Uch bor oʻlimdan qolgan, millat dardi bilan xastalangan “soʻnggi jadid”


Saqlash
23:01 / 01.02.2023 2295 0

Muqaddima

 

Professor Begali Qosimov 1980–1990-yillarda o‘zini millat o‘laroq qayta anglay boshlagan jamiyat, ilmiy jamoatchilik, ayniqsa talabalar dunyosida juda mashhur edi. Albatta, bu mashhurlik shunchaki emas, balki bir umr millat uyg‘onishi orzusi bilan yashagan shaxs armonlarining reallashuvi, ikkinchi tomonning esa yillab mehnat-u mashaqqat chekkan fidoyi olimini tanishi bilan bog‘liq...

 

O‘n besh yoshida maktabni bitirib, hozirgi O‘zbekiston milliy universitetiga o‘qishga kelgan (1958) Begali Qosimov talabalik davridayoq millat dardiga chalingan edi. Bu sharafli dard uni so‘nggi nafasigacha tark etmadi. U millat fidoyisi bo‘lib yashadi, millat fidoyisi bo‘lib vafot etdi (2004-yil 25-sentabr). Illo, millat dardi bilan tug‘ilmagan odam shu dard bilan yashab, shu dard bilan vafot etishi mumkin emas. Qashqadaryoning uzoq Denov qishlog‘ida tug‘ilgan kunidayoq ozodlik qayg‘usi ichra isitmalab yotgan millat ruhi uni yo‘rgaklab olganki, bu sirni hali hech kim, ota-onasi ham, uning o‘zi ham bilmasdi. Faqat oradan chorak asr o‘tib, sut bilan kirgan dard o‘zini oshkor qila boshladi. Bu Begali Qosimov bitiklari timsolida tarix sahifalariga muhrlandi. 

 

Olimning birinchi maqolasi 1964-yili “Sirdaryo haqiqati” gazetasida chiqqan. Maqola milliy adabiyotimizning inqilobiy qudrati haqida edi. Birinchi risolasi esa “Mirmuhsin Shermuhamedov” deb nomlanib, 1967-yili chop etilgan. Shulardan boshlab Begali Qosimov yuzlab maqola, risola, monografiya, ilmiy ishlar to‘plamini nashr ettirdi. So‘nggi kitob va maqolalari yigirma birinchi yuzyillikning dastlabki o‘n yilligida yozildi. Olim bitiklarining mohiyatida millat adabiyoti, ma’naviyati, shonli o‘tmishi, buguni va istiqboli xususida so‘z boradi. Millat dardi o‘ziga xos ifoda etiladi.

 

Olimning shu sharafli dard bilan og‘rishiga sababchi bo‘lgan ustozi – professor Gʻulom Karimov sevimli shogirdi haqida shunday yozgan edi: “Begali Qosimov ilm-fanimizning rivoji uchun zahmat chekayotgan olimlarimizdan. Hech ikkilanmasdan aytish lozimki, uning qator maqolalari, kitoblari nohaq tuhmatga uchragan Abdulla Avloniy, Mirmuhsin Shermuhamedov, Siddiqiy-Ajziy singari XX asr boshlari adabiyotimiz vakillari ijodining bu davr adabiy-tarixiy jarayonida tutgan munosib o‘rnini anglashimizga xizmat qildi... B.Qosimovning pedagoglik faoliyati ham tahsinga loyiq. Uning ma’ruzalari hamisha sermazmun, qiziqarli va chuqur mantiqqa ega. Talabalar o‘rtasidagi shuhrati va obro‘-e’tiborining boisi ham shunda.

 

Endi mashhur Vohid Abdullayevning e’tirofiga diqqat qaratamiz: “Begali Qosimov o‘zbek inqilobiy she’riyatining shakllanishi va taraqqiyot qonuniyatlarini belgilagan kashshof olim. “Birinchi jahon urushi davri o‘zbek adabiyoti”, “O‘zbek adabiyoti va fevral inqilobi” singari muhim ilmiy muammolar ilk bor B.Qosimov tomonidan bir butun o‘zbek she’riyati ko‘lamida tadqiq etildi. Tabiatan an’anaviy adabiyotdan farq qiladigan bu davr she’riyatining xalq poetik ijodiyoti, xususan, xalq qo‘shiqlari, dostonchiligi bilan mushtarak jihatlari yoritib berildi. U birinchi bo‘lib “mardikorlik she’riyati” atamasini ilmiy muomalaga olib kirdi, manbalarini belgiladi, uni qardosh xalqlar folklori bilan qiyosan tadqiq etdi. XX asr boshlari o‘zbek-turk adabiy aloqalariga urg‘u berdi. Bu davr adabiyotini o‘rganish qiyin bo‘lgan bir paytda, Begali qo‘rqmasdan, yangi nomlar, yangi adabiy dalillar va manbalarni adabiy iste’molga kiritdi”.

 

Bu fikrlar Begali Qosimov ellikni qoralagan paytlarda aytilgan. Olim haqidagi e’tiroflar shu bilan chegaralanmaydi. U haqda yirik adabiyotshunoslar, shoir-u yozuvchilar, chet ellik mutaxassislar salmoqli fikrlar bildirishgan. Va eng muhimi, bu fikr-u e’tiroflarning barchasi samimiy, haqqoniy edi.

 

Millatning ulug‘ shoiri, O‘zbekiston qahramoni, Begali Qosimovning do‘sti Abdulla Oripov tomonidan 1960-yillarda bitilgan:

 

Bulbul o‘gay erur zog‘lar orasida,

Yugurik suv o‘gay tog‘lar orasida.

Muhabbat dardidan bemor qalblarmiz,

O‘gay bo‘lsak ne tong sog‘lar orasida...

 

satrlari qatidagi bemor qalblardan biri Begali Qosimov edi desak, yolg‘on bo‘lmaydi. Zotan, bu avlod o‘z zamonasiga o‘gay, buning sababi esa qalbi uyg‘oq bu zotlarning millat dardi bilan bemorligi edi. 

 

Millat dardi mansab-martaba, salobat-u hashamat, hatto soha-yu kasb tanlamaydi. Odam tanlaydi. Bu dard minglab tengdoshlari, sohadoshlari, kasbdoshlari ichidan Begali Qosimov va uning do‘stlarini tanladiki, bu ularning qismat bitigi edi...

 

Qismat yo‘li

 

Begali Qosimovning hayot yo‘li o‘zi mansub qirqinchi yillar avlodi biografik yo‘lidan ko‘p farq qilmaydi. Olimning ukasi Shomurod Qosimovning otasidan eshitib yozganlariga ko‘ra, ularning ota ajdodlari dehqonchilik va savdo ishlaridan bo‘sh paytlari bo‘zchilik kasbi bilan shug‘ullangan. Shajaradagi katta bobolarining Xolbo‘zchi degan ismi ham bunga to‘la guvohlik beradi. Shajaradagi ikkinchi ota bo‘g‘inining ismi Gulmuhammad bo‘lgan. Gulmuhammad ota dehqonchilik, chorvachilik, bo‘zchilik va tijorat bilan shug‘ullangan. Zamonasining tadbirkor boylaridan bo‘lgan. O‘zi va oilasidan ortib, qishloq odamlari uchun uch-to‘rt joyda toshquduq qazdirgani, hovuz va masjidlar qurdirgani hozirga qadar Denov qishlog‘i oqsoqollari tomonidan aytib yuriladi. Uchinchi ota bo‘g‘ini Muhammad Murod 1934-yilda vafot etgan bo‘lib, Begali Qosimovning bobosi, ya’ni otasining otasi bo‘lgan. U kishi eski maktabda savod chiqargan, ilmga qiziqqan. Ulg‘aygach savdo bilan ham shug‘ullangan. Begali Qosimovning o‘z biografiyasida yozishiga qaraganda tijorat ishlari bilan, tuya karvonlari safida Buxoro, Tojikiston, Afg‘onistonga qatnab, savdo ishlarini yuritgan.

 

Muhammad Murod otaning to‘rt qiz, ikki o‘g‘li bo‘lgan. O‘g‘illarning birinchisi 1899-yili tug‘ilgan bo‘lib, ismi Abulqosim, ikkinchisining ismi Avazbadal. Bu o‘g‘il 1902-yilda tug‘ilgan. Begali  Qosimov shajarasi birinchi o‘g‘il Abulqosim otadan tarqalgan.

 

Har ikki o‘g‘ilga qo‘yilgan ismdanoq ko‘rinib turibdiki, Muhammad Murod ota arabiy savodli, islom dinidan yetarli darajada bilimga ega bo‘lgan. Chunki Abulqosim Muhammad alayhissalomning kuniyasi. Avazbadal ismi ham ancha noyob va ikki so‘zning birikuvidan hosil bo‘lgan o‘ziga xos ism. Faqat savodi to‘liq otagina o‘z o‘g‘liga shunday go‘zal ism qo‘yishi mumkin.

 

Abulqosim ota tab’i nazm sohibi, o‘tgan-ketgan voqealarni jonlantirib so‘zlashga mohir kishi bo‘lgan ekan. U kishi qishloq oqsoqoli bo‘lishi bilan birga, ota-bobolari kasbini ham davom ettirgan, savdo ishlari bilan Turkiston va uning atrofidagi mamlakatlarga safar qilgan. Yuqoridagi fazilatlarning hayotiy omillari shu bo‘lsa kerak. Ayni paytda chet viloyatlarga chiqib o‘qib kelish unchalik ham rusumga kirmagan bir paytlarda Abulqosim ota Buxorodagi agronomlik kursida o‘qib kelgan. Zamonaviy xat-savodi yaxshi bo‘lgani sabab qishloq faollaridan bo‘lgan.

 

Shomurod Qosimov “O‘tmish va kechmish” (Toshkent, “Musiqa”, 2020) nomli kitobida Abulqosim otaning 1930-yillar taloto‘pida qamalgani haqida gapirib, qamoqda yotgan paytida yozgan bir she’rini keltiradi:

 

Qodiro, nadur gunohim, bandi zindon etdilar,

Bu qadar sabrimni gardun ichra pinhon etdilar.

Nuridiydam yo‘lida diydamni giryon etdilar,

Mehribonimni bu kun yo‘limda sarson etdilar...

 

Ko‘rinib turibdiki, she’rni mumtoz adabiyot va uning badiiyat qoidalaridan xabardor odam yozgan. Unda tuhmatga uchrab qamalgan, yaqinlaridan judo etilgan mazlum tuyg‘ulari aks etgan. Abulqosim otaning she’rlari, hikoyanavislik mahorati haqida Shomurod Qosimov bergan ma’lumotlar bizga yirik adabiyotshunos Begali Qosimovning adabiyot yo‘liga tasodifan kirib qolmaganidan dalolat beradi.

 

Begali Qosimov, tengdoshlari, tug‘ishganlari va qarindoshlarining shohodat berishicha, maktabning peshqadam o‘quvchilaridan bo‘lgan. O‘ziga xos o‘ychan, jiddiy tabiati, ilmga chanqoqligi, bilimdonligi bois sinfdoshlari orasida qadrlangan. Qolaversa, 1960-yillar sharoitida poytaxtga, mamlakatning birinchi oliy o‘quv yurtiga ilm istab borish, o‘n besh yoshda talaba bo‘lish oson emasdi. Ajdodlar geni, oiladagi muhit va tarbiya shu tariqa Begali Qosimov degan yirik shaxsning dunyoga kelishi, shakllanishini ta’min etgan.

 

Domlaning og‘zidan otasining o‘z qo‘llari bilan dutor yasab, shu dutorda kuy ijro etganlari, qadim ohanglarda xirgoyi qilganlarini eshitganman. Bu jihat ham domlaga ajdodlar genidan o‘tganini Shomurod Qosimov kitobida keltirilgan ushbu so‘zlardan bilib olish mumkin: “Qishning uzoq kechalari otam sandal atrofida bizlarda hamon saqlanib kelayotgan dutorini olib, nolali ohanglar taratib, qalbimizga zavq, shuur kiritar edi. Shular ta’sirida bo‘lsa kerak, akam (ya’ni Begali Qosimov – U.J.) rubobda “Munojot”, “Girya”larni shunaqa chalardiki, uning ta’sirida yangi ijod namunalari paydo bo‘la boshladi. Dalil sifatida mashhur shoir Abdulla Oripovning Munojotni tinglab she’ri yorug‘lik yuzini ko‘rganining guvohiman. To hanuz bu she’rni anjumanlarda men ham zavq-shavq bilan o‘qib yuraman.

 

Begali Qosimovning bolalik va o‘smirlik yillari dunyoning manaman degan buyuklari bolaligidan qolishmaydi. Farq shundaki, uning bolaligi haqida boshqa buyuklarnikiga o‘xshash rivoyatlar to‘qilmagan. Domlaning o‘zi va qarindoshlari aytib yuradigan birgina dalilni keltiraman...

 

Domla bolalik va o‘smirlik paytida uch o‘limdan qolgan ekan. Birinchi o‘limdan qolishi go‘daklik chog‘ida yuz bergan. Kasalxona, vrach, ukol, dori degan gaplar anqoning urug‘i bo‘lgan paytlar. Go‘dak Begali qish kunlarida qattiq betoblanib, nima ilmi amal qilishmasin foyda bermabdi. Hamma uning o‘lishiga ishonibdi. Shunda Abulqosim ota “Nima bo‘lsa bo‘ldi, o‘ladigan bo‘lsa yolg‘onchining shamolini ham bir ko‘rib ketsin” deb go‘dakni tashqariga olib chiqadi. Yuzini shamolga o‘nglab ancha turadi. Ollohning moʻjizasi bo‘lib, shu-shu go‘dakning isitmasi tushadi, tuzalib ketadi. Ikkinchi marta o‘smir Begali qishloqdagi chuqur ariqqa kalla tashlab, ancha vaqtgacha suv ostida ko‘rinmay ketadi. Ortma-ort kelayotgan Abulqosim ota buni ko‘rib qoladi va kiyim-piyimi bilan o‘zini suvga tashlab olib chiqadi. Yutgan suvlarini ichidan chiqarib o‘ziga keltirgach, bu sening ikkinchi o‘limdan qolishing deydi. Uchinchi marta, domlaning aytganiga ko‘ra, elektr toki urib o‘lishiga bir baxya qolgan.

 

Ajabo, Olloh el-u xalq uchun xizmat qilsin degan bandalarini mana shunday saqlab qolar ekan. Shu uch o‘limdan birovi bilan ketganida o‘zbek xalqi shunday ulug‘ olimidan judo bo‘lar edi. Ammo Olloh bunday bo‘lishini iroda qilmadi. Begali aka 61 yil yashadi. Oltmish bir yilning qirq yilini xalq xizmatiga bag‘ishladiki, undan qolgan ilmiy-adabiy meros hali ko‘p yillar millat uchun xizmat qiladi.

 

Ijod yo‘li

 

Hazrati Navoiy ilm va olim haqidagi hikmatlarida uning uch toifasi haqida so‘z yuritadi. Birinchi toifa olim ilmdan dunyoviy farovonlik, mansab-martaba uchun foydalanadi. Bu toifaning eng tuban darajasi ilmni vositai joh etishgacha boradi. Ikkinchi toifa ilmni faqat ilm uchun qiladi. Ilmni chuqur o‘rganadi, olimlikning yuksak maqomlari tomon intiladi, xolos. Niyatiga ham yetadi. Ammo undan birovga foyda yetmaydi. Uchinchi toifa ilmni xalqi va oxirat uchun o‘rganadi. Kasbi kamolga yetganida undan xalq va millat bahra topadi. Hazratning mashhur:

 

Odami ersang, demagil odami,

Oniki yo‘q xalq g‘amidin g‘ami...

 

misralari shu toifa olimlar haqida aytilgan.

 

Begali Qosimov adabiyotshunoslikning barcha yo‘nalishlarida ish olib bordi. Ammo u o‘zini jadidshunos deb bilardi. Ilmning boshqa sohalariga da’vo qilmasdi. Yozganida esa har qanday yo‘nalish mutaxassisidan ziyod yozardiki, aslo kam emas edi.

 

Begali Qosimov ilmiy merosining ko‘lami va maqomi haqida ko‘p gapirish mumkin. Ilmiy til bilan aytganda, olimning ilmiy merosi alohida tadqiqotlarni talab etadi. Bugunga qadar ham olim haqida qator xotira, ilmiy-nazariy, badiiy-publisistik maqolalar yozilgan. Keyingi yillarda maxsus monografik tadqiqotlar olib borilmoqda. Bundan keyin ham bu kabi xayrli ishlar davom etishiga shubha yo‘q.

 

Muxtasar aytganda, ilmiy-adabiy jamoatchilik professor Begali Qosimovni o‘zbek mumtoz adabiyotining zukko tadqiqotchisi, sharq poetikasi va matnshunoslik sohasining yirik mutaxassisi, xususan, milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotini o‘rganish bo‘yicha o‘ziga xos adabiyotshunoslik maktabining asoschisi sifatida biladi. Ammo olimning adabiy jarayon muammolariga doir nashr etilgan va ba’zi nashr ettirishga ulgurmagan ishlarini o‘rganish uning zamonaviy adabiyotni ham keng ko‘lamda tadqiq qilgani, qosimovcha teran usullarda tahlil-u talqin etganini ko‘rsatadi.

 

Uning bitiruv ishidan tortib nomzodlik dissertasiyasigacha, yozgan maqola, risola va monografiyalaridan tortib doktorlik tadqiqotigacha aniq maqsad, mantiqiy-badiiy tahlil, milliy-estetik talqin tamoyili yetakchilik qiladi. Begali Qosimovning fundamental ilmiy tadqiqotlari o‘zbek adabiyotshunosligida mavjud bo‘lgan katta bo‘shliqni to‘ldirdi. O‘zbek milliy uyg‘onish adabiyoti esa o‘zining ilmiy ko‘lami, mustahkamlik va mustaqillik maqomiga ko‘ra talqin-u tahlil etilgan. Olimning ayni yo‘nalishda yozilgan ishlarini taxminan shunday tasnif etish mumkin:

 

– XX asr o‘zbek adabiyotining tamal toshi bo‘lib xizmat qilgan jadid estetikasi o‘zining genezisi, umumjahon va milliy asoslari negizida yaxlit madaniy hodisa sifatida taqdim etildi;

 

– milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti rad etib bo‘lmas dalillar va aniq ilmiy prinsip asosida davrlashtirildi;

 

– jadid adabiyotining hududiy ko‘lami, ta’sir doirasi, ijtimoiy-madaniy ahamiyati belgilandi;

 

– faqat jadid adabiyotiga xos bo‘lgan poetik tizim, badiiy talqin usullari aniqlandi;

 

– jadid adabiyotining yuzdan ortiq vakili ilmiy jamoatchilikka tanishtirildi, ularning aksariyati maxsus tadqiq etildi;

 

– sanoqsiz qo‘lyozma, toshbosma asarlar, gazeta, jurnal va arxiv hujjatlari bu davr adabiyotini o‘rganishga jalb etildi, nashrga tayyorlandi;

 

– milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti nafaqat qardosh mamlakatlar, balki Turkiya, Fransiya, Germaniya, Amerika kabi ilg‘or mamlakatlar ilmiy doiralarida ham munosib tarzda targ‘ib va tashviq etildi.

 

Shu ishlarning o‘ziyoq bir olim umrini hurmat va sharaf ranglari bilan bezaydi. Ammo Begali Qosimovning ilmiy-ijodiy faoliyati bu bilan cheklanmaydi. U mumtoz shoirlar Lutfiy, Navoiy, Bobur, Mashrablar ijodini chuqur bilar, nozik tahlil etar edi. Mumtoz poetika masalalariga doir original tadqiqotlari bor edi. Begali Qosimov jahon adabiyotining istalgan namunasini ilmiy baholay olardi. Jahon adabiyotshunosligi, adabiyotshunoslik metodologiyasi muammolarini teran anglardiki, bularning barchasi uning asarlarida o‘z aksini topgan.

 

Xotima

 

Biz shogirdlar profassor Begali Qosimovni betakror pedagog, benazir ustoz sifatida bilardik. Menimcha, domlaning yozganlaridan yozmaganlari ko‘proq edi. U umri davomida egallagan mislsiz ilmiy potensialini to‘la ma’noda namoyon etishga ulgurmadi. Domla o‘zbek mumtoz adabiyoti, jahon klassiklari, jadid adabiyoti bilan yonma-yon yashab o‘tgan qadimchilar adabiy olamini bafurja o‘rganishni niyat qilgan edi. Ammo qismat oldida taslimmiz, ajalga iloj yo‘q. Taskin shuki, Begali Qosimov asos solgan ilmiy maktab olim faoliyatining xayrli natijasi bo‘lib qoladi. Bunga to‘la asos bor.

 

Uzoq JO‘RAQULOV

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2022-yil 4-son.

“Bemorlik sharafi” maqolasi

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//