Ijtimoiy evrilishlar omili


Saqlash
15:09 / 23.09.2021 1980 0

 

Transformatsiya (evrilish) jamiyatning bozor iqtisodiyotiga asoslangan taraqqiyot bosqichiga o‘tishini anglatadi. Biroq buning uchun jamiyat a’zolarining siyosiy ongida tub o‘zgarish bo‘lishi lozim, bu o‘zgarish esa, eng avvalo, milliy o‘zlikni anglashda namoyon bo‘ladi.

Siyosiy ong, ijtimoiy-falsafiy mohiyatiga ko‘ra, nazariy-konseptual va amaliy-strategik xususiyatga ega tushunchadir. U jamiyat, davlat va ijtimoiy boshqaruvning bosh yo‘nalishini ifoda etadi, kishilar hayotining fundamental ahamiyatga molik jihatlarini qay tomon yo‘naltirish mumkinligini ko‘rsatadi. Siyosiy ong ijtimoiy ongning o‘zagi sifatida jamiyat, davlat, institutlar va individlar hayoti, turmushi, dunyoqarashiga ta’sir etadi. Bugun ijtimoiy hayotni siyosiy voqelik, siyosiy ongga taalluqli omillarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Siyosiy ong jamiyat yangilanishiga beqiyos ta’sir etgani bois, milliy o‘zlikni anglash bilan chambarchas bog‘lanadi. Ijtimoiy hayot o‘z­o‘zidan transformatsiyaga uchramaydi, hatto siyosiy ong ham mazkur jarayonga befarq qolishi mumkin. Ammo u ijtimoiy ong va ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlarga nazariy – konseptual va amaliy-strategik yo‘nalish berishda davom etadi.

Fikrimizcha, siyosiy ong strategik maqsadni belgilab berish, sotsial boshqaruvni yo‘lga qo‘yish orqali ijtimoiy-iqtisodiy hayotga ta’sir etadi. Lekin inson faqat moddiy hayotini yaxshilash, farovonlikka erishish bilangina qanoatlanib qolmaydi, uni yon-atrofida bo‘layotgan siyosiy voqealar, davlat va jamiyat ishlari, insoniyatning taraqqiyot yo‘llari, modellari, bu boradagi turli yondashuvlar ham qiziqtiradi. Demak, siyosiy ong davlat va jamiyat hayoti taraqqiyotidagi nazariy-konseptual va amaliy-strategik maqsadlarni belgilab berish orqali barcha sohalarni o‘zida mujassamlashtiradi. Shu ma’noda, u ijtimoiy ongning o‘zagidir.

“Siyosiy munosabatlar jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarning tarkibiy qismi hisoblanadi va ushbu munosabatlarni boshqaruvchi, yo‘lga qo‘yuvchi, xarakterini belgilab beruvchi o‘zak sifatida keladi. Siyosatning integral xarakteri siyosiy munosabatlarning barcha sohalarida ishtirok etishni, ularning o‘zagi ekanini bildiradi. Shuning uchun siyosiy voqelikni o‘rganganda uning integral xarakteridan kelib chiqish talab etiladi, chunki integral konsepsiyasi yo‘q tadqiqot siyosiy voqelikni fragmentar, deskriptiv tahlil qilishga va deduktiv, metafizik mushohadalarga olib boradi” (Qo‘chqorov V. Milliy o‘zlikni anglash va ijtimoiy-siyosiy jarayonlar. Toshkent, “Akademiya”, 2007. 65-bet).

Siyosiy ong va milliy o‘zlikni anglashning transformatsiya jarayonlaridagi o‘zaro bog‘liqligi, ularning dialektik o‘rnini aniqlash muhim ilmiy ahamiyatga egadir. Fikrimizcha, ushbu vazifaning ijtimoiy-falsafiy mohiyatini quyidagi masalalarni muhokama qilish, tadqiq etish orqali ochib berish mumkin.

1. Siyosiy ong va milliy o‘zlikni anglash o‘rtasida etimologik, aksiologik farqlar bo‘lsa-da, ularga yaxlit, strategik maqsadga yo‘naltirilgan, mohiyatan uyg‘un voqelik sifatida qarash o‘rinlidir. O‘tgan asrning boshlarida millat kelajagi, taqdiri, istiqloli uchun kurashgan buyuk mutafakkir jadidlar faoliyatini, kurashlarini eslaylik. Ularning sa’y­harakatlari, tilak va orzulari millat intilishlariga muvofiq edi; ular tuzgan ijtimoiy-siyosiy partiyalar, maktab va nashriyotlar milliy hayotni yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan edi. Lekin mazkur intilishlar orzuligicha qolaveradi. Ayb faqat chor hukumatidami? Ijtimoiy ong yangi g‘oyalarni, istiqlol to‘g‘risidagi fikrlarni, milliy o‘zlikni anglashga qaratilgan da’vatlarni eshitishga tayyormidi? Siyosiy ong jadidlar faoliyatida ustuvorlik qilgan; ular milliy o‘zlikni anglash, istiqlolga erishish yo‘llarini dadil ochib bergan, lekin ijtimoiy ong, omma milliy o‘zligini namoyon qilish, istiqlol uchun kurashishga hali tayyor emas edi. Demak, jamiyatda transformatsion o‘zgarishlar sodir bo‘lishining muhim omili – siyosiy ong va milliy o‘zlikni anglash, uni qat’iy himoya qilish fenomenlarining uyg‘unligidadir.

2. Siyosiy ongning ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotning obyektiv qonunlarini to‘g‘ri anglashi mavjud vaziyatdan haqqoniy xulosa chiqarish, mas’uliyatni zimmaga olib, ijodiy, sotsiokreativ kuchlarga tayana bilish, xalqni muayyan ideal, g‘oya, mafkura tevaragida birlashtirish bilan bog‘liqdir. Tarixda taraqqiyot haqida betakror konsepsiyalar, ta’limotlar yaratgan diniy va dunyoviy arboblar ko‘p bo‘lgan, ammo ularning utopik-futurologik g‘oyalari orzuligicha qolavergan (Мангейм К. Идеология и утопия // Утопия и утопичес­кое мышление. Москва, “Прогресс”, 1991. Стр.113-169). Demak, transformatsiyaning “dolzarb reallik” sifatida kelishi, minglab, millionlab kishilarni harakatga sola olishi uchun tarixiy taraqqiyotning obyektiv qonunlarini to‘g‘ri anglamoq zarur.

3. Monoetnik davlatlar va jamiyatlarda transformatsiya tez va samarali amalga oshadi. Polietnik davlatlar va jamiyatlarda esa transformatsiya turli to‘siqlar, murakkabliklarni keltirib chiqaradi. Mazkur holni bartaraf etish ko‘pincha etnosiyosiy omillar bilan bog‘liq. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan etnosiyosat yurtimizda hayot kechirayotgan turli xalq, millatlar vakillari ittifoqini mustahkamlash, etnomadaniy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgani ijobiy natija bermoqda.

4. Mustaqillik milliy o‘zlikni anglash fenomeni bilan bog‘liq. Bu o‘rinda siyosiy ong milliy o‘zlikni anglash tarzida, milliy o‘zlikni anglash esa siyosiy ong ko‘rinishida bo‘y ko‘rsatadi. Mazkur bog‘liqlik transformatsion o‘zgarishlarning nazariy-konseptual asosi va ijtimoiy-amaliy dasturi sifatida namoyon bo‘ladi.

Siyosiy ong va milliy o‘zlikni anglashning ijtimoiy hayotga ta’siri jamiyatni modernizatsiyalashda yorqin namoyon bo‘ladi. Mazkur muammoni professorlar Z.Islomov va A.Qodirov maxsus tadqiq qilgan. Z.Islomov ijtimoiy-huquqiy jarayonni takomillashtirish, zamonaviylashtirishning yuridik muammolariga e’tibor qaratadi. Olimning ta’kidlashicha, “Fuqarolik jamiyatidagi o‘zgarishlar albatta yuridik shaklda bo‘lishi darkor. Qabul qilinayotgan qonunlar jamiyat rivojlanishi darajasiga mos tushishi va jamiyat demokratik rivojlanishining uzoq muddatli istiqbollari uchun, fuqarolik jamiyatining tiklanishi va o‘z-o‘zini tartibga solish jarayonlarini jadallashtirish uchun, shaxs hamda jamiyatning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratgan holda, undan bir oz oldinda bormog‘i ham shart”.

Aksar o‘zbekistonlik tadqiqotchilar siyosiy hayotga, jamiyatni modernizatsiyalashga “tizimli transformatsiya” xos deb biladi. Ularning fikriga ko‘ra, mazkur tizimli transformatsiya: 1) bozor iqtisodiyotiga o‘tish; 2) xususiylashtirish; 3) iqtisodni barqarorlashtirish; 4) demokratiyaning institutsionallashuvi; 5) ko‘ppartiyaviylikka o‘tish; 6) fuqarolik jamiyatini shakllantirishdan iboratdir. O‘zbekistonda sharqona demokratiya prinsiplari asosida qurilayotgan fuqarolik jamiyati barcha islohotlar milliy taraqqiyotga yo‘naltirilgani bilan ajralib turadi.

 

Suhrob NORQULOV,

Toshkent Tibbiyot akademiyasi dotsenti,

falsafa fanlari nomzodi

 

“Tafakkur” jurnali, 2016 yil 3-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 178
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19171
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15990
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi