Vijdon azobisiz yashash lazzati


Saqlash
12:02 / 24.02.2023 1534 0

O‘zbek milliy-ma’naviy merosi, tarbiya tizimi shu darajada mukammal tuzilganki, ularni o‘rganish, tahlil qilish har qanday olimu mutaxassisni hayratga solmay qo‘ymaydi. Biz bilib-bilmay har kuni ishlatadigan iymon, e’tiqod, maslak, hamiyat, andisha, nomus, insof, g‘urur, iftixor, axloq, salohiyat, iroda kabi o‘nlab, balki yuzlab atamalar borki, ularning bari bir narsaga – insonni yaxshi shaxsga aylantirishga, kishilarda komillik sari qadam tashlash ko‘nikmasini shakllantirishga xizmat qiladi.

 

Bu atamalar kecha yoki bugun paydo bo‘lgani yo‘q. Ular uzoq ming yillarga borib taqaladi. Mazkur tushunchalar orasida yana shunday atama borki, u haqida alohida to‘xtalmaslik aslo mumkin emas. Bu – vijdon. Bu so‘zni takrorlamagan onimiz, ommaviy axborot vositalari yoxud ijtimoiy tarmoqlarda eslamagan kunimiz yo‘q. Chunki ziddiyatlarga boy davrda yaxshi bilan yomonning, eski bilan yangining, ezgulik bilan vahshiylikning, adolat bilan haqsizlikning kurashi bor ekan, bu so‘zni tilga olaveramiz. Ming yillar davomida odamlar vijdonli va vijdonsizga bo‘lingan. Xayriyatki, ota-bobolarimizdan asrlar davomida saqlanib kelayotgan milliy-ma’naviy merosimiz, dunyodagi barcha xalqlar havas qilsa arziydigan tarbiya tizimimiz borki, ular oramizda vijdonli kishilarning tobora ko‘payib borishiga imkon bermoqda.

 

Mamlakat rahbari vijdon atamasini yuksak ma’naviyat va ma’rifat so‘zlari bilan uyg‘unlikda ko‘rmoqda. “Mening nazarimda, — deb qayd etadi Prezidentimiz “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobida, — insoniyat dunyosining buyuk bir yoritqichi — ma’naviyat chirog‘i bor. Bu chiroqning boshqalardan farqi shuki, u insonning ongi va tafakkurini yoritadi, qalbi, vijdonini uyg‘otadi, odamiylik hissini kuchaytiradi”.

 

Demak, bugungi eng muhim masalalardan biri — inson vijdonini uyg‘otish muammosi. Vijdon so‘zi arab tilida hissiyot, kishining ichki dunyosi, ruh, ko‘ngil, or-nomus ma’nolarini ham beradi. Ayrim olimlarimiz ta’kidlagani kabi insonning hayoti faqat aql bilan boshqariladigan bo‘lsa, bu dunyo hayoti o‘ta beshafqat, o‘ta xudbin tus oladi. Bunday paytda insonda moddiy manfaatlar har doim birinchi o‘ringa chiqadi. Bu esa jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit beqarorlashuviga olib keladi.

 

Xo‘sh, vijdon o‘zi nima? Unga berilgan ta’riflar juda ko‘p. Ba’zi olimlar vijdonni kishilarning kundalik faoliyati, xatti-harakati, fe’l-atvori uchun oila, jamoat, jamiyat va Vatan oldida ma’naviy mas’uliyat his etish sifatida ta’riflaydi. Yana bir guruh mutaxassis va olimlar uni insonga xos bo‘lgan yuksak ma’naviy fazilat tarzida tushuntirishga harakat qiladi. Yana birlari esa vijdon atamasini shaxsning axloqiy jihatdan o‘z-o‘zini nazorat qilishi, axloqiy burchni mustaqil shakllantirish hamda o‘zidan uni ado etishni talab qilish va o‘z xatti-harakatlariga baho berish qobiliyati, deya tushuntiradi. Nazarimizda, vijdon, eng avvalo, axloqiy tushuncha. Vijdon yaxshilik nimayu yomonlik nimaligiga javob beradigan ichki ishonch, o‘zining amaldagi faoliyati uchun axloqiy mas’uliyatni anglashdir. 

