Mixail ShOLOXOV
Taniqli rus yozuvchisi Mixail Sholoxov 1965-yili Nobel mukofotiga loyiq deb topilgan. Yozuvchi mukofot pulinining ko‘p miqdorini dunyo bo‘ylab sayr-u sayohat uchun sarflaydi.
“Otam 1941-yili olgan Stalin mukofotining pulini Mudofaa fondiga o‘tkazgan bo‘lsa, Lenin mukofotining pulini o‘zi o‘qigan maktabning ta’miri uchun ishlatgan. Nobel mukofotining pulini esa o‘zi uchun sarf qildi. Otam o‘sha pulga bizga, o‘z bolalariga, Yevropa davlatlari va Yaponiyani ko‘rsatdi. Biz ulovda Angliyani, Fransiyani, Italiyani boshdan-oyoq sayr qildik”, deya yozadi o‘z xotiralarida Sholoxovning qizi Svetlana.
***
Ivan BUNIN
Bu mukofotga 1933-yili loyiq ko‘rilgan rus yozuvchisi Ivan Bunin oilasining yaqin do‘sti Zinaida Shaxovskaya o‘z esdaliklarida shunday yozgan:
“Fransiyaga qaytgan Ivan Alekseyevich pulini dabdabali marosimlar o‘tkazish, muhojirlarga yoqish uchun bayramlar tashkillashtirishga sariq chaqasigacha sarf qila boshlaydi. Nihoyat, eng so‘nggi mablag‘ini ham “xayrixoh odamlar”ning maslahati bilan “foydali ish”ga tikadi va pullarning qolgani ham havoga sovriladi”.
***
Dario FO
1997-yili Nobel mukofotiga loyiq deb topilgan italiyalik mashhur dramaturg Dario Fo olgan pul mukofotini qaysidir “biznes”ga tikadi. Natijada pushaymondan boshqa "daromad" ko‘rmaydi.
***
Rene Fransua Arman Sulli-Prudom
1901-yilgi, adabiyot yo‘nalishining ilk nobelchisi, fransuz shoiri Sulli-Prudom o‘z pullariga nomini abadiylashtirish maqsadida “Sulli-Prudom she’riyat mukofoti”ni ta’sis qiladi.
Biroq mukofotning umri qisqa bo‘lgan – bor-yo‘g‘i 6 yil. Shoir olamdan o‘tganidan so‘ng esa fond butunlay yopib yuborilgan.
***
Gabriel Garsiya MARKES
Kolumbiya yozuvchisi Gabriel Garsiya Markes 1982-yili olgan Nobel mukofoti puliga “Kolumbiya adabiyoti” nomi ostida jurnal tashkil etadi. Bu jurnal hozirda ham yozuvchining o‘z o‘lkasi va Meksikada nashr qilinmoqda.
***
Imre KARTES
2002-yilning Nobel mukofoti sohibi, mojor yozuvchisi Imre Kartes olgan mukofot haqqini umr yo‘ldoshiga topshirgan.
“Ayolim men bilan yo‘qsil va nochor hayot kechirgan yillari uchun unga istagan narsasini sotib olishga ruxsat berdim. Istasa kiyim-kechak, istasa zeb-ziynat xarid qilsin”, degandi yozuvchi gazetaga bergan suhbatlarining birida.
***
Aleksandr SOLJENITSIN
1970-yili Nobel mukofoti bilan taqdirgan rus yozuvchisi Aleksandr Soljenitsin mukofot puliga AQShning Vermont shtatidan katta hovli sotib olgan. Bu hovli ikki uydan iborat edi. Yozuvchi uylarning biridan ishxona sifatida foydalangan bo‘lsa, yana birida turmush o‘rtog‘i, qaynonasi va uch o‘g‘li istiqomat qilardi.
***
O‘rxon POMUQ
2006-yili Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan turkiyalik yozuvchi O‘rxon Pomuq mukofot pulining bir qismini “Masumiyat muzeyi” romani asosida Istanbulda o‘zi tashkil qilgan muzey binosini sotib olish, muzey dizayni va eksponatlari uchun sarflagan.
To‘plovchi va tarjimon:
Rahmat BOBOJON
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q