Matbuotning islohotchilik rolini pisand etmaganimiz oqibatida hatto maishiy muammolar oldida esankirab yotibmiz! – 2022-yil publitsistikasi xususida mulohazalar


Saqlash
15:02 / 21.02.2023 999 0

2-maqola (boshi 1-maqolada)

 

Biz ovqatni yeyapmizmi yo ovqat bizni?

 

Matbuotchilarimiz audiovizual jurnalistika ko‘pincha chetlab o‘tadigan muammo – umumiy ovqatlanish joylari, yemakxonalar mavzusini dadil ko‘tarib chiqqan. “XXI asr” gazetasining 3-sonida jurnalist Asliddin Almardonovning “Ovqatlanish joylari: qachon tartib o‘rnatiladi yoki xizmat ko‘rsatish madaniyati, gigiyena, narx-navoni kim belgilaydi?” degan salkam bir yarim (A2) sahifalik maqolasi chop etilgan. Unda sohaga oid kadrlarni tayyorlaydigan o‘quv yurti yo‘qligi, iste’molchilar yemakxonalardagi gigiyena, xizmat ko‘rsatishning pastligi, narx-navoning balandligidan shikoya qilishi kabi muammolar tahlil etilgan. Maqolada ta’kidlanganidek, “Milliy jurnalistikamiz ijtimoiy-madaniy sohaning barcha sohalariga birdek kirib bormagan. Inchunin, “restoran tanqidchiligi” yo‘nalishi deyarli embirion bosqichida, desak xato bo‘lmaydi. Zero, qayerda tanqid bo‘lsa, muammolar jamoatchilikka olib chiqilsagina, yechim topishi – aksioma. Demak, zamonaviy tilda fud jurnalistika atalayotgan yo‘nalish rivoji ayni kunlarda eng zarur va nihoyatda dolzarbdir”.

 

Gulzamon Akbar “Huquqi himoyalanmagan toifa” maqolasi orqali munosabat bildirib, ovqatlanish korxonalari tizimida millionlab odamlar ishlayotgani, eng og‘ir yumush bepisand sanalgan ofitsiantlar zimmasida ekani, ular mehnat shartnomasisiz ishlagani uchun sohada qo‘nimsizlik, nohaqlik avj olganini ta’kidlaydi (“XXI asr” gazetasi, 5-son).

 

“XXI asr” gazetasining 43-sonidan o‘rin olgan “Shashlikdagi temir parchasi “Labihovuz”dagi qo‘rada obdan pishsa-da, erimabdi” maqolasida tizginsiz, nazoratsiz qolayotgan yemakxonalar tizimi haqida. “Qaysar mijoz” kabi siz ham tarmoq qachonki alohida tahlil, jiddiy monitoring qilinmas ekan, bunday boshboshdoqlik, sharmandagarchilik holatlari hali-veri to‘xtamasa kerak, degan xulosaga kelganingizga shubha qilmayman.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez tarqalayotgan falon kilogramm iste’molga yaroqsiz go‘sht to‘xtatib qolingani va falon joyda ovqatdan zaharlanish sodir bo‘lgani haqidagi xabarlarga ko‘nikdik. “XXI asr” gazetasining 28-sonida jurnalist Ro‘zimboy Hasanning “Insof ham qo‘shib sotilyapti yoxud loshxona-oshxonalardagi narx-navo qachon nazorat qilinadi?” maqolasida tilga olingan yemakxonalardagi qallobliklar, xalqning sog‘lig‘i va cho‘ntagini quritayotgan olg‘irlarga, ehtimol, ancha oldin ko‘nikkanmiz... Bozor etimizniyam, betimizniyam qotirdi. Bozorchi elning bolalari shunday bo‘lsa kerak-da?!

 

“Yoshlar ovozi” gazetasi muxbiri Shahruza Sattorovaning “Green Card” farovon hayot uchun kafolatmi?” maqolasida har yili oktabr-noyabr oyi kelsa millionlab o‘zbekistonliklarning AQSHga ketish kasali xuruj qilishi haqida yozadi: “Travel.state.gov” sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-yilda 1,8 million, 2018-yilda 1,7 million, 2019-yilda 466 480 nafar o‘zbekistonlik “grin karta” uchun ariza topshirgan”.

 

Nega ko‘pchilik yoshlar ketish ishtiyoqida, degan savolga javob izlagan muxbir o‘rganishlari xulosasini shunday bitadi: “Turli to‘siqqa uchragan iqtidorli tadbirkorlar, ma’naviyatdan charchagan ijodkorlar, oylik maoshi yashashiga yetmayotgan shifokor va o‘qituvchilar, o‘z kelajagini O‘zbekiston bilan bog‘lay olmayotgan yoshlar shaxsiy rivojlanish, ishlash uchun yetarlicha erkinlik, sharoitning yo‘qligini, o‘zi va farzandlari kelajagini o‘zbek jamiyatida ko‘ra olmasligini, ishsizlik, iqtisodiy faktorlarni muammoga sabab qilib ko‘rsatmoqda” (“Yoshlar ovozi”, 2022-yil 9-noyabr).

 

Maqolada sanab o‘tilgan kamchiliklar fuqaroning davlatga ishonchi yo‘qolayotganini anglatmaydimi? O‘tyurak Shahruzaning “Byudjetni o‘marganga jazo yo‘qmi?” maqolasini xalqning nonini tuya qilayotgan amaldorlar jazosiz qolayotganiga qarshi isyon deyish mumkin (“Yoshlar ovozi”, 2022-yil 26-noyabr).

 

Alvido kitob! Assalom jaholat!

 

O‘tgan yil avgust oyida tarqalgan bir noxush xabar yuzimizni yerga qaratdi. Davlat test markazi ma’lumotiga ko‘ra, 2022-yilda 1 million 73 ming 821 nafar abituriyent testga kirgan. Ularning 550 ming nafari (51,2%) o‘tish balining eng quyi chegarasi bo‘lgan 56,7 balni ham to‘play olmagan. “Yoshlar ovozi” muxbiri Shahruza Sattorova “Bunga kim aybdor?” maqolasida (2022-yil 27-avgust) jamiyatimiz, xususan, yoshlar orasidagi savodsizlik, bilimsizlik ildiziga nazar tashlaydi.

 

Adashmasam, Turkiston yoshlarini savodli qilish masalasi o‘tgan asr boshidagi muammo edi. Yuz yildan ziyodroq vaqt o‘tdi. Biz bilan bitta sayyorada yashayotgan ba’zi xalqlar Oyga sayohat uyushtirishni rejalashtirayotgan, bor bilim va imkoniyatini Marsni tadqiq qilishga qaratgan bir davrda biz yangi avlodning savodi ustida bosh qotiryapmiz. Inchunin, filologiya fanlari nomzodi, mohir xattot Rahimboy Jumaniyozov jaholat botqog‘idan chiqish yo‘li sifatida dunyoning qator davlatlarida bo‘lgani kabi yurtimizda ham doimiy faoliyat yuritadigan savodxonlik markazlari ochishni taklif etadi (“Milliy tiklanish”, 2022-yil, 8-son).

 

Filologiya fanlari doktori Ilhom Gʻaniyevning internet, kompyuter, televizor kabi “fikriy yalqovlik” elchilari eng yaqin do‘st, sirdosh va fikrdosh bo‘lishi mumkin bo‘lgan, tirik inson nafasi ufurib turgan kitob o‘rnini egallashga da’vogarlik qilayotgani haqidagi “Komillikka fikrlash orqali erishiladi...” maqolasini o‘qib, (“Ishonch”) Chingiz Aytmatovni tanimagan filolog olimga emas, undan saboq olayotgan talabalarga achinasiz.

 

“Milliy tiklanish” gazetasining 2022-yil 15-sonida gulistonlik Qahramon Ko‘paysinovning “Achchiq asal yoxud Abdulla Oripovning “Otabek va Kumush” romanini o‘qigan talaba haqida”gi maqolasini istiqbol egalarining ma’naviy-ma’rifiy qiyofasiga chizgilar deyish mumkin. Kuyunchak deputat shoir O‘tkir Hoshimov she’rlarini o‘qigan, O‘zbekiston madhiyasi muallifi Erkin Vohidov deb biladigan yoshlar ko‘payib borayotganiga qayg‘uradi. Ko‘paysinovga sabr tilaylik, yaxshilar!

 

Jurnalist, shoira Nurxon Elmirzayevaning “XXI asr” gazetasining 15-sonida berilgan “Magic city” hamma narsani topishingiz mumkin, faqat savoddan boshqa” maqolasi ham shu mavzuda. Muxbirning “Yillar o‘tgani sayin savodxonligimiz “gullayapti”! Bugun boshqa viloyat markazlarini qo‘yaturing, azim Toshkentday poytaxt shaharda o‘zbek tilida bexato yozilgan joy nomlari-yu reklamalarni topish qiyin” degan mulohazasiga qo‘shilmaslikka asos yo‘q. Nurxonning “Oshdan chiqqan tosh yoxud ko‘rsavodlikka yetaklayotgan kitoblar xususida” maqolasida (“XXI asr” gazetasi, 43-son) “Yangi asr avlodi” nashriyoti chop etgan “Teatr” romanidagi son-sanoqsiz xatolar misolida noshir, muharrir, musahhihlarning mas’uliyatsizligi o‘quvchilarni savodsizlikka yetaklashi ko‘rsatib o‘tilgan.

 

“Milliy tiklanish” gazetasining 2022-yil 36-sonida Abdug‘affor Omonboyevning “Zanglagan tilla kalit yoxud Abdulla Avloniy bobomizning “sotka” ishlatgani tilga olingan muloqotdan keyingi o‘ylar” sarlavhali maqolasidan so‘ng talaba-yoshlar, o‘quvchilar o‘rtasida savodsizlik ko‘payib ketayotibdi, degan nolishlardan ajablanmaydigan bo‘ldim. Nega desangiz, maqolada Abdulla Avloniyni bilmaydigan ma’naviyatchi rahbar haqida hikoya qilinadi. Qishloqma-qishloq, mahallama-mahalla yurib va’z o‘qiydigan ayrim savodsiz targ‘ibotchilar afkor ommaning ma’naviyatga ixlosini qaytaryapti. Maqoladan kichkina bir iqtibos keltiraman, u yog‘ini o‘zingiz tasavvur etib olaverasiz: “Esimda, bundan bir yilcha muqaddam Sirdaryo viloyatining chekka tumanlaridagi katta bir tashkilot rahbari bilan uchrashganimda u menga yaqinda tumanda katta bayram tadbiri o‘tkazilishini, unga poytaxtdan mashhur shoir va yozuvchilar kelishini, ular orasida, albatta, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf ham bo‘lishini g‘ururlanib aytib qoldi. Bu gapni eshitib, tilim tanglayimga yopishib qolayozgandi o‘shanda”. Maqolada bir adibdan oliy ta’lim mas’ul xodimi Abdulla Qahhorning salomatligi haqida so‘ragani ham yozilgan.

 

Taniqli olim Zuhriddin Isomiddinovning “Atamalar “atala” bo‘lmasin!” maqolasida keltirilgan quyidagi fikrda katta haqiqatlarga ishora bor: “Asaka avtomashinalarining mutlaq ko‘pchiligini qorako‘z o‘zbegim sotib olib minadi. Lekin birorta mashinaning yo‘riqnoma kitobchasi o‘zbek tilida emas, bu kitoblar – har yili minglab mashinani sotib olishga va’da berib, o‘z yurtiga eksport qildirib, so‘ng shuncha xarajatga chuv tushirib, ortga qaytarib yuboradigan mamlakatning davlat tilida. Nega shunaqa? Chunki shu zavod rahbarlarining hech biri millatparvar emas. Millatparvar bo‘lmagan odam vatanparvar ham bo‘lmaydi” (“XXI asr”, 2022-yil, 42-son).

 

Hurmatli olimimizning kuyunchaklik bilan bitgan yana bir maqola – “Shamolga sovurilayotgan... Shamol” xalq hayotiga beparvo, loqayd mutasaddilarga tutilgan ko‘zgudir (“Ishonch”, 2022-yil 19-aprel). Mamlakatimizda muqobil energiya manbalaridan foydalanish hayot-mamot masalasi bo‘lib turgan bir paytda Zuhriddin Isomiddinovning Qo‘qon shamolidan ekologiyaga ziyon yetkazmasdan energiya olish mumkinligi to‘g‘risidagi jo‘yali taklifiga beparvo qarayotganlarni kim deyish mumkin?

 

Salim Abdurahmonovning “Ishonch” gazetasining 2022-yil 21-may sonida chop etilgan “Ostonadagi oriyat” maqolasi iymon zaiflashuvi, orsizlik, olabayroqlik ortidan tortayotgan jabr-u jafolarimiz haqida. Muallif eshak go‘shtini oshxona-yu somsaxonalarga tarqatayotganlar, foyda uchun “o‘lish”ga ham rozi dallollar, tirikchilik deb molini otasiga pullayotganlar shu xalqning farzandi, shu jamiyatning a’zosi ekanini taassuf bilan qayd etadi. Hamkasbimizning “Davlat rivoji yo‘lidagi har qanday to‘siq, jamiyatda uchrayotgan muammolar ortida tarbiyasizlik, ilmsizlik turadi. Ilmsizlar orasida bag‘ritoshlar ko‘p uchrashini nahotki bilmasak?” degan fikriga qo‘shilmaslikning iloji yo‘q.

 

Olomon tegirmoniga suv quyayotganlar urug‘i serob. Mahbuba Karimova ijtimoiy tarmoqlardagi mulohazalar asosida “Zo‘r TV” ba’zi saviyasiz boshlovchilari bilan ko‘pchilikning jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘layotgani, so‘z va efir mas’uliyatiga mutlaqo tupurib qo‘ygan Halima Ibragimova xatti-harakatlariga kanal Badiiy kengashi, AOKA va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomoshabin bo‘lib turgani haqida yozadi (“Milliy tiklanish”, 2022-yil 33-son). Mahbubaxon, yozganimga munosabat bo‘lmadi deb kuyunmang. Maynavozchilik qilib, millat ustidan kulayotganlar va ularning homiylari “Milliy tiklanish” gazetasini o‘qimaydi.

 

Deputat kimning dastyori?..

 

Savol ritorik ohangda qo‘yildi-a? Ha-ha, xalq vakili hamisha saylaganning emas, tayinlaganning qosh-qovog‘iga qarab kelgan.

 

“Adolat” gazetasining 2022-yil 7-yanvardagi 1-sonida chop etilgan “Xalq vakiliman deb yurganimdan uyaldim” sarlavhali maqoladagi tasvirlar ko‘z o‘ngimdan ketmay qoldi. Jomboy tuman kengashi deputati Komila Umarova “Oq oltin” mahalla fuqarolar yig‘inidagi aholi bilan uchrashuvdan oldin qishloqning chekka hududidagi xonadonlarga borib, turmush tarzi bilan tanishgani haqida yozadi: “Bir xonadonda ikki opa-singil yashar ekan. Ikkisi ham qirqdan oshgan. Boquvchisi yo‘q, turmushga chiqmagan, yaqinlaridan faqat ukasi bor. Ukaning ham topish-tutishi haminqadar, o‘zining ro‘zg‘oridan ortmaydi.

 

Xonadonning tashqi ko‘rinishi nochorgina. Ichkariga yuzlandik. Ikki xona va bir dahlizdan iborat uyning na shifti – potologi bor, na gilam, na ko‘rpa-yostiq. Kiraverishda to‘shalgan kichkina sholcha – gilam e’tiborimni tortdi. Ular bilan bo‘lib o‘tgan suhbat jarayonida bu sholcha-gilam opa-singil uchun to‘shak, eski kiyim boshlardan qo‘lbola tayyorlangan qop esa yostiq vazifasini bajarishi ma’lum bo‘ldi. Bisotidagi bitta katta ko‘rpa esa qo‘shnining hadyasi ekan”.

 

Ochig‘i, respublikamiz tumanlarida bunday abgor ro‘zg‘orlar ko‘plab topiladi, ammo Komilaxonga o‘xshagan deputat uchrashi amri mahol. Xalq hayotiga mas’ullar shiorbozlikka, dabdaba-yu as’asaga berilmasdan Alisher Navoiyning quyidagi baytini qalblariga jo etishlarini istardik:

 

Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,

Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay.

 

Matbuot – millat oyinasi

 

“Ishonch” gazetasining 2022-yil 21-aprel sonida Husan Ermatovning “Gazeta nega kerak?” sarlavhali maqolasi chop etilgan. “Milliy tiklanish” gazetasi ham ko‘chirib bosgan (2022-yil 29-son) mazkur maqolada bosma nashrlardek savodli OAV hozircha shakllanmagani, o‘zini ovoza qilishdan charchamayotgan piarchilarning, axborot xizmatlari mutasaddilarining aksariyatida asosiy muammo matn tuzish, xatosiz yozish, faktlarni to‘g‘ri joylashtirish, muammoni to‘g‘ri talqin qilishda ko‘rinayotganiga urg‘u berilgan. “Ishonch” gazetasi o‘tgan to‘rt yil davomida maorif sohasidagi o‘nlab o‘ta dolzarb muammolarni ko‘tarib chiqqan bo‘lsa-da, loaqal birortasiga qoniqarli javob bo‘lmaganidan kuyungan bosh muharrir beshta markaziy gazetada e’lon qilingan “Haqiqatga tik boqing, janob!” deb nomlangan maqolani ham Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri javobsiz qoldirganini taassuf bilan qayd etadi.

 

Butun dunyoda matbuot analitika, tahlilga o‘tganiga, ma’rifatli jamiyatlarda kundalik nashrlarga obuna ko‘payayotganiga e’tibor qaratgan Husan Ermatovga ko‘ra, gazeta kerak emas, deb bong urayotganlar haqiqatdan qo‘rquvchilardir!

 

“Milliy tiklanish” gazetasining 2022-yil 15, 16, 17, 21, 27-sonlarida “Kuting!” ruknida “Milliy parlamentimiz nega sukut saqlamoqda?” sarlavhali izoh berilgan. Tahririyat parlament nashri – “Xalq so‘zi” gazetasi bosh muharriri O‘tkir Rahmat bong urdi, ammo deputatlar sukut saqlamoqda. “XXI asr” gazetasi orqali Norqobil Jalil muammoga keskin munosabat bildirdi. Lekin jamiyatning “bosh” partiyasi “O‘zLiDeP” jim! “Ishonch” bosh muharriri Husan Ermatov masala mohiyatini hijjalab tushuntirib berdi, biroq parlamentimiz bu chiqishga ham ishonchsizlik bilan qaradi... Nahotki milliy parlamentimiz uchun milliy matbuot – jamiyatda ijtimoiy fikrni shakllantiradigan, ong-u tafakkurimizni, qarashlarimizni o‘zgartiradigan asosiy “qurol”ning jangga shay yoki shay emasligi qiziq bo‘lmasa. Ertaga kech bo‘ladi. Chunki...” deya yozdi. Parlament salkam bir yildan beri sukut saqlaydi. Sukut alomati rizodir, balki?!

 

“Milliy tiklanish” gazetasining 2022-yil 15-sonida O‘zA muxbiri Dilobar Mamatovaning yetti yildan beri Germaniyada istiqomat qilayotgan jurnalist Ma’rifat Nur bilan suhbati berilgan. Ko‘p yillar respublika matbuotida ishlagan Ma’rifatxon Germaniyada OAV chin ma’noda to‘rtinchi hokimiyat ekanini ta’kidlaydi: “Televideniyeda aytilgan har bir so‘z qonun bilan barobar. Bugun aytildi, ertaga unut bo‘ldi yoki joy-joyida qolib ketdi, degani emas. Ya’ni, Germaniyada matbuot katta ma’naviy qurol hisoblanadi. Bu yerda jurnalistlar xato qilishdan qo‘rqadilar, har bir ishga vijdonan yondashadilar. Ko‘rsatuv, eshittirish, maqola va xabarlarda faqat inson omili haqida gap boradi. Jurnalistlar hukumat qabul qilgan hujjatlarni ham bemalol tanqid qilishlari mumkin.

 

Bu yerlarda u yoki bu matbuot turining davri o‘tdi, endi u kerak emas, degan asossiz gaplar aytilmaydi. Hech kim, hatto bosma nashrlar, ya’ni gazetalarni “o‘ldi”ga chiqarmaydi. O‘zini hurmat qilgan ma’naviyatli insonlar gazeta o‘qiydi. Odatiy ish kunlarining ma’lum daqiqalarini gazeta va jurnallar mutolaasiga sarflaydilar”.

 

“XXI asr” gazetasining 45-sonida “Obunaga osilmang, “ovchilar”!” maqolasi bosilgan. Jalil Karvonning (hoynahoy, bosh muharrir bo‘lsa kerak) dolzarb va jiddiy mavzudagi keskin mulohazalari sohadagi bo‘linishlar haqida. Avval hatto bittagina foto-suratgayam to‘rt qator tagso‘zni eplab yozolmagan, biror gazeta yo jurnalda ishlab haydalgan yo savodi chiqmagan “jurnalist”larning obuna mavzusidan falsafa so‘qishi tanqid qilingan. Muallifning “Ne bo‘ldi bu qavmga? Nega OAVdan boshqa biror soha vakillari bu darajada bir-birining yuz-ko‘ziga loy chaplamaydi?” degan so‘rovida juda katta haqiqatlarga ishora bor.

 

Haqrost, bugun jurnalistikada bir-biridan mutlaqo keskin farq qiladigan ikki toifa shakllandi. Biri moyana va gonorar – qalam haqi bilan kun ko‘rayotgan fidoyilar, ikkinchisi qonunlardagi “tuynuk”dan ustomonlik bilan foydalanayotgan o‘lponchi qalloblar. Taassufki, ikkinchi toifani hokimliklar, bank, moliya idoralari rahbarlari va boshqa rasmiy mahkamalar vakillari kulcha bilan kutib oladi. “Sayohat qilgingiz kelsa, mana, Dubayga chipta!” deya odob bilan qo‘l qovushtiradi. Maqolani o‘qib, savodsiz, johil, tovlamachi kaslarning o‘zlarini “Prezident blogerlari” deb e’lon qilib, yalpi savodsizlik oloviga moy quyayotganini qanday bartaraf etish mumkin, deya o‘ylanib qoldim.

 

“XXI asr” gazetasining 47-sonida chop etilgan Safar Ostonovning “Gazeta o‘qimay ham yashash mumkin” maqolasi obuna haqida, gazeta-jurnallarning istiqboli haqida goh xayrixohlik, goh g‘arazgo‘ylik, goh xudbinlik bilan munosabat bildirilayotgan bir davrda ogohlik qo‘ng‘irog‘iday jaranglaydi. Rahmatli Safar aka aytganiday, “Gazeta bu – siyosat, g‘oya, mafkura, ma’rifat... Davlatning siyosatini odamlarga, odamlarning xohish irodasini davlatga, hokimiyatga yetkazadigan vosita”.

 

O‘tkir Rahmatning “Har kungi moʻjiza: u tizimli islohotlarga muhtoj” (“Xalq so‘zi”, 2022-yil 31-mart), Norqobil Jalilning “Qayerdasan, “to‘rtinchi hokimiyat?” Yoxud matbuot uchun chalinayotgan ogohlik qo‘ng‘irog‘i”, Husan Ermatovning “Gazeta nega kerak?” maqolalarida ko‘tarilgan o‘ta jiddiy, aytish mumkinki, tahlikali vaziyat hamkasblar orasida muhokama bo‘ldi. Ammo... Hukumat bu umummilliy masalaga hamon panja orasidan qarab kelyapti.

 

“XXI asr” gazetasining 52-sonida Nurxon Elmirzayevaning “Sharmandali shaxmat “o‘yini” qachon tugaydi?” sarlavhali maqolasida 49-sonda berilgan “Yosh iste’dodlarni unutgan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi yoxud tuya go‘shti yegan shaxmat finali qachon bo‘ladi?” maqolasiga O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi na e’tiroz, na javob bergani haqida yozilgan.

 

“Ishonch” gazetasida e’lon qilingan maqolalar nomiga bir e’tibor qiling-da. “Qonun va qaror talabi qachon bajariladi?”, “Qaror qonundan ustun bo‘la oladi(mi?)”, “Farmon ijrosi nega ta’minlanmayapti?”, “Nega Prezident qaroriga amal qilinmadi?”, “Prezident qarori nega bajarilmayapti?”, “Nizom kodeksdan ustunmi?”, “Komilovning xati hukumat qaroridan ustunmi?”, “Nega shunday?”, “Shu rostmi?”. Sarlavhalar nima haqida so‘zlayapti?!

 

Xalqimizda “Basharang qiyshiq bo‘lsa, oynadan o‘pkalama” degan naql bor. Aft-angorimizni chang bosgan bo‘lsa, tiniq ko‘zgu – matbuotda nima ayb?! Dasti daroz, xudbin amaldorlar yuzdagi g‘uborlarni yuvadigan qo‘lini qo‘li kalta qalamkashning yoqasiga uzatib nima topadi?.. “Yomonning kuchi yapaloqqa yetibdi”, degan xalq qanday dono, a?!

 

Nurillo Noʻmonov “Tengsizlik teoremasi” maqolasida Prezident ta’lim muassasalari agentligi tomonidan hududlarda tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan maktablarning aksariyatida yotoqxona yo‘qligi, maktab-internatlar soni keskin kamayib ketgani ortidan chekka qishloqda yashovchi kambag‘al oilaning iqtidorli farzandi o‘zi yashayotgan tuman yoki qo‘shni tumandagi ixtisoslashtirilgan maktabga qatnab o‘qishga sharoit topolmasligi adolatsizlik emasmi, deya savol qo‘yadi ( “Ishonch”, 2022-yil 100-son). Muxbirning yangi muassasalardagi hozirgi vaziyat tabaqalashishning dastlabki, sodda ko‘rinishi emasmikan, degan mulohazasi juda o‘rinli.

 

Tahririyatga Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari D.Kenjayev imzosi bilan xat keladi. Xatda maqolada ko‘tarilgan muammolarga aniq javob berilmasdan, balki “ta’lim sohasini rivojlantirishga qaratilgan taklif va mulohazalar agentlik tomonidan ijobiy qabul qilinishini ma’lum qilamiz”, deya ma’lumot berilgan.

 

Gazetaning 2022-yil 2-dekabr sonida Shohrux Rahimovning “Soatli bomba” maqolasi chop etilgan. Orkash muxbir televideniyening daromad manbai bo‘lgan, ammo oila davrasida ko‘rib bo‘lmaydigan reklamalarga qachongacha toqat qilish mumkin, deydi. Maqolada milliy, diniy qadriyatlarimizga zid reklama jamiyat markaziga qo‘yilgan soatli bombaga o‘xshatilgan. “Unutmaylik, qachondir u portlaydi. Oqibati esa juda og‘ir bo‘ladi”, deya ogohlikka chaqiradi hamkasbimiz.

 

Maqola yuzasidan Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari D.Saidjonov tahririyatga sip-silliq javob yo‘llaydi. Ularni ham tushunish mumkin. Chunki maqolada nomlari keltirilgan “Orbit”, “Palmolive”, “Relif”, “Kotex Ultra 2020”, “Prostaphytol”, “Escapel” kabi mahsulotlar reklamasini to‘xtatib qo‘yishga Agentlikning qo‘li kaltalik qiladi. Ishonmasangiz, kechqurun televizorni yoqing. “Soatli bomba” ishlayapti.

 

Zuhriddin Isomiddinovning dori-darmon biznesi va reklamasi haqidagi mulohazalari – “Nahanglar oviga monand” maqolasini olaylik (“Ishonch”, 2022-yil, 46-son). Muallifning kuyunishlari ham qumga singan suvday beiz ketdi. Yo‘qlikka yuz tutgan maqolalariga yuragi achigan tahririyat 2022-yilda 236 ta tanqidiy materialni ko‘rib chiqib, munosabat bildirish uchun tegishli hokimlik, vazirlik va tashkilotlarga yuborgani, qator tashkilotlar mas’uliyatni his etgan holda o‘z vaqtida munosabat bildirgani, lekin ulardan yarmidan ko‘prog‘i, ya’ni 119 tasi javobsiz qoldirilgani haqida yozadi (“Matbuotga munosabat shumi?”, “Ishonch”, 2023-yil, 9-son).

 

“Ma’rifat” gazetasida bosh muharrir Husan Karvonlining “Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov diqqatiga” rukni ostida “Denov shaxmat maktabini tiriltiring” sarlavhali maqolasi e’lon qilingan (2022-yil 6-iyul). Hamkasbimiz shaxmatga e’tibor mamlakatimizda yildan-yilga kuchayib borayotgan bir paytda Denovda kundan kunga pasayib borayotganiga kuyunadi. Muallif ta’kidiga ko‘ra, “Denov shaxmat maktabi qayd etayotgan natijalari bo‘yicha uncha-muncha viloyatni ortda qoldiradi, desak aslo mubolag‘a emas!”

 

Surxondaryo viloyat hokimi T.Bobolov jurnalist hasratini ko‘rmamish, eshitmamish bo‘ladi. Viloyat rahbari “Ma’rifat”ga, mamlakat chempioni bo‘lgan denovlik shaxmatchilar hayotiga qiziqqanida tahririyatga ikki enlik xat bitgan bo‘lardi. Maqolaga Denov tumani hokimligi mujmal javob bergan.

 

Matbuotga bepisand zamonda jurnalist bo‘lish – o‘tish davrida yashagandan ham og‘ir. El-yurt dardi bilan yashaydigan ijodkor uchun yozgan maqolasiga e’tibor qaratadigan rahbarga duch kelish – bayram.

 

“XXI asr” gazetasining 26-sonida jurnalist Xolnisa Rahmonqulovaning “Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev diqqatiga!” ruknida “Zafarobodda unutilgan mahalla bor...” sarlavhali maqolasi chop etilgan. Muammolar botqog‘iga botgan “Yorqin” shaharcha fuqarolar yig‘ini hududidagi mahallalar ahvolini tasavvur etgan odamning ruhi tushadi. Yo‘l, chiroq, gaz, suv muammo bo‘lgan bu hududda ham yangi O‘zbekiston fuqarolari, ertangi kunga ishonch bilan qarayotgan yurtdoshlarimiz yashayapti, axir! Maqolaga Zafarobod tuman hokimligi Axborot xizmati munosabat bildirib, ko‘rsatilgan kamchiliklar tuzatilayotgan jarayondan foto-suratlar yuboradi.

 

“XXI asr” gazetasining 2022-yil 25-mart sonida “Boshdarxondagi boshboshdoqlik qachon yechim topadi?” sarlavhali tanqidiy maqola e’lon qilinadi. Sirkasi suv ko‘tarmaydigan Samarqand viloyati ekologiya boshqarmasi va Oqdaryo tumani ekologiya inspeksiyasi mas’ullari Boshdarxon xalqini va tahririyatni bir o‘tirik bilan aldab qo‘yishadi. Gazeta 18-sonda “Soxta hujjat bilan xalqni aldamang!” deya Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomurodovga murojaat etadi. Tahririyat Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Erkin Salixov murojaatiga yolg‘on ma’lumot bergan samarqandlik ekologlarning zararli zavodni oppoqqa chiqarishdan nima manfaati bor ekan, deya boshi qotadi. Xayriyat, Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati tahririyatga javob yo‘llab, maqoladagi holatlar tasdiqlangani, “Yunusjon ahli” MCHJ faoliyati bo‘yicha hujjatlar to‘planib, sudga da’vo arizasi kiritilgani ma’lum qilinadi.

 

“XXI asr” gazetasining 2022-yil 42-sonida Transport vaziri, “Uzbekistan airways” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ilhom Mahkamovga “...Arz etayin emdi yozib nomalar” sarlavhali ochiq xat yo‘llangan. Chipta uchun belgilangan narxlar inson manfaatini ko‘zlaydimi yoxud korporativ manfaatni, deya savol qo‘yiladi. Maqola e’lon qilingandan qirq kun o‘tib kelgan javobda barcha savollar, falon pulga olingan chiptaning umuman qaytarib olinmasligi qonunchilikka qanchalik mos tushishi haqidagi so‘rov ham ochiq qoladi. Gazeta 50-sonda Ozod Rajabov muallifligida “Tili bilan suyar, dili bilan so‘yar yoxud atayin ochiq qoldirilgan savollar, qonunlarga oshkora bepisandlik va aviakompaniyaning “otpiska”chilik “mahorati” xususida” degan ikkinchi maqolani chop etadi. Maqolada “Uzbekistan airways” rahbarlari ochiq xat muallifini yolg‘onchiga chiqarishga urinishgani haqida ham yozilgan.

 

Endi ba’zi bir takliflarni aytib o‘tsam. Bugun nima haqda, qaysi mavzuda tahliliy maqolalarga ehtiyoj suv va havoday zarur? Biz bugun nima haqida yozmay qo‘ydik? Nega yozmayapmiz? Mafkura, oila haqida, yoshlar, ayniqsa, qiz-juvonlarning tobora chalasavod bo‘lib borayotgani haqida kam yozayotganimiz o‘tgan asr boshidagi jadid matbuotidan orqada ekanimizni ko‘rsatadi. Ichki tahdidlar – ong-tafakkurdagi mudroqlik, loqaydlik haqida yozmayotganimiz o‘tgan asr oxiridagi matbuotga bo‘ylasholmayotganimizni bildiradi.

 

O‘zbek tilini asrash, unga hurmat ko‘rsatish haqida ko‘p yozildi, ammo... So‘nggi uch yildagi voqealar ketma-ketligini bir eslaylik: davlat tilini mamlakat miqyosida bir martagina katta bayram qilgan edik, “ikki boshli burgut” qo‘rqinchli qiyqirdi. Tahdidni ko‘rib, tahlikaga tushdik. Keyingi yillar bu sanani tor doirada, quloqqa shivirlash bilan nishonlashga o‘tdik. “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun borligi ham esimizdan chiqib ketdi. 2021-yil 27-aprel kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘ldi. Kun tartibiga qo‘yilgan “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining “Davlat idoralariga murojaatlar davlat tilida bo‘lsin, boshqa tilda bo‘lsa davlat tiliga tarjimasi ilova qilinsin, javoblar davlat tilida bo‘lsin”, degan 12-moddasi “Ayiq” jazavasidan qo‘rqqan aksar deputatlarimiz tomonidan ma’qullanmadi. Shuytib, davlat tili va unda so‘zlashuvchi egni qisiq xalq yuziga navbatdagi tarsaki tushirildi...

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan 2019-yilda tashkil etilgan Davlat tilini rivojlantirish departamentining taqdiri 2022-yil oxiridagi ma’muriy islohotlardan so‘ng muallaq qolmoqda. Jonsarak jurnalist Fozil Farhod yozganidek, bizni aslo kechirma, tilim! Babenkolar bilan og‘izbirchilik bor ekan, kun ko‘rmasliging ko‘rinib qoldi (“Ma’rifat”, 2022-yil 10-avgust).

 

Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi siyosiy, madaniy, iqtisodiy integrasiya haqida deyarli yozilmaydi. Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo bo‘lganimiz bahonasida Turkiy olam birligi, istiqboli haqida tahliliy maqolalarga ehtiyoj katta. Bizning birlashishimizga tish-tirnog‘i bilan qarshi davlatlar matbuotida, rasmiy axborot saytlari va siyosatchilar kanallarida bu mavzular o‘rganilmoqda.

 

Jizzaxda qurilishi rejalangan AES haqida keng qamrovli, tahliliy maqolalar yozilmagani uchun xalq orasida “dedi-dedi” gap ko‘p. Prezidentning 16-yanvarda o‘tkazgan majlisi – energetik kollaps tahlilini qayerda o‘qishimiz mumkin?..

 

Publitsistika, bu – kurash. Publitsistika, bu – xalq minbari. Davlat, jamiyat muammosiz bo‘ladimi? Oila muammosiz bo‘lishi mumkinmi? “Muammoni gapirma...” deyish bu bandai ojizning “kamina insoniy illatlardan pok...” deya da’vo qilishiga o‘xshaydi. “Hurriyat” gazetasining 46-sonida Hakim Sattoriyning “Publitsistika – jangovar janr nega “yo‘lbars terisini yopingan” qo‘zichoq holiga tushib qoldi” degan tahliliy maqolasini berib savob ishga qo‘l urgan. Yozuvchi og‘amiz publitsistikaga bepisandlik sho‘rolar davridan boshlanganini dalillaydi: “Agar o‘zbek adabiyotida qatag‘on qilingan shoirlardek layoqatli publitsistlar bo‘lganda millatning taqdiri ham, adabiyotning qiyofasi ham boshqacha bo‘lardi. Publitsistika – so‘z san’atining qudratini insoniyat baxt-u iqboliga yo‘naltira oladigan hayotiy janr. Unda she’riyatga xos nafosat, nasrga xos ko‘lamdorlik, dramaturgiyaga xos shiddat bor”.

 

Hakim Sattoriyning jabrdiyda janr bo‘lib qolayotgan publitsistika haqidagi ushbu tadqiqot-maqolasini jurnalist kadrlar tayyorlovchi barcha oliy ta’lim muassalariga tavsiya etish mumkin.

 

Jadidlar matbuotni bosh islohotchi, umum darsxona, millat tili, millat oyinasi deb atagan edi. Bu aqidaga qarshi sho‘ro hukumati bir umr kurashdi, istiqlol davrida ham unga yovqarash qilib o‘tyapmiz. Matbuotning islohotchilik rolini nazar-pisand etmaganimiz oqibatida hatto maishiy muammolar oldida ham esankirab yotibmiz. “Matbuot – olabo‘ji” degan qarash kimdan meros qoldi – hayronmiz.

 

Ijtimoiy tarmoqlar yong‘in o‘chirish xizmati vazifasini zo‘r uddalayapti. Jamiyatga esa muammolar maddalab ketmasidan burun diqqat qaratadigan, chin ma’nodagi tahliliy jurnalistika ham kerak.

 

Jurnalistlarimiz mavzuning dolzarbligi, hayotiyligiga mos xalq maqollari, ertak va matallari, qo‘shiq va dostonlarimizdagi o‘xshatish, tasvir, kinoyalardan unumli foydalanishi lozim. “Publitsistika” so‘zining o‘zagi “publikus” – omma ekan, demak, muayyan xalqning jon tomiri, tarixi, qadriyatlari, dini, an’ana va urf-odatlariga asoslansa, nihoyatda qiziq, jozibali chiqadi, o‘quvchini maftun etib, bir umr xotirasida saqlanib qoladi. Bu omillar o‘z-o‘zidan publitsistik asarning ifoda, uslubiy o‘ziga xosligini ko‘rsatadi, eng muhimi, ona tilimizning go‘zalligini, jozibasini namoyon etadi.

 

Publitsistlarimiz intellektual imkoniyatlari, ijodiy salohiyatini oshirishga jiddiy qarashi lozim. Nega o‘tgan asrda dovruq qozongan, bizning kunlarda “taloq” qilingan felyetonni qo‘msaymiz. Abdulla Qodiriy yozgan felyetonlar besh yil burun e’lon qilingan ayrim hikoyalarimizga qaraganda jozibador.

 

Matbuot – jamiyat ko‘zgusi. Jamiyat qanday bo‘lsa matbuot ham shunday bo‘ladi yoki aksincha. Fidoyi jurnalistlar bir ota-onaning bolalariday gap. Kuyunchak qalamkash bitgan maqolasi uchun rahmat o‘rniga tahqirlansa, davlat ishlariga o‘rinsiz aralashish deb baholansa – urdi Xudo! Bunday jamiyatning kelajagi bo‘lmaydi. Matbuot fidoyilarining ojiz banda o‘laroq bir orzusi bor. Qani edi, gazeta-jurnaldagi tanqidiy materialga bepisand munosabatda bo‘lgan vazir yoki hokim Prezident farmoni bilan vazifasidan ozod etilsa!

 

Bir olimdan “Xalqimizning psixologik portreti qanaqa?” deya so‘raganimda, u menga siniq jilmayib, “Biz boshqarilishga moyil xalqmiz...” degan edi. Shundan beri ko‘nglimda “Boshqaruvchi xalqlar asli obi gil emasmikan”, degan ishtiboh bor. “Tepa”ga qarab turishimiz bejiz emas ekan. Matbuotni o‘gaylash siyosatini “tepa”ning o‘zi o‘nglasin-da, ishqilib.

 

Olim TOSHBOYEV

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist,

filologiya fanlari nomzodi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

17:03 / 28.03.2024 0 145
Ideali hurriyat bo‘lgan Shaxs

Tarix

16:03 / 28.03.2024 0 28
Frederik Starr: Yevropani uygʻotgan olimlar

Vatandosh

11:03 / 27.03.2024 0 684
Azizaning qora va oq tuflilari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15375
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi