O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon tavalludining 80 yilligiga
Omon Matjon o‘zbek she’riyati xazinasiga javharlar – bir olam javohir so‘zlar taqdim etdi. She’rlaridan tiriklik nafasi keladi va ular hayotiyligi bilan esda qoladi. Bu dunyo qiziq. Odam jisman mahv bo‘lib, boqiy dunyoga ketsa ham, uning o‘lmaydigan, umriboqiy so‘zlari qoladi. Ijodkorning baxt-u iqboli ham shu.
Hali-hanuz eslayman, XX asrning 80-yillarida “Gaplashadigan vaqtlar” she’riy qissasi shuhrat topdi. Aniq sana: 1986-yil 17-dekabr kuni “Gaplashadigan vaqtlar” – qo‘ng‘ir muqovali ixcham kitob hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining o‘zbek filologiyasi fakulteti talabalari huzurida muallif ishtirokida muhokama bo‘lgan edi. Kitobning ich muqovasidagi qaydim shunday. Birinchi kurs talabasi edim. Darvoqe, “gaplashadigan vaqtlar” – bu juda muhim bir birikma-tushuncha. Qachon gaplashamiz? Galashishga imkon bormi? Odamzod shoshqin va ahli shuaro toshqin keladi. Qachon bemalol va sokin bir vaziyatda gaplashish mumkin? Baharnav, bu olamni tark etgan, Allohning dargohiga yetgan oddiy inson bilan gaplashish qiyin. Bilasiz. Ammo shoirlar, yozuvchilar – ijod ahli bilan hamisha gaplashish mumkin. Uning kitoblarini qo‘lga olgan mahali “gaplashadigan vaqtlar” uchun imkon paydo bo‘ladi. Dilbar, lirik gurunglar boshlanadi beixtiyor...
Darhaqiqat, bugun Omon Matjon bilan she’rlari orqali gaplashamiz. Uning dardini, qalbini, o‘gitlari va hikmatlarini anglaymiz va beixtiyor shoirni o‘zimizning yonimizda his etamiz. Tirik so‘z meros qoldirgan shoir o‘lmaydi. So‘zi amaliga uyg‘un yaxshi shoirlarining yurak so‘zlari boqiy.
Omon Matjon ismi o‘zbek she’riyati muhiblariga yarim asrdan ko‘proq muddat davomida yo‘ldosh bo‘ldi. Uningcha: “She’riyat – hammaning o‘zi, o‘zligi”dir. Bu shoir nomni qanchadan-qancha she’rparastlar qalbiga naqshlandi. Yaxshi inson, to‘g‘riso‘z va vijdonli shoir unutilmaydi.
Agar Omon Matjon she’rlari bahaybat va o‘tkir ko‘zga o‘xshatilsa, bu ko‘z olamga Xorazm degan vujud darichasidan qarayotgandek bo‘ladi. Shoir qadim Xorazmni “bashar tarixida mangu xazina” deb biladi.
“Ey, sirli diyor, Xorazm,
Ey nurli shior, Xorazm.
Necha evrilgan tarixning
Senda rasmi bor, Xorazm...
Jahon aljabirinda noming
Har daf’a takror Xorazm...”.
Omon Matjon she’riyati degan tushuncha donishmand Xorazm tuprog‘ining ma’naviy-she’riy ob-havosini juda keng miqyosda namoyon etishi bilan individual mazmun kasb etadi. Har qanday davr va davrada bu shoirning borligi “esar Jayhun shamollari” degandek barchaning qalbiga el-yurtining xushhavolarini olib kiradi.
Agar badiiy dunyo adabiyoti ulkan va bepoyon ummonga o‘xshatilsa, Omon Matjon bu ummonga ona daryo – Amu orqali kelib quyilayotgandek bo‘ladi. Shoirning “Amudaryo – mangu muhabbat, Amudaryo – abadiy hijron”, degan misralari bor. Qo‘shmisra ortida katta bir xalq rivoyati yashiringan. Muhabbat va hijron juftligini anglash, daryo va qumloq ramzlari mohiyatini tushunish uchun “Amudaryo iztirobi”ni anglamoq kerak.
Omon Matjonning haybat bilan, sokinlik bilan, ora-orada erkalanib, imo-ishoralarini hayajoniga ulab she’r o‘qishdagi kayfiyati Amudaryoning qirg‘oqlariga urilib, to‘lib oqqan pallalarini esga soladi. Amudaryodan shoirga ilhom beradigan xotira oqadi.
“Olisdagi yor vasli bir-bir esingga tushsa,
Oshiqlar yecholmagan bir sir esingga tushsa,
Qirq yil daryoda oqqan Tohir esingga tushsa,
Sanam deb Gʻarib kechgan vafoni ko‘rmoq bo‘lsang,
Bor Amu bo‘ylariga, borgin, do‘stginam”.
She’rning oxirgi misrasiga urg‘u berish Omon Matjon she’riyatiga ham xos. Agar kimning yodiga Xorazm tushsa, bu elni tashnalanib sog‘insa, ayni yurtning ko‘rki, tarovati, san’at ahli, nozu ne’matlari esiga tushsa, Omon Matjon she’riyati bulog‘idan bir qultum ichib cho‘lini qondirishi mumkin.
Omon Matjon faylasuf shoir o‘laroq she’rlari mag‘ziga hikmat joylaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hikmat mo‘minning yo‘qotgan narsasidir, mo‘min kishi uni qayerda topsa ham oladi”, deb aytganlar. Hikmat ijodkorning fahmi, farosati, idroki, tafakkur tarzini ko‘rsatadi. “Yolg‘onning taxtdagi yuz yil davroni, Haqiqat aytilgan bir damcha yo‘qdir”. “Nafs, bu – abadiy qullikning boshi...” Bu hikmatlar maqol kitoblaridan olingan iqtiboslar emas, bu hikmatlar shoirning o‘z adabiy idroki bilan anglagan hayot hiqiqatlaridir. Shoirning qo‘shiq bo‘lib kuylangan she’rlari ham ko‘p.
“Umr o‘tar, vaqt o‘tar,
Xonlar o‘tar, taxt o‘tar,
Omad o‘tar, baxt o‘tar,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
Sening yurishlaring, sening kulishlaring.
Bahorda bog‘ na go‘zal,
Qor tushsa tog‘ na go‘zal,
Bu yoshlik chog‘ na go‘zal,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
So‘zsiz qarashlaring, holim so‘rashlaring.
Oy chiqar goh zaholi,
Do‘stlar ko‘pdir vafoli,
Hayot shundan safoli,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
Sokin so‘zlashlaring, pinhon izlashlaring.
Umr – yo‘l, qayrilish ko‘p,
Uchrashish, ayrilish ko‘p,
Unutish, aytilish ko‘p,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
O‘sha kulishlaring, o‘sha kelishlaring…”
Omon Matjonning bu she’ridan biror qismini olib, parchalashdan tiyildim. Iztirobli, ishqli, sog‘inchli, ma’nili, hikmatli har bir misra bir necha o‘n yilki, hali hamon ulkan hofizlar ovozida qulog‘imiz ostida jaranglab turibdi. She’r bizning yoshlik xotiralarimiz bilan egiz. Qo‘shiqqa aylangan misralar hali-hamon yurakni o‘rtaydi; allanimadir – balki moddiylashgan sog‘inchli bir tuyg‘u tomoqqa kelib taqqa tiqilgandek bo‘ladi. Har o‘qilganida olamshumul hayotiy hikmatlarga to‘la she’r shirin, mavjli va go‘zal xotiralarni elakdan o‘tkazadi.
Garchand Omon Matjon she’rlari o‘qilishi – ijrosida xorazmcha ohang yetakchilik qilsa ham, she’rlarida sheva so‘zlariga ortiqcha o‘rin bergani yo‘q. Holbuki, u xorazmliklar tili, ko‘ngli va dilining chinakam bilimdoni edi. Omon Matjon she’riyati xorazmcha so‘zlar onda-sonda, adabiy til hazmi ko‘targan miqdorda, me’yorida uchraydi. She’rda shunday bir vaziyatlar bo‘ladiki, aynan o‘sha misrada Omon Matjon atay va yoki she’rning texnik talablariga ko‘ra qo‘llagan xorazmcha so‘z uzukka qo‘yilgan billur ko‘zdek yonadi.
“Sozchi tamburni tuzdi,
Duldul arqonni uzdi.
Dagish qirg‘oqni buzdi.
Daryoga kim yetkizdi
Nera borajagimni!?”
Bu “hazil lapar”dan parcha: inja va nafis. “Dagish” – daryo qirg‘og‘iga tegib, o‘pirib ketadigan shiddatli oqim. Akademik Matyoqub Qo‘shjonovning hayot yo‘lidagi shunday beayov oqim to‘lqini borasida hikoya qilgan xotira kitobiga zukko so‘zshunos Mahmud Sa’diy “Dagish” deb nom qo‘yib berganidan xabarim bor. Uzr, gapim chalg‘imasin – u boshqa mavzu. “Nera” so‘zi – ne yerga, qayerga ma’nosida. “Borajagim” – tushunarli. Bir sidra nazar tashlaganimda, Omon Matjonning “gurvak” (qovun navi), “chug‘ul” (chaqimchi), “dov” (navbat), “qisliqdi” (siqildi), “yozg‘it” (manglaydagi bitik ma’nosida) kabi qator so‘zlariga duch keldim.
Omon Matjon so‘z ustida suhbatlar qurardi. To‘g‘risi, maktab o‘quvchilik yillarimda oyinai jahon orqali ko‘rib taniganim Omon Matjon o‘sha palladagi ko‘rsatuvda ham so‘z haqida so‘z yuritmoqda edi. Eslayman: u “bo‘gat” degan so‘zdan gapirar edi. Izohli lug‘atlardan o‘rin olmagan xorazmcha “bo‘gat”ning ma’nosi shuki, ariq-solmalardagi suvni to‘sib qo‘yadigan loy yoki shox-shabba aralash to‘siq. Ulkan yop-arnalarga qurilgan katta to‘g‘onga ham “bo‘gat”ni qo‘llash mumkin. So‘zning ko‘chma ma’nosi ham bor, sho‘ro zamonida ijodiy erksizlik masalasida, deylik, shunday “ayrim mavzular oldiga bo‘gat bosilgan edi” tarzida bemalol qo‘llasa bo‘ladi. Ha, darvoqe, so‘z ochmaslik kerak bo‘lgan mavzulardan Omon Matjonlar avlodi yo‘lini topib so‘z ochdi. So‘z oldiga qo‘yilgan sun’iy bo‘gatlarni o‘zlarining toshqin so‘zlari – mahoratlari bilan qirq parchin qildi. O‘sha avlod tarixiy hodisalar va xalq rivoyatlari vositasida o‘zlikdan saboq berishdi... Omon Matjonning “Haqqush qichqirig‘i” turkumidagi og‘izdan-og‘izga ko‘chib, aytib yuriladigan rivoyatlar, afsonalar, haqiqatlar – bularni ko‘pchilik bilar edi. Ammo yo‘lini topib, faqat Omon Matjongina o‘ziga xos yo‘sinda ularni she’riyati tarkibiga joyladi. Shoirning bor haqiqatni, o‘z milliy-ma’naviy qadriyalarini anglashi va ularni she’riy misralari qabatiga joylashi – bu bebaho fazilat.
“Men voha o‘g‘liman, talabim – kenglik,
Erkin havolarda to‘qiyman she’rlar.
Bor bo‘l, ma’no qadar yorqin bo‘lgan so‘z,
Bor bo‘l, ufq osha yo‘llar va yerlar!”
Omon Matjon yaqin tarixdagi qaltis zamonlarda ham o‘zligini tanigan va o‘ziligini tanitgan shoir siyoqida shuhrat topdi. “Men qanday muhitda kim bilan bo‘lmay, Ruhim doim uyg‘oq va yo‘lga tayyor”, deb yozdi u.
Omon Matjon gohida hayotning shunday mitti bir parchasini – arzimasdek ko‘ringan voqelikni she’rga soladi va undan katta bir hayotiy-falsafiy xulosalar chiqaradi.
“Daraxtlarning xulqi g‘alati,
Mayna qilar quyoshni ular:
Yozda rosa issiq kiyinib,
Qishda esa... yalang‘och turar”.
She’r shu to‘rt qatordan iborat. Bunday g‘alati xulqni, o‘zaro teskari proporsional holatni shoirlarning hayrat ko‘zlari ko‘radi, xolos. Omon Matjonning lirik merosida syujetli she’rlar bor. Qoyilmaqom qilib yozilgan bunday she’rlarga ham shoir ijodining naqshi, bezagi sifatida qarash o‘rinli.
Omon Matjon barpo etgan she’riyat bog‘ining totli mevalari bor. Ayniqsa, olma. Olma – pokiza muhabbat ramzi.
“O‘rtamizda birgina olma –
Olam ichra yumaloq ilinj.
O‘rtamizda birgina olma –
Balki g‘am u, yo balki sevinch.
O‘rtamizda birgina olma,
Yarmi qizil, yarmi och-yashil.
Hayo tug‘yonidan qizil u,
U sog‘inchning ramzidir asil...”
Inson qalbidagi ruhoniy hislar hamisha orasta, toza, pok bo‘lmog‘i kerak. Chunki “nafs ipiga bog‘lidur ruh iplarin uzgan tana”. Inchunun, ma’naviy-ruhiy kayfiyati yuksak odamning yuragidagi bebaho muhabbat tuyg‘usi “hayo tug‘yoni”dan qizaradi. Ishq – ichdagi shodlik qayg‘usi. Ishq-muhabbat o‘z ko‘rk-u jamolini iffat va hayo libosiga o‘rab, azal-azaldan “sog‘inch ramzi”ga do‘nib keladi.
Omon Matjonning lirik qahramoni o‘z ishqi iqroridan iymanadi, tortinadi. “Men ishqimni aytolmasam o‘zingga”, deganicha u qalb sirini bulutlarga, tog‘larga, daryolarga so‘zlaydi. Oshiq dardi tabiat unsurlari jonlanadi. Fursat poylab oshiq o‘z dardini “Vijir-vijir qaldirg‘ochga aytadi”. Bu ham oshiq-shoirning ko‘ngil asrorini aytish usuli, albatta. Yori esa “g‘unchadek qisinib”, iffat pardasi ortida turib: “Anavilar bor-da, o‘shalar...” deydi va gapini oxirigacha aytishdan adashadi yoki ayta olmaydi iymanib.
Omon Matjon she’riy misralari gohida Xorazm “Lazgi”sidek dilbar va o‘ynoqi.
“Boqib har yon o‘ynoli
Qochsin yomon, o‘ynoli,
Zamon-zamon o‘ynoli,
Omon-omon, o‘ynoli!”
She’r ohangi xorazmcha ko‘yga mos – shitobli, sho‘x va u hech sezdirmasdan jonsiz vujudga jon kirgizadi go‘yo. Mudroq hujayralarni uyg‘otadi. Yana bir xususiyat, Omon Matjon she’rlarida ora-orada o‘z ismini tajnis o‘laroq sezdirib-sezdirmay qo‘llab o‘tadi. “Damlar shikvasiga uchma, omon bo‘l”, “Tili omon bo‘lsa o‘lmaydi millat” degandek, yoki “Tongning tiniq durlarini tun changalidan omon olib chiqqanimdan – pokman, omonman...” kabi ancha o‘rinlarda seziladi. Va bu she’riy san’at o‘quvchiga zavq beradi.
“Do‘stu yor, yurt omonmi, Omon, sen ham omon bo‘l,
El hama yaxshi bo‘lsa, mayli, sen bir yomon bo‘l,
Lekin sen nur tomon bo‘l, sen adolat tomon bo‘l,
Ko‘ngling birdir – agarchi oshnosi turli-turli,
Umring shundan go‘zaldir, navosi turli-turli”.
Shoir ko‘plab she’rlarida o‘zbekning faxri bo‘lgan buxoriylar, samarqandiylar, shoshiylar, farg‘oniylarni esga oladi. Ba’zan shoir Xorazm allomalari, minoralari, qadim g‘ishtlari va asriy tarixni so‘zlab turgan Xiva borlig‘iga, uning “Ichon” bilan “Dishon” qal’asi ustiga ma’no yuklaydi:
“Azaliy beomon bir hukmdir bu:
Odam – Dishon qal’a, orzusi – Ichon!
Oz yashab ko‘p mushkul ko‘rsa hamki u,
Ruhin qoldirmog‘i mumkindir omon.
Men bugun Xivada viqorli turgan
Asriy yodgorlardan tuyarkan ma’ni,
Dedim: umr hikmatin bobongdan o‘rgan,
Asramoqni o‘rgan Ichon qal’ani!”
Agar adabiyot olami ko‘zimizga yashil ma’vo bo‘lib ko‘rinsa, bu og‘ochliklar orasidan Omon Matjon she’rlarini obraz o‘laroq bezaydigan muhtasham gujumlarni hech qiynalmasdan topish mumkin. Shoir bir o‘rinda: “Qoraqumda nur iyib, jazira to‘qir oftob, Voha kengliklarida gujumlar bitar kitob”, deb gujumlarni kotibga aylantiradi. Boshqa bir she’rida “yoz olovidan, qish sovug‘idan” qayg‘uga tushgan qushlar baxti uchun “cho‘ng gujumlik”ni ko‘rib quvonadi.
Kichik bir xotira: 2012-yili bahori edi. O‘zMU o‘zbek filologiyasi fakultetida Omon Matjon bilan uchrashuv bo‘ldi. Aynan mana shu auditoriyada chorak asr muqaddam “Gaplashadigan vaqtlar” kitobi taqdimoti bo‘lganini, u palla biz talaba o‘lganimizni eslatsam, Omon Matjon o‘zida yo‘q shondlanib, “shishgan”dek erka qiliqlar qilib talabalarni kuldirdi. Keyin “Diydor aziz” kitobidan she’rlar o‘qidi. Yig‘inda professor Umarali Normatov domla qatnashdi: “Omon Matjon ijodida faqat zamonasi, o‘z yurti voqea-hodisalari, tengdoshlari dardu tashvishlari izhori – ifodasi bilan cheklanmaydi; kechmish, tarixiy siymolar tasviri ham ijodida salmoqli o‘rin tutadi. Omon – jahongashta shoir, uning safar taassurotlari asosida bitilgan turkum she’rlari ham mavjud”. Shundan keyin Omon Matjon 80-yillardagi xorij safaridan gap ochdi. Esladi. Chet eldagi bitta do‘kon egasi kelgan sayyohlarga dunyo xaritani ko‘rsatib, undan o‘z yurtini topib, unga igna sanchish “marosim”ini o‘tkazar ekan. Shoir o‘sha pallada shunday ham yurtining yuragi porakada bo‘lib yotganini mezbonga eslatib, O‘zbekistonni xaritadan ko‘rsatib, igna sanchish “marosimi”dan haqli ravishda bosh tortibdi. Shoirning ayni qilmishidan g‘ururlangani seziladi. Shu munosabat bilan:
“...Yurtimning qalbini bir bor ko‘rsayding,
Nayzalar o‘rnini, minglab bitmagan.
Doro, Iskandarlar tig‘ urgan unga,
Endi men sanchishim go‘yo yetmagan...” – deya yaxshi bir uzun she’r o‘qidi...
Dil rangini gullarga poylagan – ulashgan shoir “Dilimning rangini gul bilsa bo‘ldi, Mening kimligimni el bilsa bo‘ldi”, deydi. Uning salobatli, mag‘rur va rubobiy she’riy so‘zi “fazlu kamoli”ning ovozi o‘laroq har doim o‘z muxlislarini bezovta qiladi:
“Charx avzoyi bu dam avvalgilarg‘a o‘xshamas,
Kotibu davru raqam avvalgilarg‘a o‘xshamas.
Endi inson qadri ham avvalgilarg‘a o‘xshamas,
Ko‘nglim ichra dardu g‘am avvalgilarg‘a o‘xshamas,
Kim ul oyning hajri ham avvalgilarg‘a o‘xshamas...”
To‘g‘risi, Omon Matjon va uning ovozi, she’r o‘qish uslubi, so‘zi va, umuman, o‘zi “avvalgilarg‘a o‘xshamas” – o‘zicha bir olam.
Bu ardoqli shoir, tabiiyki, keyingilarga ham o‘xshamas...
Zero, Omon Matjonning iste’dodli ijodkor sifatidagi adabiy shaxsiyati, siymosi, adabiy merosi shunday “o‘xshamasliklari” bilan sharafli, qadrli va muhimdir.
Bahodir KARIM,
filologiya fanlari doktori,
Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori.
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q