“Har qanday narsa, buyumning sifat darajasi bor, nega shaxsniki, millatniki bo‘lmasin?” – yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad millatning sifat ko‘rsatkichlari haqida


Saqlash
16:02 / 10.02.2023 808 0

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi, filologiya fanlari doktori, professor Xurshid Do‘stmuhammad bilan suhbat.

 

– ­Xurshid aka, avvalo ma’naviyat tushunchasiga lo‘nda izoh bersangiz.

 

– ­Ma’naviyat tushunchasiga “O‘zbek tilining izohli lug‘atida yaxshi izoh berilgan. Undagi “barcha axloqiy narsalar, xususiyatlar”, shuningdek, “insoniyatning falsafiy, huquqiy, ilmiy, badiiy, diniy, axloqiy va shu kabi tasavvurlari va tushunchalari majmui” degan so‘zlar ma’naviyatning mag‘zini, mohiyatini, qalbini anglatadi. Oddiygina va to‘g‘ri izoh, lekin bu oddiylikni to‘la idrok etish, tushuntirish juda murakkab.  Shu sababdan ham ma’naviyat tushunchasiga to‘la-to‘kis, lo‘nda izoh berishga da’vo qilolmayman. Tushunchaning yana ko‘plab jihatlari nazardan chetda qolib ketayotgandek tuyulaveradi. Umuman, ma’naviyat va uning targ‘iboti borasidagi qarashlarim o‘zgacharoq, imkon bo‘lsa shu haqdagi mulohazalarimni bir boshdan bayon qilsam.

 

­Marhamat.

 

– ­Ma’naviyat aniq fan emas, uning chek-chegarasi yo‘q, inson hayotining barcha jabhalarini qamrab oladi. Uni izohlovchi ta’rif va tavsiflar bir chekkadan ro‘yxatga olinsa, sanoqning oxiriga yetib bo‘lmaydi. Qo‘lga ushlab ko‘rsatish mumkin bo‘lgan buyum emas-da! Chamamda, ma’naviyat tushunchasining murakkabligi, salmog‘i, jozibasi, moʻjizasi ham shunda bo‘lsa ajabmas.

 

Tasavvur qilishga urinib ko‘raylik: ma’naviyat ­– inson hayotining har bir daqiqasida, har lahzasida ko‘zga tashlanadi. Boshqacha aytsak, inson tafakkurida, hayotida ma’naviy unsurlar, mezonlar ishtirok etmagan lahzaning, holatning o‘zi yo‘q.

 

Fikrimizga yanayam aniqlik kiritib olaylik.

 

Inson tiynatidagi barcha fazilatlar, masalan, madaniyat, ma’rifat, odob, insof, diyonat, adolat va hokazolar o‘zicha hali ma’naviyat emas, balki pirovardida ma’naviyat ummonini vujudga keltiruvchi irmoqlardir. Bamisoli tog‘dan jildirab oqib tushayotgan jilg‘alardir. Ular vujudga keladi, shakllanadi, sayqal topadi, toblanadi va shundan so‘nggina ong-u shuurimizning oliy qavatlarida bunyod bo‘lgan-bo‘layotgan ma’naviyat koshonasiga olib chiquvchi pillapoya vazifasini o‘taydi. Inson tiynatidagi har qanday fazilatning o‘q tomiri uning o‘sha qo‘rg‘onidan kuch oladi.

 

Endi, banda borki, xom sut emgan-da, ittifoqo qandaydir illat-karohatga yo‘l qo‘ydi deylik, darhol uni ma’naviyatsizlikda ayblashga odatlanganmiz. Yo‘q, picha oshiqmaylik. Bu bizning ma’naviyatga bo‘lgan hozirgi yondashuvimiz nuqtai nazaridan to‘g‘ri, menimcha esa hamma ayb, sabab yuqorida men aytgan irmoqlarda! Chunonchi, intizomsizlikda, insofsizlikda, farosatsizlikda, uquvsizlikda va hokazo.

 

Tushuntira oldimmi? Aytmoqchimanki, ma’naviyat ­– tasavvur qilib bo‘lmas darajadagi yuksak tushuncha!

