Ko‘zbo‘yamachilikning cheki bormi, deya g‘azabnok tikilgan qora ko‘zlarni matbuot yupata oladimi? – 2022-yil publitsistikasi haqida ayrim mulohazalar


Saqlash
21:02 / 20.02.2023 1267 0

1-maqola

 

17-fevral kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Badiiy publitsistika kengashining yillik hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda o‘tgan yili chiqqan badiiy publitsistik kitoblar, matbuot va internet materiallari muhokama qilindi. Filologiya fanlari nomzodi Olim Toshboyev respublikamizning bir necha gazetalarida nashr etilgan maqolalarni tahlilga tortdi. Quyida ushbu ma’ruzani ayrim juz’iy qisqartirishlar bilan e’tiboringizga havola etyapmiz.

 

Matbuot nashrlari kun sayin hukumat va jamoatchilik e’tiboridan chetda qolayotgan bir davrda publitsistikaning muhimligi haqida ma’ruza qilish erish tuyulmasmikan? “Chekingga tushsa, chekchayma”, deydi xalqimiz. Men ko‘rgan o‘nta gazeta 2022-yilda ko‘proq quyidagi mavzularga e’tibor qaratdi:

a) Qonunlar, Prezidentning farmon va qarorlari ijro etilmayotgani;

b) Poytaxt ekomanzarasining buzilgani;

v) Respublikamizdagi yo‘llarning ahvoli va yo‘llardagi baxtsiz hodisalar;

g) Mamlakatda qishga tayyorgarlikning qoniqarsizligi;

d) Ta’lim va muallimga e’tibor;

ye) Gazetalar va tanqidiy maqolalarga munosabat.

 

Avvalambor, bugungi kunda eng dolzarb mavzularni dadil ko‘tarib chiqayotgan bosh muharrirlar Norqobil Jalilov, Husan Ermatov, Husniddin Berdiyev, Husan Nishonov, Hamza Abdullayev, Abdurasul Jumaqulov, Mirodil Abdurahmonovga minnatdorlik bildirmoqchiman. Shuningdek, o‘tgan yili samarali ijod qilgan barcha hamkasblarga kelgusida ham g‘ayrat tilayman.

 

Qon yutayotgan qonunlar

 

“Yoshlar ovozi” gazetasining 8-oktabr sonida berilgan Shahribonu Rahmatova, Behruz Rajabovning “O‘zbekistonda qonunlar ishlaydimi? Yoxud Toshkent ko‘chalaridagi reklama yozuvlariga nazar” maqolasida 2022-yil 7-iyunda qabul qilingan va 7-sentabrdan kuchga kirgan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunda reklama davlat tilida berilish shart deyilgan bo‘lsa ham, bu norma amalda ishlamayotgani haqida so‘z yuritiladi. Mazkur gazetaning 26-oktabr sonida chop etilgan Shaxruza Sattorovaning “Qog‘ozda bor, amalda yo‘q qonunlar: imkoniyati cheklanganlar ko‘chalarga sig‘mayaptimi?” maqolasida nogironlar va imkoniyati cheklanganlar ko‘chada harakatlanishi uchun deyarli sharoit yo‘qligi haqida yozilgan: “O‘zbekistonda nogiron insonlar 760 ming nafarga yaqin. Toshkent shahrining o‘zida 45 ming nafar imkoniyati cheklangan inson bor, norasman esa 70 mingdan ko‘proq. Lekin ko‘chalarda imkoniyati cheklangan insonlarni deyarli uchratmaymiz. Go‘yoki ular uyga “qamalib olgan”. Aslida esa ko‘chada harakatlanish uchun ularga yetarlicha sharoit yaratilmagan, oddiy dorixonaga ham kirolmaydi”. Shaxruzaning “Ko‘chada qolayotgan “kelajak” maqolasida respublika bo‘yicha 149 ming talaba yotoqxonaga muhtojligini ta’kidlab, mazkur muammoga Prezident e’tibor qaratgani, ammo davlat rahbarining talabalar yotoqxonalarini qurish bo‘yicha bergan topshirig‘i amalda deyarli bajarilmayotgani aytib o‘tiladi (“Yoshlar ovozi”, 2022-yil 24-avgust). Yana shu muallif qalamiga mansub “Qonunlar buzish uchun yoziladimi?”, (“Yoshlar ovozi”, 2022-yil 23-iyul), “32 yil faqat bayram qildik...(mi?) yoxud “Reklama to‘g‘risida”gi yangi qonun ham ijrosiz, nazoratsiz qonunlardan biri bo‘lib qolaveradimi?” kabi maqolalarida ham qonunlar ijrosidagi loqaydliklar haqida so‘z boradi.

 

“XXI asr” gazetasining 36-sonida Halim Sayidning “Savol juda oddiy: Prezident qarori nega bajarilmayapti?” sarlavhali maqolasini o‘qib, ijro tizimi nega bunchalik izdan chiqqan, degan savolga javob topolmaysiz. Kuyunchak murabbiy Prezidentning 2022-yil 11-maydagi “Xalq ta’limini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, 2022-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari bajarilmayotganiga keskin e’tiroz qiladi: “Prezident qarori ko‘zbo‘yamachilik yoki PR uchun chiqarilmaydi! Davlat rahbari imzolagan hujjatda maktab kutubxonasi fondi uchun mablag‘ ajratish zarurligi uqtirilyapti!!! Kutubxona fondini rivojlantirishga ajratiladigan mablag‘lar esa Sizning shaxsiy mulkingiz emas, janob hokimlar!.. Kerakli mablag‘larni topib, to‘g‘ri yo‘naltirib, xalq ta’limiga oid gazeta-jurnal shaklida shaxsiy nazoratingiz ostida maktablarning g‘arib holga kelib qolgan kutubxonasiga yetkazing! Bu – Prezident topshirig‘i!”

 

Nazarimda, vazirliklar, hokimliklar va turli idoralar O‘zbekiston qonunlari, Prezidentning farmon va qarorlarini bajarmaslik, tinka quritar majlislar o‘tkazish bo‘yicha poyga o‘ynasa kerak.

 

“XXI asr” gazetasi muxbiri Ro‘zimboy Hasanning “Uxlang, oqsoqol, uxlang!” maqolasida yil – o‘n ikki oy majlislar bilan ovora bo‘lib o‘z vazifasini bajarolmay qiynalayotgan mahalla raislarining hasrati aks etgan (18-avgust, 33-son). Tajribali muxbirning ko‘rib-kuzatgani naq komediya! Mana, eshiting: tuman prokurori fermerlarga tomchilatib sug‘orishni o‘rgatadi, qaysidir huquq organidan kelgan xodim fermerlarni yig‘ib, g‘o‘za parvarishini o‘z vaqtida o‘tkazish, agrotexnik tadbirlarda sustkashlikka yo‘l qo‘ymaslik haqida va’z o‘qiydi... Ruhiyatimizdagi qo‘rquv shunchalikki, g‘o‘zaga qarayman deb majlisga bormagan farg‘onalik fermerning 10 sutkaga qamalganini eshitgan boshqa viloyatlardagi fermerlar hokimliklarning majlislar zalida yashashga ham rozi. Muallif kuyunganicha bor: “Prezident majlisbozlikka chek qo‘yish borasida ko‘p bora yuqori minbarlardan aytdi, ayrim majlisboz amaldorlarga tanbeh berdi. Ammo... majlisbozlik davom etmoqda”.

 

Saida Ibodinovaning “Maktab avtobuslari tashkil qilinadimi yoki uch yildan beri ijro etilmayotgan va’da haqida” maqolasi “Oila va tabiat” gazetasining 38-sonida chop etilgan. “Bu haqda 2019-yil 2-noyabr kuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida xalq ta’limi tizimini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda aytib o‘tilgan edi. Xalq ta’limi mutasaddilari davlat rahbarining huzurida mana shunday katta va’da berishgan o‘shanda. Bu xabar e’lon qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalar boshlangan va ko‘pchilik yurtdoshlarimiz bunga ishonmasliklarini ham yashirib o‘tirishmagandi. Mana uch yil vaqt o‘tdi hamki, yurtimizning biror bir hududida maktab avtobuslari tashkil etilgani haqidagi quvonarli xabarga ko‘zimiz tushgani yo‘q. Afsuski, yurtdoshlarimizning taxminlari rost bo‘lib chiqdi”, deb yozadi muallif.

 

Qiziq, davlat rahbari oldida berilgan va’da nima uchun bajarilmaydi? Davlat miqyosida avj olgan yolg‘onchilik, munofiqlik, ko‘zbo‘yamachilikning cheki bormi, deya g‘azabnok tikilgan qora ko‘zlarni matbuot yupata oladimi? Sabr kosasi sarhovuzdan katta bu xalqning kun sayin yo‘qolib borayotgan ishonch-u e’timodini qaytarish chakana gap emas, axir!

 

“Milliy tiklanish” gazetasining 2022-yil 26-sonida Abdug‘affor Omonboyevning “Yashnoboddan chiqqan “napoleon”chilar kim? Yoki nega o‘n yildan beri bir guruh aholining murojaati inobatga olinmayotgani xususida” maqolasini o‘qib, xalqning haqli talabini bosti-bosti qilgan ko‘rinmas qo‘ldan qo‘rqib ketdim. Nega desangiz, 2012-yil 11-may kuni Vazirlar Mahkamasidagi selektor yig‘ilishda Bosh vazir tomonidan respublikadagi 2 596 ta avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari aksariyatining faoliyati qoniqarsiz deya ta’kidlangan. 2012-yil 24-iyulida Toshkent shahri hokimi poytaxtda faoliyat yuritayotgan 14 ta AYOQSHni yopish haqida qaror chiqaradi. Qarorda bir guruh yashnobodliklar e’tiroziga sabab bo‘layotgan shoxobcha ham bor edi. Biroq... O‘h, la’nati ko‘rinmas qo‘l! Benzinning zaharli badbo‘yini to hanuz hidlab kelayotgan xalqning taqdiri senga qolgan ekan-da?!

 

Abdug‘affor Omonboyevning “Zarchopondagi bo‘z yamoq yoxud “Madina-Muxlis Star” MCHJ rahbari Avaz Hasanov nega butun boshli tuman ahli noroziligini yarim chaqaga olmayapti?” sarlavhali maqolasida (“Milliy tiklanish”, 2022-yil 14-son) Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanidagi eski istirohat bog‘ini obod qilishga kirishgan tadbirkorning ishni yarim yo‘lda to‘xtatib juftakni rostlagani qalamga olingan. Muxbirning “Eng asosiysi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan 409 ming AQSH dollarini keyingi taqdiri nima bo‘ldi va bo‘ladi?! Bundan ham yomoni, 52 ming nafar oqoltinlikning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirib, aniqrog‘i, ularni aldash MCHJ rahbariyatiga nima uchun kerak bo‘lib qoldi?” degan savoliga javob beradigan mard hozircha topilmayapti.

 

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Aliqul Xonimqulovning sirdaryolik sodda yurtdoshlarimiz ishonchini suiiste’mol qilib kelgan yana bir firibgar – “Karvon savdo servis” MCHJ rahbari Mirzaali Jo‘rayev haqidagi “Noningizni tuya qilib beraymi?” maqolasini o‘qib, hech narsadan tap tortmaydigan xalqqa aylanib qolganimizga amin bo‘ldim (“XXI asr”, 36-son). Makr mirzasi lafzga ishonadigan odamlarni chuv tushirib yurganini manfaat yo‘lida tovlamachi boshini silagan bank, huquq-tartibot idoralari rahbarlari bilmagan deb o‘ylaysizmi?

 

Ayrim mas’ullar nazarida xalq – bola. Aldagani bola yaxshi! “O‘zbekiston ovozi” gazetasi Denov tumani Cho‘ntosh mahallasidagi nosoz ko‘prik haqida ikkita maqola bergan (2022-yil 11-may, 23-noyabr). Jurnalist Abdumalik Haydarovning Denov tuman hokimligi va “Turon-mega stroy” MCHJ mutasaddilari yana qachongacha xalqni aldaydi, degan savoliga hozirgacha javob yo‘q. Mana shunaqa materiallarni jamlab o‘qigan o‘quvchi qonunlarni “o‘yindan tashqari holat”ga chiqarib qo‘ygan rahbarlar xalqni davlatga qarshi qayrash uchun ishlarmikan, degan shubhaga borishi tayin.

 

“Pulini to‘lasangiz bo‘ldi, kesavering...”

 

O‘tgan yili yozda Toshkentning Chilonzor va Uchtepa tumanida ro‘y bergan navbatdagi daraxtkushlik ijtimoiy tarmoqlarni “portlatdi”. O‘shanda 99 tup daraxt – eman va chinorga zarar yetgani ortidan Chilonzor tumani hokimi va prokurori ishdan olingan, shahar hokimi va prokuroriga hayfsan berilgan edi. “Oila va tabiat” gazetasining 36-sonida huquqshunos Saidali Muxtoraliyev “Daraxtkushlik to‘xtamayotganiga asosiy sabab nimada?” degan maqolasida shunday yozadi: “Tasavvur qiling, “uddaburon” tadbirkor poytaxtning markazidan 30 sotix joyga hokimning qarorini chiqartirib, hududni o‘rab olgan, bu yerda ko‘p qavatli xonadonlar qurib sotishni reja qilgan. Kutilayotgan daromad 50 mlrd so‘m. Biroq bu yerda 60 ta “boshog‘riq”, ya’ni 60 ta ko‘p yillik daraxt bor. Shu joyida plyus-minuslar solishtiriladi: moratoriy bor, daraxtlar kesilsa tabiatga 500 million so‘m zarar hisoblanadi va kompaniyaning qo‘g‘irchoq rahbariga JKning 198-moddasi bilan ish ochiladi va u uch yilgacha qamalib ketishi mumkin. Biroq bu zarar 3 barobar qilib, ya’ni 1,5 mlrd qilib to‘lansa, hech kim qamalmaydi, ozodlikdan cheklash ham berilmaydi, 60 mln so‘mgacha jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari berilishi mumkin. Bo‘ldi, tadbirkorni boshqa hech narsa qiziqtirmaydi, kiprik qoqmay o‘sha 60 ta daraxtni bir kechada kestirib qo‘porib tashlaydi... Afsuski, ayni paytda tizim mana shunday ishlamoqda”.

 

Keyingi besh-olti yil ichida Toshkentda necha ming daraxt kesildi ekan? Poytaxtning yashil maydonlarini quritishga kim buyruq bergan? Issiq o‘lkani soyasiz qoldirishdan kim manfaatdor, degan savollar juda ko‘pchilikni o‘ylantiryapti. Ijtimoiy tarmoqlar deyarli har kuni shu muammo xususida bong uradi.

 

“Yoshlar ovozi” muxbiri Shahruza Sattorova gazetaning 2022-yil 15-oktabr sonida “Toshkent odam yashab bo‘lmaydigan shaharga aylanyapti” deb yozdi. Saida Ibodinovaning “Toshkent chang shahriga aylanmoqda...(mi?)” maqolasi poytaxtning tobora ifloslanib borayotgan havosi haqida (“Oila va tabiat”, 41-son). Yana shu muallifning “Qog‘ozlarda “ekilgan” nihollar” (“Oila va tabiat”, 42-son) maqolasi qon-qonimizga singib ketgan qo‘shib yozish, salla desa kallani olib kelish odatimizdan so‘zlaydi. Shahruza Sattorova “Yoshlar ovozi” gazetasining 21-sentabrdagi sonida “Qachon Toshkentda yashillik 30 % ga yetkaziladi?” deya savol qo‘ygan bo‘lsa, 12-oktabr sonida “Pulini to‘lasangiz bo‘ldi, kesavering daraxtlarni...” deya kinoya qiladi.

 

“Bu yo‘llar ko‘p qadim yo‘llardir...”

 

Saida Ibodinovaning “Maktab avtobuslari tashkil qilinadimi yoki uch yildan beri ijro etilmayotgan va’da haqida” maqolasida (“Oila va tabiat” gazetasi, 38-son) “O‘zbekistonda yo‘l-transport hodisalari natijasida 5 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi Yevropa davlatlariga qaraganda 4 barobar ko‘p”, degan ma’lumotni keltiradi. Maktab avtobuslari xizmati borasida AQSHdan bir asr orqada ekanmiz. Musulmon dunyosida ham bu muammoni allaqachon yechgan davlatlar bor. Aholisi bizdan bir necha o‘n barobar kam bo‘lgan BAAda o‘quvchilar maktabga “school bus”larda qatnaydi. “Oila va tabiat” gazetasi muxbiri Noilaxon Ahadova “Uch oyda 39 ta mash’um falokat... ulkan yo‘qotish” maqolasida Rossiya, Belarus, Ukraina, Qozog‘istonda jamoat transportidan foydalanish imkoniga ega bo‘lmagan va olis hududda joylashgan aholi punktlari yoki avtomobillar ko‘p va serharakat bo‘lgan hududlardan o‘tib boradigan o‘quvchilarni maktablarga eltib qo‘yish uchun maxsus avtobuslardan foydalanilishi haqida yozadi (2022-yil, 20-son). Mazkur gazetaning 2022-yil 12-sonida Saida Ibodinovaning “Bu yo‘llar tirband yo‘llar va shu tirband yo‘llardagi o‘ylar” sarlavhali millionlab insonlar dardini aks ettirgan ikki sahifalik maqolasi e’lon qilingan.

 

Gazetaning 13-sonida “Toshkentning noqulay yo‘llari” sarlavhasi ostida xorijliklar fikri berilgan. Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlou “Dunyoning boshqa hech bir mamlakatida men ikki tomonlama qatnov o‘rtasidagi burilib olishlarga duch kelmaganman, bu juda qo‘rqinchli. Odamlar juda tez haydaydi va buning uchun sanksiyalar (jazolar) yo‘qdek ko‘rinadi. Yana bir xavfli haydash, bu nafaqat tez, balki haydash uslubidir. Buni ham to‘g‘rilash mumkin”, desa, taniqli urbanist Arkadiy Gershman “Toshkentning keng ko‘chalarini piyodalar kesib o‘tishi juda qiyin. Shovqinli, eng yomoni, ular avariyabop, odamlar halok bo‘lmoqda. Ko‘chalar go‘yo trassa sifatida qurilgan, yo‘l harakati uchun noqulay tashkillashtirilgan. Piyodalarning svetoforsiz o‘n polosani kesib o‘tishi – alohida mavzu”, deya ta’kidlaydi. Fransiyaning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlar vakili Bris Rokfey “Rostini aytsam, mashinalar harakati qo‘rqinchli. Men rulda o‘tirganimda qo‘rqib ketaman. Sababi, qoidalar umuman ishlamaydi. Sizni o‘ng tomondan, chap tomondan quvib o‘taverishadi. Hech kim burilish chiroqlarini ishlatmaydi. Chiziqlar hurmat qilinmaydi, ya’ni chiziqlar bo‘yicha yurishmaydi. Chapga burilish, ayniqsa, juda qiyin. Menimcha, bunday yo‘llarda baxtsiz hodisalar ko‘p bo‘ladi”, deydi tasssuf bilan.

 

“Oila va tabiat”ning 26-sonida Saida Ibodinovaning 31-mart kuni chop etilgan “Bu yo‘llar tirband yo‘llar va shu tirband yo‘llardagi o‘ylar” maqolasiga tahririyat izohi bor. Unda maqolada bildirilgan takliflarga uch oy o‘tsa ham, O‘zbekiston Avtomobil yo‘llari qo‘mitasidan munosabat bildirilmagani aytib o‘tilgan. Menimcha, qo‘mita rahbariyati o‘zbekning ayollari tinimsiz tug‘yapti, bir yilda o‘rtacha 2-2,5 ming odam o‘lsa nima qipti deya o‘ylagan bo‘lishi mumkin.

  

Gazetaning o‘sha sonida Eldor Asanovning “Yo‘llari maksimal darajada qisqartirilgan, hayot tinch va sokin yoxud piyodalar manfaati birinchi o‘ringa qo‘yilgan Yevropa shaharlari” degan maqolasi chop etilgan. Muallif yigirma kun davomida Yevropaning Bryussel, Gent, Bryugge, Kyoln, Bonn kabi shaharlarini kezib, odamni vahimaga soladigan, adashtirib yuboradigan keng yo‘llar yo‘qligini yozadi. “Germaniyada, Belgiyada, ularga qo‘shni davlatlarda mana shunaqa tinch, sokin hayot hukmron. Bunga erishish uchun mashinalar harakati radikal tarzda qisqartirilgan, yo‘llar toraytirilib, odamlar piyoda yoki velosipedda harakatlanishi uchun qulaylashtirilgan. Endilikda jamoat transportiga katta e’tibor berilmoqda. Barcha yirik va o‘rta shaharlarda tramvay yo‘llari bor”. O‘tgan yili yo‘llar, avtomobillar, haydovchilar haqida eng ko‘p yozgan gazeta “Oila va tabiat” desam ishonavering.

 

“Yoshlar ovozi” gazetasi ham bu mavzuda Shahruza Sattorovaning “Yo‘llarda yana qancha qurbonlik kerak?” maqolasini chop etgan (2022-yil 3-dekabr). Ushbu raqamlarga e’tibor qiling: “2021-yili O‘zbekistonda 10 mingdan ortiq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan, 9 mingdan ortiq fuqaro jarohat olgan. 2,5 mingga yaqin inson halok bo‘lgan, shundan 263 nafari yosh bola. 2022-yilning o‘n oyida esa 7 ming 636 ta YTH sodir etilib, ularda 7 ming 174 nafar fuqaro jarohatlangan va 1 ming 931 fuqaro halok bo‘lgan. Halok bo‘lganlarning 226 nafari yosh bolalar”.

 

Kuni kecha internetda o‘qib qoldim. 2022-yili 9902 ta YHT ro‘yxatga olingani, avariyalar oqibatida 2 356 kishi halok bo‘lgani, 9 606 nafar yurtdoshimiz jarohatlangani haqida yozilgan. Bu raqamlar har yili bir katta qishloq aholisi qirilib ketayotganini anglatadi. “Ishonch” gazetasida e’lon qilingan “Yo‘llar qachon ravon bo‘ladi?” (2022-yil, 11-son), “Yo‘lning egasi yo‘qmi?” (2022-yil, 33-son), “Milliy tiklanish” gazetasida chop etilgan “Bolalar qoniga tashna haydovchilar...” (2022-yil, 25-son) maqolalari ham shu dolzabr mavzuda.

 

“XXI asr” gazetasining 40-sonida Norqobil Jalilovning “YTH “Stop”: hayot baribir shirin!” sarlavhali maqolasi berilgan. Bosh muharrirning quyidagi savoli, aslida, minglab jabrdiydalarning tilidan yangragandek: “YTH sodir etib, insonlar o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchilarga tegishli tartibda jazo belgilashda qachongacha insonparvarlik qilamiz? Og‘ir fojiali holatda aybdorlarni umrbod transport boshqarish huquqidan mahrum etish kerakligi haqida ham jiddiy o‘ylab ko‘rish vaqti kelmadimi?”

 

Mulkka nomahram mehr

 

Musulmon jamiyatda oila inqirozi haqida gapirish uyat. Chunki dinimizda oilaning muqaddasligi juda ko‘p uqtirilgan. Afsuski, uzun-uzun orzular, havoyi nafs bu halovat maskanini tobora o‘z domiga tortib ketyapti.

 

Saida Ibodinovaning “Buzilayotgan qo‘rg‘on, bo‘linayotgan bolalar. Oilaviy ajrashishlar yildan-yilga oshmoqda, muammo nimada?” maqolasi o‘ta tashvishli holdan hikoya qiladi (“Oila va tabiat”, 2022-yil 23-iyun). Sir emas, respublikamizda oilaviy ajralishlar keskin oshib boryapti. “Kun.uz” sayti tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda 2021-yilning birinchi yarmida oilaviy ajrimlar soni 2020-yilning olti oyiga nisbatan 34 foizga ortgan. 2021-yilning yanvar–iyun oylarida respublika bo‘yicha 19 407 ta ajrim kuzatilgan. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 2020 yilning mos davrida 12,8 mingta yoki 2019-yilning shu davrida 16 mingtani tashkil qilgan.

 

“Sangzor.uz” sayti Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari R.Turdiboyeva axborotiga asoslanib yozishicha, 2022-yilning yanvar–oktyabr oylarida 40 200 ta oilaviy ajrim qayd etilgan. Eng ko‘p ajrashishlar Toshkent shahrida ro‘y bermoqda. Bu bexosiyat raqamlar juda dahshatli manzara – jamiyat ildiziga qurt tushganidan, darhol davo choralari topilmasa, ertaga kech bo‘lishidan darak beryapti. Bi-Bi-Si ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi 2018-yili oilalarning barbod bo‘lishiga olib kelayotgan asosiy sabablarni tahlil qilib chiqadi. Ajralishlarga eng ko‘p sabab bo‘layotgan beshta omilga e’tibor bering:

1. Uy-joy masalasi;

2. Ishsizlik;

3. Moddiy yetishmovchilik;

4. Yoshlarning mustaqil hayotga tayyor bo‘lmasdan oila qurishi;

5. Er yoki xotinning ishlash uchun boshqa mamlakatlarga ketib qolishi.

 

Taniqli adib Sobir O‘nar “Ikki mafkura odamlari” maqolasida inson va jamiyat hayotida mafkuraning nechog‘lik katta kuchga ega ekanini dalillab, “Jamiyatga mafkura kerak”, degan edi. “Ilm, ilm, ilm” deya takrorlagan adib xulosasi juda iztirobli: “Bundan o‘ttiz yil oldin eng katta islohot maktabdan, o‘qish sifatini yaxshilashdan boshlanganida nima bo‘lardi? Bugunga kelib qanday natijalarga erishardik? Tasavvur qiling, axir! Ilmga ko‘p e’tibor qaratilganida salohiyatli olimlar xorijga ketmas edi. Maktabni, ayni shahar maktablarini bilimli erkak o‘qituvchilar yoppasiga tashlab, tirikchilik tashvishiga tushib qolmas edi. Biz ilm nufuzi va salohiyatini o‘z qo‘limiz bilan yo‘qotib yubordik” (“O‘zAS”, 2022-yil 22-iyul).

 

Marhum adib ta’kidlagan ilm maxzani oilada. Zero, jadidlar o‘tgan asr boshidayoq ayollarni ma’rifatli qilmasdan millatni ma’rifatli qilish qiyin kechishi haqida bejiz yozmagan.

 

“Muallim haqida so‘zim ushbudir...”

 

Zilola Madatovaning “Erkak o‘qituvchi: “Fidoyilik oila talablariga mos kelmayapti!” sarlavhali maqolasini o‘qib, ustoz Shukur Xolmirzayevning “Vatanparvarning ham tomog‘i bor” degan gapi yodimga tushdi. Maqolada bir necha o‘n yillik muammo – maktabni erkak o‘qituvchilar tark etgani sabablari tahlil etilgan. Sir emas, chorak asr muqaddam Rossiyaga, Koreyaga, Qozog‘istonga, Toshkentga mardikorchilikka chiqib ketgan erkak o‘qituvchilarning ma’lum bir qismi maoshlar oshgani uchun maktabga qaytdi. Bugun Xalq ta’limi tizimida erkak o‘qituvchilar ulushi 32 foizni tashkil etadi. Bu kam. Aslida, teskarisi bo‘lishi kerak. Zilolaxon Turkiyada boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga erkak pedagoglar dars berishi, bizda esa nafaqat boshlang‘ich sinflarda, balki ona tili va adabiyot, aniq va tabiiy fanlardan ham erkak muallimlar kamayib borayotgani haqida yozadi (“Ma’rifat”, 2022-yil 22-iyun).

 

Darvoqe, maosh. O‘qituvchi maoshi bozordagi narx-navo oldida juda arzimas bo‘lib qolyapti. Maqolada bu muammo hayotiy misollarda tahlil etilgan. Yana shu muallifning gazetaning 21-sonida bosilgan “Bizga qay biri kerak: bir uyum hisobotmi yoki bilimdon avlod?” maqolasida maktab ta’limi tajriba-sinov maydoni bo‘lib qolgani, o‘qituvchilar bilim berishga emas, turli jamoat tadbirlariga jalb etilayotgani haqida fikr yuritiladi. Buning oqibatida maktablar bolalarga o‘quv markazlaridek samarali bilim berolmayapti.

 

“Humoyun Quvondiqovning “Maktablarni yopib, “Yor-yor” ochaylik!” maqolasida “Zo‘r TV” telekanalidagi “Yor-yor”, “Mening yurtim 5” telekanalidagi “Amirxon shou” ko‘rsatuvlari jamiyatimiz ma’naviy qiyofasini buzishga, ommaviy saviyasizlikka, bachkanalikka yo‘l ochayotgani qalamga olingan (“Ma’rifat”, 2022-yil 18-may). Humoyunning “Bizga shunaqangi manqurtlar, qullar kerak ekan, unda siz o‘qituvchilarning maktablarda jon kuydirib, vatanparvarlik, yaratuvchanlik, insoniy kamolot haqida kuyib-pishib dars o‘tishingizning nima keragi bor? Balki shuning uchun ta’limdagi muammolarga jiddiy e’tibor berishmas”, degan so‘zlari afkor omma xulosasiga hamohang. Uning “Biz maktabda ishlamaymiz!” maqolasida o‘qituvchilik kasbini tanlab, oliy o‘quv yurtini bitirayotgan talabalarning maktabga borish niyati yo‘qligi, bozorga chiqishni, do‘kon ochishni, hech bo‘lmaganda bir yilcha Rossiyada ishlab kelishni reja qilayotgani haqida so‘z boradi (“Ma’rifat”, 2022-yil, 18-son).

 

Oltinsoylik muallim Normamat Eshonqulov “Ta’limga himoya zarur yoxud hokimlarning xurmacha qiliqlari” maqolasida jamiyatda muallimning mavqe, o‘rni, izzat-hurmati hali-hanuz poygakda qolayotgani haqida yozilgan. Samarqanddagi “Noutbuk voqeasi”, Andijondagi “Uzr so‘ratish” voqeasi hokimlarning maktabga zo‘ravonlarcha aralashuviga bir misol ekani ta’kidlanadi (“Ma’rifat”, 2022-yil 2-mart). Gazeta, shuningdek, “O‘qituvchi robot emas!” (2022-yil 3-avgust), “Muallimning dardi ichida” (2022-yil 20-iyul), “Ta’limga tegmang, yaxshilar!” (2022-yil 14-iyun) kabi qator maqolalar berdiki, vijdoni bor odam o‘qisa, tinchini yo‘qotishi aniq.

 

“Milliy tiklanish” gazetasi 36-sonida Mahbuba Karimovaning “O‘qituvchining yoqasidan qo‘lingni tort, nomard!” sarlavhali maqolasida tajribali ustozning ko‘zi to‘la yosh maktabni tark etgani iztirob bilan hikoya qilinadi. Tarbiyasiz, kaltafahm ota-onalar yosh muallimlar u yoqda tursin, o‘ttiz yillik tajribali ustozlarni ham haqoratlashni o‘zlariga odat qilishgan.

 

Gazetaning 2022-yil 14-oktabr kunidagi 40-sonida “Ustozga munosabat shumi?!” maqolasida Namangan viloyatining Kosonsoy tumanidagi 29-umumta’lim maktabi o‘quvchisining “ustozga ko‘tarilayotgan qo‘llari” haqida so‘z yuritiladi: “...Biroq birozdan so‘ng tartibbuzar yana fizika xonasida paydo bo‘ladi va ustozga musht o‘qtalib, xujum qiladi. Sinfdagi boshqa o‘quvchilar ko‘magi bilan janjalga chek qo‘yilgan”. Afsuski, o‘quvchilarning o‘z muallimlariga qo‘l ko‘tarishdek yomon illat jamiyatimizda tobora kuchayib borayotganidan ham ko‘z yuma olmaymiz.

 

“Ishonch” gazetasi (2022-yil, 11-son)da e’lon qilingan “Darsliklar har yili qayta chop etilishi shartmi?” maqolasida har yili darslik nashr etish byudjet mablag‘larining behuda sovrilishiga sabab bo‘lishi, xalq ta’limi va matbaa tizimida korrupsiyaga yo‘l ochishi aytib o‘tilgan. Gazeta mavzuni davom ettirib, professor Baxtiyor Mengliyevning “Darslik yaratish – amalda tizimli jarayon(mi?)”, Zebo Namozovaning “Yana... darsliklar muammosi”, Zuhra Asadovaning “Titilib... tikilib yotgan yoxud bir chorakka ham chidamayotgan darsliklar. Bu korrupsiya emasmi?” kabi maqolalarini e’lon qilgan.

 

Muammolar girdobida

 

Tilimizda “girdob”ga sinonim bo‘lgan “iyrim” so‘zi ham bor. Ijtimoiy-iqtisodiy muammolar iyrimida qolgan yurtdoshlarimiz hayoti aks etgan maqolalar tahlili bilan so‘zimizni davom ettiramiz. Shahruza Sattorovaning “Elektrda uzilishlar boshlandi, demak, qish yaqinlashyapti yoxud ko‘ringanidan-da jiddiyroq muammo” (“Oila va tabiat”, 2022-yil 24-noyabr, 46-son), “Mansurbek Jabborovning “Odamlarga va’da emas, muammolarga yechim kerak” (“Oila va tabiat”, 2022-yil 15-dekabr, 49-son) maqolalarida gaz, elektr ta’minotida uzilishlar bo‘layotgani, xalqning sovuqda qiynalayotgani qalamga olingan. “Yoshlar ovozi” gazetasi ham “Elektr va gaz muammosiga yechim bormi?” deya savol qo‘yadi. Maqola muallifi Sh.Sattorova “Energiya resurslariga boy mamlakatda bir necha o‘n yillardan beri bu masalani hal etib bo‘lmayotgani haqli e’tirozlarni keltirib chiqarmoqda”, deb yozadi (2022-yil 19-noyabr). Shahruzaning “Yoshlar ovozi” gazetasining 16-noyabr sonida berilgan “Uchinchi Renessans degani shumi?” maqolasi shunday boshlanadi: “Qorong‘ida paypaslab topgan piyolangni to‘nkarasan-da, sham yoqasan. Sovuq, chiroq o‘chdi. Bolalaring dars qilishi kerak, bo‘lmasa butun umr shu zimistonda qolib ketadi. Tashqarida esa Uchinchi Renessans...”

 

Mevali daraxtni kesishga ko‘zi qiymagan maqola qahramoni bahorda meva yeyish uchun ham qishdan omon chiqish kerak-ku, deya o‘ylanadi. Kimga dardini yorishni bilmaydi: “Biror joyga arz qilay, muammoni hal qilsin, bizning ham odamga o‘xshab yashashga haqqimiz bor-ku, deysan. Lekin yana mum tishlaysan... Chunki tashqarida Uchinchi Renessans”.

 

“Hurriyat” gazetasi 8-dekabr sonida Kamoliddin Ro‘zimatovning “Qahraton qishning qilichi yoxud e’tirozlarga qanday javob berilmoqda?” maqolasi bosilgan. Prezident shoshilinch yig‘ilish o‘tkazgan sanadan qirq kun burun yozilgan maqola ijodkor ziyolilar, din arboblari, ijtimoiy tarmoqning faol foydalanuvchilari fikr-mulohazalari bilan boyitilgan. Nekbinlik bilan yakunlangan maqola vaziyat o‘ta qaltis ekanidan ogoh etgan edi, aslida.

 

Keyingi paytlarda “suv diplomatiyasi” degan tushuncha tez-tez quloqqa chalinyapti. Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi siyosiy kelishuvlar negizida suv diplomatiyasi yaqqol ko‘zga tashlanadi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyevning “Suvda xotira bor” maqolasida bugun shivalab yog‘ayotgan yomg‘ir tomchilarida o‘tmish ajdodlar xotirasi borligi, shuning uchun ham bu ne’matni isrof qilmaslik lozimligi ta’kidlangan (“Yangi O‘zbekiston”, 2022-yil 1-oktabr). “Oila va tabiat” gazetasi muxbiri Saida Ibodinovaning “Kelajakda O‘zbekistonni katta suv inqirozi kutmoqdami?” sarlavhali maqolasida (2022-yil, 49-son) respublikada ishlab turgan oqova suv tizimlarining aksariyat qismi o‘tgan asrning 70–80-yillarida qurilgani, ularning aksariyati bugun yaroqsiz ahvolga kelib qolgani aytiladi.

 

Yujin Skaylerning “Turkiston” kitobida o‘qiganlarim yodimga tushdi. Chor ma’murlari Toshkentni zabt etgach, shaharning rus qismi ehtiyoji uchun yangi kanal qurishga qaror qiladi. Bu ish mahalliy aholidan sug‘orish san’atini o‘rganmagan rus muhandisiga yuklatiladi: “Ancha pul sovurib, ulkan damba ko‘tarishib, zovur ham qazishdi, – deb yozadi amerikalik sayyoh. – Afsuski, undan bir tomchi ham suv oqmadi va shu tariqa ishdan voz kechishdi”.

 

Qulab tushayotgan ko‘priklar, suv yurmas ariqlar, dengizga aylanayotgan yo‘llarni o‘zimizning qora ko‘zlar loyihalashtirib, qurayotibdi-ku?! Poytaxt va katta shaharlarda pala-partish, rejasiz, puxta o‘ylanmagan loyihalar asosida qurilish qilish urfga aylanganiga “XXI asr” gazetasining 2022-yil 42-sonidagi “Ko‘prigingdan aylanay!” suratli maqolasi chiroyli misol bo‘la oladi.

 

“XXI asr” gazetasining 2022-yil 11-avgust sonida “Navoiy viloyati hokimi diqqatiga!” ruknida “Cho‘tqarada nima gap? Yoxud misli o‘gay holiga tushgan mahalladan noan’anaviy reportaj” bosilgan. Davron Boboravshan Karmana tumanining Navoiy shahriga tutash bo‘lgan Cho‘tqarada 5 500 dan ortiq kishi deyarli suvsiz, elektr toki va tabiiy gazsiz yashab kelayotgani haqida yozadi: “Hududda dorixona, sartaroshxona, go‘zallik saloni, sport-sog‘lomlashtirish maskani, bank filiali, transportlarga xizmat ko‘rsatish ustaxonasi, yoshlar uchun kasb-hunarga o‘quv-tayyorlov kurslari va boshqa zarur infratuzilmalar umuman mavjud emas”.

 

Mazkur nashrning 13-sonida Ro‘zimboy Hasanning “Buromad va daromad qachon mutanosib bo‘ladi?” maqolasida qishloq ahlining ehtiyojmand qatlamiga dehqonchilik qilib, oilasiga qo‘shimcha daromad topishi uchun yer ajratib berish mavzusi ko‘tarilgan. Xorazmda asosan sho‘rlagan, partav yerlarga egalik qilayotgan kambag‘al oilalarga asl holatdan bexabar, issiq kabinetda o‘tirganlar vohaga xos bo‘lmagan kartoshka, mosh ekishni buyurayotgani, bechora dehqon bu ekinlarni eksa xarajatini ham qoplay olmasligi misollar bilan ko‘rsatib o‘tilgan. Xorazmning sho‘rxok yerlariga faqat sholi ekish mumkin, ammo rahbarlar ijaraga berilayotgan yerlarda sholi ekishga taqiq qo‘ygan.

 

Zebo Namozovaning “Tibbiyot bozorga aylanmasin yoxud soha rivojiga nimalar to‘siq bo‘lmoqda?” maqolasi (“Ishonch”, 2022-yil 59-son) xalqning kundan kun ishonchi so‘nib borayotgan tibbiyot tizimi haqida. Maqolada tizimdagi haddan oshgan xatoliklar, kadrlar tayyorlash usulini o‘zgartirish kerakligi, qog‘ozbozlik, tibbiyot yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarining o‘zini o‘zi moliyaviy ta’minlashi tibbiy ta’limni abgor qilayotgani, malaka oshirish tizimining talabga javob bermasligi kabi o‘ta dolzarb muammolarga yechim izlangan.

 

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Norqobil Jalilovning “O‘zbekistonning tashrif qog‘ozi” maqolasida turizm sohasidagi imkoniyatlardan oqilona foydalanmayotganimiz, sohadagi kamchiliklar – avtomagistrallar sifatsizligi, xalqaro talablarga javob bermasligi, nokerak joylarda nazorat postlari saqlanib qolgani, yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari, oddiy ziyorat madaniyati yetishmasligi, hojatxonalar yo‘qligi yoki talab darajasida emasligi, mezbonlarning insoniy odob-axloq bobidagi qusurlari bilan bog‘liq jiddiy muammolar yuzaga chiqayotgani tahlil etilgan.

 

Sultonmurod Olim hamma ko‘rgan manzaradan ham o‘ziga xos ma’no topa oladi. “XXI asr” gazetasining 38-sonida chop etilgan “Jamiyatni kimlar orqaga tortadi?” publisistik maqolasida “Jamiyat shaxsdan mehnatga layoqatli yoshga yetguniga qadargina qarzdor. Keyin esa inson jamiyatdan qarzdor... Molingizni sotib, joningizni tikib bo‘lsa ham, mehnatga layoqatli farzandlar tarbiyalang! Jamiyatni layoqatsiz kishilar orqaga tortadi”, deya ta’kidlaydi.

 

“XXI asr” gazetasining 45-sonida bosilgan “Paynetchi xonimga rahmat ham hayf” maqolasi birovlar haqidan qo‘rqmay qo‘yganimizga bir misol. Tovlamachilik Yashnobod IIBga kirib chiqish darvozasi yonginasida ro‘y berayotgani nimani anglatadi? Mulohaza qilib ko‘ring-chi.

 

Saida Ibodinova “Yordam qiling, bolam och...” Tilanchilikka qachon chek qo‘yiladi?” maqolasi bilan nihoyatda dolzarb mavzuni ko‘tarib chiqqan (“Oila va tabiat”, 2022-yil 42-son). Abdulla Qodiriy 1920-yili “Ishtirokiyun” gazetasida “Tilanchilik yoxud yengil kasb” degan maqola e’lon qilgan, “Tilanchilik – ilm-hunarsizlik orqali tarqalaturg‘an bir maraz bo‘lg‘anliqdan tabiiy bu kasal bizim islom olaminda ko‘pdir: shu darajada ko‘pdirki, ba’zi islom mamlakatlarinda, oyniqsa, bizim Turkistonda bir kasb tusini olmishdir”, deya yozgan edi. Saidaxon keltirgan ma’lumotlarga e’tibor qiling: “2020-2021-yillar mobaynida respublikamiz hududida 47 646 nafar tilanchilik bilan shug‘ullanayotgan shaxs aniqlangan. Ammo ularning 1159 nafari – 2,3 foizigagina ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Tilanchilikni kasb qilib olganlarning urchib ketishiga qonunchilikning yetarlicha ishlamayotgani ham sabab bo‘lmayaptimi? Qolgan ko‘pgina javobgarliklar kabi tilanchilik uchun belgilangan jazo ham qog‘ozlarda qolib ketmoqda”. Shoir Shuhrat Azizov “O‘g‘irlangan bolalik” maqolasida (“O‘zAS”, 2022-yil 30-dekabr) tilanchilik qilayotgan bolalar haqida hikoya qilsa, jurnalist Sevara Alijonova “Boqimandalik. Uni kasb qilib olganlar qayerdan paydo bo‘lyapti?” degan savolga javob topish maqsadida illat ildiziga nazar tashlaydi (“XXI asr”, 3-son).

 

(Davomi bor.)

 

Olim TOSHBOYEV, 

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist,

filologiya fanlari nomzodi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 161
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19169
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15986
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi