Turkiston Muxtoriyati davlatchiligimizdagi birinchi demokratik dunyoviy respublika(mi)?


Saqlash
12:23 / 13.02.2023 3258 3

Oʻzbekiston tarixining muammoli va bahsli voqealarini bayon qilishimni soʻrashganida nemis olimi Leopold fon Rankening tarix haqidagi soʻzlari esimga tushadi: “Haqiqat uydirmadan ancha qiziqroq”. Afsuski, oʻzbek tarixshunosligi uydirmaga juda ham boy. Bunda muammo manbalarda emas, balki tadqiqotchi shaxsidadir. Bizning ayrim hamkasblarimiz Rankening oʻgitlaridan ham, zamonaviy tarixshunoslik yutuqlaridan ham foydalanayotgani yoʻq. Jumladan, XX asrning eng muammoli va kam tadqiq qilingan mavzusi – Turkiston Muxtoriyati borasida ham.

 

2023-yili Turkiston (Qoʻqon) Muxtoriyati bolsheviklar tomonidan tugatilganiga 105-yil toʻladi. Bu davlat tariximizda chuqur iz qoldirdi, lekin, afsuski, koʻp yashamadi (72 kun). Olimlarimiz orasida mazkur mavzuda munozara yoʻq desa ham boʻladi. Nimagadir oʻzbekistonlik tadqiqotchilar asosan sovet tarixshunosligi bilan bahslashadi. Masalan, shoʻro davrida Turkiston Muxtoriyatiga salbiy baho berilar va “boylar muxtoriyati” degan atama ishlatilar edi. Bunday talqin bugun tarixchilarimiz tomonidan tanqid qilinmoqda. Biroq berilayotgan alternativ versiyalar tarixiy haqiqatga mos kelmaydi va voqealar uzviyligi, mohiyatini ochib bermaydi.

 

Turkiston Muxtoriyati Saidakbar Agzamxoʻjayev va Qahramon Rajabov tomonidan atroflicha oʻrganilgan. Lekin asosiy savollar nazardan chetda qolib, javoblarga oʻtib ketilgandek. Tarixshunosligimizda bu masala boʻyicha asosan quruq faktologiya mavjud, tahlil esa juda oz. Holbuki, faqat tahlil tarixning mohiyatini ochib beradi va har bir voqeaga mazmun bagʻishlaydi.

 

Olimlarimiz global tarix yoki inqiloblar tarixini yorituvchi yondashuvlarni oʻrganmay turib mavzuni tadqiq qilmoqda. Shuni unutib qoʻyishmoqdaki, Turkiston Muxtoriyati jahon tarixi bilan uzviy bogʻlangan va inqilobiy jarayonning bir qismidir. Biz esa masalani sayoz oʻrganib, juda mafkuralashtirib yubormoqdamiz. Eng munozarali jihat “muxtoriyat”, “demokratiya”, “dunyoviy” hamda “respublika” atamalari bilan bogʻliq. Chunki hozir ham bu tushunchalar boʻyicha jamiyatimizda turlicha qarashlar mavjud.

 

Inqilob, muxtoriyat va demokratiya

 

Yangi davlat muhim voqealar taʼsirida vujudga keladi, Turkiston Muxtoriyati ham bundan mustasno emas. Tarixchilarimiz negadir ushbu siyosiy tuzilmaning toʻliq nomini yozishmaydi. Yaʼni, Rossiya Sovet Respublikasi tarkibida boʻlganini eslagilar kelmaydi. Siyosiy mustaqillik eʼlon qilinmagan, avtonomiya doirasidagi harakatlar amalga oshirilgan.

 

Yodda saqlashimiz kerakki, Turkiston Muxtoriyati 1917-yil Rossiyada yuz bergan inqiloblar natijasi edi. Agar Fevral inqilobi boʻlmaganida jadidlar harakati maʼrifiy sathda qolib ketaverardi, yaqin orada siyosiylashmasdi. Fevral inqilobi va Oktyabr toʻntarishi Turkistonda siyosiy partiyalar vujudga kelishiga sabab boʻldi, keyin ular oʻsha yili noyabr oyida Muxtoriyat eʼlon qilinishida katta rol oʻynadi.

 

Bunda jadidlar, shubhasiz, katta jonbozlik koʻrsatishdi. Xoʻsh, yangi siyosiy tuzilma oddiy aholi tomonidan qanday qabul qilingan? Bu savol ochiq qolmoqda, chunki tadqiqotlar yetarli emas. Toʻgʻri, tarixchilarimiz 1917-yil dekabrida Turkiston shaharlarida Muxtoriyatni qoʻllab-quvvatlab oʻtkazilgan mitinglar haqida batafsil yozishadi. Lekin “muxtoriyat” va “demokratiya” tushunchasini oddiy odamlar qanday tushungan ekan? Turkiston ziyolilari siyosiylashishining aholiga taʼsiri proporsional boʻlganmi?

 

Bilamizki, oʻsha davrda dindorlar qatlami ham juda keskin siyosiylashgan. Hatto “Shoʻroi Ulamo”ga (Ulamolar partiyasi) mashhur yurist Sherali Lapin boshchilik qilgan. Turli siyosiy kuchlar orasida ziddiyatni koʻramiz. Yakdillik aslo yoʻq edi. Ochiqdan-ochiq nizolar va kurashlar kuzatilgan. Eng qizigʻi, 1917-yilda demokratiya qanday tushunilgan? Bu haqida ham na tarixchilarimiz, na politologlarimiz yoki yuristlarimiz lom-mim deyishmayapti. Lekin ilmiy asarlarda bemalol “demokratiya” atamasi keng qoʻllanilmoqda.

 

Menimcha, Turkiston Muxtoriyatini oʻrganishda “inqilob”, “muxtoriyat” va “demokratiya” atamalari tarixiy kontekstda qanday maʼno kasb etganini inobatga olmayapmiz. Aksincha, mazkur tuzilmaning siyosiy tarixini “unikal” deb qabul qilib, global va intellektual tarix yondashuvlaridan foydalanayotganimiz yoʻq. Natijada tasavvurimizda ideal Turkiston Muxtoriyati gavdalanyapti.

 

Aytmoqchimanki, muxtoriyat uchun kurash 1917-yilda sobiq imperiyaning milliy boʻlgalarida kechayotgan umumiy siyosiy jarayon edi. Ukrainadan tortib Uzoq Sharqqacha turli avtonomiyalar tuzilgan. Shu jihatdan, global tarixshunoslik nuqtayi nazaridan qaralganda Turkiston Muxtoriyati unikal hodisa emas, balki Yevroosiyoda 1917–1918-yillarda kuzatilgan siyosiy voqelikning bir hosilasidir. Tub yerli ziyolilar va oddiy xalqning boʻlayotgan siyosiy hodisalarga munosabati ham turlicha edi. Ana shu haqiqatni unutmasligimiz lozim.

 

Respublikachilik, muxtoriyat va dunyoviylik

 

Oʻzbekiston tarixi fanida Turkiston Muxtoriyati birinchi demokratik dunyoviy respublika deb qabul qilingan. Lekin, afsuski, milliy tarixshunosligimizda respublikachilik anʼanalarining shakllanish jarayoni haligacha oʻrganilmagan. Toʻgʻri, Turkiston Muxtoriyati siyosiy tizimi Turkiston Muvaqqat Kengashi va Turkiston Xalq Majlisidan iborat edi. Shu nuqtayi nazardan respublikachilikning ilk kurtaklari mavjud deyish mumkin. Lekin nima uchun aynan jumhuriyatchilik atamasi uchramaydi? Yana savollar tugʻiladi: turkistonlik oddiy xalq respublikachilik gʻoyalarini tushunganmi? Axir, ming yillar davomida monarxiya tizimida yashab kelingan-ku? Qanday qilib bir necha oy davomida ziyolilar va aholi respublikachilik, erkinlik gʻoyalarini oʻzlashtirdi?..

 

Dunyoviylik masalasiga kelsak, tarixchilarimiz tomonidan umuman tadqiq etilmagan. Bir asr avval “dunyoviylik” atamasi qanday tushunilgan? Buning siyosiy tizimga taʼsiri qanday boʻlgan? Ziyolilarimiz 1917-1918-yillarda oʻzlarini dunyoviy hisoblashganmi? Turkiston Muxtoriyatida islomiy davlat normalari mavjud edimi? Uni tariximizda yevropacha modelda tuzilgan birinchi davlat desak boʻladimi? Koʻrinib turibdiki, tadqiq qilinmagan jihatlar juda koʻp. Biz hali yoʻlning boshidamiz.

 

Turkiston Muxtoriyati “yevropacha” davlatmidi?

 

Yana bir gipoteza bor: Turkiston Muxtoriyati yurtimizda yevropacha andazada tuzilgan birinchi davlat edi. Unda zamonaviy davlatchilikning barcha belgilarini kuzatishimiz mumkin. Hatto respublikachilik anʼanalarining ayrim belgilarini koʻramiz. Biroq bu tuzilmani biz dunyoviy davlat deya olmaymiz. Chunki huquqiy asos kerak boʻladi, bunday tarixiy hujjat esa yoʻq, yoki shunday tarixiy hujjatni topishimiz zarur.

 

Asosiy muammo Turkiston Muxtoriyatining legitimatsiyasi, yaʼni qonuniy tan olinganini isbotlashdir. Har qanday yangi siyosiy tuzilma oldida oʻz hokimiyatini qonuniylashtirish masalasi koʻndalang turadi. Tarixchilarimiz matbuot maʼlumotlariga asoslanib, xalq muxtoriyatni qoʻllab-quvvatladi, deb uqtirishadi. Shaharlarda oʻtkazilgan mitinglar va majlislar, hududlardan yuborilgan delegatlarga tayanib, bu davlatni “milliy” deb atashadi. Yaʼni, olimlarimiz oʻzlari bilmagan holda inqilobiy legitimatsiya versiyasini targʻib qilishyapti.

 

Aytmoqchimanki, 1917-yil inqiloblari natijasida Yevroosiyo hududida vujudga kelgan muxtoriyatlar va boshqa siyosiy birlashmalar inqilobchasiga tafakkur qilgan, muloqot qilgan, harakat qilgan. Ana shuni unutmasak, tarixni toʻgʻri tushungan boʻlamiz va turli mafkuraviy talqinlarga ruju qoʻymaymiz. Tarix doimo xolis tadqiqqa muhtoj va bundan chiqarilgan xulosalar hozirgi oʻtkir siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy muammolarga javob beradi.

 

Baxtiyor ALIMJONOV,

 tarix fanlari nomzodi

3 Izohlar

Nozimjon Axmadqulov

15:12 / 10.12.2023

raxmat, yana boshqa maqolalaringiz bo'lsa telegram kanalingizga tashlang.

Behzodjon

14:12 / 09.12.2023

Bunaqa maqolalar ko'payishi kerak yoshlar haqiqiy tarixni bilishi kerak ayniqsa o'tgan asrni

Axadjon

06:01 / 01.01.1970

Baxtiyor ALIMJONOV, rahmat maqola uchun! Yanada ko'proq maqolalar kutib qolamiz. Nozim Safari bilan intervyuyingiz ancha qiziq bo'lgan edi.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20454
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//