O‘zbek tili rasmiy maqom olganiga 32 yil bo‘libdiki, hali-hamon rus tilining bosimidan qutulolmayapmiz. Qancha qonun-u farmon-u qarorlar chiqmadi deysiz, lekin ayrim sohalarga o‘zbek tilining so‘zi hanuz o‘tmayapti. Xususan, kundalik ehtiyojimizga aylangan banklarda “ikkinchi ona tilimiz”ni bilmagan inson noqulay vaziyatga duch kelishi mumkin.
Ayni paytdagi holatni o‘rganish maqsadida “Sanoat qurilish bank”ning Yunusobod filialiga bordim. Boshlanishi chakki emas! Ariza to‘ldirish uchun menga o‘zbek tilida namuna berishdi. Albatta, bu yoqimli holat. Bankning saytiga kirib esa… Sayt ikki tilda faoliyat ko‘rsatadi, lekin mijozlar elektron shartnomalarni rus tilida yuklab olishga majbur. Davlat tilidagi versiyasida ham ruscha hujjat chiqib kelaveradi. Afsuski, bunday holatni deyarli barcha bank saytlarida kuzatish mumkin.
“Ipoteka bank”ning Mehnat filiali Sizni ruscha mulozamat bilan qarshi oladi – Добро пожаловоть! Keyingi qadamda “Курсы валют” peshonangizga uriladi. Plastik kartochka ochish maqsadida blanka so‘radim. Xayriyatki, bank hodimlari o‘zbekcha namuna taqdim etishdi. Shunisiga ham shukr! Ariza ham rus tilida bo‘lganida bormi, Moskvadan Toshkentga qaytishga aviachipta qidirib qolarmidim.
Tobora o‘zligimdan uzoqlashib boryapman. Abay ko‘chasidagi “Turon bank” xodimlari buni menga chuqurroq his qildirishdi. Arizaning o‘zbek tilidagi namunasi “hozir yo‘q”ligini xotirjam aytishdi. Tugab qolmasdan oldin bormidi?!
Navbatdagi manzilim – “Davr bank”ning Yunusobod filiali.
– Omonat qo‘ymoqchman.
– Marhamat!
Ha, tilingga shakar! Qanday chiroyli ifoda!.. Xursandchiligim uzoqqa cho‘zilmadi. Qo‘limga tutqazilgan qog‘ozdagi ruscha bijir-bijir yozuvlarga qarab ko‘zim tinib ketdi. Ona tilimni bilmaydigan bankka pulimni omonat qldirolmayman, axir. “Davr bank”da davlat tilining davri kelmabdi hali.
“Agrobank”ning bosh ofisida qanday manzara kutib turibdi bizni? Unaqasidan so‘rasam ham – o‘zbekcha, bunaqasidan so‘rasam ham – o‘zbekcha! Saytidagi elektron nusxalariga qaradim – o‘zbekcha! Bo‘lar ekan-ku, a! Otangga rahmat, Agrobank!
Gapning iddallosini aytganda, avvallari biror bankda ona tilimizdagi hujjatlarni uchratsangiz, jazirama saratonda qizil qor yog‘ib yuborar edi. Hozir vaziyat ancha o‘zgarganini tan olish mardning ishi. Lekin yuqoridagi kabi holatlarga ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Niyatimiz – banklarimizdagi o‘zbekchalashish chala qolmasin!
Charos TURSUNOVA
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q