Ko‘zingiz, belingiz, oyog‘ingiz, qorningiz og‘risa ham bitta dori – diniy bloger va shifokorlar bizni aldashyaptimi?


Saqlash
12:02 / 21.02.2023 1156 0

Telekanallarda reklamalari doimiy uzatilgan dori vositasi Samarqandda 20 ga yaqin bolaning umriga zomin bo‘lganidan so‘ng bu sohadagi muammolar birma-bir bartaraf etilsa kerak, deb o‘ylagandim. Dori-darmon mavzusi bir muddat jamoatchilik e’tiborida bo‘ldi va katta shov-shuvga aylandi. Butun boshli tizim birma-bir elakdan o‘tkazilishi kutildi, tanqid haminqadar samara berdi ham. O‘sha kompaniyaga tegishli barcha tibbiy vositalar sotuvdan yo‘qotildi. Lekin bu aysbergning uchi edi, xolos.

 

Dori vositalari o‘z yo‘liga, “ming dardga davo” deb pullanayotgan biologik faol qo‘shimchalar savdosi bir chetda gurkirab rivojlanmoqda. Jamoatchilik faollari, tibbiyot xodimlari bong ursa-da, insonlar taqdiri, salomatligi bilan bog‘liq salbiy jarayon to‘liq nazoratga olinmayapti. Mazkur mahsulotlar reklamalarida davolovchi dori vositasi sifatida talqin etilmoqda. Achinarlisi,  BFQni qo‘llash  natijasida odamlar shifo topgani, sog‘ligi yaxshilanganligi haqidagi havolalar berilmoqda.

 

2022-yil 8-sentyabrdan yangi tahrirda kuchga kirgan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning  35-moddasi bilan ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasining tartiblari belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra BFQlar dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega, degan taassurotni uyg‘otmasligi lozim. Ularni qo‘llash natijasida odamlar davolanganiga, ahvoli yaxshilanganiga doir muayyan hollarga havolalarni, jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorlik izhorlarini o‘z ichiga olmasligi, sog‘lom ovqatlanishni rad etishga undamasligi shart.

 

Shuningdek, ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalarining tadqiqotlar o‘tkazilganligi, davlat ro‘yxatiga olinganligi to‘g‘risidagi faktlarga havolalar qilish, boshqa tadqiqotlar natijalaridan ularni qo‘llash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri tavsiya shaklida foydalanish orqali dori vositalariga nisbatan afzalliklari haqidagi taassurotni yuzaga keltirmasligi ham qonunda alohida qayd etilgan.

 

Voyaga yetmaganlar olishi yoki iste’mol qilishi taqiqlangan ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasida bolalar tasviridan foydalanilmaslik, ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasi har bir holda reklama obyekti dori vositasi emasligi to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerak. Qolaversa, ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasi bo‘yicha rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazish ham taqiqlandi.

 

Xo‘sh, ushbu qonunning amaldagi ijrosi qanday? O‘rganishlarga ko‘ra, aksar tadbirkorlar mahsulotlarini hamon eski uslubda reklama qilishyapti. Eng qizig‘i, bu kabi qonunbuzilishlar internetda ochiq-oshkora davom etmoqda. Ayniqsa, biofaol qo‘shimchalar reklamasi ijtimoiy tarmoqda avj olmoqda.

 

Masalan, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida yashovchi hamyurtimiz “Avicenna’s LAB” kompaniyadan BFQ sotib olgan. Mazkur mahsulot “moʻjizaviy” shifobaxsh xususiyatlarga ega bo‘lib, 3 oy doimiy qo‘llash bemorning ahvolini yaxshilaydi, deb reklama qilingan. Lekin iste’molchi 8 oy davomida ijobiy ta’sirini sezmagan.

 

Yana bir hol. Ayrim “tadbirkor”lar mahsulotlari reklamasini hamon rus tilida berishmoqda. Yangilangan “Reklama tili” bandiga ko‘ra, avvalgidek, ro‘yxatdan o‘tgan tovar belgilari va xizmat ko‘rsatish belgilari hamda logotiplar asl tilda ko‘rsatilishi mumkin. Reklamaning o‘zi esa davlat tilida tarqatilishi shart.

 

To‘g‘ri, bu tartib reklamani davlat tilida joylashtirish va uning mazmunini tarjima qilish talabiga ko‘ra materiallarni faqat chet tillarda beradigan axborot veb-saytlariga tatbiq etilmasligi mumkin. Ammo sahifalardagi reklama matnlari ayni qoidaga mos kelmaydi. Chunki biz o‘rgangan kompaniyalar veb-sayt va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari o‘zbek va rus tillarida ish olib borishini ko‘rish mumkin.

 

Narxlarni (tariflarni) chet el valyutasida ko‘rsatish ham taqiqlangan holda “Ximalava” mahsuloti narxi AQSH dollarida ko‘rsatilgan. Reklama to‘g‘risidagi qonunda yana bir punkt mavjud. Dori vositalari taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi ko‘rinishi shifokorga o‘xshash insonlar orqali targ‘ib qilinishi mumkin emas, ammo amalda bundan beshbattar ekaniga ishonasizmi? Mashhur diniy imomlar, shifokorlar, taniqli teleboshlovchilar, aktyor va aktrisalar hech bir qarshiliksiz reklama “yuzi” vazifasini bajarishmoqda.

 

“Alsafiya” kompaniyasi tomonidan tavsiya etilayotgan “Honeymoon” asal mahsuloti va “Media grup” E-33 biologik faol qo‘shimchasi ham qonunning xuddi shu bandiga zid reklama qilinyapti. E-33 mahsulotini 43 yillik tajribaga ega Murod To‘xtasinov va Ulug‘bek Yo‘ldoshev ismli tibbiyot xodimlari, “Honeymoon”ni esa diniy ulamolar, sport sharhlovchilari, soha mutaxassislari ham reklama qilayotganini qanday tushunish mumkin?

 

“Alsafiya” kompaniyasi mutaxassisi Kamola Badalovaning ta’kidlashicha, mahsulot davo bo‘lmaydigan biror dard yo‘q. Erkaklar va ayollarda uchraydigan barcha kasalliklarni batamom tuzatib yuborar ekan. Afsuski, ushbu mahsulotlarning “aravani quruq opqochish” targ‘iboti hamon davom etmoqda. Masalan, E-33 ni yetkazib beruvchilar endi “Sidr shifo”, “Kozalak ma’juni” kabi biofaol qo‘shimchalarni ming dardga davo, deb tavsiya etishmoqda.

 

Yaqinda bir telegram-guruhga kirib qoldim: NWORK – qora sedana korporasiyasi tavsiya etayotgan mahsulotlar. Oliy toifali vrach, neyroxirurg Abduholiq Xudoyqulov qora sedana mahsulotlari haqida tashkil etgan trening xabarini ko‘rib, shahar bedarvoza bo‘lsa-ya, degan xayolga bordim.

 

Agar shu rost bo‘lsa, Sog‘liqni saqlash vazirligi nega dori vositalaridan voz kechib,  bemorlarga mazkur mahsulotni tavsiya etmaydi? Chunki ular dori vositasi emas, biologik faol qo‘shimcha hisoblanadi.

 

Ha-ya, o‘rni kelganda aytib o‘tish lozim, ancha-muncha taniqli ulamolar, tibbiyot xodimlari og‘zidan bol tomib maqtayotgan “Honeymoon” mahsuloti O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tmagan. Surishtirilsa, biologik faol qo‘shimchalarning aksari davo emas, pul keltiradi, unda ham albatta sotuvchiga. Bu ish bilan shug‘ullanayotganlar yopiq telegram-guruhlarda bot-bot ta’kidlashganidek, ular uchun sizning, bizning salomatligimiz muhim emas. Shunchaki tarmoqli biznes – yaxshi daromad manbai.

 

Xayrullo ABDURAHMONOV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

17:03 / 28.03.2024 0 173
Ideali hurriyat bo‘lgan Shaxs

Tarix

16:03 / 28.03.2024 0 39
Frederik Starr: Yevropani uygʻotgan olimlar

Vatandosh

11:03 / 27.03.2024 0 697
Azizaning qora va oq tuflilari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15383
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi