Soʻnggi 100 yillikning eng dahshatli zilzilalari


Saqlash
16:36 / 21.02.2023 1736 0

Dunyoning turli nuqtalarida tez-tez zilzilalar sodir boʻladi. Maʼlumotlarga koʻra, oxirgi 100 yil ichida zararli oqibatlarsiz oʻtadigan kam magnitudali zilzilalar bilan bir qatorda insoniyat 7 va undan yuqori magnitudali 2000 ga yaqin kuchli zilzilalarga ham duch kelgan. Xoʻsh, zamonaviy tarixda insoniyat qanday dahshatli zilzilalarni boshidan kechirdi? Oyina.uz mazkur mavzuga toʻxtaldi.

 

Xitoy (1920-yil)

 

 

Oʻsha yillarda Gansu provinsiyasi tarkibiga kirgan Xitoyning Xayyuan hududida 1920-yil 16-dekabrda sodir boʻlgan zilzila 270 mingga yaqin odamning hayotiga zomin boʻldi. Yer plitalarining harakati koʻplab yoriqlar va koʻchkilarni keltirib chiqardi. Zarbalar kuchi 7,8 ball va undan yuqorini qayd etgan. Birinchi kuchli zarbadan keyin yana va yana kuchlilari sodir boʻldi, ular shunchalik qudratli ediki, katta vayronagarchilik 3,8 ming kvadrat kilometrni qamrab oldi. Ushbu zilziladan kelib chiqqan seysmik tebranishlar 4 million kvadrat kilometrdan ortiq maydonda sezilgan.

 

Mazkur tabiiy ofat oqibatida eng koʻp jabr koʻrgan hududlar Xitoyning markaziy Gansu va Shensi provinsiyalari edi. Eng achinarlisi esa, 20 mingdan ortiq odam zilziladan keyingi sovuqdan vafot etgan, chunki ular uylarini yoʻqotgandi. Ofat natijasida yuzaga kelgan koʻchki butun Suszyaxe qishlogʻining yoʻq boʻlishiga sabab boʻldi. Mazkur zilzila tarixdagi eng halokatli zilzila deb tan olingan.

 

 

Afsuski, oradan koʻp oʻtmay, yaʼni 1976-yil 28-iyulda Xitoyda yana qurbonlar va vayronagarchiliklar soni boʻyicha katta miqyosdagi zilzila sodir boʻldi. Norasmiy maʼlumotlarga koʻra, oʻsha paytda 655 mingdan ortiq odam vafot etgan. Yer silkinishining magnitudasi 7,8 ballni tashkil etgan va birinchi silkinishning oʻzida barcha binolarning 90 foizi vayron boʻlgan.

 

Fojia kechasi, hamma uxlab yotganda sodir boʻldi. Shu bois ham qurbonlar koʻp edi. Tabiiy ofat 1-avgustgacha davom etdi hamda hisob-kitobga koʻra, umumiy soni 130 taga yaqin tebranish yuz bergani taxmin qilinadi.

 

Zilzila natijasida shahar yer bilan tekislandi, butun bir kasalxona va hatto yoʻlovchi poyezdi ulkan yoriqlarga kirib ketdi. Bunday yoriqlar hozirgacha ayrim hududlarda saqlanib qolgan. Mazkur tabiiy falokat XX asrning eng katta ofatlaridan biri boʻlgan. 

 

Yaponiya (1923-yil)

 

 

1923-yil 1-sentyabrda Yaponiyada sodir boʻlgan zilzila magnitudasi 8,3 ballni tashkil etgan va bu falokat Tokio hamda Yokogamani deyarli vayron qilgan. Zilzila epitsentri Tokiodan 90 km uzoqlikda joylashgan. Tabiiy ofat 174 ming kishining hayotiga zomin boʻldi, shuningdek, 524 ming kishi bedarak yoʻqoldi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 4 millionga yaqin odam jabrlangan.

 

Yokogamada shahar binolarining 25 foizi deyarli qulab tushgan. Ustiga ustak, zilzila vaqtida yongʻin boshlanib, kuchli shamol tufayli tezda atrofga yoyilgan.

 

Tokioda kam sonli binolar qulab tushgan, ammo tez tarqalayotgan yongʻin bu shaharga ham jiddiy zarar keltirgan. Natijada shaharning deyarli yarmi yongʻin va yer silkinishidan vayron boʻlgan.

 

Yaponiyada bu zilzila eng dahshatlisi deya baholanadi.

 

Ashxobod (1948-yil)

 

 

1948-yil 4-6-oktyabr kunlari Ashxobodda 7,3 magnitudali zilzila sodir boʻldi. Zilzila oʻchogʻi shaharning ostida 18 kilometr chuqurlikda joylashgan. Yer silkinishidan Eronning qoʻshni viloyatlari va shaharlari ham jabr koʻrdi. Ushbu falokat qurbonlari soni aniq maʼlum emas. Turli taxminlarga koʻra, Ashxobod va unga yaqin hududlarda 110 dan 170 minggacha odam halok boʻlgan.

 

Zilzila shaharni yer yuzidan deyarli yoʻq qilib yuborgan. Faqat bir nechta binolar qoldi, xolos. Omon qolgan aholi 120 ta harbiy va fuqarolik samolyotlari yordamida evakuatsiya qilingan. Agar zilzila kunduz kuni boshlanganida qurbonlar soni kamroq boʻlishi mumkin edi. Ammo bunday boʻlmadi. Yer silkinishi boshlanganida yarim tun edi. Bu vaqtda shahar aholisining aksariyati uyquda boʻlgan va nima yuz berganini anglashga ulgurmay, vayronalar ostida qolishgan. 

 

Chili (1960-yil)

 

 

Insoniyat tarixidagi eng kuchli zilzilalardan yana biri 1960-yil 22-mayda Chilida yuz berdi. Uning magnitudasi 9,5 ball boʻlib, yer silkinishlari 200 ming kvadrat kilometr maydonda sezilgan. Bundan tashqari, zilzila Yaponiya va Filippin qirgʻoqlariga yetib borib, 10 metrli toʻlqin sunamiga sabab boʻlgan.

 

Biroq ushbu yer silkinishida qurbonlar soni boshqa shunga oʻxshash ofatlarga qaraganda ancha kam edi. Yaʼni zilzila oqibatida 6 mingga yaqin odam halok boʻldi. Buni qarangki, qurbonlarning aksariyati zilzila sabab emas, u keltirib chiqargan sunami oqibatida hayotdan koʻz yumishgan. 

 

Spitak (1988-yil)

 

 

1988-yil 7-dekabrda Armanistonning Spitak shahrida yuz bergan tabiiy ofat 25 ming kishining hayotiga zomin boʻldi. Zilzila oqibatlari Armaniston hududining deyarli 40 foizini qamrab oldi, 140 ming kishi jarohatlandi va nogiron boʻlib qoldi, 514 ming kishi boshpanasiz qoldi.

 

Spitak 6,8 magnitudali zilzila epitsentrida boʻlgan. Yer silkinishi natijasida shahar atrofidagi 58 qishloq butunlay vayron boʻlgan. Ketma-ket silkinishlar 321 ta shahar va aholi punktiga taʼsir koʻrsatdi.

 

Indoneziya (2004-yil)

 

 

2004-yil 26-dekabrda Hind okeanidagi Sumatra oroli yaqinida sodir boʻlgan zilzila 300 mingga yaqin odamning hayotiga zomin boʻldi. Asosiy zarar seysmik faollik natijasida yuzaga kelgan sunamidan kelib chiqqan. Zilzila magnitudasi 9,1 dan 9,3 gacha boʻlgan va sunami toʻlqinlari 14 davlat qirgʻoqlariga yetib borgan. Natijada balandligi 20 metrdan oshgan toʻlqinlar qayd etilgan.

 

Sunami shu qadar kuchli ediki, toʻlqin zilzila markazidan 6,9 ming km uzoqlikda joylashgan Janubiy Afrika qirgʻoqlariga ham yetib borgan. Bu kuzatuvlar tarixidagi eng kuchli uchta zilziladan biridir.

 

Gaiti (2010-yil)

 

 

2010-yil 12-yanvarda Gaiti Respublikasidagi zilzila bir nechta silkinishlar bilan sodir boʻldi. Birinchisining kuchi 7 ballni tashkil etdi. Keyingi 15 marta takroriy silkinishlar esa 5 balldan yuqori boʻlgan. Ushbu tabiiy ofat 222 mingdan ortiq odamni hayotdan olib ketgan boʻlsa, 311 mingdan ortiq kishi jarohat olgan. 869 nafar jabrdiyda esa bedarak yoʻqolgan. Zilzila epitsentri Port-o-Prens shahri boʻlib, poytaxtdan 22 km uzoqlikda, 13 km chuqurlikda joylashgan.

 

Tabiiy ofat natijasida minglab turarjoy binolari, shifoxonalar, ofis binolari vayron boʻlgan, 3 millionga yaqin odam boshpanasiz qolgan.

 

Turkiya va Suriya (2023-yil)

 

 

2023-yilning 6-fevralida Turkiyada 1939-yildan beri eng kuchli 7,8 magnitudali zilzila sodir boʻldi. Mamlakat prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan 7 kunlik motam eʼlon qildi. Bu zilzila bir necha yer silkinishlari bilan namoyon boʻldi. Shu kungacha qurbonlar soni 41 mingdan oshdi. Qoʻshni Suriyada esa 8,5 ming kishi oʻlimi qayd etilgan. Raqamlar soni kundan-kun oshib bormoqda.

 

 

Yer silkinishlari Suriya, Livan, Kipr, Gruziyada sezilgan. Italiya esa sunami xavfi haqida ogohlantirdi.

 

* Oʻzbekiston tarixidagi eng dahshatli zilzila

 

 

Oʻzbekiston tarixida ham zilzilalar qayd etilgan. Ularning eng dahshatlisi esa 1966-yilgi Toshkent zilzilasi hisoblanadi. U 1966-yil 26-aprel kuni ertalab soat 5:23 da Toshkent markazida sodir boʻlgan. Zilzila natijasida poytaxt markazi deyarli vayron boʻlgan.

 

Xususan, 2 million kvadrat metrdan ortiq turarjoy maydoni, 236 ta maʼmuriy bino, 700 ga yaqin savdo va umumiy ovqatlanish obyekti, 26 ta kommunal xoʻjalik, 181 ta taʼlim muassasasi, 36 ta madaniyat muassasasi, 185 ta tibbiyot va 245 ta ishlab chiqarish binolari vayronaga aylangan, 1,5 million aholining 78 ming oila yoki 300 mingdan ortiq kishi boshpanasiz qolgan.

 

Shahnoza TOʻRAMURODOVA,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23625
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//