 

Bugun biz Yangi O‘zbekistonni qurish yo‘liga o‘tar ekanmiz, atrofimizda vijdonli odamlar juda ko‘payib borayotganini ko‘rishimiz mumkin. Bunday kishilar, avvalo, vijdonni o‘z hayoti o‘lchovi, deb biladi. Vijdonli odamlar yolg‘on gapirishni o‘ziga ep bilmaydi. Ularning hayotiy pozisiyasi bitta: boshiga qilich kelsa ham, rost gapirish, vijdoniga xilof ish qilmaslik. Barchamiz sevib tomosha qiladigan “Suyunchi” badiiy filmida Anzirat xolani mahalladoshlari “Anzirat xola qishlog‘imizning vijdoni edi”, deya ta’riflashida juda katta ma’no bor. Yana shu narsaga e’tibor berish lozimki, bugun vijdonli bo‘lish juda og‘ir. Vijdonli kishi uchun u egallagan bilim, atrofidagilarning unga hurmat-ehtiromi, to‘plagan boyligi yetarli emas. Bunday kishilar doimo ziddiyatli holatda bo‘ladi. Aslida, vijdonli odamlar, bir tomondan o‘zining atrofidagi diyonatsiz, insofsiz, loqayd kishilar bilan kurash olib borsa, bo‘lak tarafdan u o‘zi bilan o‘zi og‘ir kurashga kirishadigan, yuksak ma’naviyatli odam. 

 

Insonning o‘zi bilan o‘zi kurashga kirishishidan ham og‘ir ish yo‘q, deb o‘ylaymiz. Chunki vijdon ko‘zga ko‘rinmaydi. Ammo ma’naviy-axloqiy ahamiyati va kuchi nuqtai nazaridan u hamma narsadan kuchli va ta’sirlidir. Vijdon insondagi o‘zini o‘zi nazorat qilishning eng mukammal amali. Bugungi inson dunyoda sodir bo‘layotgan barcha voqea-hodisalarni tahlil qila oladi, baho berish qudratiga ega. Biz bugun ilm-fan, texnika, yuksak texnologiyalar bo‘yicha mukammal bilimga egamiz. Go‘yoki dunyoda biz bilmagan narsaning o‘zi yo‘qdek. Haqiqatan ham shunday. Chunki bu dunyodagi barcha narsalar Yaratganning karomati, bizning, insonning qo‘li bilan yaratilgan. Biroq biz hamma kashfiyotlar, yangiliklar, qolaversa, atrofimizdagi barcha yaxshi-yomon narsalarni bilgan holda, o‘zimizni o‘zimiz bilmasligimiz, o‘z o‘zimizga adolatli va to‘g‘ri baho bera olmasligimiz ayon bo‘lib turibdi. 

 

Nima uchun biz atrofimizdagi barcha odamlar, yaqinlarimiz haqida go‘yoki hamma narsani bilgandekmiz-u, o‘zimizni o‘zimiz anglay olmaymiz? Nega o‘zimizga baho berganda qiynalamiz, o‘zimizni o‘zimiz aldaymiz? Nazarimda, buning sababi bitta: biz o‘zimizga vijdon ko‘zi bilan baho bermaymiz yoki berolmaymiz. O‘zbek milliy madaniyati, xususan, tarbiya konsepsiyamizda, buyuk mutafakkirlarimiz tomonidan yaratilgan ma’naviy-ma’rifiy merosimizda vijdon axloq kategoriyasi bilan uyg‘unlikda ko‘riladi. Haqiqatan, chuqurroq o‘ylab ko‘rsak, axloqli odamda vijdonlilikni yoki vijdonli odamda munosib axloqni ko‘rish mumkin.

Biroq axloq va vijdon tushunchalari orasida muayyan farq borga o‘xshaydi. Masalan, vijdonli inson hech qachon hayotiy tamoyillaridan qaytmaydi, u o‘zini o‘zi aldashga yo‘l qo‘ymaydi, har qanday vaziyatda ham haqiqatni o‘ziga qalqon qiladi. Har qanday sharoitda ham rost gapiradi. Axloqli shaxs esa atrofidagilarning, suhbatdoshlarining qalbiga ozor berishni istamaydi, ularning obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatmaslikka harakat qiladi. Mavlono Jaloliddin Rumiyning o‘g‘li Sulton Valad “Maorif” asarida dunyoni chuqur bilish, rost va yolg‘onni xatosiz farqlash, ilohiy sirlar mushohadasida, umuman, insonda axloqiy sifatlarni shakllantirishda vijdon ko‘ziga alohida e’tibor qaratishni ta’kidlaydi. Asarda bunday deyiladi: “Nazar ikkidir. Biri maxsus, ikkinchisi vijdoniy erur. Birinchisi boshimizdagi ko‘zdir. Vijdoniysi esa uning-la o‘zimizdagi qahr, xotirjamlik, darg‘azablik, lutf, jo‘mardlik, faqirlik, sadoqat, do‘stlik, dushmanlik, birlik, qarama-qarshilik, shahvat va iffat hollarini ko‘ra oladiganimiz ko‘zdir. Sen bularni boshdagi ko‘z bilan ko‘ra olmaysan... Xo‘sh, bu vijdoniy ko‘z, ya’ni basiratning ochilishiga qanday erishsa bo‘ladi? Buning birinchi va asosiy sharti qalb tasfiyasi. Qalb poklanmas ekan, inson uchun hech narsa pok va musaffo emas. Zero, u pokni chirkindan, latifni kasifdan, boqiyni foniydan ajrata bilmaydi”.

 

Haqiqatan ham, vijdonli odam bu dunyodagi barcha insofsizliklar, adolatsizliklar, ma’naviy buzuqliklar, kishilar orasidagi o‘zaro kelishmovchiliklarni ko‘ra oladi. To‘g‘ri, bunday salbiy holatlarni boshqalar ham ko‘radi. Ammo ulardan farqli o‘laroq, vijdonli kishi tevarak-atrofda yuz berayotgan barcha ko‘ngilsizliklardan iztirobga tushadi, odamlarni to‘g‘ri yo‘ldan boshlashga harakat qiladi. Vijdonli odam tortgan iztiroblarga hamma ham chiday olmaydi. Har kimning vijdonli insonga aylanishi o‘ta murakkab jarayon. Nazarimizda, vijdonli insonning shakllanishi irsiyatga ham bog‘liq. Bunga misollar juda ko‘p. Ulug‘ ulamolarimiz, buyuk olimu mutafakkirlarimiz hayot tarzi, faoliyati, jamiyatda tutgan o‘rni bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Yana boshqa tomondan, vijdonli insonlar har bir jamiyatda bor va ular o‘zlari yashab, istiqomat qilgan muhitdagi mavjud yaxshilik va yomonlik, adolat va haqsizlik, to‘g‘rilik va egrilik kabilar orasida o‘zini yo‘qotmaydi, vijdonlilik sifatlarini shakllantirib boradi.

 

Ulug‘ allomalar, buyuk olimlar asarlarini mutolaa qilib, ayni paytda o‘z umrim davomida to‘plagan kamtarona hayotiy tajribam asosida shunday ¬xulosaga keldimki, vijdonli inson shakllanishiga ta’sir etuvchi omillar juda ko‘p esa-da, ularning eng muhimlari – birinchisi oilada olingan tarbiya, ikkinchisi aql, uchinchisi tafakkur tarzidir. “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, degan maqol bejiz aytilmagan. Vijdonli, insofli, diyonatli insonlar ¬farzandlari aksariyat hollarda ota-bobolariga ¬o‘xshaganini ko‘rganmiz. Shuning uchun ham mamlakatimizda oilaviy tarbiya masalalariga alohida e’tibor berib kelinmoqda. To‘g‘ri, dunyoning globallashib borishi, bozor munosabatlariga shiddat bilan kirayotganimiz, tirikchilik g‘amida o‘zimizni har tarafga urishimiz oilaviy tarbiya tizimiga ayrim salbiy ta’sirlarini ham ko‘rsatmasdan qolmayapti. Biroq o‘zbek uchun oila tom ma’noda ma’naviyat va ma’rifat maskani, yoshlarni vijdonli qilib tarbiyalashning o‘chog‘i bo‘lib qolaveradi. Shu o‘rinda yana bir narsaga e’tibor berishni lozim topdik. Albatta, biz uchun tarbiyali insonlar kerak, ularsiz jamiyatni ma’naviy jihatdan poklantirish, kishilar o‘rtasida ezgulik urug‘larini sepish, odamlarni komillik sari yetaklash, bu borada muayyan natijalarga erishish mumkin emas. Ammo unutmaslik joizki, har doim ham insonning tarbiyalanganlik darajasi uni vijdonlilik holatiga olib kelmaydi. Demak, shaxsning tarbiyalangani uning vijdonlilik sari tashlagan birinchi qadami, xolos. 

 

Endi masalaning ikkinchi jihatiga to‘xtalsak. Biz yuqorida vijdonli inson shakllanishida aql masalasiga e’tibor berish muhimligini e’tirof etgan edik. Darhaqiqat, vijdonli insonning eng muhim sifatlaridan biri uning aqllilik darajasidir. Xo‘sh, aql nima? Aql har birimiz uchun o‘ylash, fikrlash, tevarak-atrofdagi voqea-hodisalarni ongli ravishda anglash va xotirlash, xulosa chiqarish imkoniyatini beradigan qobiliyat, o‘ta noyob ma’naviy-ma’rifiy hodisa, mohiyatga yetishning ishonchli vositasi. Insonning aqli ilm hosil qilish uchun eng muhim omil ekanini ta’kidlagan holda, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf aql vositasida hosil bo‘ladigan ilm ikkiga bo‘linadi, deydi. Birinchisi tahlil va mushohadasiz, bir ko‘rgandayoq, o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladigan ilm. Har bir narsa o‘zining bir parchasidan ko‘ra katta ekani bir ko‘rishda o‘z-o‘zidan bilinadi. Buni “zaruriy ilm” deb atash mumkin. Ikkinchisi aqlni ishga solib, tahlil va mushohada vositasi ila hosil bo‘ladigan ilm. U “kasb qilib topilgan ilm”, deyiladi. Aql ila yuzaga keladigan ilm his qilish a’zolari vositasida hosil bo‘ladigan ilmdan kuchlidir. Aql vositasi ila his qilish a’zolari yo‘l qo‘ygan xatolar ham tuzatiladi. Masalan, suvda biror narsaning aksini singan holatda ko‘rish mumkin. Bu — ko‘zning xabari va noto‘g‘ri xabar. Lekin aql aksi suvda shunday ko‘rinayotgan narsaning aslida butun, to‘g‘riligi haqida ilm beradi. Kasal odamga shirin taom ham nordon tuyulishi mumkin, lekin aql u taom aslida shirin ekanini bildiradi. (Shayx ¬Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Aqoid ilmi va unga bog‘liq masalalar. — Toshkent, 2013. 74-bet). Inson hayotida aqlning nechog‘liq muhimligini isbotlashning o‘zi aslo to‘g‘ri emas. Bu aksioma. “Vatan tuyg‘usi” kitobida ta’kidlanishicha, Alisher Navoiy asarlarida aqlning 27 darajasi va 27 sifati ma’lum qilinadi. Demak, aqlning o‘zi bitta, ammo odamlarning aqliy darajalari juda ko‘p, shuning uchun bu ¬dunyoda bir xil aqlga ega ikki odamni topishning mutlaqo iloji yo‘q.

Ayni paytda olimlar barcha aql egalarini ular o‘z oldiga qo‘ygan maqsad-muddaolariga ko‘ra ikkiga ajratadi. Birinchisi nekbin aql egalari bo‘lib, ular aqlni insoniyat taraqqiyoti, jamiyat barqarorligi yo‘lidagi ezgu maqsadlar uchun sarflaydi. Ikkinchisi esa xudbin aql egalari bo‘lib, ular o‘z aqlidan faqat shaxsiy maqsadlari yo‘lida foydalanishga harakat qiladi. Shuning uchun ham barcha aqlli odamlarni vijdonli kishilar, deyish mumkin emas. Biz hayotda ham bundaylarning ko‘piga duch kelamiz. O‘zaro suhbatlarda ular haqida “qani endi, shunday kishilar o‘z aqlini xalq xizmati yo‘lida sarf qilsalar”, deb bekorga aytmaymiz. Demak, aqlli odamlarning jamiyat taraqqiyotidagi muhim o‘rnini inkor etmagan holda, ularning barchasi ham vijdonli bo‘lishi mumkin emasligini ham yodda tutish kerak. Shu nuqtai nazardan, odamlardagi aql fenomenini vijdonlilik yo‘lidagi ikkinchi dadil qadam deb hisoblash mumkin. 

 

Bizningcha, har birimizda vijdonlilik sifatlari shakllanishida inson tafakkur tarzining o‘rni beqiyos. Tafakkur tushunchasi arabchada fikr so‘zidan kelib chiqadi. U inson ma’naviyatining eng muhim tarkibiy qismlaridan biri bo‘lib, bilishning olamdagi narsa va hodisalarning umumiy, muhim xususiyatlarini aniqlashga yordam beradi, ular o‘rtasidagi ichki, zaruriy aloqalarni aks ettiradigan fenomen aqliy boylik. Tafakkur insonda narsa va hodisalar, voqealar mohiyatini oldindan bilish, ko‘rish, bashorat qilishga yordam beradi. Tafakkur fenomeni bizni turli xatolardan, chalkashliklardan, turfa olamdagi voqea-hodisalarni noto‘g‘ri mushohada qilishdan asraydi. Insonning fikr qilishi uning oldiga qo‘yilgan maqsadlarga osonroq yo‘llar bilan, kam xarajatlar sarflab, ko‘proq va samarali natijalarga erishishga imkon beradi. Shuning uchun barcha mutafakkirlarimiz insonda vijdonlilik sifatini shakllantirishda tafakkur masalasiga alohida e’tibor berib kelgan. Al-Faqih Abu Lays As-Samarqandiy “Tanbehul g‘ofilin” kitobida quyidagilarni yozadi: “Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat qiladilar: “Insonlar orasida shundaylari borki, ular yaxshilikka kalit, yomonlikka qulfdirlar. Shu tufayli ularga ajr yoziladi. Insonlardan yana ba’zilari borki, ular yomonlikka kalit, yaxshilikka qulfdirlar. Shu tufayli ularga gunoh yoziladi. Yaxshilik uchun kalit bo‘lgan va yomonlik uchun qulf bo‘lgan kishilar qanday yaxshi. Bir soatlik tafakkur men uchun bir kechalik ibodatdan yaxshidir”. Ushbu kitobda yana “Bir soat fikrlash bir yillik ibodatdan afzaldir”, deyiladi. Yirik tasavvuf arbobi, tariqat piri, tasavvuf ta’limotini muayyan darajada tartibga keltirgan mutafakkir Junayd Bag‘dodiy (910 yili vafot etgan) ham tafakkur masalasida sobit bo‘lgan. U bunday deydi: “Haq taoloning qudrat va azamatini tafakkur qilmoqdan ma’rifat ortar, ne’matlarni tafakkur qilmoqdan muhabbat tug‘ilar, va’id va azoblarni tafakkur qilmoqdan havl (qo‘rquv) tug‘ilar”.

 

Endi masalaning asosiy qismiga o‘tsak: biz yuqorida aytganimiz kabi, a) tarbiya inson faoliyatini tartibga solsa, b) aql narsa va hodisalarning mohiyatini bilishga yordam bersa, v) tafakkur insonga o‘sha voqea-hodisalar mohiyatini anglagandan so‘ng ushbu ongli anglangan mohiyat asnosida faoliyat yuritishimizga ko‘maklashadigan fenomen hodisadir. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning quyidagi fikrlarini e’tiborga olish lozim: “Aql Haq subhanahu va taolo bandaga bergan ne’matlar ichida eng ulug‘laridan biridir. Inson zoti aql bilan boshqa jonzotlardan ustun turadi. Inson o‘ziga berilgan aql vositasida yetishi mumkin bo‘lgan eng yuqori martabalarga erishdi. Ammo aql o‘z-o‘zidan ishlab ketavermaydi. Aqlni harakatga soluvchi kuch tafakkurdir. Boshqacha qilib aytganda, insonni harakatga soluvchi kuch aqli emas, balki tafakkuri ila erishilgan idrokdir. Tafakkur bo‘lmasa, aqlning o‘zi hidoyatga yo‘llay olmaydi. Dunyoda qanchadan-qancha aqllilar bor. Ammo ularning aqllari to‘g‘ri yo‘lga boshlamayapti, yomonlardan qaytarmayapti”. Demak, insonda vijdon fenomeni shakllanishida tafakkur tarzi alohida o‘ringa ega. Bunga biz yuqorida keltirgan misollar, allomalarimiz fikrlari, mulohazalari, hayotiy tajriba isbot bo‘la oladi. Bildirilgan fikrlardan xulosa yasash mumkinki, vijdonli odam bo‘lish o‘ta qiyin jarayon. Uning formulasi esa taxminan quyidagilardan iborat: tarbiya + aql + tafakkur = vijdon. 

 

Bugun eng og‘ir masalalardan biri odamlarda vijdonlilik sifatini shakllantirishdir. Bir paytlar odamlarda vijdonlilikni uyg‘otishga qaratilgan qanchadan-qancha harakatlar bo‘lganining ayrim jihatlarini milliy madaniyatimiz misolida eslagim keldi. Bugungi o‘rta va keksa avlod xotirasida saqlanib qolgan, taniqli san’atkor Shukur Burhonovning “Qiyomat qarz” spektaklidagi roli, “Girdob” videofilmidagi Muhammad chatoq, “Diyonat” spektaklida atoqli san’atkor Nabi Rahimov obrazida jaranglagan Normurod Shomurodov, “Iymon” spektaklidagi professor Komilov, Asqad Muxtorning “Chinor” asaridagi Ochil bobo obrazlarini bugun kim eslamaydi, deysiz. Nazarimda, o‘sha asarlardagi biz yuqorida eslab o‘tgan obrazlar tom ma’noda vijdonli odamning real hayotdagi ko‘rinishi, chin insonning ijtimoiy-ma’naviy portretlari edi. Bunday odamlarning ma’naviy qiyofasidagi eng muhim jihatlar va bugungi avlod uchun namuna bo‘lishi mumkin bo‘lgan sifatlari quyidagilardan iborat bo‘lgan. Birinchidan, vijdonli odam sifatida xuddi donishmand kabi faqat adolat va haqiqat uchun kurashdilar, bu yo‘lda hech qanday qiyinchilikdan qo‘rqmadilar va qaytmadilar. Ikkinchidan, adolatga va haqiqatga oson yo‘l bilan erishish mumkin emasligini, buning uchun tinimsiz kurashish lozimligini avvaldan bilgan va bu kurashga oldindan o‘zlarini ruhiy jihatdan tayyorlagan. Uchinchidan, vijdon inson mohiyatining buyuk ne’mati ekanini anglab yetdilar va shuning uchun ham uni har bir insonning hayot o‘lchovi sifatida tan oldilar. To‘rtinchidan, vijdonni inson tabiatiga Alloh tomonidan yuborilgan nur tarzida qabul qildilar. Beshinchidan, vijdonni sog‘lom e’tiqodning hissiy qorovuli sifatida tan oldilar. Oltinchidan, jamiyatdagi vijdonsiz, o‘z manfaati yo‘lida hech narsadan qaytmaydigan odamlarni to‘g‘ri yo‘lga solish mumkin ekaniga ishondilar, buning isboti sifatida tanasini o‘z ruhiga bo‘ysundira oldilar.

