O‘rta asrlar miniatyura san’ati va yozma adabiyoti o‘sha davr an’anaviy liboslari haqida ma’lumot beruvchi muhim manbalardir. Akademik G.Pugachenkova miniatyura asarlarida tasvirlangan liboslarning rivojlanish tarixini o‘rganish asnosida libosga qarab miniatyuralar qaysi davr va qaysi maktabga mansubligini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Sharq miniatyura san’ati tarixi to‘rt asosiy davrga bo‘lib o‘rganiladi: 1) temuriylar davri – Xuroson va Movarounnahr (Hirot, Samarqand, Tabriz, Sheroz maktablari); 2) safaviylar davri – Eron (Sheroz, Tabriz, Mashhad, Isfahon maktablari); 3) shayboniylar davri – O‘rta Osiyo (Buxoro, Samarqand maktablari); 4) boburiylar davri – Hindiston (Agra, Dehli maktablari).
Hirot, Buxoro, Samarqand, Sheroz va Tabriz maktablari an’analarini ijodiy o‘zlashtirgan boburiylar davri san’atkorlari Hindistonga xos bo‘lgan qahramonlarni yaratgan. “Boburnoma” miniatyuralarida tasvirlangan qahramonlarning yuz tuzilishidan tortib, libos, hatto sallasi hindchadir. Ular temuriy va safaviylar miniatyuralari qahramonlaridan butkul farq qiladi.
Safaviylar zamonida Tabriz kitobat va miniatyura maktabi shakllandi, gullab yashnadi. Ozarboyjon kitobat ahli va musavvirlarining bu yangi ijodiy uslubi jozibadorligi, dekorativ naqshlar va obrazlar silsilasi, boy va yorqin ranglar jilosi, chiziqlarning nozikligi, go‘zal va betakror tarhlari, shakllarning o‘ziga xos shartliligi bilan ajralib turadi. Bu uslubning muhim xususiyatlaridan biri shuki, ularda badiiy-estetik talablarga rioya qilingan holda barcha davr qahramonlariga o‘z zamonasi ruhi singdirilgan. Bu davr rasmlarining alohida ajralib turuvchi xususiyatlaridan yana biri, ularda an’anaviy qizilboshlar bosh kiyimi – uzun qizil kulohli oq salla tasvirlanganidir.
Islomda inson tasvirini chizish taqiqlanganiga qaramay, miniatyura san’atida nafaqat inson, balki uning ichki kechinmalari, his-tuyg‘ulari, turmush tarzi, hattoki ilohiy personajlar tasvirlangan. Miniatyura saroy san’ati hisoblansa-da, tasvirlarda nafaqat yuqori tabaqa vakillari, oddiy xalq, xizmatkorlarning ham liboslari to‘laqonli ifoda topgan.
O‘rta asrlarda libos kishining etnik va ijtimoiy ahvolini ko‘rsatuvchi asosiy belgi bo‘lgani bois, miniatyurachi musavvirlar liboslardagi har bir detalni aniq tasvirlash orqali personajning jamiyatdagi mavqeyini ham ko‘rsatishga intilgan. Zero, yuqori tabaqa vakillari uchun libosning bashangligi katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Personajning yoshi ustma-ust kiyilgan liboslar, bosh kiyim va soch turmagi yordamida ko‘rsatib berilgan. Kiyim hamda asosiy mato rangi va bezagi, kashta ornamentlari yorqin namoyon bo‘lgan. Libos bichimi, choklari, kiyimning mutanosibligi, bosh kiyim shakli va boshqalar aniq tasvirlangan.
O‘rta Osiyoda liboslar tabiiy iqlim, diniy dunyoqarash va boshqa xalqlar bilan o‘zaro munosabatlar ta’sirida asrlar mobaynida tadrijiy shakllangan. Erkaklar va ayollar libosi matosi, bosh kiyim va bezaklari bilangina farqlangan. Har bir hudud o‘ziga xos mahalliy xususiyatga ega bo‘lsa-da, ularda qulay bichimdagi keng ko‘ylaklar, uzun shalvarlar va ustki to‘nlar rusum bo‘lgan. Ba’zi olimlarimiz kiyim nomlarini belgilashda tarixiy qo‘lyozmalar va Navoiy asarlarida keltirilgan atamalardan foydalangan (Мукминова Р. Костюм народов Средней Азии по письменным источникам XVI в. Костюм народов Средней Азии. Москва, 1979. Стр. 70-77). O‘rta Osiyoda keng tarqalgan ustki kiyim “joma”, “chakmon”, “to‘n”, old tomoni bir-biriga o‘tib, ustma-ust tushadigan to‘n esa “farajiya” va yana biri “qabo” deb nomlangan. Qishda kiyiladigan to‘nlar qo‘y terisidan tikilgan, yuqori tabaqa vakillari kiyadiganlari esa astarli qimmatbaho mo‘ynadan bo‘lib, ustidan shoyi bilan bezatilgan. Chakmon – cho‘ponlarning qishki ust kiyimi bo‘lib, movutdan tikilgan, gohida kashta bilan bezatilgan. Ichki kiyimlar, ya’ni erkaklar ko‘ylagi – “kurta”, ayollar ko‘ylagi – “piroxan”, ishtonlar – “lozim”, “ezar” deyilgan (Рахимова З. К истории костюма народов Узбекистана. Костюм Бухары и Самарканда XVI-XVII веков (по данным средневековой миниатюрной живописи). Ташкент, изд-во журнала “San’at”, 2005. Стр. 5).
Movarounnahr miniatyuralarida ayollar oq matodan tikilgan uzun yengli, to‘g‘ri to‘rtburchak bichimli ko‘ylak – kurtada tasvirlangan, uning ustidan yenglari uzun, bo‘yin o‘yimi ko‘krak chizig‘igacha uchburchak shaklda – piroxan ko‘ylak, oldi ochiq yoki o‘ngdan chapga ustma-ust yopiluvchi qabo kiyilgan. Qaboning yenglari tirsakkacha, ba’zilari barmoqlarni yopib turuvchi uzunlikda bo‘lgan. Ayollar-u erkaklar issiq va sovuq kunlarda himoya vazifasini o‘tovchi to‘n – joma kiygan. Bayramlarda zodagonlar shoyi va parchadan tikilgan, yenglari libosning etagigacha uzun farajiya kiygan.
Yuqori tabaqaga mansub ayollar va erkaklar liboslari sonining ko‘pligi bilan ajralib turgan. Masalan, miniatyuralarda zodagon ayollar ko‘ylak, qabolarni uch-to‘rt, saroy xizmatkorlari va shaharliklar ikki-uch, oddiy xalq bir-ikki qavatdan kiygan, qariyalar esa bitta ko‘ylak ustidan to‘n tashlagan holatda tasvirlangan.
Miniatyuralardagi ayollar libosi erkaklarnikidan bosh kiyimi, taqinchoqlarning ko‘pligi va libosning tanaga birmuncha yopishgan holatda tasvirlangani bilan ajralib turadi. Ayollarga xos bo‘lgan yana bir ustki kiyim – “munisak” (“mursak”) bo‘lib, u O‘rta Osiyoda XIX asr o‘rtalarigacha kiyilgan.
Bosh kiyimlar erkaklarda turlicha bo‘lgan: kundalik hayotda kiyiladigani – fo‘ta, bayramlarda kiyiladigani – dastor; har xil mato va kigizdan tikilgan, turli shakldagi mo‘ynali qalpoqlar – taqya, kuloh, do‘ppi. Miniatyuralarda ayollar turli-tuman bosh kiyimda tasvirlangan, ularda nafaqat insonning ijtimoiy kelib chiqishi, balki yoshi ham aniq ifodalangan. Xon oilasiga mansub ayollar sharq an’analariga binoan toj kiygan. Boshqa tabaqa ayollari orasida kashtalangan oq ro‘mol va do‘ppi keng tarqalgan. Ro‘mol do‘ppi ustidan yoki sochqop deb nomlangan do‘ppisimon qalpoq ustidan bog‘langan.
Erkaklar aksar qo‘nji baland etik, gohida past poshnali yoki poshnasiz, yumshoq mahsi bilan kiyiladigan uchli kovush, ayollar kovush, shuningdek, teridan ishlangan poyafzal kiygan.
Shariat talablariga ko‘ra, ayollar libosi keng, qulay, qomatga yopishib turmaydigan bo‘lishi shart edi.
Bugun xalqona yo‘nalishlar ko‘pgina modelerlarimiz ishlarining ajralmas qismiga aylangan. Modelerlar zamonaviy liboslarni yaratishda milliy matolardan foydalangan holda ularning yangi qirralarini kashf etish, yangicha dizayn usullarni topish ustida ish olib bormoqda. S.Amir, S.Murodxo‘jayeva, A.Manshayev, D.Qosimova, N.Sherxo‘jayeva, N.Arapova, T.Chursina, Z.Sultonova, D.Tomilin va boshqa modelyerlar kolleksiyalari so‘zimiz tasdig‘idir. Xalq dekorativ kashtachiligi, rang-barang milliy kolorit va boy ornament motivlaridan unumli foydalanib, qadimiy naqshlar simvolikasidan ruhlangan holda milliy dizayn maktabi yaratilmoqda.
Xususan, dizayner Saodat Murodxo‘jaeva O‘rta asr Sharq miniatyura san’atining nodir asarlarini zamonaviy libosda mohirona qo‘llab, yoshlarning kundalik liboslarini yaratmoqda. “Shohnoma” kolleksiyasi erkaklarga mo‘ljallangan bo‘lib, u asl italyan charmidan tikilib, qo‘lda kashtalangan miniatyura asarlari bilan to‘ldirilgan. Kompozitsion yechim dinamik holatda bo‘lib, qahramonlar obrazi ham hayotiy chiqqan.
Islom davridagi an’anaviy libosning turlicha talqinini zamonaviy dizaynerlar ijodida ko‘plab uchratish mumkin. Ular bugungi zamon ruhiyati bilan sug‘orilgan holda yangi ko‘rinishda namoyon bo‘lmoqda.
E’tibor Mirzanazarova,
Kamoliddin Behzod nomidagi MRDI
katta ilmiy xodim-izlanuvchisi
“Tafakkur” jurnali 2016-yil 2-son
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q