Qarshi qal’asi qayerda – “Zafarnoma”da ta’riflangan “Amir Temurning murod eshigi” qanday yo‘q qilingan?


Saqlash
22:38 / 16.02.2023 3022 0

Tarixiy manbalarda, xususan, “Temur tuzuklari”, Nizomiddin Shomiy va Sharafuddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”larida, Ibn Arabshoh bitiklarida Qarshi qal’asi haqida ma’lumotlar uchraydi. Qolaversa, V.V.Bartold, M.Ye.Masson, Bo‘riboy Ahmedov va boshqa olimlar Qarshi qal’asi haqida ko‘plab dalillar keltirishganki, yurt tarixiga befarq bo‘lmagan har qanday kishi e’tiborini jalb etishi shubhasiz. Afsuski, bugungi kunda qal’adan faqat nom qolgan, xolos, – nishonalari yo‘q bo‘lib ketgan.

 

Xo‘sh, Qarshi qal’asi qayerda bo‘lgan o‘zi? Qachon va qanday sabablar tufayli u zavolga yuz tutdi?

 

Uzoq yillardan buyon Qarshi qal’asi va uning bosh maydoni – Registon majmui tarixi va taqdiri masalasi bilan shug‘ullanib kelayotgan olim, tarix fanlari nomzodi Qambar Nasriddinov bilan qurilgan suhbat shu haqda kechdi.

 

– Qarshi qal’asi tarixi qaysi davrga tutash? Umuman, ushbu qal’a shaharsozlik taraqqiyotida qanday o‘rin tutadi?

 

– Avvalo, Qarshi qadimiy Yerqo‘rg‘on va Nasaf shaharlari vorisi ekanini ta’kidlash joiz. Bilasiz, Qarshi vohasidagi birinchi shahar qadimgi Yerqo‘rg‘on manzilida miloddan avvalgi VIII-VII asrlarda shakllangan. Miloddan avvalgi VI asrda uning 35 gektar maydoni mudofaa devori bilan o‘ralib, muhofaza etiladi. Miloddan avvalgi II asrda shahar ikkinchi qator devor bilan o‘ralgan, uning maydoni bu davrda 150 gektarga yetgan.

 

Yerqo‘rg‘ondagi arxeologik tadqiqotlar qadimiy Naxshabda kulollar, temirchilar mahallalari bo‘lgani, shahar markazida ibodatxona, hukmdor saroyi, dahma, turar joylar o‘rni va boshqa asori atiqalar haqida xabar beradi.

 

Qarshi vohasi tarixi Bobil (Iroq), Iskandariya (Misr), Yerevan (Armaniston), Taksila (Pokiston) kabi shaharlar rivojiga o‘xshash. Chunonchi, VI asrda Turk hoqonligi bilan Eron Sosoniylari harbiy ittifoqi tomonidan Eftaliylarga qarshi olib borilgan janglarda Yerqo‘rg‘on yondirilib, vayron bo‘ladi. Bu voqeadan so‘ng Qarshi vohasi poytaxti Yerqo‘rg‘ondan 5 kilometr janubi-g‘arbda, Qashqadaryoning janubiy sohilida – hozirgi Shulliktepa o‘rnida qayta tiklanadi. U tarixdan Naxshab (arabcha Nasaf) nomi bilan ma’lum. Naxshab XIII asrda Chingizxon bosqinida vayron qilingan. Shundan keyin voha markazi uchinchi marotaba, hozirgi Qarshining eski shahar qismi o‘rnida qayta tiklanadi.

 

Qarshi shahri tarixi bilan bevosita aloqador yana bir yirik manzil – Zahhoki Moron qal’asidir. Qal’a qoldiqlari Qarshi temir yo‘l shohbekati yaqinida joylashgan. Abulqosim Firdavsiyning “Shohnomasi”dagi afsonaviy shoh Zahhok nomi bilan atalgan bu qal’a maydoni 16 gektardan ortiq bo‘lgan. Obida o‘rnida olib borilgan qazishlar uning miloddan avvalgi I asrlarda ham mavjud bo‘lganini isbotlaydi.

 

Akademik M.Ye.Masson 1965-yilda qadimiy Qarshida olib borgan arxeologik-topografik tadqiqotlari asosida: “Zahhoki Moron ilk o‘rta asrlarda Qashqadaryo vohasidagi eng yirik shahar-qal’a bo‘lgan”, degan fikrni bildirgan.

 

Arxeologik tadqiqotlar natijasida IX-X asrlarga oid sopol idishlarning topilishi vayron bo‘lgan Zahhoki Moronning o‘rta asrlarda ham ma’lum darajada rivoj topib, madaniy jihatdan yuksalganini ko‘rsatadi.

 

Shunday qilib, Yerqo‘rg‘on, Naxshab va Qarshi shaharlari, shuningdek, Zahhoki Moron qal’asi voha markaziy shahrining taraqqiyot bosqichlarini o‘zida mujassam etgan.

 

– Odatda, ko‘pchilik Qarshi qal’asini Amir Temur qurdirgan deb biladi, biroq bu haqda darsliklarda hech narsa deyilmagan...

 

– Qarshi qal’asini ulug‘ sohibqiron Amir Temur bunyod etgani haqida muarrixlar – Nizomiddin Shomiy va Sharafuddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarlarida batafsil yozib qoldirishgan. Sharafuddin Ali Yazdiy Qarshi qal’asi Sohibqiron hazratlariga murod eshigi bo‘lgan, deb qayd etgan.

 

Nizomiddin Shomiy 1365-yil bahoridagi “Loy jangi” voqealari tasviridan so‘ng “Qish faslini Qarshida o‘tkazdi, o‘shanda Qarshi qo‘rg‘onini egallab... Yana o‘sha yilning o‘zida qal’ani qayta ko‘tarishga kirishib, oxiriga yetkazdi”, deb yozadi.

 

Noyob qo‘lyozma – “Amir Temur tarjimai holi”ning 1835-yilda Nabijon Xatif tomonidan forsiydan turkiyga o‘girilgan tarjimasida Sohibqiron tilidan Qarshi qal’asi qurilishi haqida quyidagilarni o‘qish mumkin: “Men shahar (Qarshi) atrofida devor qurish va mustahkamlashga buyurdim: shahar ichida ko‘p chiroyli binolar qurdirdim...”, “Men o‘z bahodirlarimni Qarshini mudofaa qilish uchun joylashtirdim”.

 

Mazkur so‘zlarga e’tibor qilsak, bu yerda qal’a devorini ta’mirlash yoki qayta tiklash haqida emas, balki qal’a qurish haqida aniq buyruq berilgani oydinlashayapti.

 

Sohibqiron Qarshida mustahkam qal’a, uning ichkarisida Odina jome’ masjidi, Chorsu tijorat majmui va Amir hammomi kabi inshootlar qurdirib, Registon maydoniga asos solgan. XVI asrda Abdullaxon II bu imoratlarga hamnishin ravishda madrasa va sardoba bunyod ettirgan. Shu bilan Registon maydoni shakllanishi poyoniga yetgan.

 

Taassufki, sobiq tuzum davrida boshqa ko‘plab shaharlarda yuz bergani kabi Qarshidagi tarixiy obidalar, shu jumladan, Registon maydoni ham yo‘q qilib yuborildi. Ko‘plab masjid va madrasalar buzib tashlandi. XX asr boshlarida Qarshida 20 ta madrasa bo‘lgan, hozir ulardan faqat to‘rttasi – Sharofboy, Abdulazizboy, Bekmurodboy va Qilichboy madrasalari saqlanib qolgan.

 

Registon atrofidagi Abdullaxon, Oliy, Shermuhammad, Nur, Choriboy, Saidqulboy madrasalari, shuningdek, Chorsu, sardoba, Amir hammomi ham yo‘q qilingan. Faqat Odina masjidigina o‘ta pishiq qurilgani bois omon qolgan va u ham 1938-yilda qamoqxonaga aylantirilgan...

 

– Siz sanagan tarixiy yodgorliklarga qaraganda, qal’a katta maydonni egallagan. Uning chegaralari, egallagan maydoni haqida ma’lumotlar bormi?

 

– Qarshi va uning qadimiy qal’asi o‘rni haqidagi qarashlar 1999-yilgacha ikki xil edi. Birinchisi, hozirgi temir yo‘l shohbekati yonidagi Zahhoki Moronda deb qarovchilar, ikkinchisi, eski shahar qismida ekanini tasdiqlovchilar.

 

Bu masalaga Qarshida 1999-yil aprelida bo‘lib o‘tgan Vatanimiz tarixchi olimlarining ilmiy anjumanida uzil-kesil aniqlik kiritildi. Anjuman ishtirokchilari dalillarga tayanib Qarshi qal’asi o‘rni uning eski shahar qismida ekanini yakdil e’tirof etishdi.

 

1965-yilda Qarshida ilmiy tadqiqotlar olib borgan M.Ye.Masson boshliq Kesh arxeologik-topografik ekspeditsiyasi (KATE) ma’lumotlariga ko‘ra, Qarshi qal’asi devorining tomonlari 630 metrdan bo‘lgan. Bundan ko‘rinadiki, qal’a joylashgan yer maydoni ancha katta bo‘lib, salkam 40 gektarni tashkil etgan.

 

Qarshi qal’asi devori 9 paxsadan iborat bo‘lgan. Qal’a dastlab g‘ishtin devordan qurilgan bo‘lib, paxsa devor keyinroq, ya’ni g‘ishtin devor vayron qilinganidan so‘ng, o‘pirilgan joylari qaytadan tiklangan.

 

Hisob-kitoblarga ko‘ra, qal’a devori balandligi 8 metrga yaqin. KATE tahlillarida yozilishicha, devor eni asosda 5,91 metr, ustki qismi 3,1 metr bo‘lgan. Devorning kungura shakllari “bolliq (baliq) qanot” deb atalib, dushman hujumidan mudofaa vazifasini bajargan.

 

Jahon shaharsozlik madaniyatida baliq (uning qanotlari) ramzi, shaklidan foydalanish kam uchraydi. Ma’lumki, suv Qarshi vohasi uchun azaliy muammo, shu bois baliq obi hayot ramzi sifatida qadrlangan va bu me’moriy inshootlarga ham ko‘chgan bo‘lishi ehtimol.

 

Arxiv ma’lumotlariga tayansak, qal’a devorining darvozalarga yaqin qismidagi sirlangan g‘ishtlar qoldiqlari XIX asr 60-yillari oxirlarigacha saqlangan.

 

– Qal’a devori pishiq-puxta qurilgan bo‘lsa, nega bizning kunlargacha undan hech bir nishon saqlanib qolmadi?

 

– Bu savolga javob berish mushkul. Mushkulligi shundaki, oradan ko‘p vaqt o‘tgan. Turli sabablarga ko‘ra qal’a devori va undagi obidalar deyarli izsiz yo‘qoldi. Devor buzilishiga qirg‘inbarot urushlar sabab bo‘lsa, tarixiy obidalar totalitar tuzum davridagi mafkuraviy tazyiqlar, e’tiborsizlik bois zavolga yuz tutdi.

 

Shuni ham aytish o‘rinli, qal’a devori mavjud vaziyat taqozosiga ko‘ra shoshilinch tarzda, yaxlit pishiq g‘isht bilan emas, chetlari g‘ishtdan, o‘rtasi loydan tiklangan. Hatto alohida tosh poydevori ham (g‘isht poydevorini hisobga olmaganda) bo‘lmagan, tabiiyki, qal’aning mustahkamligi haqidagi gap ortiqcha.

 

Shunga qaramay, qal’a va boshqa tarixiy obidalar saqlanib qolmaganligida bosqinchilik urushlari asosiy o‘rin tutgan, deyish mumkin.

 

Jumladan, Muhammad Solihning “Shayboniynoma” asarida Qarshi qamali vaqtida 30 ming kishi qurbon bo‘lgani keltirilgan. O‘z-o‘zidan anglashiladiki, tarixiy obidalarga ham shikast yetmasdan qolmagan.

 

XVI asr boshida Eron qo‘shini Qarshi shahri va Kasbi qishloqlariga katta qiron solgan. Forslarga qarshi kurashda Qarshi qamali vaqtida shoir Kamoliddin Binoiy ham halok bo‘lgan.

 

M.Ye.Massonning yozishicha, Eron hukmdori Nodirshohning o‘g‘li Rizoquli 1736-1737-yillarda ashtarxoniy Abulfayzxonga qarshi qo‘shin tortib, Qarshini 2 oy qamal qiladi. Bosqinchilar tosh otadigan manjaniqlarni ham ishga solishi natijasida qal’a devorlariga qattiq shikast yetadi. Shu vaqtda Shahrisabz kenagaslari hujumi natijasida shimoli-sharqiy darvoza – Tutak ham yonib ketadi.

 

Qarshi qal’asining o‘nglanmas darajada vayron qilinishi XIX asr 60-yillari oxirida chor Rossiyasining istilochilik yurishlari natijasida yuz berdi.

 

– Nahotki bizning kunlargacha qal’adan biror belgi qolmagan bo‘lsa?!

 

– O‘z vaqtida Qarshi qal’asining atrofi: eni 9-10 metr; chuqurligi 2-3 metr keladigan mudofaa inshooti – handaq bilan o‘ralgan. O‘tgan asr 50-yillari o‘rtalarida handaqning g‘arbiy qismi yangitdan qazilib, “Komsomol ko‘li” nomi berilgan. Shu nom va sabab bilan handaqning g‘arbiy qismi hozirgi kunlargacha biroz saqlangan. 1995-1996-yillarda “Nasaf” stadioni qayta qurilib, ta’mirlanganda, handaqning ancha qismi ko‘milib ketgan.

 

Abdulazizboy madrasasi ro‘parasida qal’a devori va handaq qoldiqlari bor edi, biroq u ham me’moriy o‘zgarishlar sabab yo‘qlikka yuz tutdi.

 

Hozirgi vaqtda Qarshi shahri Nasaf ko‘chasidagi uy hovlisida qal’a devorining bir burchagi – tepacha (qal’a devori va poydevori o‘rni) va kattagina chuqur saqlanib qolgan.

 

Bugun Qarshi qal’asi haqida faqat tasavvur qilish mumkin, biroq Tutak darvozasining ikki tomonida 25 metrdan devorlari, 50 metr handaqi, darvoza to‘g‘risidagi ko‘tarma ko‘prigi va ikki yonida sarbozxonasi bilan Registon maydonini, Chorsu va Abdullaxon madrasasi, Gulshan bog‘i va ko‘shkni qayta tiklash imkoni bor. Bu juda ahamiyatli, katta ish bo‘lar edi.

 

Shuni ham aytish o‘rinli, Yerqo‘rg‘on – qadimiy Naxshab xarobalari qanday vayron bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha holda yotibdi. Bu yerda keyingi 50 yil mobaynida bir necha marta arxeologik tadqiqotlar o‘tkazilgan, oxirgi tadqiqot 1998-1999-yillarda olib borilgan va Qarshi shahrining 2700 yillik yoshi aniqlangan. Ammo keyinchalik qazish ishlar o‘sha holicha qolib ketgan. Axir ochilgan obidalarning bir qismini qayta tiklab, konservatsiya qilib, eng muhimlarini, masalan, hukmdor qasri, ibodatxona, kulollar va temirchilar mahallalari kabilardan ba’zilarini namuna sifatida ochiq muzeyga aylantirish mumkin-ku?!

 

Qadimiy Nasaf o‘rnidagi Shulliktepa, Zahhoki Moron manzilidagi tadqiqotlarni qayta yo‘lga qo‘yib, ochilgan yodgorliklarni saqlagan holda xalqimiz, sayyohlarga taqdim etsak, Qarshini ham xalqaro turizm darajasidagi shaharga aylantirish imkoni tug‘iladi.

 

Bekzod SAYFIYEV suhbatlashdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23739
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//