Yuqorida biz sanab o‘tgan asarlarning qahramonlari, albatta, to‘qilgan obrazlar. Ammo ular real hayotda juda ko‘p. Ta’kidlash lozimki, shunday kishilar, jamiyatning tirik vijdoni edi. Odamlar bundaylarga qarab hushyor tortar, o‘z qalbiga, bajarayotgan amallariga razm solardi, tarbiyasizlik, tartibbuzarlik, jinoyat holatlaridan hayiqar edi. Men bu fikrlarni bekorga aytayotganim yo‘q. Bugun mamlakatimizda erkin iqtisodiy faoliyat ko‘rsatish, tadbirkorlikni kuchaytirish, jamiyat ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilish uchun barcha imkoniyatlar yaratib berildi. Kambag‘allikni qisqartirish, odamlarning iqtisodiy jihatdan boyishi uchun barcha sharoitlar muhayyo etildi. Endi vijdon amri bilan, birovlarga ziyon-zahmat yetkazmasdan farovon hayot barpo etish imkoniyatlari yuzaga kelmoqda.

 

Jamiyatda vijdonli odamlar qancha ko‘p bo‘lsa, bu shu yurtda istiqomat qilayotgan barcha fuqarolarning baxtu iqboli. Vijdonli kishilar jamiyatni turli salbiy holatlardan, adolatsizliklardan saqlab turuvchi, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga katta hissa qo‘shuvchi insonlardir. Bunday odamlar tufayli poraxo‘r, korrupsioner, vijdonsiz, o‘z manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yuvchi, byurokrat rahbarlar o‘ziga chetdan baho beradi, o‘zini tartibga solishga majbur bo‘ladi. Prezidentimiz Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida 2023 yilni “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb e’lon qilar ekan, jamiyatda bugun muayyan darajada mavjud bo‘lgan adolatsizliklarning oldini olishga alohida e’tibor berdi. Bu borada, ayniqsa, davlat vakillari, katta-kichik rahbarlardan xalq oldida “o‘zining halol mehnati, oddiyligi, xalqsevarligi va fidoyiligi bilan odamlarimiz mehrini qozonishi kerak”ligi talab qilinishi ayni muddao bo‘ldi. Aslida, bu so‘zlar butun jamiyatga, barchamizga muhim fenomen hodisa hisoblanmish vijdon masalasida oldimizga qo‘yilgan katta vazifadir. Xuddi shunday. Yangi O‘zbekistonni barpo etish vijdonli kishilar qo‘lida ekanini unutmasak, biz, albatta, o‘z maqsadimizga yetamiz. Vijdon azobisiz yashash qanday yaxshi.

Abduxalil MAVRULOV,

tarix fanlari doktori, professor

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19268
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16265
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi