Buyuk Turkiston orzusida qurilgan, bolsheviklar tomonidan qulatilgan birinchi milliy demokratik davlatimiz – Turkiston Muxtoriyatining 72 kuni


Saqlash
15:44 / 07.02.2023 2808 2

Bundan 105 yil muqaddam Vatanimiz hududida ilk demokratik, dunyoviy, mustaqil davlat sifatida Turkiston muxtoriyati tashkil etilgan edi. Milliy davlatchiligimiz tarixida ushbu muxtoriyatning alohida oʻrni bor...

 

Oktyabr inqilobidan soʻng

Tarixda “Oktyabr inqilobi” nomini olgan 1917-yil voqealari Turkistonda ijtimoiy-siyosiy harakatlarning kuchayishiga sabab boʻldi. Qoʻqon shahrida 1917-yil 26-28-noyabr kunlari Turkiston oʻlka musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi boʻlib oʻtdi. Unda demokratik musulmon ziyolilar talabi bilan Turkiston aholisining yevropalik qismi vakillari ham ishtirok etdi. 27-noyabr kuni esa qabul qilingan Qurultoy qaroriga asosan: “Turkistonda yashab turgan turli millatga mansub aholi Rossiya inqilobi daʼvat etgan xalqlarning oʻz huquqlarini oʻzlari belgilash xususidagi irodasini namoyon etib, Turkistonni Federativ Rossiya Respublikasi tarkibida hududiy jihatdan muxtor deb eʼlon qiladi”. Mazkur davlatning eʼlon qilinishi munosabati bilan Qurultoy kengashi quyidagicha bayonot qabul qiladi, uni varaqalar tarzida aholi orasida tarqatadi va matbuotda chop etadi:

"Yashasun Turkistion muxtoriyati!

Turkiston musulmonlarining doʻrtunchi favqulodda qurultoyi Turkiston oʻlkasida boʻlgʻon xalqlarning xohishlari boʻyicha buyuk Rusiya inqilobi tarafidan berilgan asoslarga binoan federatsiya asosiga qurulgʻon Rusiya jumhuriyati ila birlikda qolgʻoni holda, Turkistonni birlik muxtoriyatli, yaʼni "terrirtorialni avtonomiya" eʼlon qiladur. Bu muxtoriyatning na suratda vujudgʻa qoʻyulmogʻini yigʻiladurgʻon Umumturkiston xalqining «uchreditelni sobiraniye»sigʻa (Turkiston majlisi musulmoni)ga topshuradur.

Shuning ila barobar Turkiston oʻlkasida qalliyat tashkil qilgʻon millatlarning huquqlarining har jihatdan saqlanilmogʻini ham tantanali suratda bayon etadur. Shahri Hoʻqand, hijriya 1332, 25-safarul-xayr, milodiy 1916-yil, 27-noyabr".

Koʻrinib turganidek, Turkiston muxtoriyati toʻla-toʻkis mustaqil davlat emasdi. Qolaversa, u hozirgi Oʻzbekiston hududini ham, mintaqadagi boshqa davlatlar hududini ham, toʻla qamrab olmagan, balki sobiq Qoʻqon xonligining taxminiy hududi oʻrnida tashkil etilgan edi. Muxtoriyat bugungi Oʻzbekistonning taqriban 70%, Qirgʻizistonning 90 %, Qozogʻistonning 15-20%, Tojikistonning 35 % hududida tashkil etilgan bo'lib, mamlakatning jami aholisi 5 million kishidan oshgan. Hududiy jihatdan Xiva xonligi, Buxoro va Afgʻoniston amirliklari, Rossiyaning Kaspiyorti viloyati (hozirgi Turkmaniston), Xitoy Respublikasi va Alash Muxtoriyati (hozirgi Qozogʻiston) bilan chegaradosh edi.

 

Maxsus murojaatnoma

Turkiston Muxtoriyatini yaratish gʻoyasi Markaziy Osiyodagi yagona va qudratli, Buyuk Turkistonni qurish yoʻlidagi ilk va dadil qadam boʻlgandi. Bu esa bolsheviklar hokimiyatining maqsad va muddaolariga mutlaqo zid edi. Butunrossiya Taʼsis syezdi chaqirilgunga qadar hokimiyat toʻla ravishda Turkiston Muvaqqat Kengashi va Turkiston Xalq Majlisi qoʻlida boʻlishi haqida qaror qabul qilindi. Muvaqqat kengash aʼzolaridan 12 kishilik hukumat tuziladigan boʻldi. Qurultoy jarayonida Turkiston Milliy Majlisi esa 32 kishidan iborat qilib saylandi. Muxtoriyatning Muvaqqat hukumati tarkibiga muxtoriyatchilik harakatining faol ishtirokchilari kiritildi. Jumladan, Muhammadjon Tinishboyev – Bosh vazir, ichki ishlar vaziri, Islom Sulton Shoahmedov (Shagiahmedov) – Bosh vazir oʻrinbosari, Mustafo Choʻqay – tashqi ishlar vaziri, Ubaydulla Xoʻjayev (Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev) – harbiy vazir, Hidoyatbek Yurgʻuli (YuraliAgayev – yer va suv boyliklari vaziri, Obidjon Mahmudov – oziq-ovqat vaziri, Qoʻqon shahri dumasining rais oʻrinbosari, Abdurahmon Oʻrozayev – ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, Solomon Abramovich Gersfeld – moliya vaziri etib tasdiqlandi. Muvaqqat hukumat tarkibiga kirishi lozim boʻlgan yana toʻrtta oʻrin yevropalik aholi vakillariga ajratildi. Hukumat aʼzolari orasida oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, turkman, tojik, rus, yahudiy va boshqa millat vakillarining borligi davlat tuzumining demokratik tamoyillarga asoslanganini yaqqol isboti edi.

Qurultoy tugagach, 1-dekabrda Turkiston Muxtoriyatining Muvaqqat hukumati aʼzolari imzolagan maxsus Murojaatnoma eʼlon qilindi. Unda Turkistondagi barcha aholi: irqi, millati, dini, jinsi, yoshi va siyosiy qarashlaridan qatʼi nazar yakdillik va hamjihatlikka daʼvat etilgan. Shuningdek, Turkiston Muxtoriyati hukumati – Milliy davlatchilikning qaror topishini joʻshqin muborakbod etib, matbuotda taniqli maʼrifatparvarlar, diniy, jamoat va siyosat arboblari birin-ketin chiqishlar qilishdi.

 

"Milliy laylatul qadrimiz"

Muxtoriyat hukumati qisqa muddat ichida xalq orasida katta eʼtibor qozondi. Shuning uchun ham maʼrifatparvar Fitrat Muxtoriyat eʼlon qilingan tunni "Milliy laylatul qadrimiz" deb atadi. Jadid “Muxtoriyat” nomli maqolasida shunday deydi:

"Ellik yildan beri ezildik, tahqir etildik, qoʻlimiz bogʻlandi, tilimiz kesildi, ogʻzimiz qopondi, yerimiz bosildi, molimiz talandi, sharafimiz yumuldi, nomusimiz gʻasb qilindi, huquqimizga tajavuzlar boʻldi, insonligimiz oyoqlar ostigʻa olindi – tuzimli turdik, sabr etdik. Kuchga tayangan har bir buyrugʻga boʻysundik, butun borligʻimizni qoʻldan berdik. Yolgʻiz bir fikrni bermadik, yashunturdik, imonlarimizni avrab saqladik: Turkiston muxtoriyati!".

Choʻlponning “Ozod turk bayrami” sheʼri varaqa shaklida tarqatilib, Muxtoriyatning madhiyasi sifatida xalq orasida ijro etildi. Unda quyidagi misralar bor edi:

Bizlar temir jonlimiz! Shavkatlimiz, shonlimiz!

Nomusli, vijdonlimiz! Qaynagan turk qonlimiz!

Boʻldi kenglik, zoʻrlik yoʻq, Berildi bizga huquq!

Taraqqiyga yoʻl ochuq! Jaholatga yoʻl yopuq!

 

Ilk demokratik hukumat

Turkiston Muxtoriyati tom maʼnoda huquqiy demokratik tamoyillarga asoslangan hukumat edi. Uning deklaratsiyasidagi bandlar ham shundan dalolat beradi:

"Har kim oʻz fikrini, hayolini soʻylamoqqa, matbuot va boshqa vositalar ila nashr va eʼlon qilmoqqa ixtiyorlidur;

Jamiyat yoki bir ittifoq yasamoq uchun hech kimdan ruxsat soʻramoqqa ehtiyoj yoʻqdur;

Hurriyati vijdon tom maʼnosila ijro qilinib, aholidan hech kim dini, mazhabi va eʼtiqodi uchun taʼqib va tazyiq qilinmas".

Xalq ommasining qizgʻin qoʻllab-quvvatlashidan ilhomlangan Muxtor hukumat vakillari jadal faoliyat boshladilar. Dastlabki kunlardan boshlab Millat majlisi tomonidan tasdiqlangan qonunlar eʼlon qilinib, yangi hukumat davlat Konstitutsiyasini tayyorlash uchun taniqli huquqshunoslarni jalb etdi. Bir nechta hukumat gazetalari oʻzbek, qozoq va rus tillarida nashr etila boshlandi. Shuningdek, hukumat milliy qoʻshinni tashkil qilishga alohida eʼtibor qaratdi. Harbiy vazir Ubaydulla Xoʻjayev ishtirokida oʻtkazilgan koʻrik-parad vaqtida askarlar soni 2000 nafarga yetgan. Bundan tashqari Qoʻqonda Ergash qoʻrboshi rahbarlik qilgan ikki mingga yaqin mirshablar ham bor edi. Sovet hokimiyatidan farqli oʻlaroq, Turkiston Muxtoriyati hukumati qonuniy asosda tashkil etilgan edi. Turkiston Muxtoriyati keng musulmonlar ommasi va demokratik kayfiyatdagi yevropalik aholining vakolatini olgan edi. Shuning uchun ham aytish mumkinki, Turkiston Muxtoriyati oʻz taqdirini oʻzi belgilagan Xalq respublikasi edi. Shu bois, 1917-yilning 1-dekabrida Namangan, 6-dekabrida Jalolobod va Oʻsh, 13-dekabrda Toshkent, undan keyin Samarqand va Kaspiyorti viloyatlari (hozirgi Turkmaniston) aholisi unga qoʻshilish haqida qaror qabul qildi. Muxtoriyatchilar esa milliy qoʻshin va gʻazna tashkil etishga kirishdi.

 

“Oʻliklar shahri”

Yuqorida aytilganidek, xalq tomonidan qoʻllab-quvvatlangan Turkiston Muxtoriyati bolsheviklar tomonidan maʼqullanmadi. 1917-yil 13-dekabrda Toshkentning eski shahar aholisi “Muxtor Turkiston uchun” shiori ostida tinch namoyish oʻtkazdilar. Toshkent shahar sovetidagi bolsheviklar esa shaharda qurolli kuch bilan tartib oʻrnatishga buyruq berdilar. Natijada tinch namoyish qatnashchilari oʻqqa tutildi, 16 kishi halok boʻldi. 1917-yil 26-30-dekabr kunlari Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtgan musulmon ishchi, askar va dehqon deputatlari I favqulodda qurultoyining ham asosiy masalasi Turkiston muxtoriyatiga munosabat masalasi edi. Butun Turkiston oʻlkasidan 200 yaqin vakillar qatnashgan ushbu qurultoy 30-dekabrda Turkiston muxtoriyati hukumatini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Turkiston oʻlkasi Xalq komissarlari Sovetiga ishonchsizlik bildirish haqida qabul qilgan deklaratsiyasida quyidagi fikrlar bor edi:

"Turkiston oʻlkasi Xalq Komissarlari Soveti barcha aholi, ayniqsa, musulmonlar xohish-istaklarining ifodachisi emasligi;

Turkiston oʻlkasi xalqlari irodasi ikki qurultoyda muxtoriyat eʼlon qilinganida ifodalanganligi;

Turkistonda yagona hukumat organi butun musulmonlarning qurultoyida tashkil topgan va musulmon ishchi, askar va dehqonlarning qurultoyida toʻldirilgan Turkiston Muxtoriyati hukumati ekanligini eʼtiborga olib, Musulmon ishchi, dehqon va askarlar qurultoyi Turkiston Xalq Komissarlari Sovetiga hokimiyatni darhol Turkiston Muxtoriyati hukumati va Millat Majlisiga topshirilsin deb istak bildiradi".

 

Qonga botgan hurriyat

Dushmanlar ham qoʻl qovushtirib oʻtirmadi. 1918-yil 19-yanvarda Toshkentda boshlangan Turkiston oʻlkasi ishchi, soldat va dehqon deputatlarining favqulodda IV syezdida Muxtoriyat keskin tanqid ostiga olindi. Ushbu syezd Turkiston Muxtoriyati hukumati va uning aʼzolarini qamoqqa olish haqida qaror chiqardi. Syezd bolsheviklar fraksiyasining Turkiston Muxtoriyati toʻgʻrisidagi rezolyutsiyasini qabul qildi. Ushbu rezolyutsiyada Turkiston qonuniy hukumati munofiqlarcha “qora guruhchilar toʻdasi” deb ataldi. Bu ham yetmagandek, bu syezd bolsheviklarning tazyiqi ostida qonuniy kuchga ega boʻlgan, tub yerli aholi manfaatlarining himoyachisi boʻlib maydonga chiqqan oʻlkadagi ilk demokratik va xalqchil hukumat – Turkiston Muxtoriyati ustidan shafqatsiz hukm chiqardi.

Bolsheviklar 1918-yil 19-yanvarda Toshkent-Orenburg yoʻli ochilganidan foydalanib, Turkiston muxtoriyatiga qarshi 11 eshelonda 10 ming kishilik qoʻshin joʻnatdi. 1918-yil 30-yanvarda Turkiston XKS Muxtoriyat hukumatini tugatish uchun harbiy harakatlar boshladi. Qizil askarlar – avstro-vengriyalik harbiy asirlar, arman dashnoqlaridan iborat qurama qoʻshin Qoʻqonni va vodiydagi boshqa shaharlarni taladi. Ayniqsa, 1915-yilgi turk-arman toʻqnashuvlaridan alamzada armanlarning vahshiy toʻdalari begunoh Turkiston aholisi boshiga mislsiz musibatlarni soldi. Birgina Fargʻona viloyatida 35 mingdan ortiq tinch aholi vakillari aholi qirib tashlandi.

31-yanvarda boshlangan janglar bir necha kun davom etdi. Qon toʻqilishini oldini olish maqsadida olib borilgan muzokaralar ham natija bermaydi. Oʻsha paytda muxtoriyatchilar ixtiyorida 2 ming atrofida yetarli tajribaga ega boʻlmagan askar bor edi, xolos. Shu sababli Qoʻqon mudofaasi uzoq davom etmadi, 1918-yil 15-18-fevral qatliomi bilan urush tugadi. Mahalliy gazetalardan biri oʻsha kunlarda Muxtoriyat poytaxti – Qoʻqonda yuz bergan xunrezliklarni tasvirlab, “endilikda Qoʻqon oʻliklar shahridir” deb yozgandi. Shu tariqa 1918-yil 19-fevralda Qoʻqon shahrida faoliyat koʻrsatayotgan Turkiston Muxtoriyati hukumati bolsheviklaring qonli hujumlari natijasida agʻdarib tashlandi. Hukumat boshligʻi Mustafo Choʻqay shaharni tark etib, yashirinishga majbur boʻldi. Vazirlarning ayrimlari halok boʻldi, ayrimlari qoʻlga olindi.

 

Oradan 70 yil oʻtib...

Turkiston Muxtoriyati xuddi Yevropadagi Parij kommunasi singari 72 kungina yashadi, xolos. Shuningdek, bolsheviklar 1917-yilning dekabrida qozoq milliy demokratlari tomonidan Orenburgda tashkil etilgan Alash-Oʻrda avtonomiyasi hukumatini ham 1919-yil yoz oylarida shu taxlit barbod qilishdi. 1918-yilda Kavkazortida tuzilgan Ozarboyjon Demokratik Respublikasini ham salkam ikki yildan soʻng qonga botirdi.

Bekor qilingan Turkiston muxtoriyati oʻrnida Turkiston ASSR tashkil qilindi. Keyinchalik Turkiston ASSR, Buxoro XSR va Xorazm XSR oʻrnida milliy respublikalar, jumladan, Oʻzbekiston SSR tuzildi. Yana 70 yildan koʻproq davom etgan mustabid Sovet hukmronligidan oʻtgan asrning 90 yillariga kelib, mamlakatlarimiz toʻliq mustaqillikka erishdi. Ayni paytda mustaqil turkiy davlatlar rahbarlari tashabbusi bilan tashkil qilingan Turkiy davlatlar tashkiloti hurriyat va birlik yoʻlida shahid ketgan bobolarimiz orzularining amaldagi roʻyobi desak xato boʻlmas.

Rustam JABBOROV

2 Izohlar

Xilola

14:03 / 09.03.2024

Assalomu alaykum 72 kuni hisoblab bera olasizmi o'sha paytda 31- yanvardan 14-fevralga o'tilgan edi va 1917-yil 27-noyabr, 1918-yil 19-fevral orasida 72 kun bo'lishi kerak. Lekin 70 kun chiyapti.

Жамила

06:01 / 01.01.1970

Мақолани ўқиб, яна бир бор,бизнинг тарихимизда , қандай кучли ва билимдон, энг муҳими , ўз ватани, миллати, ери учун, ҳаттоки жонини ҳам аямаган, ҳақиқий миллатпарвар давлат сиесий рахбарлари, адибу, олимлари, езувчи, шоирлари, илм ва юртининг жонкуярлари бўлганлигини, барча ватандошларимиз, айниқса бугунги ешларимиз ўқиб, ўрганиб, ўзлари хулоса чиқаришлари лозим деб биламан! Энг муҳими бу фундаментал, тарихий далиллар, исботлари билан берилган маьлумотни, тезис шаклида, видио ва аудио шаклида , тарғиб қилишни тавсия қиламан! Ўз ватанини, эркини, озодлигини, мустақиллигини тан олган, хар бир , шу ютрнинг инсони, бу тарихий далилларни ўқиб чиқиб. яна бир бор шу юртнинг эркин фарзанди эканлигидан ғурурланишини,фахрланишини, аниқ айта оламан! Мақола автори Рустам Жабборовга самимий ва илық миннатдорчилигимни билдираман, сиз билан фахрланаман! 🙏🇸🇱📕✍️

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20454
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//