Sun’iy intellekt va san’at o‘rtasidagi aloqa. Ijod faqat insonga xos xislat bo‘lmay qoldimi?


Saqlash
23:07 / 31.01.2023 2026 0

 

Sun’iy ong inson hayotiga chuqur kirib bormoqda. Ushbu jarayondan san’at ham chetda qolmasligi tabiiy. Biroq o‘zgarishlar haddan ziyod shiddatli kechmoqdaki, hatto ayrim toifa ijod ahli vahimaga tushib qolgan.

 

2018-yili sun’iy ong yaratgan portret auksionda 350 000 dollarga sotildi, bu boshlang‘ich narxdan 35 baravar ko‘p edi. Shubhasiz, narxning keskin oshishiga bir qancha sabablar bor. Shunday bo‘lsa-da, ushbu voqealar fonida turli fikrlar yangramoqda. Ayrimlar sun’iy ongning san’atdagi rolini e’tirof etgan holda qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, boshqalar turli darajada xavotir bildirishmoqda. Hatto qarshilik kampaniyalari ham boshlab yuborilgan.

 

 Rasm: “Obvious” guruhi ishlab chiqqan sun’iy ong tomonidan yaratilgan va 350 000 dollarga sotilgan Edmond de Belami portreti

 

Birinchi masala: sun’iy ong yaratgan mahsulotni “san’at asari” deyish to‘g‘rimi? 40 ming yillar ilgari inson estetik ehtiyojlaridan kelib chiqib, o‘sha paytdagi badiiy tafakkuri yordamida dastlabki suratlarni chiza boshlagan va aynan ushbu qoyatosh rasmlari san’atning ilk namunalari sanaladi. Keyinchalik musiqa, adabiyot, haykaltaroshlik kabi yana boshqa san’at turlari vujudga keldi va rivojlana bordi. Bugun san’at deyilganda ko‘pincha yuqorida sanab o‘tilgan sohalar tushuniladi, lekin ularning barcha jihatlarini birlashtirganda ham san’atga umumiy ta’rif berish qiyin. Shunday bo‘lsa-da, biz mushohada etayotgan masalaning hozirgi real obyekti yakunlangan harakat oqibati ekanligini hisobga olsak, yukimiz biroz yengillashadi. Ya’ni, ushbu holatda insonning estetik ehtiyojini qondirish bilan birga, ruhiyati va ongiga ma’lum darajada ko‘tarinkilik baxsh eta oladigan yaratiqlarni (qo‘shiq, she’r, surat va hokazo) asar sifatida qabul qilish mumkin. Bundan kelib chiqadiki, sun’iy ong qay yo‘l va usullar bilan mahsulot (asar) yaratmasin, botinimizga turli ko‘rinishlarda – shakl, ohang va tasvirlar orqali muayyan darajada ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lsa, uni san’atga aloqador deya qabul qilmay ilojimiz yo‘q. Har qalay, hozirgi davrgacha bizga namoyon bo‘lgan san’at shunday xususiyatlarga ega. Demak, sun’iy ong tomonidan ishlab chiqilgan mahsulot inson yaratgan san’at asarining vazifasini ma’lum ma’noda uddalashi mumkin.

 

San’atkor borliqdagi jarayon va voqealarning o‘z ruhidagi evrilishlarini asarlarida ifoda etadi. Sun’iy ong esa ma’lum bir algoritm asosida ishlaydi. Bazasiga kiritilgan ma’lumotlardan foydalanib, yangi “qorishma” mahsulot hosil qiladi. Masalan, 350 000 dollarlik portretni chizgan mashina XIV–XX asrlar oralig‘ida ishlangan 15 000 dan ortiq portret bilan ta’minlangan. Ushbu ma’lumotlar sun’iy ong qanday turdagi mahsulot chiqarishga mo‘ljallanganiga qarab tanlanadi. Masalan, musiqa yoki liboslar to‘plami. Yaratiq yangi bo‘lishi mumkin, biroq muallifning hissiy aralashuvi bo‘lmaydi, ijodiy fantaziya haqida esa gapirmasa ham bo‘ladi.

 

 

Fikrlarni umumlashtirsak, sun’iy ong yaratiqlari san’at asarlari bilan bir yo‘nalishda harakat qiladi, shu bilan birga ular badiiy ijod mahsuli emas, takroriy ishlanmadir. Shuning uchun biz hozirgi “san’at asari” tushunchasiga asrlar davomida yuklagan ma’no-mohiyatdan kelib chiqib, sun’iy ong mahsulini badiiy ijod natijasi – tom ma’nodagi san’at asari deb atolmaymiz.

 

Yuqorida aytilganidek, mashina o‘ziga yuklangan (o‘rgatilgan) ma’lumotlardan foydalanib, yanayam aniqroq aytadigan bo‘lsak, ulardan kelib chiqib surat chizadi, she’r yozadi. Mahsulot tasvirlar, uslublarning aralashma takrori, xolos. San’atkorning ijodida ham o‘zidan oldingilarning o‘rni seziladi, albatta. O‘rtadagi farq shundaki, insonning badiiy ijodida originallik bor. Bu narsa ijodkor ruhida tashqi ta’sir va botiniy jarayonlarning mutlaq o‘ziga xos uyg‘unlashuvi, erkin fantaziya va xususiy tanlov natijasida vujudga keladi.

 

Mashina hech qachon “Mana mening shoh asarim!” deb aytolmaydi. Uning yuqori qiymatli mahsulotlari ham to‘laligicha tasodifiydir. Sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassislarning fikriga qo‘shilgan taqdirimizda ham, ya’ni mashina unga “o‘rgatilgan” asarlardan hatto muallifga qaraganda yaxshiroq mahsulot yaratganda ham, o‘ziga berilgan ma’lumotlar doirasi bilan cheklanib qoladi. Soddaroq tushuntiradigan bo‘lsak, bugungi kundagi eng ilg‘or sun’iy intellekt tirik Hans Zimmerning shu kungacha yaratgan musiqalaridan ularning barchasidan yaxshiroq mahsulot yaratishi mumkin, lekin bastakorning yangi musiqalari oldida bu mahsulot birinchidan tasodifiyligi, ikkinchidan avvalgi kompozitsiyalardan foydalanib yaratilgan shunchaki yangi versiya ekanligi bilan odmi va “jonsiz” bo‘lib qolaveradi.

 

Yoki sun’iy intellekt Van Gogning asarlaridan foydalanib ulardan yaxshiroq surat chiza olar, ammo, mabodo mo‘jiza ro‘y berib Van Gogning o‘zi tirilib kelsa, albatta, mashina mahsulotidan ko‘ra yuksak boshqa bir surat ishlagan bo‘lardi. Buning sababi ham yuqorida tilga olganimiz – ruh va badiiy ijoddir. Erkin fantaziya va tasavvurga asoslanuvchi san’at asarlari shunchaki uslublar, detallar kombinatsiyasi emas, hissiy anglashning alohida va mustaqil yo‘sini, ijodkor ruhning zuhuri, badiiy ifodasidir. San’atkor hatto qaysidir asarini takroran yoki bir necha marta yaratsa ham, barchasi bir-biridan farqlanadi, o‘zida originallikni saqlab qoladi.

 

Sun’iy ongning san’atdagi ishtirokining yana bir jihatini ko‘rib chiqsak. Shu paytgacha inson yaratgan go‘zallik (san’at asari) va tabiat go‘zalligi solishtirib kelingan. Odatda inson yaratgan go‘zallik tabiatnikidan afzalroq ekanligi ta’kidlanadi. Jumladan, Fridrix Gegel shunday deydi: “Sanʼat tabiiy shakllar rang-barangligini jilolantiradigan hashamdorlikni o‘zlashtirish bilan cheklanib qolmaydi, ularni yanada teranlashtiradi, ijodiy fantaziya vositasi bilan cheksizlik kashf etadi. Ushbu va yuqorida keltirilgan fikrlardan ma’lum bo‘ladiki, inson borliqdagi go‘zallikni o‘z asarlarida shunchaki tashuvchi, qaytalovchi sifatida ifodalamaydi, tabiatdan va hatto o‘zidan alohida bo‘lgan yangi mohiyat yaratadi.

 

 

Hozirgi davrga kelib esa bu jarayonga sun’iy ong ham qo‘shildi. Bunda mashina san’at asarlarini qismlarga ajratib qayta tartiblaydi, xolos. Go‘zallik tabiiy holidan badiiy ijod mahsuliga ko‘chganda yuksaladi, yanada jozibali va yoqimli shamoyilga erishadi. Sun’iy ong masalasida esa bunday deya olmaymiz. Miqdor va ko‘lamning o‘ta aniqligi, (o‘z-o‘zidan tabiiyki) cheklanganligi va hatto zarur bo‘lgan hissiy ishtirokning ham mavjud emasligi, portret ishlab chiqish uchun mo‘ljallangan mashinaga san’atning butun tarixi davomida yaratilgan barcha portretlar “o‘rgatilgan” taqdirda ham, bunga imkoniyati yetmaydigan inson fantaziyasichalik turfa xillikni, hissiy va shu bilan birga oniy individuallikni o‘z mahsulotiga ta’min qila olmaydi. Hatto sun’iy ongni san’atning qaysi yo‘nalishiga qanchalik aralasha olishi ham uni yaratuvchisi hisoblanmish insonga bog‘liq. Mashinaning haykaltaroshlik va me’morchilik, tasviriy san’at, musiqa, adabiyot bilan hosil qilgan munosabatlari bir-biridan farqlanadi.

 

Endigi masala: sun’iy ong san’atda inson o‘rnini bosa oladimi, vaqt o‘tgach insonning san’at asarlari o‘z o‘rnini algoritmlar asosida ishlab chiqilgan mahsulotlarga bo‘shatib beradimi?

 

 

Albatta, yo‘q! Bugungi texnologiyalar san’atda inson uchun faqat yordamchi bo‘lishi, mahoratini kuchaytirishi, asarlar yaratishda yangi g‘oyalarga sababchi vazifasini bajarishi mumkin. Bunga hatto texnik jihatdan ham imkoniyat yetarli emas.

 

Holatga biroz kengroq nazar tashlasak, texnika avvaldan inson hayotiga kuchli ta’sir ko‘rsatishi bashorat qilinardi. 1928-yili televizor ixtiro qilindi, 1950-yillardan boshlab televideniye shiddat bilan rivojlana bordi. Asosan o‘tgan asrning 70-yillarini tasvirlagan “Moskva ko‘zyoshlarga ishonmaydi” filmidagi suhbatlarning birida shunday dialog bor:

 

     Televideniye inson hayotini tubdan o‘zgartirib yuboradi. Endi na kitob, na gazeta, na kino, na teatr qoladi.

     Harqalay, nimadir qolsa kerak?

     Televideniye. Faqat televideniye.

 

Biroq hozirga kelib hammasi – kitob, kino, teatr va qolgan barchasi hamon mavjud. Yana bir boshqa misol, 1997-yili “Deep Blue II” degan superkompyuter shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Garri Kasparovni mag‘lub etdi. Ushbu natija katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Insoniyat endi nafaqat jismonan, balki aqliy tomonlama ham texnologiyalardan orqada qolayotganining nishonasi edi. Hozirga kelib Kasparovni yenggan o‘sha kompyuterni mag‘lub etoladigan tizimni istalgan kompyuterga o‘rnatish mumkin. Shunday bo‘lsa-da, haligacha barcha shaxmat musobaqalari insonlar o‘rtasida o‘tkazib kelinadi, bunga sabab insonlar shaxmatda kompyuterdan o‘tib ketganida emas, biz uchun shaxmatda odamga odamning raqiblik qilishi jozibaliroq. Shaxmatdagi turli hiylalar, tuzoqlar, xatolar kabi “jonlilik” biz uchun ushbu o‘yinning mazmunidir.

 

O‘tgan o‘nyilliklarda elektron kitoblar ommalashdi – arzon, olib yurish, saqlash qulay. Ularni o‘qish uchun maxsus gadjetlar ham yaratildi, unda millionlab kitoblarni olib yurishingiz mumkin. Ammo odamzod hali ham qog‘oz kitob o‘qishdan, izlashdan to‘xtamayapti. San’atda ham xuddi shunday. Unda jon bor, ruh bor, tuyg‘u bor. Hatto san’atning ichida ham bu narsa ahamiyat kasb etadi. Kompyuter yordamida sozlangan ovoz va yaratilgan musiqaning darajasi jonli ovoz va jonli kuy oldida past baholanadi. Xonandalarning har bir jonli konsertida bir qo‘shiqni yangicha aytilishi, tirik ohanglar va hatto qo‘shiq matnida adashib ketishi ham o‘ziga jalb etadi.

 

Shu o‘rinda tan olish ham lozim, sun’iy ong ancha rivojlandi. Kompozitsiyalar, haykallar, suratlar yaratmoqda, hatto “DALLE 2” tizimi ovozli buyruqqa asoslanib surat chizishi mumkin. Biroq shu va boshqa progressiyalarga san’atning yuksalishi sifatida baho berilmaydi. Bunga ilm-fanning rivoji, inson aqli va imkoniyatlari yana bir yuqori pog‘onaga ko‘tarilishi deb qaraladi.

 

 

Mashinalar yaratgan suratlar akademizm, realizm, romantizm, impressionizm, abstraktsionizm, syurrealiz va boshqa oqimlarga emas, qanday algoritmdan foydalanilganiga qarab yoki boshqa texnik jihatlariga qarab ajratiladi. Shu sabab sun’iy ong mahsuloti qandaydir o‘ziga xos mazmun-mohiyati bilan bizni rom etmaydi, qoyil qoldiradi, xolos. Futuristik filmlardagi kabi yuksak tafakkurli robotlar yaratilmagunga qadar hozirgi mashinalar insoniyat shu paytgacha shakllantirgan san’at sarhadlaridan oshib o‘ta olmaydi, chunki manba – inson yaratgan san’at asarlari bo‘lib qolmoqda. Sun’iy ong har qancha rivojlanmasin, fantaziya ularga begona, yaratgan “asar”lari esa hisdan mosuvo.

 

 

Mabodo uzoq kelajakda robotlar mutlaqo mustaqil tarzda suratlar, musiqalar, haykallar yarata boshlaganda ham, bu faoliyat san’at deb nomlanmasligi kerak, katta ehtimol bilan shunday bo‘ladi ham. Insonlar dunyoqarashi balki o‘sha paytga borib o‘zgarib ketar, san’at sanoati sun’iy ong yaratgan mahsulotlar bilan to‘ldirilar. Lekin inson yaratgan asarlar hech qachon o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmaydi. Ehtimol, inson qo‘li bilan chizilgan, yasalgan, bastalangan, yozilgan asarlarga ishtiyoq aristokratiya va ziyoli qatlam belgilaridan biri bo‘lib qolar. Insoniyat hozirgacha to‘plangan tajribaga tayansak, shunday xulosaga kelishimiz mumkin, odamzod qo‘li yordamida yaratilgan narsalar endi ularni mashinalar ishlab chiqara boshlagan sharoitda yanada yuksak qadrlana boshlaydi.

 

Javohir ERGASHEV,

Oyina.uz

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 129
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22034
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//