“Qumanlar qomusi” qipchoq xalqlari orasida nasroniylikni targ‘ib qilish maqsadida yozilgan kitobmi?


Saqlash
20:02 / 26.02.2023 1089 0

Qipchoq tilida yozilgan eng qimmatli yozma manbalardan biri “Qumanlar qomusi”dir. “Qumanlar qomusi” yoki “Kodeks kumanikus” (lat. Codex Cumanicus) – 1303-yilda yozib tugatilgan lug‘at bo‘lib, uning yagona nusxasi Venesiyadagi Avliyo Mark ibodatxonasining kutubxonasida saqlanadi.

 

Qumanlar qomusining bu nom bilan atalishi to‘g‘ri emas, chunki asarning o‘ziga “Bu tatar til” deb yozilgan. Avval eslatganimizdek, Yevropada, jumladan Vengriyada ham qipchoqlarni “qumanlar” deb atashgan. Shuning uchun asarni birinchi bor kashf qilgan vengriyalik olim, asli qipchoqlardan bo‘lgan graf Kun uni “Codex Cumanicus” deb nomlagan va asar shu nom bilan ilm ahli orasida mashhur bo‘lgan.

 

Qomusning asl nusxasi 82 varaq, ya’ni 164 betdan iborat. Birinchi sahifasida “1303-yil 11-iyul” sanasi qayd etilgan. Bundan ko‘rinadiki, uning yozilishi XІII asrning ikkinchi yarmida boshlangan va XIV asr boshlarida yakunlangan (Codex  Cumanicus   Cod. Marc. Lat. DLXIX   In faksimile heruasgegeben  mit einer einletung  Von K.Grönbech  – Kopenhagen, 1936, 82 v.).

 

Qipchoq tillarining eng mashhur tadqiqotchisi A.Grakavesga ko‘ra, qo‘lyozma Qirimda, qirim-tatar tilida yozilgan qadimiy yozma yodgorlik hisoblanadi (Гаркавец А. Н. Кыпчакские языки. – Алма-Ата: Наука, 1987. – С. 18).

 

Asar ikki qismdan iborat bo‘lib, uning birinchi qismida lotincha-forscha-qumancha lug‘at berilgan. Shuningdek, quman tilining affikslari va ularning lotin tilidagi ekvivalentlari, quman tilidagi ismlar va olmoshlarning turlanishi hamda ularning lotin tilidagi tarjimasi keltirilgan. Lotincha-forscha-qumancha lug‘at qirqta mavzuviy bo‘limlarga ajratilgan.

 

Birinchi qism “Italyancha bob” yoki “Sharhlar kitobi” deb nomlanadi, unda berilgan lotin tilidagi so‘zlar va ularning  forscha-qipchoqcha  glossariysi esa amaliy qo‘llanama vazifasini o‘taydi.  Bu qismda din, savdo, osmon ilmi, harbiy, kasb-hunar soha, davlatchilikka oid atamalar va kundalik ishlatiladigan maishiy so‘zlarning  ma’nolari, quman tilining grammatikasi ham keltirilgan.

 

Ikkinchi qismda esa quman-nemis-lotin lug‘ati berilgan. Shuningdek, quman tilidagi matnlar, quman tilining lotincha yozilgan qisqacha grammatik tavsifi, italyan tilida yozilgan she’rlar ham taqdim etilgan. Bu she’rlar Petrarkaning asl qo‘lyozmasi hisoblanadi. Lotin  tilidagi bitta fe’lning turlanishi va lotin tilidagi matn namunasi ham shu qismdan o‘rin olgan.

 

Bu qism “Nemischa bob” yoki “Missionerning kitobi” deb ataladi. Chunki bu qism  nemis fransiskanlari (fransiskanlar (lotincha Ordo Fratrum Minorum; “kichik birodarlar ordeni”) katolik oqimidagi monaxlarning tilanchilik va tarkidunyochilikni, shu orqali Xudoga yaqinlashishni  targ‘ib qiluvchi tariqati) tomonidan tuzilgan bo‘lib, unda turli xil diniy matnlar to‘plami, xususan, Injildan parchalar, va’zlar, aforizmlar, diniy ta’limotlar, ibodat qilish tartiblari, xususan, “Pater noster (Отче наш)”, Iymon timsollari, O‘nta muqaddas burch va “Ave Maria” berilgan. Shuningdek, qipchoq tilidagi topishmoqlar lotin va nemis tillariga tarjima qilingan.

 

Kitobning strukturaviy tuzilishi tahlil qilinsa, birinchi qismi qipchoq tilini o‘rganish, shu maqsadda darsliklar yaratish; ikkinchi qismi esa qipchoq xalqlari orasida nasroniylikni targ‘ib qilish maqsadida yozilgani ko‘zga tashlanadi.

 

Qomusning birinchi qismi dastlab mashhur sharqshunos, xitoyshunos, akademik Genrix Yuliy Klaprot (1783–1835) tomonidan fransuz tiliga tarjima qilingan. U o‘zining “Osiyo haqida tadqiqotlar” mavzusidagi dissertatsiya ishida qo‘lyozmani “F.Petrarka kutubxonasida saqlanayotgan lotin-fors-quman lug‘ati” degan nom ostida nashr ettiradi (Parij, 1828). Ikkinchi marta lotin tilidan to‘liq (ikkala qismi ham) tarjima qilingan “Qumanlar qomusi” G.Kun tomonidan  Budapeshtda, 1880-yilda nashr etilgan. Nashr uch qismdan iborat. Birinchi qismda “Muqaddima” va katta hajmli “kirish” qismi mavjud. Kirish qismida qumanlar tarixi, ularning boshqa xalqlar (xazarlar, pecheneglar, Turon pasttekisligining boshqa urug‘lari hamda ruslar) bilan munosabatlari, urug‘lari tarkibining o‘ziga xos xususiyatlari (onomastika va toponimikasiga ko‘ra), dini, ijtimoiy-siyosiy tuzilishi berilgan. Ikkinchi qismga “Qomus”ning matnlari va ularning lotin tiliga tarjimalari kiritilgan. Uchinchi qism qumancha-lotincha (2838 so‘z), forscha-lotincha va nemischa-lotincha lug‘atlariga bag‘ishlangan. Bulardan tashqari nashrda qo‘shimchalari, tuzatishlar  va adabiyotlar ro‘yxati ham mavjud.

 

“Kodeks Kumanikus” uchinchi marta V.V.Radlov tomonidan tarjima qilinib Sankt-Peterburgda nashr etilgan (1887). Biroq, bu to‘liq tarjima emas: unda G.Kun nashr qilgan nusxadan parchalar olingan, ular rus alifbosida transkripsiya qilingan va nemis tiliga tarjima qilingan. Ushbu nashrning mundarijasi quyidagicha: 1) Muqaddima (unda quman tilidagi 15 ta topishmoq tahlil qilingan); 2) Quman-nemis lug‘ati (2217 so‘z); 3) Alohida burilgan jumlalar va iboralar; 4) Qumancha matnlar va ularning tarjimalari; 5) So‘zlarning ro‘yxati (3024 so‘z); 6) Tuzatishlar (33 so‘z).

 

1936-yilda daniyalik olim K.Grenbek qo‘lyozmaning asl nusxasini (faksimile) nashr ettirgan. Bu “Qomus”ning to‘rtinchi nashri bo‘lgan. Mazkur  nashr keyinchalik o‘z o‘rnida, tadqiqotchilarga asl nusxa bilan ishlash imkonini bergan va ba’zi so‘zlarni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri o‘qish haqidagi oldingi munozaralarga chek qo‘ygan. “Qumanlar qomusi”ining oxirgi, beshinchi nashri ham K.Grenbek tomonidan tayyorlangan. U “Quman-nemis lug‘ati” nomi ostida maxsus muqaddima bilan nashr etilgan (1942-yil, Kopengagen, 2728 so‘z). Muqaddimadan tashqari, ushbu nashr qipchoq so‘zlarining orfografiyasi va ortogrammasi, qipchoq tilidagi tovushlarni talaffuz qilishning o‘ziga xos xususiyatlari, so‘z yasalishi usullari haqida batafsil ma’lumot bergan. Bu yerda qipchoq so‘zlari lotin alifbosi asosidagi transkripsiyada berilgan. Har bir so‘zning asl nusxasi qo‘lyozmadagi kabi aniq ko‘rsatilgan. Shunday qilib, K.Grenbekning nashri tufayli qumancha so‘zlarni o‘qish tamoyillari tartibga solingan va bir shaklga keltirilgan, bu esa keyingi tadqiqotlarni sezilarli darajada osonlashtirdi (http://atalarmirasi.org/ru/149-kodeks-kumanikus-kniga-kumanov).

 

Qumanlar qomusining nomlanishi ajoyib. Unda quman etnosi tilga olingan. Xo‘sh, bu quman deganlari asli kim bo‘lgan?

 

O‘rta asrlarda Yevropa xalqlari qipchoq turklarini “qipchaq”, “quman”, “qoman”, “qo‘man, “qun” deb, ruslar esa “poloves” ya’ni “dasht xalqi” deb atashgan (Евстигнеев Ю.А. Кыпчаки/половцы/куманы и их потомки: к проблеме этнической преемственности. – СПб: Астерион, 2011. 130 с.). Demak, dastlab quman etnonim sifatida tilga olingan. Darhaqiqat, turkiy xalqlar orasida bugungi kunda ham ayni nom bilan ataladigan etnoslar ko‘p uchrayti.  Misol uchun, Vengriyada Qunshag yoki Qumaniya (veng. Kunság) deb ataladigan viloyat bor. Bu viloyatga vengerlar “qun” deb ataydigan qumanlar XIII asrda asos solishgan. Oltoyda qumandin degan xalq yashaydi. Qumandinlar o‘zlarini qo‘mandin, quvadig, quvondiq deb atashadi (Молчанова О.Т. Топонимический словарь Горного Алтая. – Горно-Алтайск: Горно-Алтайское отделение Алтайского книжного издательства, 1979. – С. 240.).

 

Quman etnonimi bugungi kunda dunyo turkologlari tomonidan keng muhokama qilinayotgan mavzulardan biriga aylangan. Buning sababi, albatta, biz tahlil qilayotgan “Kodeks Kumanikus” bilan bog‘liq. Hozirgi kunda tarkibida qu, quman, qun, qumaq, qumiq etnoslari bo‘lgan xalqlarning barchasida qomusni o‘z nomidan e’lon qilishga intilish kuchli. Bunda qanchalik haqiqat borligini aniqlash uchun ayrim tadqiqotlarga e’tibor qaratish kerak bo‘ladi. Aksariyat olimlar qipchoq, poloves, quman va qunlarni bitta tushuncha ostida birlashtirishadi (Голубовский П.В. Печенеги, торки и половцы. Русь и Степь до нашествия татар. – М., 2011. – С. 45.). Ammo, turkolog Yu.A.Yevstigneyev “Кыпчаки/куны/половцы/куманы – один этнос или четыре?” nomli maqolasida ularning alohida etnoslar ekanini isbotlab bergan va qumanlarning orol dengizi atroflarida yashaganini ta’kidlab o‘tgan (Евстигнеев Ю.А. Кыпчаки/куны/половцы/куманы – один этнос или четыре? Электронная библиотека Музея антропологии и этнографии им. Петра Великого (Кунсткамера) РАН. – С. 56. http://www.kunstkamera.ru/lib/rubrikator/03/03_05/978-5-88431-239-5/© МАЭ РАН.). Olimning fikrlari qumanlarni gegrafik jihatdan o‘zbeklar yashaydigan hududlarga yaqinlashtiradi.

 

Albatta, Qumanlar qomusiga “Bu tatar til” deb  yozilgan va bu asar tatar  tilida ekanidan dalolat beradi. Qolaversa, kodeksning leksikasida qirim-tatar tiliga yaqinroq o‘g‘uz lahjasidan foydalanilgani ko‘zga tashlanadi.

 

Bu bardï – izi yox (ol, kemädir).

 

U ketdi – izi yo‘q (bu – kema).

 

(Гаркавец А. Codex Cumanicus. Кыпчако-половецкие тексты XIII-XIV вв. “Дешти Кыпчак, Баур”. – Алматы, 2006. – С. 17.).

 

Ammo turkiy tillar orasida tatar tili eng ko‘p dialektlarga bo‘linishiga ham e’tibor qaratish lozim. Birgina qipchoq tilida so‘zlashadigan tatarlar ham mutlaqo bir-biridan farq qiladi. Qozon tatarlari, qirimtatarlar, urumlar, barabin tatarlari, alabug‘at tatarlari,  ovul tatarlari (astraxan no‘g‘oylari), tatar-misharlar, astraxan va sibir tatarlarining tillari turli guruhlarga tegishli. Bugungi tatar adabiy tili ham qozon tatar, mishar tatar, tobol-irtish, barabin tatar va Tomsk tatarlari lahjasiga bo‘linadi.

 

Qozon tatar tilining shakllanishi Oltin O‘rda madaniyati bilan bog‘liq. O‘zbek tili qipchoq lahjasining shakllanishi ham Oltin O‘rda madaniyati bilan bog‘lanadi. Shu faktni inobatga olsak, Qumanlar qomusi leksikasida o‘zbek tiliga qipchoq lahjasi bilan umumiyliklar ham bo‘lishi mumkin.

 

Kodeksning IV bobidagi ayrim  topishmoqlarga e’tibor qaratamiz:

 

11- topishmoq

 

Senda, menda yo‘q,

Senggir tavda yo‘q,

Utlu tashta (g‘orda) yo‘q,

Qipchaqda yo‘q.

 

(javobi: qush suti)

 

 

17– topishmoq

 

Tav ustida talashman

Tayag‘i bar besh batman.

 

(javobi: tulkining tumi)

 

 

20 – topishmoq

 

Siyir sirti,

Qo‘y qo‘ngachi.

 

(javobi: etik)

 

 

39 – topishmoq

 

Tap: artingda qarp!

 

(javobi: eshik)

 

Bu topishmoqlardagi so‘zlar tahlili ularning aynan o‘zbek tili qipchoq lahjasiga o‘xshashligini ko‘rsatadi. Inchunin, lahjamiz Astraxan no‘g‘oy qarag‘ashlari tili, alabug‘at tatarlar tili, qozoq tili, qoraqalpoq tili, no‘g‘oy tili, ovul tatarlari (astraxan no‘g‘oylari) tillari bilan birgalikda zamonaviy qipchoq tillarining markaziy guruhini tashqil qiladi (Сравнительно-историческая грамматика тюркских языков. Региональные реконструкции / Отв. ред. Э.Р.Тенишев. М.: Наука,. 2002.– С. 216-217.).

 

Qomusning leksikasi qipchoq va o‘g‘uz tillari sintezidan iborat. Ammo, unda qipchoq tilining mutlaq ustunligi seziladi. Shuning uchun ham asar qipchoq tili yozma merosi sifatida qayd etilgan. Asarda ayrim leksemalarning o‘zbek tilida hozir mavjud bo‘lmagan variantlari uchraydi:

 

Qutqardachi – qutqaruvchi (Isus qutqardachi);

 

Ari (aru) – muqaddas; Bu yerda aru turkcha toza (pok) ma’nosida ishlatilgan (aru Grigoriy).

 

Kalapan – moxov;

 

Papaz – ruhoniy  (Kristus alay aytti kalapanlara; “baringiz, ko‘riningiz papazlarg‘a”);

 

Qin – azob uqubat (Taningiz da ko‘ringiz barmi andi qin, nechik menin qinim);

 

Tanixliq – guvohlik (Yalg‘an tanixliq bermagil!);

 

Kunichi – rashkchi, hasadgo‘y (Kunichi bo‘lmag‘il!);

 

O‘pkalamakchi – zardali, badjahl (O‘pkalamakchi bo‘lmag‘il!);

 

O‘shakchi – g‘iybatchi (O‘shakchi bo‘lmag‘il!);

 

Tirilik – hayot (tirilik ag‘achi – hayot daraxti);

 

Yazuqsiz – gunohsiz;

 

Tin (tыn) – ruh ( Aru Tin – muqaddas gunoh);

 

Qumanlar qomusining tahlili shuni ko‘rsatadiki, ajdodlarimiz islomni qabul qilishidan oldin nasroniylik dinini ham qabul qilishgan va yillar, asrlar o‘tishi bilan islom diniga o‘ta boshlashgan. Ammo, baribir ayrim xalqlar, xususan  cho‘qintirilgan tatarlar, gagauzlar va chuvashlar nasroniylikni saqlab qolgan. Birinchi asrdan to o‘rta asrlarning oxirlarigacha Injil turkiy tilda ko‘p  marotaba chop etilgan va “Kodeks kumanikus” diniy mavzudagi yagona manba emas (Arman qipchoq tilidagi manbalar nazarda tutilmoqda).

 

Quman etnosi Orolbo‘yi dastlab hududlarida  istiqomat qilgan va ularning tili Oltin O‘rda adabiy tilining shakllanishida ishtirok etgan. Qumanlar qomusida o‘zbek tilining qipchoq va o‘g‘uz lahjalaridagi so‘zlar ko‘p ishlatilgan.

 

Rus manbalarida qumanlar eng birinchi dushman sifatida tilga olinadi. Vladimir Manomax aynan qumanlar bilan jang qilgan (https://cyrillitsa.ru/past/178998-kumany-kem-po-proiskhozhdeniyu-byli-samy.html). Ular deyarli barcha manbalarda mohir jangchi va botirlar sifatida tasvirlangan. Shu o‘rinda Oltoyda yashovchi qo‘mandinlar haqida fikr yuritsak: Qo‘mandin so‘zi qum, balki qo‘m o‘zagidan yasalgan. So‘zning kuman shakli ko‘proq rus tadqiqotchilarining ishlarida, shaklan o‘zgargan holatda ko‘rinadi. Shunday ekan, qumanlar ham o‘zlarini qo‘monlar deb atagan bo‘lishi ehtimoli bor, degan xulosaga kelish mumkin.  Agar shunday bo‘lsa, bu qo‘mondon so‘zi ayni o‘zakdan yasalgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

 

Nima bo‘lganda ham, “Qumanlar qomusi” qipchoq va o‘g‘uz xalqlarining o‘rta asrlardagi tarixi, madaniyati, etnologiyasi, tili va adabiyoti haqida ma’lumot beruvchi muhim manba sanaladi. Uni seniki, meniki qilib begonalashtirish emas umumturk merosi sifatida o‘rganish, tadqiq qilish kerak bo‘ladi.

 

Anvar BO‘RONOV,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

17:03 / 28.03.2024 0 251
Ideali hurriyat bo‘lgan Shaxs

Tarix

16:03 / 28.03.2024 0 121
Frederik Starr: Yevropani uygʻotgan olimlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15389
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi