Otamning antitotalitarizmi faqat Stalinga bogʻliq emasdi – yozuvchi Jorj Oruellning oʻgʻli Richard Bler bilan suhbat


Saqlash
00:15 / 08.02.2023 1148 0

Otangiz haqidagi xotiralaringizni aytib bera olasizmi?

– Ularning koʻpi Jurada kechgan bolaligim bilan bogʻliq. Uch-toʻrt yoshimda Juradagi Barnxill bogʻidan eski bir truba topib olgandim. Otam juda koʻp sigaret chekar va qoldigʻini kaminga otardi. Oʻsha kun kechki ovqatdan soʻng, oʻzimcha otamga oʻxshamoqchi boʻldim. Eski trubani dadam tashlagan sigaret qoldigʻi bilan toʻldirib, chekishga urindim. Keyin nima boʻlgani sizga ayon – qattiq xastalanib qoldim.

 

 

Otam 1937-yilning aprel oyida Ispaniyada boʻynidan oʻq yegandi, shu sabab har doim juda past ohangda gapirgan boʻlsa kerak. Qanday shoʻxlik, xarxasha qilsam ham baqirmas, ovozini balandlatmasdi. Ehtimol, shuning uchun ham otamning ovozini eslay olmayman.

 

Biz dam olish kunlari qayiqda oilaviy sayrga chiqardik. Kunlarning birida toʻrt kishi dengizda ketayotgandik, toʻsatdan muammoga duch keldik. Qayiqning motori tushib qolgandi. Otam tezda amakivachcham Genriga sohilga qarab eshkak eshish kerakligini aytdi. Nihoyat sohilga chiqib oldik. Genri va uning singlisi Lyusi qirgʻoqqa tushib, qayiqni sohilga tortib olishmoqchi boʻlishdi. Men oʻsha payt otamning tizzasida oʻtirardim, birdan qayiq sirgʻalib ketib, agʻdarildi. Biz suvga tushib ketdik. Bir amallab, juda qiynalib qayiq ostidan chiqdik. Bilasizki, dengizda istalgan baxtsiz hodisa tezda fojiaga aylanishi mumkin. Agar oʻshanda choʻkib ketsak, otamning faqat “1984” romani boʻlar, boshqa asar yozolmasdi.

 

Sizningcha, Jorj Oruellning eng bebaho gʻoyasi nimadan iborat edi?

– Menimcha, otamning asosiy maqsadi - fikrini tiniqlashtirish, atrofdagi voqealarni tushunishga va tahlil qilishga urinish edi. Hukumat odamlarga haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan loflarni aytishga, dalillarni yashirishga harakat qiladi. Menimcha, Jorj Oruell aynan shu narsa haqida bizni boxabar qilmoqchi boʻlgan. Buni otamning “1984” asarida ham sezish mumkin.

Hukumat odamlari hamisha sizdan haqiqatni berkitishadi, ularning ochiqlanmasligini qatʼi nazoratga olishadi. Fikrimcha, otam butun umri davomida shunga qarshi kurashgan. Koʻpchilik uning anti totalitarizmi Stalinga qarshiligini taʼkidlaydi. Ammo bu mutlaqo xato, u Stalin bilan bogʻliqmas. U – oʻz irodasini boʻysundirishga urinayotgan har kimga nisbatan edi. Oʻz irodasini tobelariga singdirishga uringan har qanday hukumat totalitarizmdir.

 

Otangizning qaysi romani sizga koʻproq yoqadi?

– Albatta, “Molxona” romani. Bu men oʻqigan ilk kitob, taʼkidlashim joizki, uni oʻqish va tushunish birmuncha oson. Men “Kataloniyaga ehtirom” va Uigan koʻprigi yoʻli asarlarini ham yaxshi koʻraman, biroq bular roman emas. Otamning barcha romanlari zamirida bir gʻoya mujassam – oyoq ostida ezilgan, xoʻrlangan kichkina odam. Uning asarlari biroz murakkab tuyulishi mumkin, ammo ustalik bilan yozilganiga shubha yoʻq. Yozuvchining gʻoyasi – kundalik hayot, nima boʻlishidan qatʼiy nazar chirkin tuzumga qarshi tura olgan, balki, shu ishi uchun ham xoʻrlangan, ezilgan, biroq doimo choʻqqiga erishishga harakat qilgan odamning kurashidan iborat.

 

“1984” romanining hozirgi siyosat va jamiyatga bogʻliqligi bormi?

– Roman bugungi siyosat uchun ham dolzarb, albatta. Biz koʻpincha toʻliq voqea nima haqda ekanini bilmaymiz, tasavvur ham qilmaymiz. Hukumat uchun chalkashliklar yaratish hamma narsadan muhim. Bu ular tarqatgan yumshoq iboralar, yasama shiorlarda yaqqol koʻzga tashlanadi. Buni sezish uchun daho boʻlish shart emas. Har safar hukumat va xalq oʻrtasida nizo chiqsa, deyarli hamma «Jorj Oruyell – “1984” deydi. Otam buni shunday boʻlsin, deb yozgani yoʻq tabiiyki, u shunchaki bu firibgar dunyoda voqealar qanday kechishi haqida bashorat qildi, bizni mashʼum jinoyatlardan ogohlantirmoqchi boʻldi, oʻz eʼtiqodi boʻyicha yozdi.

 

 

Jorj Oruell haqidagi eng katta va notoʻgʻri tushuncha nima deb hisoblaysiz?

– Bittasi mana: “Uning yozganlarida yumor yoʻq” deyishadi. Bu safsata. Ammo eng katta va notoʻgʻri tushuncha boshqa narsa, yaʼni odamlar Jorj Oruellni oʻzlari bilganicha anglashidir. Odamlar Oruellni oʻz manfaatlari, oʻzlarining siyosiy gʻoyalari uchun xizmat qildirishga urinishadi. Chunki Oruell ularga niqob vazifasini oʻtay oladi. Insonlar oʻz nafsi, manfaati yoʻlida «Oruell» soʻzidan haddan tashqari koʻp foydalanishadi.

 

Sizningcha, erkinlik nima?

Erkinlik bu – “2 + 2 = 5” yoki “4” yohud “3” deb ayta olishdir.

 

Siz uchun demokratiya nima?

– Demokratiya bu boshqalar eshitishni istamagan narsani aytish huquqiga ega boʻlishdir.

 

Jorj Oruyellning daholigini tasdiqlovchi eng ishonchli fakt nima deb oʻylaysiz?

– Menimcha, bu otamning fikrlari tiniq va haqiqatligi, yozgan asarlarining sodda hamda oʻziga xosligi, shuningdek, atrofida sodir boʻlayotgan voqealarni koʻpchilikdan koʻra tezroq anglay olishidir. Dadam dunyoda nimalar yuz berayotgani, hukumatning koʻplab beoʻxshov buyrugʻu qarorlari va odamlarning unga munosabatini anglay olar, his qilardi. U bularni aniq koʻra olardi. Balki, shunga tayanib Jorj Oruellni daho hisoblash mumkindir.

 

Suhbatingiz uchun rahmat!

– Sizga ham rahmat. Salomat boʻling!

 

 

Hafiz AHMEDOV suhbatlashdi

Rus tilidan Rahmat BOBOJON tarjimasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//