 

Yana ma’naviyatning manzil-maskani botinda ­– qalbimiz, shuurimizda, shu bilan bir vaqtda ma’naviyat ­– inson hayotining zohirini o‘zi yashab turgan yon-veridan tortib ho‘-o‘ global miqyoslarga dovur qamrab oluvchi qudratli kuch.

 

Yana “ma’naviyat” so‘zi yakka ishlatilmasligi bejiz emas, ko‘pincha u “ma’naviyat va ma’rifat”, “ma’naviyat va madaniyat” deya juftlikda tilga olinadi. Sababi, ma’naviyat botindan zohirga chiqqan zahoti ma’rifat otining jilovini qo‘lga oladi, ya’ni yoqilgan chiroq singari nur socha boshlaydi, atrofdagilarga ta’sir o‘tkaza boshlaydi. Ma’rifat ulashadi. Bunday holat tabiiy ravishda kechadi. Ma’rifati to‘kis inson dunyoni, odamlarni, jamiyatda yuz berayotgan voqealarni ana o‘sha qo‘rg‘oni mezonlariga tayangan holda kuzatadi, baholaydi va istasa-istamasa mudom atrofidagilarga, dunyoga sayqal berayotgan bo‘ladi. Ma’naviyatning zamiridagi buyuk, hayotbaxsh va boqiy gumanizm ana shunda!

 

Yana ma’naviyat qalbimizdagi ilohiy tuyg‘u sifatida jamiki harakatlarimizni boshqaruvchi, yo‘naltiruvchi yo‘lchi yulduzdir!..

 

Ma’naviyat mavzusiga daxldor barcha qarashlar u yoki bu ma’noda mazkur ta’rif-tavsiflar tevaragida aylanadi.

 

– ­Kechirasiz, Xurshid aka, suhbatimiz boshlanishidan birmuncha murakkablashib ketganday tuyulmayaptimi? Biz ma’naviyatning avvalo ommabop tushuncha ekanligidan kelib chiqsakmi degan fikrda edik.

 

– ­Nima demoqchiman? Bugun mamlakatimizda ma’naviyat sohasiga berilayotgan e’tiborning asl maqsadini teran tushunishimiz kerak. Qalamkashmi, siyosatchimi, san’atning atrofida yurgan kishimi, avvalo bu tabarruk tushuncha mohiyatini yaxshi bilishi zarur. Na axloq, na odob, na bilim va iste’dod jihatdan o‘zi talabga javob bermasdan oddiy xalqqa ma’naviyatdan saboq berib bo‘lmaydi. Xalqning orasida shunday ulug‘ odamlar borki, ular kimning kimligini juda yaxshi biladi. Cho‘lpon “Butun kuchni xalq ichidan olaylik, quchoq ochib xalq ichiga boraylik” degandi. Haqiqiy ma’nodagi ma’naviyat qayerda ekanini donishmand shoir aytib qo‘ygan.

 

Do‘ppini olib qo‘yaylik-da, ushbu nuqtai nazar xususida bosh qotiraylik.

 

Takrorlashga izn bersangiz, ma’naviyat qo‘rg‘onining  o‘zak-o‘zagini tashkil etgan madaniyat, ma’rifat, axloq, tarbiya, insof, intizom singari jamiki fazilatlar tushuncha va tutum sifatida hammabop. Barcha fazilatlar, yuksak tuyg‘ularning majmuasi bo‘lmish ma’naviyat esa o‘zining bor murakkabligi bilan ­– xos tushuncha. Xos tafakkur va xos turmush tarzi.  Qiyos uchun aytsak, qadimdan Sharqda e’zozlab kelinadigan “komil inson” maqomi, tushunchasi bor-ku, shunga yaqin!

 

Ana endi savol tug‘iladi: komillik maqomi nechog‘li ommalashgan? Nechog‘li kishilarimizning tafakkur va turmush tarziga aylangan?

 

Hech kim aniq javob berolmaydi.

 

– Yanada murakkablashyapmiz...

 

– ­Murakkablashayotganimizni payqaganingiz uchun rahmat. Ma’naviyat, ma’naviy tarbiya mavzusida ozmuncha gapirmayapmiz, yozmayapmiz, ularning hech birini istisno qilmaymiz, lekin, menimcha, bu boradagi katta kamchiligimiz ­ma’naviyatni jo‘nlashtirayotganimizda, ma’naviyatdek yuksak tushunchani omma tafakkuri darajasidagina talqin qilish bilan cheklanib qolayotganimizda deb bilaman. Shuning uchun bu masalada mezonni baland olish va ommani shu mezon sari undash kerak.

 

– Siz tumanda yoki hozirgi kunda maktablarda tashkil etilgan ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimida ishlasangiz qanday uslubni yo‘lga qo‘ygan bo‘lardingiz? Umuman ma’naviyat vakilini qanday tasavvur qilasiz?

 

– Avvalo yurtimizda ma’naviyat borasidagi ishlarimiz mutlaqo boshqacha bosqichlarga ko‘tarila borayotganini e’tirof etmog‘imiz kerak. Tashkiliy ishlar, kadrlar muammosi, moddiy qo‘llov ko‘zga tashlanib turibdi. Konkret aytsam, Prezidentimiz olg‘a surgan besh tashabbusni xalqimiz orasida ommalashtirishga bor kuchimni sarflagan bo‘lardim. E’tibor beraylik:

 

– musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishni oshirish;

 

– jismoniy chiniqish va sport bilan shug‘ullanishni turmush tarziga aylantirish;

 

– kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish;

 

– kitobxonlikni targ‘ib qilish hamda ayollarni ish bilan ta’minlash.

 

Soddagina tushuntirishni istasak, sog‘liq, badiiy did, kitobxonlik, yangi axborot texnologiyalari borasidagi malaka bo‘lmay turib ma’naviy dunyoning komilligini tasavvur qilish qiyin.

 

Shulardan kelib chiqib, yoshlarga o‘ta oddiy tushunchalarni uqtirish, ularning elementar axloq, intizom me’yorlarini o‘zlashtirishi nihoyatda ulkan ahamiyatga ega deb o‘ylayman. Ma’naviyat sari tashlanadigan ilk odimlar ushbu tushuncha va me’yorlardan boshlanadi. Ular bamisoli ma’naviyat alifbolari! Harf tanimagan odamga “O‘tkan kunlar” yoki “Urush va tinchlik” romanini o‘qi deyish behuda.

 

Yana ayrim mulohazalarni aytsam.

 

Ona tilimizdagi olam-olam so‘zlarning ma’nosini anglashni o‘rgatish juda zarur vazifalarimizdan deb hisoblayman. Asrlar mobaynida oltin yombiga aylangan shu qadar qimmatli so‘zlarimiz borki, ular muomaladan chiqib ketayapti. Unutilmoqda. So‘z unutildimi, uning ma’nosi ham unutiladi. Bu unutilgan ma’no bilan biryo‘la tiynatimizdagi odamiylik tuyg‘ulari unutildi demakdir.

 

Kichik bir misol keltiray. O‘rni kelganda balog‘at yoshiga to‘layotgan yigit-qizlarimizni “Andisha, istihola, labz, subut, nafsoniyat, himmat so‘zlarining ma’nosini bilasizlarmi?” deb savolga tutaman.

 

Savolga to‘liq va atroflicha, qoniqarli javob yo‘q hisobi. Bundan mazkur so‘zlar ifodalayotgan ajib va tilloga topilmas tuyg‘ular unutilib bormoqda degan xulosa chiqmaydimi?!

 

O‘zbek xalqi qanday xalq, qanday millat degan savolga xorijliklar orasida faqat mehmondo‘st emas, balki andishali, istiholali, labzli, subutli, serhimmat, nafsoniyatli, vaqtni qadrlovchi xalq, millat degan ta’riflar tarqalishini juda orzu qilaman.

 

Shuningdek:

 

yoshlarimizda muomala madaniyatini shakllantirish;

 

favqulodda vaziyatlarda o‘zligini yo‘qotmaslik;

 

ovqatlanish odobi;

 

husnixat;

 

notiqlik san’ati;

 

bahs madaniyati va tanqidga murosa...

 

Maydalashib ketgandek tuyulmadimi?

 

Maydalashdik, lekin ana shu maydalashuvlar bosqichini bosib o‘tmagan odam ma’naviyat osmoniga ko‘tarilolmaydi. Bular ­– bamisoli ma’naviyat osmonida charaqlagan yulduzlar.

 

Ma’naviyat vakiliga mutlaqo oson tutmayman, lekin u majbur, u o‘z harakatlari bilan komil insonni tarbiyalashga o‘zini butkul bag‘ishlamog‘i darkor. Buning uchun esa avvalo o‘zi tarbiyalangan bo‘lmog‘i shart.

 

Xalqimizning juda boy ma’naviy merosi bor!. Bu gapni doim ishlatamiz. Bu chin gap aslida. Ammo bu meros asli nimalardan iborat, uni biz bugun qanday istifoda etayapmiz? Bu jarayondan qoniqasizmi?

 

– Bu gapda mubolag‘a yo‘q. Ma’naviy meros borasida bizga bas keladigan xalq bo‘lmasa kerak dunyoda! U istifoda etilmoqda, ya’ni tarixiy manbalar o‘rganilmoqda, nashr etilayapti. Biroq turli zamonlarda yuksak ma’naviy meros namunalari o‘laroq yaratilgan manbalarga qayta hayot baxsh etish uchun o‘sha ulug‘ mualliflar darajasiga ko‘tarila olgan tadqiqotchilar ko‘payishi ham zarur ekan-da! Ya’ni hozirgi ma’naviy daraja qadimgi ma’naviy daraja yuksakligiga ko‘tarilmog‘i kerak!

 

Beruniy, Ibn Sino, Termiziylar... Yassaviy, Navoiy, jadidlar ajdodimiz deb ko‘ksimizga urish ko‘chadagi yoqalashuvda chog‘i kelmay uyidan akasi yo otasini chaqirib chiqqan bolakayning ahvoliga o‘xshab ketadi. Xo‘sh, o‘zing nimaga yaraysan? Qo‘lingdan biror ish keladimi?!

 

Ma’naviy meros baholi qudrat o‘rganilmoqda, hayotga qaytarilmoqda deyapmiz, bunday ishlarimiz tahsinga loyiq. Lyekin masalaning boshqa muhim jihati bor: o‘sha qimmatli merosni hayotimizga yetarlicha tatbiq eta olmoqdamizmi?

 

Yuqorida aytilgan gapimizga qaytishga to‘g‘ri keladi: ma’naviyat xos tafakkur egalari ko‘tarila oladigan yuksaklik bo‘lganidek, shu o‘rinda siz va biz kuyunib aytayotgan ma’naviy meros ham xos kishilargagina mansubdir. Ular ommaning quvvai hofizasi uchun ko‘p jihatdan og‘irlik qiladi.  Mutaxassislarning aytishicha, qadimgi ma’naviy merosimiz ichida hozirgi zamon uchun asqotadigan choralar tog‘-tog‘ bo‘lib uyilib yotibdi. Faqat ularni topish, aniqlash va hayotga tatbiq etish zarur, xolos.

 

– Xalqimiz sizni avvalo katta yozuvchi deb biladi. Yozuvchining bitganlari barcha uchun zaxira, quvvat manbai. Demak, yozuvchi birinchi o‘rindagi ma’naviyatchi ekan-da...

 

– Hamon adabiyotning birlamchi vazifasi, missiyasi adab ekan, qalam ahli zamon va zamondoshlar adabi uchun mas’ul hisoblanadi. Adabiyotning o‘rni men yuqorida tasvirlashga harakat qilganim yuksak ma’naviyatning yonboshida, tarkibida. Katta iste’dod bilan yaratilgan asarlar inson va dunyoning mutlaqo kutilmagan jihatlarini kutilmagan ohanglar, timsollar orqali kashf etishi bilan ma’naviyati yuksak shaxslarni kashf etadi, tarbiyalaydi, ulug‘laydi. Shu bilan birga badiiy asarlar ham xilma-xil toifalarga bo‘linadi: eng oddiy, jo‘n toifa vakillaridan tortib, sara-xos kitobxonlarning ma’naviy qarashlariga ozuqa bera oladiganlari bo‘ladi.

 

Bir so‘z bilan aytganda, badiiy ijod ma’naviyatning qadrdoni, maslakdoshi, ko‘makchisidir. Badiiy asar bashariyat tafakkurini yangi pog‘onalarga olib chiqishga qodir.

 

– Milliy g‘urur tushunchasini bugun ayrimlar kibr bilan adashtirayotganga o‘xshaydi. Bu tushuncha or-nomus tushunchasi bilan bog‘liq emasmi?

 

– Gʻurur ­– insonning ko‘rki, millatning ham ko‘rki, kibr alohida shaxs uchun ham, millat uchun ham birdek ulkan illatdir! Faqat bu ikki tuyg‘u orasidagi devor nihoyatda shaffof. Har ikki tuyg‘uni talqin etishdagi qiyinchiliklar shuning oqibati. Odam fe’lini talay fazilatlar bezagan bo‘lishi mumkin, lekin bir misqol kibr barchasini chippakka chiqaradi. Nafsoniyatni, g‘ururni ehtiyotlamaslik avvalo o‘zini o‘zi haqorat qilish, so‘ng boshqalarning haqoratlashiga yo‘l qo‘yish degandek gap. Zarracha kibr tabiiy ofat yanglig‘ ma’naviyat koshonasini poymol etadi.

 

Ulkan maqsadlar bilan yashayotgan jamiyat uchun sog‘lom g‘urur bugun g‘oyatda zarur tuyg‘u! Shaxs, millat, xalq, jamiyat va davlat g‘ururi zanjir halqalari yanglig‘ bir-biriga chatishib-chirmashib ketmog‘i kerak aslida. Afsuski, ushbu oltin zanjirni mustahkamlash xususida yetarlicha qayg‘urayotganimiz yo‘q. Vaholanki, o‘zbek xalqining tiynatida saqlanib kelayotgan ma’naviy qadriyatlar kurrai zamindagi har qanday xalq, millat ma’naviyatini har jihatdan boyitishga munosibdir!

 

– Xurshid aka,  o‘zbekning fe’li, yutug‘i-yu nuqsoni, umuman, milliy mentaliteti yaxlit aks etadigan ilmiy asosga ega asarga ehtiyoj bordek tuyuladi. Siz qanday qaraysiz bu fikrga?

 

 – Nimasini aytasiz! Muammoning muammosi bu!

 

Xalqimiz, tilimiz, yurtimiz tarixida qanchadan-qancha javobsiz savollar qalashib yotgan bo‘lsa, millat sifatidagi fe’limiz, uning yutug‘i-yu nuqsonlari sarhisob qilingan emas.

 

Mentalitet o‘zicha murakkab tushuncha. Uning mezonlarini aniqlash ham mushkul. Men bir o‘rinda millatdoshlarimizning, millatning sifat ko‘rsatkichlari degan iborani tilga olgandim. Quloqqa og‘ir botmasin, har qanday narsa, buyumning sifat darajasi bor, nega shaxsniki, millatniki bo‘lmasin? Boringki, shartli ravishda masalani shunday qo‘yish mumkin. Muhimi, natija chiqadi, xulosa chiqadi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 19-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’naviyat targ‘ibotida zamonaviy texnologiyalarning muhimligi, ijtimoiy-ma’naviy muhitning ilmiy tahlilini kuchaytirish zarurligi, afsuski, sohada tahlilchi va ekspertlarimiz juda kamligiga alohida to‘xtalgani bejiz emas. Bir so‘z bilan aytganda, sohadagi barcha ishlarimiz ilmiy asosga qurilmog‘i kerak. Shundagina mavzumizga doir qarashlar, mulohazalar, takliflar, harakatlar  g‘ayriilmiy, tasodifiy yondashuvlar darajasiga tushib ketmaydi.

 

Amerikaning San-Fransisko shahridagi Kaliforniya universiteti madaniyat va tuyg‘ular laboratoriyasi mutaxassislari salmoqli va g‘oyatda qiziqarli tadqiqotlar o‘tkazishadi. Biz nima uchun milliy tuyg‘ularni o‘rganmasligimiz kerak? Tuyg‘ular tarixi, ma’nosi, toblanishi millat tarixi, millatning ajralmas boyligi demakdir!.. Milliy mentalitetni  ham ilmiy, ham amaliy o‘rganish markazlari tashkil etilmog‘i kerak.

 

Keyingi paytlarda kitob ko‘p chop etilmoqda. Istalgan mavzuda kitob topish qiyin emas. Lekin fundamental va zalvorli mavzularga bag‘ishlanganlari juda oz. Dunyo, odamzot qay tomonlarga oshiqmoqda? Nima sababdan insoniyat bu qadar behalovot, sertashvish bo‘lib ketayapti? Erta yo indin bashariyatni nimalar kutmoqda?.. O‘rganilishi kerak bo‘lgan mavzular qalashib yotibdi. Muhimi, mana shunday fundamental asarlar yaratishga qodir adiblarimiz, mutaxassislarimiz, olimlarimiz bor, men bunga ishonaman. Faqat shu toifa asarlar qadrlanadigan muhit yetishmayotganga o‘xshaydi.

 

Kitob haqida so‘z ochildi, bir qo‘shimcha qilay: ma’naviyat sohasidagi xizmatchi bo‘lsam, maktab o‘quvchilari, qolaversa, oliy o‘quv yurti talabalari atoqli shaxslarning (sohasidan, qaysi xalqqa mansubligidan qat’i nazar) tarjimai holi hikoya qilingan kitoblarni o‘qishlarini, tasvirga olingan filmlarni tomosha qilishlarini yo‘lga qo‘ygan bo‘lur edim.

 

– O‘zbekning, umuman xalqimizning fe’liga begona bo‘lgan ishlar ham sodir bo‘lib turibdi. Maishiy hayotimizda ham, tashqi dunyomizda ham buni ko‘rish mumkin. Ma’naviyat va qadriyatlarga, an’analarga tahdidlar kundan-kunga ko‘payib bormoqda. Bu borada nima ishlar qilish zarur deb hisoblaysiz?

 

– Keyingi besh-olti yilda mamlakatimizda isloh qilinmagan birorta soha qolmadi. Mana shunday muhitda ko‘zlangan ishlarning muvaffaqiyati birinchi navbatda xalqimizning qo‘lloviga bog‘liq bo‘ladi albatta. Butun jamiyat miqyosidagi o‘zgarishlar odamlardan mutlaqo o‘zgacha qarashlar, qadriyatlarni nihoyatda ziyraklik bilan anglab yetishni talab qilmoqda.

 

Ayrim mas’ul shaxslarning kirdikorlarini tahlil qilib ko‘raylik, ularning bari ilmsizlik, axloqsizlik, nafsni tiya bilmaslik, farosatsizlik, didsizlik, kalondimog‘lik va umuman madaniyatsizlikning oqibati ekanligini ko‘rish, bilish qiyin emas. Demak, salohiyatli, zuvalasi toza, ya’ni ma’naviyati butun rahbarlar tayyorlash borasidagi muammolarimiz qayerlardadir pusib yotibdi, biz esa ularni yo ko‘rmayapmiz, yo ko‘rishni istamayapmiz!

 

Taassuflar bo‘lsinkim, dunyo qalqib turibdi, munosabatlar taranglashmoqda. Insoniyat tarixida hech qachon zamon hozirgidek qaltis tus olmagan bo‘lsa kerak! Biz jonimizni koyitib qayg‘urayotgan ma’naviyat siyosiy, ijtimoiy, moliyaviy va hokazo global manfaatlar ro‘parasida ojizlanib-yolg‘izlanib qolayotgandek. Aslida esa mutlaqo unday emas, milliy ma’naviyat tirik organizmdagi hayotbaxsh immunitet yanglig‘ kurashuvchandir, tiyrakdir, uning oldida har qanday havaslar, manfaatlar o‘tkinchi va omonatdir!

 

– Xalqning yakdilligi hamma narsadan muhim va dolzarb bo‘lib turgan bir paytda...

 

– Xuddi shunday: hozir vatanimiz ravnaqi, farovonligi, boshlangan ishlarning samarasini ko‘rish uchun ham xalqimizning yakdilligi nihoyatda zarur. Bugungi vaziyat xalqimizni har qachongidan ko‘ra jipslikka, bir yoqadan bosh chiqarishga undamoqda. Bu borada ham ma’naviyat yo‘lchi yulduz vazifasini o‘taydi.

 

Suhbatni Shodmonqul SALOM yozib oldi.

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2022-yil 4-son.

Millatning sifat ko‘rsatkichisuhbati

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19316
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16391
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi