Kimgadir kerak bo‘lmagan madaniyat va ma’rifat bizga kerak!


Saqlash
17:02 / 22.02.2023 2055 1

Bugungi odamzodni bir so‘z bilan nomlash kerak bo‘lsa, balki “TOMOSHABIN” deb atalsa, noto‘g‘ri bo‘lmas. Zero, u yaratilganidan beri o‘tgan million yillardan buyon, hozirgiga o‘xshab, hech qachon bu amalga yoppa berilmagan edi. Odamzodni bu ishga jalb etish uchun yaqinda Qatarda o‘tgan futbol chempionatiga o‘xshash ommaviy tomoshalarni o‘ylab topish ham shart bo‘lmay qoldi. Bog‘cha bolasidan tortib to‘qsonni qoralayotgan mo‘ysafidgacha yumushidan ortindi deguncha tomoshabinlikni boshlaydi. Kim televizor, kim ayfon, kim noutbuk ekranida vizual sayohatga sho‘ng‘iydi. Ishi – yumushining o‘zi tomosha bo‘lgan qancha yangi kasb egalari bor!

 

Gapning nishabi qayerga qarab ketayotganini ziyrak o‘quvchimiz allaqachon angladi: shuncha tomosha ichida odamlar e’tiborini o‘ziga jalb etish hech bir ommaviy axborot vositasiga oson kechmayapti. Maqsadga erishmoqning esa ne-ne yo‘l-usullari o‘ylab topilmayapti deysiz.

 

Ular orasida erkinlik deganini, hech istihola qilmay, sharmandalik, beorlik tarzida taqdim etayotgan OAVlar qancha! Jazosi bitta tuzatish e’lon qilish-u bir og‘iz uzr aytib qo‘yish-da, degan tushuncha bilan tirikchiligini o‘tkazayotgan bunday vositalar egalari Lut qavmi yillar davomida ko‘rsatib ulgurmagan “maraz tomosha”larni (G‘afur G‘ulom iborasi) kun uzog‘i necha bor o‘zi sahna ortida saqich chaynab o‘tirib namoyish qilyapti...

 

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan davlat va nodavlat telekanallarining soni ham nomini dabdurustdan eslab aytib bo‘lmaydigan darajada ko‘payib ulgurgan. Efir vaqti  tun-u kun davom etadigan aksariyat bu kanallarning badiiy-estetik saviyasi, professional darajasi xususida muhokama yuritish bugungi suhbatimizning maqsadi emas.

 

Maqsadimiz boya eslangan milliardlab tomoshabin – xaridorning  biri sifatida milliy telebozorda bizning didimiz, qurbimiz yetgan “Madaniyat va ma’rifat” telekanali xususida ikki og‘iz e’tirof aytishdir.

 

Ilohim ko‘z tegdirmasin: tashkil bo‘lganidan to shu kunga qadar mazkur telekanalda dasturlar “setka”sini to‘ldirish uchungina tayyorlangan, shunchaki vaqt o‘g‘irlashdan boshqaga yaramaydigan ko‘rsatuv, badiiy yoxud hujjatli filmlar, arxivlardan olingan yoki shu kunlarda sahnalarda o‘ynalayotgan xashaki spektakllarni deyarli ko‘rmadik. Tomosha qilganimiz ko‘rsatuvlar, intervyular, film va spektakllar, reportaj va lavhalarning aksariyati bizning yo aql-u tafakkurimizga, yo badiiy-estetik didimizga, dunyoqarashimiz va kayfiyatimizga nedir ijobiy ta’sir o‘tkaza olgani bilan yodimizda, g‘ayrishuurimizda o‘rnashdi.

 

Deylik, Gulmira Musajonova muallifligi, Jamshid Xudoyqulov rejissorligida tayyorlanadigan “Men bilgan haqiqatlar” ko‘rsatuvining o‘zi hozirga qadar chakana noyob lavhalarni siz-u bizga taqdim etdimi? Adabiyot va san’atimiz, fan va madaniyatimizning ko‘rsatuvga loyiq topilgan vakillari bilan tashkil etilgan sokin, teran suhbatlardan tinglangan abadiy haqiqatlarni to‘la idrok etsa, xalq, millat qanchalar yuksaladi.

 

Yoxud “Birgalikda o‘qiymiz”da (Safarali Qurbon muallif,  Boynazar Madrahimov rejissor) kechayotgan jahon so‘z san’ati va milliy adabiyotimizning eng sara namunalari tahlili va talqini nafaqat oddiy o‘quvchi, omma, balki soha mutaxassislari uchun ham nechog‘li foydali! 

   

O‘tgan yilning nufuzli tanlovlarida g‘oliblar qatorida e’tirof etilgan “Qaqnus” ko‘rsatuvi (Vohid Luqmon loyiha rahbari,  Aziz Asrorov rejissor) tarix, zamona va kelajak olovlaridan tirik va toblanib chiqadigan chinakam ijodkorlar merosini qayta idrok etishga chorlashi barobarida, ommani qorin to‘yg‘azish va tirikchilikning mingdan bir tashvishlaridan boshqa bosh qotirishga arzigulik muammolardan ogoh etmoqda.

 

Xuddi shu gapni “Fikrlayotgan odam” (Zebo Hasanova muallif, Najot Qosimov rejissor), “Tundaliklar” (Zebo Mirzayeva muallif) kabi loyihalar xususida ham malolsiz aytish kerak.

 

Muallif Iqboloy Qo‘shshayeva hamda rejissor Abror Qodirov tomonidan efirga tayyorlanayotgan “Birgalikda ko‘ramiz” ko‘rsatuvi jahon kino san’atining hozirga qadar va bundan keyin ham uzoq muhokamalarga sabab bo‘ladigan noyob kartinalari tahlilidan bahramand etyapti. Zero, har qanday san’at durdonasi har bir xalq va zamon intellektlari nigohida o‘zgacha ma’no va jilva kashf etishiga shu loyiha orqali guvoh bo‘lish mumkin...

 

Albatta, “Madaniyat va ma’rifat” telekanali ijodiy jamoasining qiladigan ishlari, izlanishlari hali oldinda. Jumladan, televideniye va unda tayyorlanadigan materiallar o‘z nomi bilan KO‘RILADIGAN narsa bo‘lishi lozimligi ustida jiddiy bosh qotirishga to‘g‘ri keladi. Bugungi tomoshabinni uzoq davom etadigan, yakkama-yakka yoxud davra suhbatlarida o‘rtaga tashlanadigan eng ohorli gaplar, g‘oya va fikrlar bilan ham ekran qarshisida uzoq tutib turib bo‘lmaydi. O‘sha suhbatlar foni shunday original, uzukka ko‘z qo‘ygandek joyiga tushadigan rang-barang tasvirlar bilan to‘ldirilishi lozimki, buning uchun ko‘rsatuv mualliflari, ayniqsa, rejissorlar boshqacha ishtiyoq va g‘ayrat ko‘rsatishlari talab etiladi.

 

Mana shu yo‘lda ijodkor do‘stlarimizga kuch-quvvat, fidoyilik va omadlar yor bo‘lishini tilaymiz.

 

Rahmon QO‘CHQOR,

filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos

1 Izoh

Ma'murjon

06:01 / 01.01.1970

Men uchun o'zi ko'radigan birgina shu kanal bor. To'g'risini aytsam ayrim kanallardagi bachkanaliklardan o'zbek sifatida uyalaman. Ko'ruvchilar qancha bo'lishidan qat'iy nazar Madaniyat va marifat ko'rimli kanal. Bir millat farzandi sifatida kanal nomi o'zgartirilishiga qarshiman. O'sha karvon o'zlari alohida ochayverishsin. Bizga marifat kerak. Masxarabozlik emas.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19269
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16277
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi