Psixologik zoʻravonlikka chora – “Xudoga soldim”


Saqlash
16:02 / 28.02.2023 2515 0

Har bir oilaning oʻziga yarasha muammolari bor. Tashqaridan havas qilgudek koʻringan, hashamatli xonadon ortidagi vaziyat tuyulgani kabi mukammal boʻlmasligi mumkin. Uy ichidagi konfliktlar baʼzan asosli, baʼzan esa umuman arzimas sabablar bilan paydo boʻladi. Chetdan kuzatganlar shunchaki chiqisholmaslik yoki bir-birini tinglamaslikdan, deb baho berishlari oson. Biroq bu vaziyat doimiy tarzda takrorlanib keladigan psixologik zoʻravonlik boʻlishi ham mumkin. Bugun Oyina.uzʻda shu mavzuda gaplashamiz.

 

Psixologik zoʻravonlik – tahdid, qoʻrqitish, haqorat qilish, asossiz tanqid va qoralash kabi xatti-harakatlar bilan ruhiyatga taʼsir oʻtkazishdir. Tushunganingizdek, bunda zoʻravon jismonan emas, verbal, yaʼni ogʻzaki tarzda salbiy taʼsir qilib boradi. Oilada koʻpincha ayollar oʻz turmush oʻrtogʻining psixologik bosimidan zarar koʻradi. Bunday munosabatning uzoq muddat davom etishi, jismoniy zoʻravonlikkacha yetib borishi mumkin.

 

Zoʻravonlikka duchor boʻlayotgan shaxs koʻp hollarda oʻzini ayblay boshlaydi. Xuddiki ikkinchi tomonni toʻgʻri tushunmagan, gaplariga quloq solmagan, toqat qilmagan va gʻazablantirganday boʻladi. Jabrlanuvchida bunday hislar shakllanishi zoʻravonning psixikaga taʼsir oʻtkazolganidan dalolatdir.

 

Afsuski, oilada erkaklar uncha-muncha zoʻravonlik qilib turishi bizda normal qabul qilinadi. Muammolar avj olganida tutiladigan yoʻlning eng uzogʻi – “Xudoga solish”. Aziyat chekayotgani haqida shikoyat qilish esa itoatsizlik, baʼzan uydagi gapni koʻchaga tashish va hatto sharmandagarchilik deb ham nom oladi.

 

Aslida-chi? Har bir inson oʻziga nisbatan qoʻpollik, tahqirlash, tuhmat yoki haqoratga mos javob qaytarishga, eng kamida, bu holatga chidab oʻtirmaslikka haqli. Oʻzbekona turmush uchun reallikdan uzoqroq, biroq ish berish ehtimoli yuqori boʻlgan usul – zoʻravonni qonunchilik boʻyicha javobgarlikka tortishdir.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining beshinchi bobi 40-moddasiga koʻra, tuhmat, yaʼni bila turib yolgʻon, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish – bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. 41-modda boʻyicha esa haqorat qilish, yaʼni shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish – bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima undirishga asos boʻladi.

 

Feysbuk ijtimoiy tarmogʻidagi ayollar guruhiga “Asossiz tuhmat va haqoratga uchraganmisiz?” degan savol bilan murojaat qildik. Javoblarga koʻra, xotin-qizlar nafaqat xonadonida, balki ish joyida ham ogʻzaki qoʻpolliklarga uchrab turadi. Bu kabi vaziyatlarda oʻzini oqlashdan charchagan, mentalitetga qarshi borishdan choʻchigan va gap-soʻzlardan qoʻrqqan ayollarning tutgan yoʻli esa, afsuski, “oʻzbekcha usul” — “It hurar, karvon oʻtar” qabilida yashashda davom etish, Oʻziga kifoya qilish, juda boʻlmaganida esa xonadondan shunchaki chiqib ketish boʻlgan, lekin qonunan javobgarlikka tortish emas.

 

“Oyina.uz” psixologik zoʻravonlik boʻyicha ayollardan kelib tushgan shikoyatlar bor-yoʻqligini soʻrab, IIV jamoat xavfsizligi departamenti huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati katta inspektori, mayor Laylo Hazratqulovaga murojaat qildi. Mutaxassis biz bilan yaqinda oʻrganilgan sud ishini boʻlishdi (ism-shariflar shartli ravishda oʻzgartirilgan):

 

“Fargʻona viloyati Qoʻqon shahrida yashovchi fuqaro Sattorova Nazokat hududiy profilaktika inspektoriga murojaat qildi. Vaziyat quyidagicha: u toʻqqiz yildan buyon turmush oʻrtogʻi Sattorov Gʻofur bilan birga, qonuniy nikoh asosida yashab keladi. Toʻrt farzandi bor. Nazokat tadbirkorlik bilan shugʻullanadi. Turmush oʻrtogʻi doimiy ish oʻrniga ega emas, mavsumiy mehnat bilan band. Oiladagi moddiy yetishmovchilik va oʻzaro tushunmovchiliklar sababli tez-tez janjal boʻlib turadi.

 

Avvallari faqat haqorat va qoʻpol soʻzlar bilan kechadigan kelishmovchiliklar bu gal jismoniy kuch ishlatishgacha yetib borgan. Shikoyatchiga koʻra, ayolga turmush oʻrtogʻi Gʻofur tomonidan tan jarohati yetkazilgan. Nazokat shu kunga qadar oilaviy muammolarini hech kimga maʼlum qilmagani, biroq endi jim turmasligini bildirib, turmush oʻrtogʻi bilan oʻrtalaridagi kelishmovchiliklar va oʻziga nisbatan oʻtkazilayotgan tazyiqlar haqida IIB xodimlariga koʻrsatma beradi va himoya orderi rasmiylashtirilishini soʻraydi. 

 

Murojaat koʻrib chiqilib, Qoʻqon shahar IIB boshligʻining qaroriga koʻra, jabrlanuvchiga himoya orderi berish belgilanib, u davlat himoyasiga olinadi. Shu bilan birga, Sattorov Gʻofurning harakatlarida Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 41, 52-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlik alomatlari aniqlangani sababli hujjatlar tegishli sudga yuboriladi. Maʼmuriy ishlar boʻyicha sud Nazokatning turmush oʻrtogʻiga nisbatan MJTKning 41, 52-moddalari boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima qoʻllaydi”.

 

Huquqbuzar qonun bilan yuzlashtirilsa, unga jazo muqarrar. Ayollar oʻziga nisbatan hech qanday haqorat va tazyiqlarga yoʻl qoʻymasligi, bu harakatlar amalga oshirilganida esa oʻz huquqidan foydalangan holda tegishli joylarga murojaat qilishi zarur. Unutmang, qonun oldida erkagu ayol teng huquqli. Siz oʻzingizga nisbatan ruhiy, jismoniy, umuman, har qanday zoʻravonliklar ustidan shikoyat qilishingiz aslo oʻzbekchilikka oyoq qoʻyganingizni bildirmaydi.

 

Ruhiy zoʻravonlikning oqibatlari shunchalik jiddiyki, ijtimoiy ahamiyatiga koʻra jismoniy zoʻravonlik, talonchilik va hatto qotillik oqibatlari bilan tenglashtiriladi. Negaki salbiy psixologik taʼsirdan aziyat chekkanlarning ayrimlari oʻz joniga qasd qilishgacha borishi mumkin. Unga qadar esa jamiyatdan begonalashish, davralardan oʻzini tortish, negativizm, kamsitish va haqorat eshitishdan doimiy choʻchish hamda fikr-xohishlarini aytolmaslik kabi xususiyatlar kuzatiladi.

 

Psixologik zoʻravon nima sababdan va kimlarga nisbatan bunday munosabatda boʻladi?

·       Oʻzini biror nimada isbotlash maqsadida;

·       Shaxsiy fikri va xohishlarini ifodalashda murakkabliklarga uchraganlarga nisbatan;

·       Oʻtmishdagi tajriba (avval oilasida bundan oʻzi zarar koʻrgan yoki koʻz oldida zoʻravonliklar yuz bergan boʻlsa);

·       Moliyaviy qaramlarga nisbatan;

·       OAV, film va video oʻyinlardagi zoʻravonlik targʻibotlarining taʼsiriga tushib, hayotda takrorlaydi.

 

Psixologik zoʻravonlikning belgilar kombinatsiyasi esa qoʻyidagilar:

1.   Tanqid – kamchiliklarga qoʻpol baho berish, tashqi koʻrinishiga, aqliy qobiliyatiga, did boʻyicha tanlovlariga eʼtiroz bildirish. Buning ortidan haqoratlar boshlanishi mumkin.

2.   Kamsitish – haqorat, qoʻpol munosabat.

3.   Ayblash – aybdorlik hissini uygʻotish. Masalan, oiladagi omadsizliklar va barcha sodir boʻlayotgan ishlarga javobgarlikni yuklab qoʻyish. 

4.   Despotizm (qattiq zulm oʻtkazish) – buyruq ohangidagi muloqot. Iltimos qiladigan yoki koʻrsatma beradigan vaziyatlarda ham vazifalarni buyurib gapirish.

5.   Qoʻrqitish – jabrlanuvchi va uning yaqinlariga jismoniy zoʻravonlik bilan tahdid qilish.

6.   Qarindosh, doʻstlar va hamkasblar bilan muloqotlarga toʻsiq qoʻyish, muloqot vositalardan cheklash.

7.   Uydan tashqari joylarga borishni cheklash va uydan chiqish uchun sherigidan ruxsat soʻrash talabini qoʻyish.

8.   Uydan tashqaridagi xulqini va muloqotini nazorat ostiga olish, telefondagi shaxsiy yozishmalarni, qoʻngʻiroqlarni va elektron pochtani tekshirish, yashirin yoki ochiqchasiga kuzatuv (masalan, videokuzatuv).

Shuningdek, doimiy rashk va xiyonatda ayblov ham psixologik zoʻravonlikka oid harakatlar sirasiga kiradi.

 

Zoʻravonlikning har qanday turi, xususan, ruhiy yoki jismoniy koʻrinishlarida avvalo psixologga murojaat qilish zarur. Mutaxassislar fikriga koʻra, oʻz hayoti uchun javobgarlik va masʼuliyatni qoʻlga olish hamda oldiga buyuk maqsadlar qoʻyish ayolning ijobiy fikrlashiga yordam berib, salbiy oʻylaridan qutqaradi. Oʻzini va hissiyotlarini tinglay bilish, negativ vaziyatlarni kesib oʻtish, oʻzi uchun yoqimsiz holatlarni ikkinchi tomonga ochiqlash va shaxs sifatida bunga chidab oʻtirolmasligini ayta olish insonni salbiy oqibatlardan saqlab qolishi mumkin.

 

Muqaddas MUSAYEVA.

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 155
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19167
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15981
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi