Haykalingiz poyidan qachon oʻzamiz, saroyda yashab, qanday qilib asl sheʻrlar bitdingiz, diplomingiz bormi, Navoiy bobo? – yosh ijodkorlarning Navoiyga maktublari


Saqlash
19:59 / 09.02.2023 2592 3

Bugun turkiy olamning buyuk shoiri, allomasi Alisher Navoiy tavallud topgan kun. Kun davomida koʻpchiligimiz Navoiy baytlaridan bir misra boʻlsa-da oʻqiymiz, eslaymiz, ijtimoiy tarmoqlarga joylaymiz. Respublikamiz boʻylab esa shoir haykallari poyiga guldastalar qoʻyiladi, tadbirlarda ziyolilar, yozuvchi-shoirlar, arboblar soʻz mulkining sultoni haqida koʻp va xoʻp nutq soʻzlashadi. Ammo, odatda, bu anjumanlar orasida ich-ichimizdagi gaplar tilga chiqmay qolib ketadi. Oyina.uz bugun Alisher Navoiyni chindan yaxshi koʻrib, tushunib oʻqiydigan yosh ijodkorlarning dahoga aytishni istagan soʻzlarini maktub tarzida bir joyga jamladi.

 

Saroyda yashab, qanday qilib bu qadar baland va goʻzal asarlar bitdingiz?

 

Koʻrung, gʻam qatlgohida, balo jallodi qoshimda,

Junun zanjiri boʻynumda, siyosat tigʻi boshimda.

 

Oxirgi paytlar tilimdan Navoiy boboning shu baytlari tushmayapti. Alisher Gʻiyosiddinovich, ayting-chi, junun zanjiri boʻyningizda, siyosat tigʻi boshingizda ekanini va ikkalasi ham sizning qatlingizga sabab boʻlishini bilganingiz holda qanday yashadingiz? Qalbingizni qanday asradingiz? Qafasda qanday parvoz qildingiz? Saroyda yashab, qanday qilib bu qadar baland va goʻzal asarlar bitdingiz?

 

Men juda qattiq hurmat qilgan va yaxshi koʻrgan zamondosh yozuvchi, olimlar butun jahon adabiyotini suv qilib ichgach, yana baribir sizga qaytishganini, ijodingiz, tafakkur va tasavvur mahsulingiz oqar daryo, oxiri yoʻq ummon ekanini, dunyo adabiyoti sizdan boshlanib, sizda tugashini aytishadi. Alisher Gʻiyosiddinovich, siz qachon hayotdagi asosiy missiya – vazifaningizni anglagansiz va bu qanday sodir boʻlgan?

 

 

Zamondosh boʻlganimda edi… Yoʻq, sizga savollar bermas, xalaqit qilmasdim, nigohingiz, xatti-harakatlaringiz hammasini aytardi, deb oʻylayman. Undan ham koʻprogʻini, tabiiyki, asarlaringiz soʻzlardi. Avvallari ularni koʻp oʻqirdim. Masalan, “Xamsa”ning hamma dostonini oʻqib boʻlsam, moʻjiza yuz beradigandek shoshganman. Lekin foydasini, taʼsirini kam sezgandim. Chunki sizni nega oʻqishim kerakligi haqidagi savolga real javobim yoʻq edi.

 

Endi ulgʻayganim sari anglayotganga oʻxshayman bularning barini, asarlaringizga tabiiy ehtiyoj sezayotgandekman. Endi baytlaringizga butunlay boshqa nazar bilan qarayman. Oldin tushunuksiz, bizdan juda olis, hatto pafosga yoʻgʻrilgandek tuyilgan gʻazallaringiz, aslida inson dardi, inson haqiqati, inson boʻlish bosqichlari ekanini ilgʻagandek boʻlyapman. Sizni hech bir taʼmasiz oʻqish kerak! “Navoiyni oʻqidim, uni bilaman”, degan shuhratparast oʻy zarra aralashsa ham yuqmasligini bildim.

 

 

Siz ham bir baytingizda “Tarki taʼma qilgʻil, saxovul boʻlgʻay”, deysiz-ku. Darhaqiqat, taʼmani tark etishning oʻziyoq saxovat ekanini bilgan va hayotiga, ijodiga koʻchirgan inson 582-yildan keyin ham eslanishi, ikki dunyoda aziz, suyukli, martabali, yuzi yorugʻ boʻlishi tabiiy.

 

Navoiy bobo, tugʻilganingiz uchun, turkiy tilda koʻp va xoʻp yozganingiz uchun, daholik, buyuklik yukini koʻtarganingiz uchun rahmat sizga!

 

Aytgancha, meni doim quvontiradigan, siz bilan bogʻlaydigan bir asos bor, bu – mening ismim. “Saddi Iskandariy” dostoningizda zamonasining eng fozila, goʻzal, oqila ayoli, Iskandarning suyukli yorining ismi – Mehrnoz, baʼzi oʻrinlarda Nozmehr boʻlib keladi. Siz bu ismni aynan shu doston uchun toʻqigan ekansiz. Doim ismimni Navoiy qoʻygan deb faxrlanib yuraman oʻzimcha. Ismim uchun alohida rahmat.

 

Yozgan har bir soʻzingiz, ezgu amallaringiz qabringizga nur boʻlib yogʻilsin. Duoyingizdaman.

 

Mehrinoz ABBOSOVA,

shoira

 

 

Bu jodu sizga ham tanishmi?

 

Hazratim, dahri dun vodiysida ishq gullaridan termoq zamoni boʻgʻzingizga tiqilgan vovaylo yigʻisidan yaralgan yoniq misralarga singgan ogʻriq menga ham tanish. Bu bir ogʻriq ekanki, kecha kelgumdir debon ul sarvi gulru kelmaganidan koʻksing yonib koʻzlaringga tong otqunicha uyqu kelmas, lahza-lahza chiqarsan-u chekarmishsan yoʻlida intizor, biroq ogʻzingga jon kelarkan-u ul shoʻxi badxoʻ kelmas ekan...

 

Muborak ogʻriqlarni mumtoz kechalar talotoʻpida boshdan kechiribmiz, kechirarmiz hali koʻp!

 

 

Hazratim, sizga yaqinlashmoq qalbga yaqinlashmoqdir, ruhning sernaqsh imoratini bezamoq, dolgʻali kunlar yodidan oʻchib masrur va bedor kechalardan halovat topmoqdir, anglaganim sayin yuksaldim, yuksalganim sayin angladim.

 

Bu kunlar meni jodulagan. Bu bir joduki, yoʻqlik ichinda borliq, arosat ichinda yoʻl, qaygʻu ichinda shodlik, koʻngil ichinda koʻngil oʻstira olarkan.

 

Hazratim, koʻngil qushi yigʻlamasin... U yigʻlasa, koʻzyoshi qanotini ezib qoʻygay, ezilgan qanotlar parvoz zavqini unutgay...

 

Maktubim bitar onda, demoq istarmanki, xayolda siz bilan yuzlashmoq – ichimga yoʻl olmoqdir. Asl gavhar ichkarida oshiyon topur. Menga bu oshiyon sari yoʻl koʻrsatganingiz uchun ming sallamno!

 

Rahmat BOBOJON,

shoir

 

 

Siz meros etgan yukni koʻtaradigan yelkalar qanday edi?

 

Nomingiz bilan atalgan koʻchalar, bekatlar, shaharlar, bogʻlar oralab oʻtar ekanman, birgina Ahmad Muzahhib ishlagan suratda haqiqiy Sizni uchratib qolaman. Tasavvurimdagi shoirni! Oʻsha haqirlikda boʻy koʻrsatib turgan donishmandlikni topaman undan. Soʻngra sizga soʻzlay boshlayman:

 

Oshiq boʻldim, pand bermang, choram asbobin tuzing,

Ishq zor etganga zulm etmang, tarahhum koʻrguzing.

 

 

Oshiq boʻldim... Biz-da oshiqlikka davo qilgan edik. Bizning oshiqligimiz oʻzgacha boʻldi. Ishqning koʻhna libosiga yarashmadik, Navoiy bobo. Qalbimiz, qaygʻularimiz ham torayib ketdi. Na siz chekkan ulus qaygʻusiga sherik boʻldik, na oʻz boshimizdagi qorlarga adl turoldik. Tagʻin sizni takror-takror pesh qilguvchilar orasida ulgʻaysak-da, suvratingizni qalban tanishimiz kech sodir boʻldi. Asli hali ham sizni qanchalik bilishimiz, sevishimiz ayon emas. Bobo, siz meros etgan yukni koʻtaradigan yelkalar qanday edi? Bu yogʻi qanday davom etar. Holimizga kuyarmisiz?..

 

Goh gʻazallaringiz bitilgan moʻjaz kitobni varaqlab, biz anglamagan goʻzallik dunyosiga moʻralayman. Har misradan (aslida uni sharhlari bilan oʻqisam ham) hayratlanaman, hayratlanaveraman. Oʻsha olamdan zarra nur olib shuurimga singdirishni istayman.

 

Bugun sizga xat yoʻllayman deyman-u, ich-ichimda yorugʻ siymongizdan hayo qilaman, Soʻzga munosiblikda mumtozlashmagan tafakkurimizdan iymanaman…

 

Madina NORCHAYEVA,

shoira

 

 

 

Diplomingiz bormi, Navoiy?

 

…Diplomingiz bormi, Navoiy? Yoʻ-oʻq, albatta! Tabiiyki ishingiz va tayinli turarjoyingiz ham yoʻq. Ishqiy gʻazallar oʻrnini ijara qaygʻusida bitilgan dostonlar, durust shoir boʻlganingiz uchungina davlat tashkilotlarida ishlovchi oʻrtamiyona qalamtishlar dushmaningiz kamiga. Bir kunda bir ovqatlanmoq uchun vatan etini yeb yotganlar hovlisida oʻt yulasiz, goʻng tashiysiz va tongga qadar soʻlgʻin ruhiyatda yozilar sheʼrlar – zamon tuflab qoʻygan sanʼat yuziga, adabiyot goʻriga gʻisht qalangan axir va hech kimdir shoirga eng mos sinonim...

 

JONTEMIR,

shoir

 

 

 

Men choʻqqiga qachon yetaman?

 

Hazratim, men bir ish boshlab qoʻydim. Oʻzimcha nabiralaringizdan birining ijodini tadqiq qilib, risola yozmoqchiman. Qaysi nabiram u, deb soʻrasangiz, Matnazar Abdulhakim! Hozircha holimiz shu – nabiralaringiz haqida fikr yuritib turamiz-da. Chunki Sizning ijodingiz quyoshga oʻxshaydi. Unga tik boqish mushkul vazifa. Ammo bu quyoshning nurlari tushgan manzillarda ungan gullar, chechaklar haqida biror narsa deyish mumkin.

 

Hecham tutqich bermaydi-da qurgʻur Soʻz.

Yaqinlashsam, ohu kabi hurkir Soʻz.

Sizdan qolgan bu muqaddas Turkiy Soʻz.

Assalom, Hazratim, Navoiy bobom!

 

Bu misralarni haykalingiz poyiga borganda aytgandim. Oʻzi biz shunaqamiz. Haykalingiz poyiga borishgagina jurʼatimiz yetadi. Ammo qachon, qanday qilib oʻzingizga yetib boramiz bu sudralishda? Yana necha yil zarur, yana necha dovonlardan oshishimiz kerak?..

 

 

Tadqiq etayotganim – Matnazar Abdulhakimning bir sheʼrini oʻqib, choʻchib ketdim. Mana oʻsha sheʼr:

 

Navoiyni oʻqib

 

Ming mashaqqat bilan chiqdim men,

Qirq yil chirmashdim bu choʻqqiga.

“Shoirmassan. Tushaver qaytib!”

Shunday boʻldi hukm – oʻqilgan.

 

Tegramga bir boqdim yutoqib

Dunyo koʻrib olmoq gʻamida,

Yerga qaytib tushmogʻim uchun

Yana qirq yil kerak… kamida.

 

Shoir ijodingizni yuksak choʻqqiga mengzamoqda. Uning bu choʻqqiga qirq yil davomida chirmashib chiqib olganini, oʻzini yupun his qilib, oʻzi haqida “shoirmassan” degan xulosaga kelganini eshitib, men bu choʻqqiga qachon yetaman degan oʻy bosdi. Oʻzimning holimga oʻzim kuldim. Atrofdagilar hayron. Keyin mana bu misralaringiz tanobimni tortib, adabga chaqirdi:

 

Tarki adabdin biri kulgudurur,

Kulgu adab tarkiga belgudurur.

 

Sizga – yuksak choʻqqiga qachon yetar ekanman deb betoqatlik qilmayapmanmi? Agar besabrlik qilayotgan boʻlsam, maʼzur tutasiz, Hazratim! Axir aytmabmidingiz:

 

Kimgaki ish boʻldi qanoat fani,

Bilki, ani qildi qanoat gʻaniy.

 

Sal hovurim bosilganday. Har bir hikmatingiz magʻzini chaqib, bir pogʻona-bir pogʻona balandlagandayman. Har holda, oʻzimga shunday tuyulyapti. Eng muhimi, men yoʻlga chiqqanman. Faqat choʻqqiga qachon yetaman?! Bilmayman…

 

Kumush ABDUSALOMOVA,

shoira

 

 

Qiyomatli muhabbat

 

Hayotingiz davomida qiziq faktlarga koʻp bor duch kelaverarkansiz. Bogʻlayman desangiz, voqealarning keti uzilmaydi, hodisalar bir-birini yetaklab kelaveradi. Bundan 30 yil ilgari Navoiy viloyatida dunyoga kelib, sizning tugʻilgan kuningizda “metrka” olganman. Dadam sizga havas qilib, Alisher deb ism qoʻyganlar (zora, shoir boʻlsa degan umidda). Maktabga borganimda oʻrtoqlarim “Alish” deb chaqirishni boshlashdi. Bundan juda ranjidim. Chiroyli ismimni buzib talaffuz qilishlariga chiday olmadim. Hamma sizni toʻliq ismingiz bilan, hattoki taxallusingizni qoʻshib zikr qiladi. Xotira kechalaringizni oʻtkazadilar. “Demak, buyuk shaxs boʻlsanggina, ismingni toʻliq aytishar ekan”, degan tushunchaga keldim va oʻsha maqsad sari odimladim. Hozir, Xudoga shukr, “Alish” emas, Navoiylik Alisherman. Ismimga taxallusimni ham qoʻshib aytishadi.

 

 

Aytishlaricha, Samarqand shahriga qilgan safaringiz chogʻida Karmana (hozirda Navoiy viloyati Karmana shahri) yaqinidagi sardobalardan birida toʻxtarkansiz, oʻsha atrofdagi qum tekisliklariga qarab, “Bir kun kelib, bu yerlar obod boʻlib, goʻzal bir shahar vujudga keladi”, degan ekansiz. Qizigʻi shundaki, shu soʻzlaringizdan qariyb besh yuz yil oʻtib, yaʼni 1958-yili oʻsha tekisliklarda shahar barpo etilib, sizning sharafingizga nomlandi. Shundan soʻng mustaqil yurtimizning eng yirik viloyati ham aynan sizning nomingiz bilan ataladigan boʻldi.

 

Ammo, meni boshqa bir narsa qiziqtiradi. Samarqand safari davomida shu oʻlkada adashingiz, yosh Alisher boʻlishini hech tasavvur qilib koʻrganmisiz? Uning otasi sizga muhabbati tufayli oʻgʻliga ismingizni qoʻyishi xayolingizga kelganmi? Yana bir gap. Shu ismga munosib boʻlish uchun doimo sergak turishga, samimiylikni yoʻqotmaslikka, koʻproq oʻqib, yozishga intilaman. Bu borada qanchalik yutuqlarga erishdim bilmayman, lekin bir rivoyat koʻngilga taskin: kimnidir chin dildan yaxshi koʻrsang, qiyomatda shu odam bilan yonma-yon boʻlasan, deyishadi. Shunday ekan, mening koʻnglim toʻq, sababi, sizni sevamiz va sizga intilamiz mudom.

 

Navoiylik ALISHER,

shoir

 

Oyina.uz

 

3 Izohlar

Maftuna

12:01 / 01.01.1970

Yaxshi badiiyat namunalar bo'libdi. Menda ham shunday fikrlar yozishga havas tug'ildi

Umida Qahorova

12:01 / 01.01.1970

Tasanno. Menga juda yoqdi. Qayta qayta o'qidim...

Sodiqjon

12:01 / 01.01.1970

Juda ajoyib peripetik yondashuv bo'libdi. Navoiyga maktub menga manzur bo‘ldi. Aslida doim ham deyarli umuman bu saytni kuzatmayman ammo bunday yangicha yondashuvlar bilan asliy materiallar tayyorlansa bu bekor bo‘lishi mumkin

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23739
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//