Ijtimoiy tarmoqlarda kartinalari “fotoapparatda olingan” deyilayotgan, qishlogʻini Toshkentga koʻchirib kelgan va xorijga chiqishga shoshilmayotgan ijodkor haqiqatlari


Saqlash
17:15 / 14.02.2023 2000 0

Sanʼatning boshqa turlari kabi tasviriy sanʼat ham zamonaviy dunyo tendensiyalari, muammolari bilan bir yoʻlda oʻz qiyofasini oʻzgartirib bormoqda. Kun sayin undagi yoʻnalishlar koʻpayib, sanʼatning boshqa janrlari bilan oʻzaro mutatsiya jarayoniga kirishayotgani koʻzga tashlanmoqda. Bu oʻrinda fotografiyani tasviriy sanʼatga koʻchirgan janr – giperrealizmni misol keltirish mumkin. Unda reallikni giperravishda tasvirlash birinchi planga koʻtariladi, yaʼni bu uslub boʻyicha yangilik. Ushbu jarayon va sanʼatga doir boshqa masalalar haqida kartinalari giperrealizm yo'nalishiga mos keluvchi, ijtimoiy tarmoqlarda “fotoapparatda olingan” deya shubha ham qilinayotgan mahoratli musavvir, Oʻzbekiston badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzosi Umidjon Alimov bilan suhbatlashdik.

 

Sizni koʻpchilik “Qishlogʻini Toshkentga koʻchirib keltirgan rassom” sifatida eʼtirof etadi. Qishloq sizni nimasi bilan oʻziga tortadi, undagi nimalarni asrab qolish, nimalarni yoʻqotish kerak deb oʻylaysiz?

 

Ijodkor ijod qilishi uchun, yetarlicha baxtsiz boʻlish kerak, degan fikrni koʻp eshitganman. Men Andijon viloyati, Izboskan tumani Botirobod qishlogʻida tugʻilib, oʻsha yerda katta boʻldim. Tuproq koʻchalarini changitib, yalangoyoq yurganlarim, loyqa suvlarda choʻmilganlarim kechagidek esimda. Otamning radiosidan qishloq mehnatkashlari uchun berib boriladigan qoʻshiqlarni, eshittirishlarni tinglaganman. Buvim non yopishi uchun tandirga oʻt yoqqanman. Xirmonda oppoq paxta ustiga dumalab, kech boʻlganda onamning ketmonini koʻtarib, u bilan orzularim haqida gaplashib, uyga qaytganman. Bugun esa Toshkentda yashayman. Sanʼat meni poytaxtga yetaklab ketdi. Ammo qishlogʻimni, otamni, yurgan koʻchalarimni juda sogʻinaman. Meni bugun baxtga yetaklayotgan baxtsizlik shu boʻlsa kerak. Shungami, doim guvaladan koʻtarilgan sinchli uylarni, paxsa devorlarni koʻrib qolsam, toʻxtab tomosha qilaman, dam olaman. Men uchun dunyodagi eng chiroyli manzara shu!

 

 

Xohlaymizmi-yoʻqmi, sivilizatsiya jarayoni qishloqlarga ham oʻz taʼsirini oʻtkazadi. Bugun qishloqlarda ham odamlar devorlarini paxsadan emas, betondan qilishyapti. Uylarini pishgan gʻishtlardan koʻtarishyapti. Ariqlar kichrayib boryapti, ularning ustiga ham qurilishlar qilinyapti, hatto. Shunday holatlarni koʻrsam, koʻnglim xira tortadi. Qishloqlarimizdagi tabiiylikni asrab qolgim keladi. Yoʻqotilishi kerak boʻlganlari esa... Bu vaqt masalasi...

  

 

Toshkent biannellesidagi “Qush tili” instalyatsiyangiz ham koʻpchilik eʼtirofiga sazovor boʻldi. Uning gʻoyasi, yaratilish tarixi va tomoshabinlarni maftun etgan qismlari haqida soʻzlab bersangiz.

 

 

Oʻtgan yili bahor oylarida oʻzbek tasviriy sanʼatining dargʻalaridan boʻlgan Alisher Mirzayevning ustaxonalariga kafedramiz bilan birga tashrif buyurdik. Ustozning asarlari bilan tanishish jarayonida, Kamola opa menga oshxona qandiliga uzun qilib ilib qoʻyilgan qovoqchadan yasalgan qushchani koʻrsatarkan, “Umid, biz ham shunaqa qush yasaylik”, dedilar hayratini yashira olmay. Oradan vaqt oʻtgani sari bu boradagi fikrlar, gʻoyalarimiz sayqallanib bordi. Bu vaqt ichida qushchalarning bir qanchasini yasab, ularga turli rassomlarning asarlarini chizdik. Va bu kompozitsiyani IX Toshkent 2022 Xalqaro zamonaviy sanʼat Biannellesiga olib chiqdik. Instalyatsiyada oʻzbek tasviriy sanʼatining rivojlanish bosqichlarini avlodlar kesimida koʻrsatishga harakat qilganmiz. Koʻrgazmaga kelgan tomoshabinlarning hayajonli eʼtiroflaridan mehnatlarimiz zoye ketmaganiga amin boʻldim. Shuningdek, mutaxassislar, ustozlar va sanʼatshunoslardan juda iliq fikrlar eshitdik. Baʼzan mehnatlaring sodda, samimiy, koʻngilni koʻtaruvchi soʻzlar bilan eʼtirof etilishi ham insonga katta kuch berarkan. Oʻylaymanki, bu kabi ishlarni yana davom ettiramiz, albatta.

 

 

Asarlaringizni eʼtirof etishlariga qanchalik bogʻlanib qolgansiz? Ishlaringizni chet elga sotish, umuman, xorijga chiqish masalasida muammolarga duch kelmaysizmi?

 

Mehnatining eʼtirof etilishi ijodkorga kuch-quvvat, ilhom beradi, qanot bagʻishlaydi. Balki shuning uchun bugun ijtimoiy tarmoqlar ijod namunalarini taqdim etish uchun eng yaxshi maydonga aylandi. Shoirlar, rassomlar, rejissyorlar, hunarmandlar, jurnalistlar va ularning muxlislari toʻplangan bu aura hamda undagi munosabatlar koʻpchilikni qanoatlantiryapti, desam yanglishmagan boʻlaman.

 

Masalan, Facebookdagi shaxsiy sahifamda mutaxassislarning, muxlislarning beradigan eʼtibori ijod qilishim uchun motivatsiya boʻladi koʻpincha. Baʼzida yangi ishlar qilmayapsiz, biz kutyapmiz, degan talablar ham boʻladi. Shunday paytlar quvonib ketaman. Ijodkorni qoʻllab-quvvatlamoqchi boʻlsangiz, unga yaxshi soʻz ayting. Chunki hamma narsa bozor iqtisodiyotiga, moddiy manfaatlarga borib taqalib turgan bir paytda, koʻngil ishi bilan, ijod bilan shugʻullanayotgan odamga haykal qoʻysangiz arziydi.

 

Baʼzida chet elda yashayotgan muxlislar “Ishlaringizni xarid qilsam boʻladimi?” deb soʻrashadi. Baʼzilari biror xorijiy davlatda “Koʻrgazmangizni oʻtkazib beraman, kelasizmi?” deyishadi. Ammo hozircha ularni birortasini amalga oshirmadik, shuning uchun bu bilan bogʻliq muammolar haqida nimadir deya olmayman. Ammo, ishonamanki, bugun biror ijodkorning asarini xorijliklarga sotishi yoki chet elda taqdimot qilishi muammoga sabab boʻlmaydi. Chunki oʻzbek ijodkorining xorijda eʼtirof etilishi bu mamlakatda sanʼat yashayotganidan darak beradi.

 

Ijodkorning jamiyatdagi vazifasi nimalardan iborat aslida? Bugun oʻzbek jamiyatida rassomning oʻrni qanday?

 

Ijodkor haqiqatni, borliqni anglash uchun tabiat va jamiyatga diqqat qiladi, keyin oʻzi topgan, tadqiq qilganlarini yana insonlarning oʻziga qaytaradi. Ayni damda u kechinmalari, iztirob va xursandchiligidan yaralgan asarlari bilan kishilarni taʼsirlantira oladigan odam ham. Ijodkorning jamiyatdagi vazifasi shunday asarlar bilan insonlarni yaxshilikka, toʻgʻrilikka, halol va poklikka undash, nazarimda.

 

 

Shu oʻrinda rassom tanishim bilan yuz bergan voqea esimga tushdi. Bir kishi undan farzandlariga rasm chizishni oʻrgatishini iltimos qiladi. Tanishim kelishuv asosida uning uyiga borib dars berar ekan, bir ayolning ham xonadonga kelib, bolalarga musiqadan saboq oʻtayotganiga guvoh boʻladi. “Kunlarning birida oʻquvchilarimning otasidan bolalarni rassomchilikning qaysi yoʻnalishida tayyorlay, shunga qarab dastur ishlab chiqardim, dedim”, deydi u. Shunda haligi ota, “Dastur shart emas, farzandlarim nimani xohlashsa, shuni chizaverishsin. Ular baribir rassom yoki musiqachi boʻlmaydi. Kelajakda oʻzimga oʻxshab biznes yoʻnalishida ketishadi”, dedi. Unda nima uchun rasm chizishni, pianino chalishni oʻrgatyapsiz, degan savolimga, “Tasviriy sanʼatni, musiqani tushungan odamning dunyoqarashi, hayotga boʻlgan munosabati boshqacha boʻladi. Shunga yarasha biznesi ham” deb javob berdi dedi u. Bu voqeani eshitgach, oʻylanib qoldim: Bugun bizning jamiyatga ijodkorning oʻrni naqadar muhim ekanini anglab yetgan otalar kerak ekan!

 

 

Tasviriy sanʼatda janrlar muammosi, giperrealizm nimasi bilan oddiy odamlarga yaqinroq deb oʻylaysiz? Odamlarni nimaga ishontirish osonroq: g‘oyaga yoki reallikka?

 

 

Gipperrealizm yaqindan buyon ommalashib bormoqda, bunga texnika taraqqiyoti sabab, menimcha. Internet tarmoqlarida chet ellik rassomlarning shu yoʻnalishda ishlagan asarlarini koʻrib, koʻp hollarda oʻzim ham qoyil qolaman. Portretlarda, ayniqsa, teri fakturasi, soch tolasigacha tiniq ishlanishi, albatta, tomoshabinni hayratlantiradi. Ammo har xil muxlislar bor. Koʻp kitob oʻqigan, intellektual darajasi yuqori boʻlgan kishiga koʻproq gʻoyaviy kompozitsiya asarlari maʼqul keladi, ular rassom nima demoqchi boʻlganini sinchiklab tahlil qiladi. Boshqalar esa reallikni xush koʻradi va shunday asarlar qarshisida uzoq turib hayratlanadilar. Nima boʻlganda ham rassom haqiqatdan, ich-ichidan berilib ijod qilarkan, uning suratlari har doim oʻz tomoshabinini topa oladi.

 

 

Sanʼat ijtimoiylashsa-chi, sanʼatligini yoʻqotadimi, sizningcha?

 

Ijtimoiy hayotda sanʼat turlaridan koʻp foydalaniladi, baʼzan ijodkorning oʻzi ham bunga ehtiyoj sezadi. Sanʼat ijtimoiylashganda sanʼatligini yoʻqotmasligi mumkin, ammo u umrboqiy boʻlolmaydi. Sanʼat asarlari bugun ham, ertaga ham, undan keyin ham yashashi muhim. Oʻzim ham shunga amal qilishga harakat qilaman. Asarlarimning umri uzoq boʻlishini istayman, ular vaqt, davr tanlamasin, qadrini yoʻqotmasin. Eng muhimi, sanʼatning talablari oldida boshi egilmasin, qarzdor boʻlib qolmasin.

 

 

Alisher FAYZULLAYEV suhbatlashdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 86
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 274
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22083
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//