Adabiyot
Urush insoniyat boshiga doimo kulfat-balolar keltirgan. Shaharlarni vayron qilgan, odamlar qalbiga qayg‘u solgan. Va ushbu dahshatlar san’at, adabiyot ahli ijodida o‘z aksini ko‘rsatgan. Shunday shox asarlardan biri ispan rassomi Pablo Pikassoning “Gernika” asari hisoblanadi. Kartina 1937-yili yaratilgan.
Mashhur “Gernika” ning yaralishiga Gernika shahrining bombardimon qilinishi sabab bo‘ldi. Fuqarolar urushi davrida, 1937-yilning 26-aprel kuni shaharga bir necha ming bomba tashlandi. Natijada shahar butkul vayron bo‘ldi, 2000 ga yaqin kishi vayronalar ichida qoldi. Bosqindan so‘ng shahar yana uch kun yondi.
Urush daxshatlarini his qilgan Pablo Pikasso o‘z kechinmalarini bir katta kartina orqali tasvirladi. Asar mahobatli bo‘lishishiga qaramay uning yaratilishiga atigi bir oy vaqt ketdi. «Gernika» qora va oq rangli moybo‘yoqda ishlangan. Unda o‘lim, zo‘ravonlik, vahshiylik, azob va nochorlik sahnalari, shahardagi qurolli bosqin va tartibsizlikdan azob chekayotgan odamlar, hayvonlar, binolar tasvirlanadi.
Asarning oq-qora rangda chizilishi bir tomondan o‘sha davr gazeta suratlariga xronologik yaqinligini bildirsa, boshqa tomondan urushning jonsiz tabiatini aks ettiradi. Urush daxshatlari, fojeasi, insoniyat boshiga solgan kulfati ramzlar bilan ifodalagan.
Kartinaning chap qismida qo‘lidagi bolasining o‘limi uchun motam tutayotgan ayol, uning tepasida ko‘zlarini katta ochgan holatda o‘kirayotgan buqaning rasmi tasvirlangan. Markazda esa xuddi nayzadan zarba olgandek yiqilib tushayotgan ot tasvirlangan. Otning burni va yuqori tishlari odam kalla suyagiga o‘xshash qilib tasvirlangan. Bu ham Pikassoning ramzlardan mahorat bilan foydalanganini bildiradi.
Ot ostida esa bo‘laklarga bo‘lingan askar murdasi turibdi. Uning kesilgan qo‘li gul o‘sib chiqqan qilichni mahkam tutgan. Ko‘z shaklidagi lampochka azob chekayotgan otning boshi ustida yoniq. O‘ng tomonda tasvirlangan ayolning hayratlangan nigohi lampochkaga qaratilgan.
Pikasso ushbu asarini fashizmni qoralash, uning asil qiyofasini fosh etish va millionlab insonlarning fashizmga nisbatan nafratini oshirish maqsadida ishlagan. Dastlab ko‘rgazmada namoyish etilganida bunday g‘alati asarni ko‘rgan tomoshabin hayratini yashira olmadi. Oddiy shakllar orqali urushning butun boshli dahshatlari shu qadar mahorat bilan ochib berilgandiki, qahramonlarning qayg‘usini his qilmay iloj yo‘q. Hasratga botgan, qayg‘uli inson qo‘llari, og‘riq bilan kishnayotgan ot, o‘kirayotgan buqa, farzandi dardida faryod urayotgan ona obrazi qalbni titratadi.
Asar voqealari huddi bir kichik xona ichida tasvirlangandek tuyuladi. Bunda ham o‘ziga xos ma’no mujassam. Gernika shahri ham Yevropaning kichik bir bo‘lagi edi. Rassom dunyo ahliga urushga teranroq nigoh, fikr, norozilik bilan qarash lozimligini uqtirmoqchi. Chunki asardagi Gernika shahrida sodir bo‘lgan fojea “fashizm”ning kurtak ochayotganini, dunyoga chang solayotganining aksi edi. Darxaqiqat, 1939 yili fashistik g‘oya dunyo bo‘ylab keng quloch ochadi va mash’um II jahon urushiga sabab bo‘ldi.
“Gernika” ning yuqori chap burchagida tasvirlangan buqa boshi ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan. U juda dahshatli bo‘lsa-da, nigohidagi befarqlik g‘alati taassurot uyg‘otadi. Ba’zi san’atshunoslar bu obrazdagi nigoh fashizm va yovuzlik, johillikning timsoli deb hisoblashadi. Asar “kubizm” rangtasvirda alohida o‘ringa ega ekanligini bildiradi.
Pablo Pikasso asarni Parijdagi Butunjahon ko‘rgazmasida ommaga namoyish etadi. Urushning dahshatlari noananaviy ravishda ifodalangan kartinani idrok qilishga mehmonlar hali tayyor emas edilar. Biroq asar urush haqidagi eng buyuk asarlardan biri, deya tan olindi. Hozir u Madriddagi Reina Sofia muzeyida saqlanmoqda.
Shahzod SHOMANSUROV,
san’atshunos
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q