamma narsani tushunish imkoniyatini bermagan – paxtani ham, sanoatni ham, taʼlimni ham, kino sanʼatini ham birdek tushuna olmasligingiz aniq. Men mutaxassisman, mening hamkasblarim mutaxassis. Badiiy kengash filmni qabul qildi, nega siz qabul qilmayapsiz?!”
Shunga qaramay, Rossiya davlat kino fondida birinchi nusxa, rejissyorlik nusxasi saqlanib qoldi. Oʻzbekistonda esa bu film hozirga qadar na teleekranda va na kinoteatrlarda namoyish etildi (oxirgi yillarda “Madaniyat va maʼrifat”, “Oʻzbekiston tarixi” telekanallarida efirga berilgan – “Oyina” tahririyati izohi). Bir gal kartinaning 50 yilligi munosabati bilan Toshkentda yopiq tomoshaga qoʻyilgan edi. Yirik kinotanqidchilar yonimga kelib, Oʻzbekistonda hozir ham bunday ssenariy bilan ish boshlashning oʻzi imkonsiz ekanini ochiq aytishdi. Film namoyishi haqida-ku gapirmasa ham boʻladi. Mana, vaqt qanday oʻzgaryapti...
“Triptix” (1979) kartinasini ham suratga olish taqiqlangan edi, biroq menga xayrixoh boʻlgan Oʻzbekistonning oʻsha paytdagi rahbari Sharof Rashidov filmni nihoyasiga yetkazishni buyuradi. Shundan soʻng ilgari montajga kiritishga qoʻrqqanlarimni ham qoʻshdim. Yakuniy variantni esa hech kim koʻrishni istamadi – na Badiiy kengash, na “Oʻzbekfilm” direktori, na “Oʻzbekkino” rahbari, na Oʻzbekiston Markaziy Qoʻmitasi. Moskvaga olib bordim – ular ham koʻrishni xohlamadi. Keyin filmni qabul qilish haqidagi hujjatlarga shunchaki imzo chekildi, SSSR davlat kinematografiya qoʻmitasida esa mening Sharof Rashidovga qarindoshligim haqida gap-soʻzlar tarqaldi.
“Seni unutmayman” (1985) filmi Oʻzbekistonda qabul qilinmaganidan soʻng Mixail Gorbachyovga xat yozdim. Uning maʼmuriyati maktubimni Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Qoʻmitasiga qaytarib yubordi. KGB raisi: “Hamroyevni xorijga chiqarish mumkin emas, endi boshqa hech qayerga bormaydi”, dedi. Unga aytdimki: “Oʻz ishingiz bilan shugʻullaning, aygʻoqchilarni tuting, nega kinoning tashvishini qilyapsiz? Siz kommunistsiz, toʻgʻrimi? Demak, men kommunist bilan kommunist kabi gaplashyapman”. Toshkent shahar partiya qoʻmitasi boshligʻiga esa: “Joyingizdan jilmay, partiya badallarini yigʻsangiz boʻlmaydimi, nega kinoga aralashasiz?” dedim.
...Ayni chogʻda “Samarqandda qovun ifori” (2021) filmim uchun eʼtirozlar eshityapman, milliy urf-odatlar koʻrsatib berilmaganmish, “yasalgan” sahnalarmish, rejissyor ssenariysida yozilmagan dialoglar bormish. Ammo bu mening faoliyatimdagi bitta ham salbiy personaji boʻlmagan yagona film. Yagona salbiy qahramon bu – COVID-19 pandemiyasi. Hatto taqdimotdayoq filmda niqobli odamlarni koʻrsatish shart emas, deyishdi. Vaholanki, kartina pandemiyaning avj nuqtasi – 2021-yilning may oyida suratga olingan... Men ham oʻzimnikini maʼqullab turib oldim! Kadrlarda bozor, koʻchalar, toʻy, dafn marosimlari bor va bunda odamlarni niqobsiz koʻrsatish epidemiologik rejimni buzish degani. Xullas, hozir ham har yerda boʻlgani kabi mashaqqatlar yetarli.
“Yettinchi oʻq”qa oʻxshash filmni boshqa suratga olma!”
Andrey Tarkovskiy bilan doʻstligimiz VGIKda boshlangan. 1973-yili Berlinda oʻtkazilgan Sovet kinosi haftaligiga birga bordik. Bir muddat avval Vyazma yaqinidagi oʻrmonlardan 1942-yili halok boʻlgan otamning qabrini topgandim. Doʻstlar bilan oʻtirganimizda otamni xotirlashlarini soʻradim. Tarkovskiy menga biroz qiziqqonlik bilan shunday dedi: “Yettinchi oʻq”qa oʻxshash filmni boshqa ishlamaslikka qasam ich! Mualliflik filmlaringni yarat! Otangning qabrini qanday qidirganing haqida film suratga olaman deb qasam ich!” Men soʻz berdim va 1985-yildagina “Seni eslayman” kartinasini ishlashga muvaffaq boʻldim, lekin qabul qilinmadi, barcha bosqichlardan qiyinchilik bilan oʻtdi. Andrey allaqachon chetga ketgan edi, shu bois unga filmni koʻrsata olmadim. Keyinroq, oradan bir necha yil oʻtgach, Parij yaqinidagi qabristonga borib, uning qabrini ziyorat qildim. Ajoyib odam, nafis qalb sohibi edi. Begonalarni qabul qilishi qiyin, ammo qabul qilsa, bir umrlik doʻst boʻlardi. Ana shunday kichkina zirapchasi bor edi uning... Andrey haqida turli gap-soʻzlar yuradi, uni shafqatsiz deya taʼriflashadi, yoʻq, juda mehribon, hassos odam edi.
Armonga koʻchgan orzu...
“Buyuk Temur” haqida aytadigan boʻlsam... Shuncha yillar, shuncha uqubat... – Men Antonioni tufayli mazkur loyiha uchun Gʻarbdan 40 million dollar keltirdim. U Italiyada oʻtkazilgan matbuot anjumanida “Rejissyor Ali Hamroyev Amir Temur haqida film ishlash orzusida”, degan edi.
Hali ish boshlanmasidan turib, menga qoʻngʻiroq qilishdi va Vazirlar Mahkamasining qarorini oʻqib eshittirishdi. Loyihadan chetlashtirilishim va film boshqa guruhga – mening ikkinchi rejissyorim va yordamchimga topshirilishi aytilgan edi. Koʻz yoshlarim boʻgʻzimga tiqildi, oʻsha zahoti rafiqamga qoʻngʻiroq qildim. “Darhol aeroportga boring, bolalar sizni kutyapti”, dedi. Toʻrt soatdan keyin Moskvaga yetib bordim va Rimga uchadigan samolyotga oʻtirdim. Italiyada uzoq vaqt tushkunlikda, ishsiz yurdim. Keyin asta-sekinlik bilan odatiy hayot tarzimga qaytdim.
Balki kelgusida “Samarqandlik savdoyi” yoki Andrey Platonovning shoh asari “Jon”ni film qilish uchun sarmoya toparman. Voqealar Oʻzbekiston bilan bogʻliq, XX asrning 20-yillarida Orol dengizida sodir boʻladi. Lekin istashmayapti – ularga musiqiy komediya kerak. “Yor-yor”ning davomi degandek, musiqa va raqs sadolari ostida oʻyin-kulgi qilishni xohlashyapti...
Bugunning yoshlariga aytar soʻzim...
Markaziy Osiyo kinosining kelajagi qanday? Javob topish oson emas. Yosh rejissyorlar ilk qadamlarini tashlamoqda – qalb bor, dard bor. Lekin ularning chekiga ogʻriqli jarayon ishtirokchisi boʻlish tushgan. Bu holat nafaqat oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, turkman, tojik, balki rus kinosida ham hukm suryapti.
Yangi davr yaqinlashmoqda, eskisi nihoyasiga yetmoqda. Tuzatmoqchi boʻlishyapti, lekin zamonni taʼmirlab boʻlmaydi-ku. Jahonda sodir boʻlayotgan barcha koʻrgiliklar, inqirozlar Chor Rossiyasining sobiq mustamlakalari – uzoq yillar davomida katta ogʻasiga boʻysunib kelgan respublikalarda oʻn barobar aks-sado bermoqda.
Hozir ijodkordan “Bizning xalq qanday ajoyib, mehnatsevar, mehmondoʻst, qahramon ekanini koʻrsating”, deb talab qilinyapti. Lekin barcha ezgu xislatlarni faqat bir millatda jamlash mantiqqa zid. Xitoylar, hindlar, meksikaliklar, fransuzlarga ham nimadir qoldirish kerak, ular ham sizu biz kabi inson. Barcha yaxshi fazilatlar bizniki, xalqimiz shunday bebaho, deb turib olganmiz! Ekranda esa jimjitlik, sukunat. Afsuski, bunday davom etib boʻlmaydi.
Yoshlarga faqat bitta gapni aytaman: YOʻQ deyishni oʻrganing! Yoʻq – men buni suratga olmayman! Yoʻq – men bu kadrni olib tashlamayman! Yoʻq – doʻstga tuhmat qilib ariza yozmayman! Bu sanʼatkorga kerakli eng birinchi sifat. Zero, ana shundagina haqiqiy kinoni yarata olasiz. Ha, yana bir gap: Xudo, ota-ona va taqdir ato etgan hayotning har bir lahzasidan bahra olib yashang!
Muborak OXUNOVA tarjimasi
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q